Oldi-sotdi (3/12)
Ikkinchi Qism
406-modda. Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash
Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan davr bilan yoki tovar foydalanish uchun yaroqli bo‘lib turadigan sana bilan belgilanadi.
407-modda. Tovarning sifatini tekshirish
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifatini tekshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, tekshirish ularda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Standartlarda tovarlarning sifatini nazorat qilishga nisbatan talablar belgilangan hollarda, sifat ulardagi ko‘rsatmalarga muvofiq tekshirilishi kerak.
Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda tovarning sifatini tekshirish shartlari nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning sifati ish muomalasi odatlariga yoki oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha topshirilishi lozim bo‘lgan tovarni tekshirishning odatda qo‘llaniladigan boshqa shartlariga muvofiq tekshirilishi lozim.
Agar qonunchilikda, shu jumladan davlat standartlarida yoki oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshiriladigan tovar sifatini tekshirish (sinash, tahlil qilish, ko‘zdan kechirish va hokazo) majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, sotib oluvchining talabi bilan sotuvchi unga tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qilishi lozim.
Sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan tovarning sifatini tekshirish aynan bir xil shartlarda amalga oshirilishi lozim.
408-modda. Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni topshirish oqibatlari
Agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan ma’lum qilinmagan bo‘lsa, tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi.
Tovarning butliligiga kiradigan qismi tegishli darajada sifatli bo‘lmasa, sotib oluvchi mazkur tovarga nisbatan ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli.
Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni sotgan shaxs uni tayyorlagan bo‘lmasa, tovarni almashtirish yoki uning kamchiliklarini tekinga bartaraf etish haqidagi talablar sotuvchiga yoki tovarni tayyorlovchiga qo‘yilishi mumkin.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar mazkur Kodeks yoki boshqa qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, qo‘llaniladi.
409-modda. Tovarning sotuvchi javobgar bo‘ladigan kamchiliklari
Agar sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lganligini yoki shu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo bo‘lganligini isbot qilib bersa, sotuvchi tovarning kamchiliklari uchun javobgar bo‘ladi.
Agar sotuvchi sifatiga o‘zi kafolat bergan tovardagi kamchiliklar uni sotib oluvchiga topshirgandan so‘ng sotib oluvchi tovardan foydalanish yoki uni saqlash qoidalarini buzganligi yoki uchinchi shaxslar harakati tufayli yoki oldini olib bo‘lmaydigan kuch ta’sirida paydo bo‘lganini isbotlay olmasa, sotuvchi bu tovarning kamchiliklari uchun javobgar bo‘ladi.
410-modda. Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari
Agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning kamchiliklari ushbu moddada belgilangan muddatlarda aniqlangan taqdirda, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.
Tovarning kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan hollarda, kamchiliklar bilan bog‘liq talablar sotib oluvchi tomonidan, agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa, kamchiliklar oqilona muddatda, biroq tovar sotib oluvchiga topshirilgan kundan boshlab ikki yil davomida aniqlangandagina qo‘yilishi mumkin. Tashib berilishi yoki aloqa tashkiloti orqali jo‘natilishi lozim bo‘lgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddati tovar belgilangan joyda olingan kundan boshlab hisoblanadi.
Agar tovarga kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, tovarning kamchiliklari kafolat muddatida aniqlanganida sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumga nisbatan kamroq kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, sotib oluvchi asosiy buyumning kafolat muddatida butlovchi buyumning kamchiliklarini aniqlasa, bu kamchiliklar to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumning kafolat muddatiga nisbatan uzoqroq kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, butlovchi buyumda kafolat muddatida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, asosiy buyumning kafolat muddati o‘tgan-o‘tmaganligidan qat’i nazar, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli.
410-modda. Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari (davomi)
Yaroqlilik muddati belgilangan tovarga nisbatan, agar kamchiliklar tovarning yaroqlilik muddatida aniqlangan bo‘lsa, sotib oluvchi uning kamchiliklari to‘g‘risida talablar qo‘yishi mumkin.
Tovarning kamchiliklari sotib oluvchi tomonidan kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati tugaganidan so‘ng aniqlangan hollarda, sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lganligini yoki bu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo bo‘lganligini isbot qilib bersa, sotuvchi kamchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.
411-modda. Tovarning butligi
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasining butlik to‘g‘risidagi shartlariga muvofiq bo‘lgan tovarni topshirishi shart.
Oldi-sotdi shartnomasida tovarning butligi belgilanmagan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga butligi ish muomalasi odatlari yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablar bilan belgilanadigan tovarni berishi shart.
412-modda. But tovarlar
Agar oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga muayyan tovarlar to‘plamini but holida (but tovarlar) berish majburiyati belgilangan bo‘lsa, but holdagi barcha tovarlar berilgan paytdan boshlab majburiyat bajarilgan hisoblanadi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi but holdagi barcha tovarlarni sotib oluvchiga bir vaqtda topshirishi lozim.
413-modda. But bo‘lmagan tovarni topshirish oqibatlari
But bo‘lmagan tovar topshirilgan taqdirda, sotib oluvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra sotuvchidan:
xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;
tovarni oqilona muddatda butlashni talab qilish huquqiga ega.
Agar sotuvchi oqilona muddatda sotib oluvchining tovarni butlash to‘g‘risidagi talabini bajarmasa, sotib oluvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra:
butlanmagan tovarni but tovarga almashtirishni talab qilishga;
oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga va tovar uchun to‘langan pul summasini qaytarib berishni, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar sotuvchining sotib oluvchiga but tovarlarni topshirish majburiyati buzilgan hollarda ham qo‘llaniladi.
414-modda. Idish va o‘rash
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarni idishda yoki o‘ralgan holda topshirishi shart, o‘z xususiyatiga ko‘ra idishga joylash va (yoki) o‘rashni talab qilmaydigan tovar bundan mustasno.
Agar oldi-sotdi shartnomasida idish va o‘rash haqida talablar belgilangan bo‘lmasa, tovar bunday tovar uchun odatdagi usulda, u bo‘lmaganda –– saqlash va transportda tashishning oddiy sharoitlarida bunday turdagi tovarning saqlanishini ta’minlaydigan usulda idishga joylashtirilishi va (yoki) o‘ralishi lozim.
Agar qonunda belgilangan tartibda idish va (yoki) o‘rashga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga tovarni ushbu majburiy talablarga mos keladigan idishda va (yoki) o‘ralgan holda topshirishi shart.
415-modda. Tovarni idishsiz va (yoki) o‘ramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada o‘ramagan holda topshirish oqibatlari
Idishga joylanishi va (yoki) o‘ralishi lozim bo‘lgan tovar sotib oluvchiga idishsiz va (yoki) o‘ramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada o‘ramagan holda topshirilgan taqdirda, agar oldi-sotdi shartnomasidan, majburiyat mohiyati yoki tovarning xususiyatidan boshqa hol kelib chiqmasa, sotib oluvchi sotuvchidan tovarni idishga joylashtirish va (yoki) o‘rashni yoxud tegishli bo‘lmagan idish va (yoki) o‘rashni almashtirishni talab qilishga haqli. Sotuvchiga yuqoridagi talablarni qo‘yish o‘rniga, sotib oluvchi unga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni topshirishdan kelib chiqadigan, ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 406-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tovarning yaroqlilik muddati
- Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash
- Shartnomaning tovar miqdori to‘g‘risidagi shartlarini buzish oqibatlari
- Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari
To‘g‘ri javob: Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash. 406-modda: Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash» qaysi moddada belgilangan?
- 405-modda
- 406-modda
- 399-modda
- 410-modda
To‘g‘ri javob: 406-modda. 406-modda: Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, tovarning yaroqlilik muddati qanday belgilanadi?
- Tovar sotuvchiga topshirilgan kundan boshlab faqat sana bilan, yaroqli davr bilan emas
- Tovar sotib oluvchiga topshirilgan kundan boshlab yaroqli davr bilan yoki yaroqli sana bilan
- Tovar tayyorlangan kundan boshlab yaroqli davr bilan yoki yaroqli bo‘lib turadigan sana bilan
- Davlat organi belgilagan yagona muddat bilan, tovar tayyorlangan sanadan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Tovar tayyorlangan kundan boshlab yaroqli davr bilan yoki yaroqli bo‘lib turadigan sana bilan. 406-moddaga ko‘ra yaroqlilik muddati tayyorlangan kundan boshlab yaroqli davr yoki yaroqli bo‘ladigan sana bilan belgilanadi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 407-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tovarning sifatini tekshirish
- But tovarlar
- Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni topshirish oqibatlari
- Tovar sifatining kafolati
To‘g‘ri javob: Tovarning sifatini tekshirish. 407-modda: Tovarning sifatini tekshirish.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Tovarning sifatini tekshirish» qaysi moddada belgilangan?
- 403-modda
- 407-modda
- 408-modda
- 412-modda
To‘g‘ri javob: 407-modda. 407-modda: Tovarning sifatini tekshirish.
Tovar sifatini tekshirish shartlari qonunchilikda ham, shartnomada ham, standartlarda ham nazarda tutilmagan bo‘lsa, sifat qanday tekshiriladi?
- Sotuvchi o‘zi belgilagan shartlarga muvofiq, ish muomalasi odatlaridan qat’i nazar
- Sud tayinlagan ekspertiza shartlariga muvofiq, har bir tekshirishda majburiy tartibda
- Sotib oluvchi o‘zi xohlagan shartlarga muvofiq, ish muomalasi odatlarini hisobga olmay
- Ish muomalasi odatlariga yoki tekshirishning odatda qo‘llaniladigan boshqa shartlariga muvofiq
To‘g‘ri javob: Ish muomalasi odatlariga yoki tekshirishning odatda qo‘llaniladigan boshqa shartlariga muvofiq. 407-moddaga ko‘ra bunday holda ish muomalasi odatlari yoki odatda qo‘llaniladigan shartlar qo‘llanadi.
Sotuvchining sifatni tekshirish majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, sotib oluvchi talabi bilan sotuvchi nima qilishi lozim?
- Tovar sifati kafolatlanganligining yozma majburiyatini berishi
- Tovar narxini kamaytirishi va sifatni tekshirishdan voz kechishi
- Tovarni sotib oluvchi hisobiga qayta tekshiruvdan o‘tkazishi
- Tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qilishi
To‘g‘ri javob: Tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qilishi. 407-moddaga ko‘ra sotib oluvchi talabi bilan sotuvchi tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qiladi.
Sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan tovarning sifatini tekshirish qanday shartlarda amalga oshirilishi lozim?
- Aynan bir xil shartlarda
- Faqat sotuvchi shartlarida
- Faqat sotib oluvchi shartlarida
- Sotuvchi o‘z shartlarida, sotib oluvchi o‘z shartlarida
To‘g‘ri javob: Aynan bir xil shartlarda. 407-modda oxirgi qismiga ko‘ra tekshirish aynan bir xil shartlarda o‘tkaziladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash