XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 426–435-m.

Oldi-sotdi (5/12)

Ikkinchi Qism

426-modda. Tovarning ommaviy ofertasi

Chakana oldi-sotdi shartnomasining barcha muhim shartlarini o‘z ichiga olgan holda tovar reklamasi, kataloglar, shuningdek tovarning nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan boshqa ta’riflari orqali tovar taklif qilish ommaviy oferta deb hisoblanadi (ushbu Kodeks 369-moddasining ikkinchi qismi).

Tovarlarni ko‘rgazmaga qo‘yish, ularning namunalarini namoyish qilish yoki savdo bo‘layotgan joyda sotilayotgan tovarlar haqida ma’lumotlar (ta’riflar, kataloglar, fotosuratlar va hokazolar) berish, sotuvchi tegishli tovarlar sotishga mo‘ljallanmaganligini aniq belgilagan hollardan tashqari, narxi va oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmaganidan qat’i nazar, ommaviy oferta deb hisoblanadi.

427-modda. Sotib oluvchiga tovar haqida axborot berish

Sotuvchi sotishga taklif qilingan tovar to‘g‘risida sotib oluvchiga zarur va to‘g‘ri axborotni uning mazmuni va uni taqdim etish usuliga nisbatan qonunchilikda belgilangan yoki odatda chakana savdoda qo‘yiladigan talablarga muvofiq holda berishi shart.

Sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar tovarni ko‘zdan kechirish, o‘z oldida tovarning xossalarini tekshirishni yoki tovardan qanday foydalanishni ko‘rsatishni, agar bu hol tovarning xususiyati tufayli istisno qilinmasa va chakana savdoda qabul qilingan qoidalarga zid bo‘lmasa, talab qilishga haqli.

Agar sotib oluvchiga sotish joyida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan tovar to‘g‘risidagi axborotni darhol olish imkoni berilmagan bo‘lsa, u chakana oldi-sotdi shartnomasini tuzishdan asossiz bosh tortilgani tufayli o‘zi ko‘rgan zararni to‘lashni sotuvchidan talab qilishga, agar shartnoma tuzilgan bo‘lsa, oqilona muddatda shartnomani bajarishdan bosh tortishga, tovar uchun to‘langan summani qaytarishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Sotib oluvchiga tovar to‘g‘risida tegishli axborot olish imkonini bermagan sotuvchi tovar sotib oluvchiga topshirilganidan so‘ng tovarda paydo bo‘lgan kamchiliklar uchun ham, agar sotib oluvchi bu kamchiliklar o‘zida bunday axborot bo‘lmagani sababli paydo bo‘lganini isbotlasa, javob beradi.

428-modda. Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish

Taraflar sotib oluvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda qabul qilib olishi sharti bilan chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzishlari mumkin, bu muddat mobaynida tovar boshqa sotib oluvchiga sotilishi mumkin emas.

Agar chakana oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomada belgilangan muddatda sotib oluvchining tovarni qabul qilish uchun kelmasligi yoki boshqa zarur harakatlarni amalga oshirmasligini sotuvchi sotib oluvchining shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb qaralishi mumkin.

Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda topshirishni ta’minlash borasidagi qo‘shimcha xarajatlari, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning bahosiga qo‘shiladi.

429-modda. Tovarni namuna bo‘yicha sotish

Taraflar tovarni namuna (ta’rif, katalog va hokazo) bo‘yicha olish-sotish shartnomasini tuzishlari mumkin.

Tovarni namuna bo‘yicha sotish shartnomasi ushbu Kodeks 431-moddasining qoidalariga muvofiq bajariladi.

Sotib oluvchi tovar topshirilgunga qadar sotuvchining chakana oldi-sotdi shartnomasini bajarishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq zarur xarajatlarini qoplash sharti bilan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.

430-modda. Avtomatdan foydalangan holda tovar sotish

Tovar avtomatdan foydalanib sotiladigan hollarda avtomat egasi sotuvchining nomi (firma nomi), u joylashgan manzil, ish tartibi, shuningdek sotib oluvchi tovarni olish uchun amalga oshirishi zarur bo‘lgan harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatga joylashtirish yoki boshqacha usulda sotib oluvchiga taqdim qilish yo‘li bilan unga tovar sotuvchi to‘g‘risidagi axborotni yetkazishi lozim.

Sotib oluvchi tovarni olish uchun zarur harakatlarni amalga oshirgan paytdan boshlab avtomatdan foydalangan holda chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.

Agar sotib oluvchiga haqi to‘langan tovar topshirilmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovar zudlik bilan topshirilishini yoki u to‘lagan summa qaytarib berilishini ta’minlashi shart. Bu majburiyat bajarilmagan taqdirda, sotib oluvchi sotuvchidan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Avtomatdan pulni maydalash, to‘lov belgilarini sotib olish yoki valyuta almashtirish uchun foydalanilgan taqdirda, agar majburiyat mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, chakana oldi-sotdi qoidalari qo‘llanadi.

431-modda. Tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan sotish

Chakana oldi-sotdi shartnomasi tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan tuzilgan hollarda sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni sotib oluvchi ko‘rsatgan joyga, agar sotib oluvchi tovarni yetkazib berish joyini ko‘rsatmagan bo‘lsa, sotib oluvchi fuqaro istiqomat qiladigan yoki yuridik shaxs joylashgan manzilga yetkazib berishi lozim.

Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, tovar sotib oluvchiga, u bo‘lmaganda esa –– shartnoma tuzilganidan yoxud tovarni yetkazib berish rasmiylashtirilganidan guvohlik beradigan kvitansiya yoki boshqa hujjatni taqdim qilgan har qanday shaxsga topshirilgan paytdan boshlab chakana oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi tomonidan bajarilgan hisoblanadi.

Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarni sotib oluvchiga topshirish uchun yetkazib berish vaqti belgilanmagan hollarda tovar sotib oluvchidan talab tushganidan keyin oqilona muddatda yetkazib berilishi lozim.

432-modda. Tovar bahosi va uning haqini to‘lash

Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotib oluvchi tovar haqini chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan paytda sotuvchi tomonidan e’lon qilingan bahoda to‘lashi lozim.

Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarning haqini oldindan to‘lash nazarda tutilgan hollarda, agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchining tovar haqini shartnomada belgilangan muddatda to‘lamasligi uning shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.

Tovarlarni nasiyaga chakana olish-sotish haqida tuzilgan, shu jumladan sotib oluvchining tovarlar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lashi sharti bilan tuzilgan shartnomalarga nisbatan ushbu Kodeks 421-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanmaydi.

Sotib oluvchi tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lashning shartnomada belgilangan davrida istagan vaqtida tovar haqini batamom to‘lashga haqli.

433-modda. Tegishli sifatli tovarni almashtirish

Sotib oluvchi o‘ziga nooziq-ovqat tovari topshirilgan paytdan boshlab o‘n kun mobaynida, agar bundan uzoqroq muddat sotuvchi tomonidan e’lon qilinmagan bo‘lsa, xarid qilingan tegishli sifatli tovarni xarid joyida yoki sotuvchi e’lon qilgan boshqa joylarda o‘lchami, shakli, hajmi, andazasi, rangi, to‘plami boshqacha bo‘lgan xuddi shunday tovarga almashtirishga haqli, bunda u narxlarda farq bo‘lgan taqdirda sotuvchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshiradi.

Sotuvchida almashtirish uchun zarur tovar bo‘lmaganida sotib oluvchi xarid qilingan tovarni sotuvchiga qaytarib berish va unga to‘langan pul summasini olish huquqiga ega.

Agar tovardan foydalanilmagan, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan bo‘lsa va ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti bo‘lsa, sotib oluvchining tovarni almashtirish yoki qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.

Ushbu moddada ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha almashtirilmaydigan yoki qaytarib olinmaydigan tovarlar ro‘yxati qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.

434-modda. Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida uning huquqlari

Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida ma’lum qilinmagan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra:

xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;

xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;

tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini;

xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;

ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.

Tovar uchun to‘langan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtda sotuvchi undan tovardan to‘liq yoki qisman foydalanganligi, tovar ko‘rinishi yo‘qolganligi yoki boshqa shunga o‘xshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan bo‘lsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.

435-modda. Tovarni almashtirganda, xarid narxini kamaytirganda va sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni qaytarganda baholardagi farqni to‘lash

Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa tovarga almashtirish chog‘ida sotuvchi tovarning chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan bahosi bilan tovarni almashtirish yoki sud tomonidan tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror chiqarish paytida mavjud bo‘lgan tovarning bahosi o‘rtasidagi farqni to‘lashni talab qilishga haqli emas.

Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni xuddi shunday, biroq o‘lchami, andazasi, navi va boshqa belgilari o‘zgacha bo‘lgan tegishli darajada sifatli tovarga almashtirish chog‘ida almashtirilayotgan tovarning almashtirish paytidagi bahosi bilan sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar o‘rniga berilayotgan tovarning bahosi o‘rtasidagi farq to‘lanishi lozim. Agar sotib oluvchining talabi sotuvchi tomonidan qondirilmasa, bu baholar sud tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror chiqargan payt bo‘yicha aniqlanadi.

Tovarning xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan taqdirda tovarning bahosini pasaytirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan paytdagi, agar sotib oluvchining talabi ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo‘lsa, sud bahoni mutanosib ravishda kamaytirish to‘g‘risida qaror chiqargan paytdagi bahosi inobatga olinadi.

Sotuvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni qaytarib berish chog‘ida sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan tovarning bahosi bilan uning talabi ixtiyoriy suratda qondirilgan vaqtdagi, agar talab ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo‘lsa, sud qaror chiqargan paytdagi tegishli tovarning bahosi o‘rtasidagi farqni to‘lashni talab qilishga haqli.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 426-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Tovarning ommaviy ofertasi
  2. Tovar haqini oldindan to‘lash
  3. Sotib oluvchiga tovar haqida axborot berish
  4. Tovarni sug‘urtalash

To‘g‘ri javob: Tovarning ommaviy ofertasi. 426-modda: Tovarning ommaviy ofertasi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Tovarning ommaviy ofertasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 420-modda
  2. 423-modda
  3. 427-modda
  4. 426-modda

To‘g‘ri javob: 426-modda. 426-modda: Tovarning ommaviy ofertasi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, chakana oldi-sotdi shartnomasining barcha muhim shartlarini o‘z ichiga olgan tovar reklamasi yoki katalog orqali tovar taklif qilish nima deb hisoblanadi?
  1. Ommaviy oferta
  2. Aksept
  3. Oldindan kelishuv
  4. Shartnomani bekor qilish

To‘g‘ri javob: Ommaviy oferta. 426-moddaga ko‘ra nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan bunday taklif ommaviy oferta hisoblanadi.

Do‘konda tovarlar namunalari ko‘rgazmaga qo‘yilgan, narxi esa ko‘rsatilmagan. Sotuvchi tovarlar sotishga mo‘ljallanmaganligini aniq belgilamagan. Bu holat qanday baholanadi?
  1. Ommaviy oferta hisoblanmaydi, chunki narx ko‘rsatilmagan
  2. Ommaviy oferta hisoblanadi, faqat narx ko‘rsatilgan bo‘lsagina
  3. Ommaviy oferta hisoblanadi, narx ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham
  4. Oferta hisoblanmaydi, bu faqat reklama va narx so‘rash

To‘g‘ri javob: Ommaviy oferta hisoblanadi, narx ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham. 426-moddaga ko‘ra narx ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmaganidan qat’i nazar, namoyish ommaviy oferta hisoblanadi.

Sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar tovarga nisbatan nimani talab qilishga haqli (agar tovar xususiyati istisno qilmasa)?
  1. Tovarni ko‘zdan kechirish, xossalarini tekshirish yoki undan qanday foydalanishni ko‘rsatishni
  2. Tovarni ko‘zdan kechirish va xossalarini tekshirish, ammo foydalanishni ko‘rsatishni emas
  3. Tovarni bepul sinab ko‘rish uchun uyiga olib ketish yoki sotuvchidan kafolat berishni
  4. Faqat tovarning narxini ko‘rsatishni va sotib olish majburiyatini yuklamasdan, tekshirish huquqisiz

To‘g‘ri javob: Tovarni ko‘zdan kechirish, xossalarini tekshirish yoki undan qanday foydalanishni ko‘rsatishni. 427-moddaga ko‘ra sotib oluvchi ko‘zdan kechirish, xossalarini tekshirish yoki foydalanishni ko‘rsatishni talab qilishga haqli.

Do‘konda Shahlo sotuvchi Karimdan sotib olinayotgan stanok haqida axborot olmadi va tegishli axborot berilmadi. Shartnoma tuzildi, keyin stanokda kamchilik paydo bo‘ldi. Shahlo bu kamchilik axborot yo‘qligidan paydo bo‘lganini isbotladi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Karim kamchiliklar uchun javob beradi
  2. Shahlo zararni o‘zi ko‘taradi
  3. Karim javob bermaydi, chunki tovar topshirilgan
  4. Shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Karim kamchiliklar uchun javob beradi. 427-moddaga ko‘ra axborot bermagan sotuvchi, kamchilik shu sabab paydo bo‘lganini sotib oluvchi isbotlasa, javob beradi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 428-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sotib oluvchiga tovar haqida axborot berish
  2. Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish
  3. Nasiyaga sotilgan tovar haqini to‘lash
  4. Tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan sotish

To‘g‘ri javob: Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish. 428-modda: Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 427-modda
  2. 421-modda
  3. 431-modda
  4. 428-modda

To‘g‘ri javob: 428-modda. 428-modda: Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOldi-sotdi (4/12)Keyingi →Oldi-sotdi (6/12)