Oldi-sotdi (4/12)
Ikkinchi Qism
416-modda. Oldi-sotdi shartnomasi tegishli darajada bajarilmagani haqida sotuvchini xabardor qilish
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasining tovarlar miqdori, assortimenti, sifati, butligi, idishi va (yoki) o‘ralishi to‘g‘risidagi shartlari buzilganligi haqida qonunchilikda yoki shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda, agar bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, shartnomaning tegishli sharti buzilganligi tovarlar xususiyati va vazifasidan kelib chiqqan holda aniqlanishi lozim bo‘lganidan so‘ng oqilona muddatda sotuvchiga ma’lum qilishi shart.
Sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi bu hol sotib oluvchining talablarini qanoatlantirib bo‘lmaydigan qilib qo‘yganini yoki sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlari buzilgani haqida o‘z vaqtida xabardor qilinganida sarflashi mumkin bo‘lgan mablag‘larga nisbatan nomutanosib xarajatlarga olib kelishini isbotlasa, u sotib oluvchining tegishli talablarini qondirishdan to‘liq yoki qisman bosh tortishga haqli.
Agar sotuvchi sotib oluvchiga topshirilgan tovarlar oldi-sotdi shartnomasi shartlariga javob bermasligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, u sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatni bajarmaganligini vaj qilib ko‘rsatishga haqli emas.
417-modda. Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati
Sotib oluvchi o‘ziga sotuvchi tomonidan topshirilgan tovarni qabul qilib olishi shart, u tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki oldi-sotdi shartnomasini bajarishni rad etishga haqli bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi odatda qo‘yiladigan talablarga muvofiq tegishli tovarni topshirish va olishni ta’minlash uchun o‘zi tomonidan zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishi lozim.
Sotib oluvchi qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilmasa yoki qabul qilishdan bosh tortsa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortish va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
418-modda. Tovarning bahosi
Sotib oluvchi tovar haqini ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadigan bahoda to‘lashi, shuningdek qonunchilik, oldi-sotdi shartnomasi yoki odatda qo‘yiladigan talablarga muvofiq to‘lovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni o‘z hisobidan bajarishi lozim.
Tovarning bahosi uning og‘irligiga qarab belgilanadigan bo‘lsa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u sof og‘irligi bo‘yicha aniqlanadi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida tovarning bahosi uni belgilaydigan ko‘rsatkichlar (tannarx, xarajatlar va hokazo)ga qarab o‘zgartirilishi lozimligi nazarda tutilgan bo‘lsa, ammo shu bilan birga, bahoni qayta ko‘rib chiqish usuli belgilangan bo‘lmasa, baho ushbu ko‘rsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va tovarni topshirish paytidagi o‘zaro nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarishni kechiktirib yuborganida baho ushbu ko‘rsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va shartnomada nazarda tutilgan tovar topshiriladigan paytdagi, agar shartnomada tovarni topshirish payti nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq aniqlangan paytdagi nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.
419-modda. Tovar haqini to‘lash
Agar qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasining shartlaridan tovar bahosini muayyan muddatda to‘lash majburiyati kelib chiqmasa, sotib oluvchi uni sotuvchi o‘ziga tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan so‘ng kechiktirmasdan to‘lashi lozim.
Agar oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi sotuvchiga topshirilgan tovarning to‘liq bahosi miqdorida haq to‘lashi lozim.
Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirilgan tovar haqini o‘z vaqtida to‘lamasa, sotuvchi tovar haqini va o‘zganing pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlar to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va haqini to‘lashdan bosh tortsa, sotuvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra tovar haqini to‘lashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega.
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotib oluvchiga haqi to‘lanmagan tovarlardan tashqari boshqa tovarlarni ham topshirishi lozim bo‘lganida, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u ushbu tovarlarni topshirishni avval topshirilgan barcha tovarlar haqi batamom to‘langunga qadar to‘xtatib qo‘yishga haqli.
420-modda. Tovar haqini oldindan to‘lash
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi tovarni topshirishidan oldin sotib oluvchi uning haqini to‘liq yoki qisman to‘lash (oldindan haq to‘lash) majburiyati nazarda tutilgan hollarda, sotib oluvchi tovar haqini shartnomada nazarda tutilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda to‘lashi lozim.
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovar haqini oldindan to‘lash majburiyatini bajarmagan taqdirda ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.
Oldindan to‘langan summani olgan sotuvchi tovarni topshirish bo‘yicha majburiyatni bajarmagan taqdirda sotib oluvchi haqi to‘langan tovarni topshirishni yoki sotuvchi topshirmagan tovar uchun oldindan to‘langan summani qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotuvchi oldindan haqi to‘langan tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa va oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, oldindan to‘langan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq, tovarni topshirishi lozim bo‘lgan kundan boshlab tovar sotib oluvchiga topshirilgan yoki unga oldindan to‘lagan summasi qaytarib berilgan kungacha foizlar to‘lanishi lozim. Shartnomada sotuvchining oldindan to‘langan summa uchun foizlarni bu summa sotib oluvchidan olingan kundan boshlab to‘lash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
421-modda. Nasiyaga sotilgan tovar haqini to‘lash
Oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini u sotuvchiga topshirilganidan so‘ng ma’lum vaqt o‘tgach to‘lash (tovarni nasiyaga sotish) nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi tovar haqini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda to‘lashi lozim.
Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa, ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.
Tovarni olgan sotib oluvchi uning haqini to‘lash bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatni bajarmagan hollarda sotuvchi topshirilgan tovar haqini to‘lashni yoki haqi to‘lanmagan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotib oluvchi topshirilgan tovar haqini to‘lash majburiyatini oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda bajarmagan va ushbu Kodeksda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, kechikib to‘langan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq shartnomaga binoan tovar haqi to‘lanishi lozim bo‘lgan kundan boshlab sotib oluvchi tovar haqini to‘lagan kungacha foizlar to‘lanishi lozim.
Oldi-sotdi shartnomasida sotib oluvchining sotuvchi tomonidan tovar topshirilgan kundan boshlab tovar bahosiga teng bo‘lgan summa uchun foizlar to‘lash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarni nasiyaga sotish u sotilgan kundagi narxlarda amalga oshiriladi.
421-modda. Nasiyaga sotilgan tovar haqini to‘lash (davomi)
Tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan boshlab uning haqi to‘lab bo‘lingunga qadar nasiyaga sotilgan tovar sotib oluvchi tomonidan tovar haqini to‘lash majburiyati bajarilishini ta’minlash uchun sotuvchida garovda turgan deb hisoblanadi.
422-modda. Tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash
Tovarni nasiyaga sotish shartnomasida tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
Haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tovarni nasiyaga sotish shartnomasida oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari bilan bir qatorda tovar bahosi, to‘lovlarning tartibi, muddatlari va miqdori ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar sotib oluvchi haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan va o‘ziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi to‘lovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni tovarga qaratishga haqli.
Tovarni kreditga sotish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan taqdirda, sotib oluvchi olingan tovar ulushining haqi to‘langan qismini majburiyatlarni bajarish ta’minoti sifatida berishga haqli.
423-modda. Tovarni sug‘urtalash
Agar shartnomada sotuvchi yoki sotib oluvchining tovarni sug‘urtalash majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, biroq unda sug‘urtalash shartlari va tovar sug‘urtalanadigan eng kam summa belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urtalash shartnomasida nazarda tutilgan sug‘urta summasi tovar bahosidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Tovarni sug‘urtalashi lozim bo‘lgan taraf shartnoma shartlariga muvofiq sug‘urtalashni amalga oshirmagan hollarda boshqa taraf tovarni sug‘urtalashga va sug‘urtalashi lozim bo‘lgan tarafdan sug‘urta xarajatlarini qoplashni talab qilishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
424-modda. Mulk huquqining sotuvchi ixtiyorida saqlanib qolishi
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan tovarga mulk huquqi tovar haqi to‘langunga yoki boshqa holatlar yuz bergunga qadar saqlanishi nazarda tutilgan hollarda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u tovarning vazifasidan va uning xususiyatlaridan kelib chiqmasa, sotib oluvchi mulk huquqi o‘ziga o‘tguncha tovarni o‘zgaga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli emas.
Topshirilgan tovarning haqi oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda to‘lanmaganda yoki mulk huquqi sotib oluvchiga o‘tadigan boshqa holatlar yuz bermaganda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchi sotib oluvchidan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.
2-§. Chakana oldi-sotdi
425-modda. Chakana oldi-sotdi shartnomasi
Chakana oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sotuvchi sotib oluvchiga shaxsiy maqsadlarda, ro‘zg‘orda yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalaniladigan tovarni topshirish majburiyatini oladi.
Chakana oldi-sotdi shartnomasi ommaviy hisoblanadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, sotib oluvchi shartnoma shartlari (miqdor, assortiment, sifat va h.k.) buzilganligi haqida sotuvchiga qachon xabar qilishi shart?
- Qonunchilikda yoki shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda, bunday muddat bo‘lmasa buzilish aniqlanishi lozim bo‘lganidan so‘ng oqilona muddatda
- Qonunchilikda yoki shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda, bunday muddat bo‘lmasa buzilish aniqlanganidan so‘ng uch kun ichida
- Faqat shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda, bunday muddat bo‘lmasa sotuvchi talab qilgan paytdagina, yozma ravishda va istalgan vaqtda
- Tovarni qabul qilgan kunning ertasiga, qonunchilik va shartnomadagi muddatlardan qat’i nazar, buzilish aniqlanmagan bo‘lsa ham
To‘g‘ri javob: Qonunchilikda yoki shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda, bunday muddat bo‘lmasa buzilish aniqlanishi lozim bo‘lganidan so‘ng oqilona muddatda. 416-moddaga ko‘ra xabar belgilangan muddatda, bo‘lmasa oqilona muddatda qilinishi shart.
Sotib oluvchi buzilish haqida sotuvchini xabardor qilmasa, sotuvchi nimaga haqli bo‘ladi (isbotlasa)?
- Sotib oluvchining talablarini faqat to‘liq qondirishga, qisman bosh tortishga haqli emas
- Sotib oluvchidan qo‘shimcha jarima va neustoyka to‘lashni talab qilishga
- Shartnomani bir tomonlama o‘zgartirishga va tovarni qaytarib olishga
- Sotib oluvchining talablarini to‘liq yoki qisman qondirishdan bosh tortishga
To‘g‘ri javob: Sotib oluvchining talablarini to‘liq yoki qisman qondirishdan bosh tortishga. 416-modda: sotuvchi talablarni qondirib bo‘lmaydigan bo‘lib qolganini yoki nomutanosib xarajatlarni isbotlasa, bosh tortishga haqli.
Sotuvchi tovar shartnoma shartlariga javob bermasligini bilgan edi. Sotib oluvchi buzilish haqida xabar qilmadi. Sotuvchi nima qila olmaydi?
- Xabar qilmaganlikni vaj qilib ko‘rsatishi mumkin
- Xabar qilmaganlikni vaj qilib ko‘rsatolmaydi
- Talablarni xabar qilinmagani uchun rad etishi
- Tovarni qaytarib olishni talab qilishi mumkin
To‘g‘ri javob: Xabar qilmaganlikni vaj qilib ko‘rsatolmaydi. 416-moddaga ko‘ra sotuvchi buzilishni bilgan yoki bilishi lozim bo‘lsa, xabar qilinmaganlikni vaj qila olmaydi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 417-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tovar haqini to‘lash
- Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati
- Mulk huquqining sotuvchi ixtiyorida saqlanib qolishi
- But tovarlar
To‘g‘ri javob: Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati. 417-modda: Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati» qaysi moddada belgilangan?
- 424-modda
- 412-modda
- 417-modda
- 419-modda
To‘g‘ri javob: 417-modda. 417-modda: Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati.
Sotib oluvchi sotuvchi tomonidan topshirilgan tovarni qabul qilib olishi shart, faqat qaysi hollar bundan mustasno?
- Tovar haqi oldindan to‘liq to‘langan va sotuvchi qo‘shimcha shartlar qo‘ymagan hollar
- Tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki shartnomani bajarishni rad etishga haqli bo‘lmagan hollar
- Tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki shartnomani bajarishni rad etishga haqli bo‘lgan hollar
- Tovar shartnoma tuzilganidan keyin bir oydan ortiq kechikib topshirilgan har qanday hollar
To‘g‘ri javob: Tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki shartnomani bajarishni rad etishga haqli bo‘lgan hollar. 417-moddaga ko‘ra almashtirishni talab qilish yoki shartnomani rad etish huquqi bo‘lgan hollar mustasno.
Sotib oluvchi Anvar shartnomani buzgan holda sotuvchi Baxtiyor topshirgan tovarni qabul qilishdan bosh tortdi. Baxtiyor nimani talab qilishga haqli?
- Tovarni majburan topshirish va jarima undirishni
- Faqat tovar haqini oldindan to‘lashni talab qilishni
- Shartnomani saqlab qolish va tovarni qaytarishni
- Shartnomani bajarishdan bosh tortish va zararni qoplashni
To‘g‘ri javob: Shartnomani bajarishdan bosh tortish va zararni qoplashni. 417-moddaga ko‘ra tovarni qabul qilmasa, sotuvchi shartnomadan bosh tortish va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 418-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Chakana oldi-sotdi shartnomasi
- But tovarlar
- But bo‘lmagan tovarni topshirish oqibatlari
- Tovarning bahosi
To‘g‘ri javob: Tovarning bahosi. 418-modda: Tovarning bahosi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash