Oldi-sotdi (8/12)
Ikkinchi Qism
456-modda. Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash
Agar sotuvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotib oluvchi shartnomada nazarda tutilgan tovar o‘rniga boshqa shaxsdan birmuncha yuqori, ammo oqilona bahoda tovar sotib olsa, sotib oluvchi sotuvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning o‘rniga tuzilgan bitimdagi baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.
Agar sotib oluvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotuvchi tovarni boshqa shaxsga shartnomada nazarda tutilganidan birmuncha pastroq, biroq oqilona bahoda sotgan bo‘lsa, sotuvchi sotib oluvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning o‘rniga tuzilgan bitimdagi baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.
Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha shartnoma bekor qilinganidan keyin uning o‘rniga boshqa bitim tuzilmagan va tovarning joriy bahosi mavjud bo‘lsa, taraf shartnomada belgilangan baho bilan shartnoma bekor qilingan paytdagi joriy baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplash to‘g‘risida talab qo‘yishi mumkin.
Tovar topshirilishi lozim bo‘lgan joyda odatda o‘xshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho joriy baho deb e’tirof etiladi. Agar bu joyda joriy baho mavjud bo‘lmasa, tovarni tashish xarajatlaridagi farqni hisobga olgan holda boshqa joydagi uning o‘rnini bosa oladigan oqilona joriy bahodan foydalanish mumkin.
456-modda. Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash (davomi)
Ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni qondirish o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan tarafni boshqa tarafga yetkazgan o‘zga zararni ushbu Kodeksning 14-moddasiga asosan qoplashdan ozod qilmaydi.
4-§. Tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi davlat kontrakti
457-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish bo‘yicha davlat kontrakti asosida, shuningdek uning asosida tuziladigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga ta’minlanadigan, O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish borasidagi munosabatlarga ushbu Kodeks 437-456-moddalarining qoidalari ham tatbiq etiladi. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan munosabatlarga nisbatan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishni tartibga soladigan boshqa qonunchilik tatbiq etiladi.
458-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti bo‘yicha (bundan buyon matnda davlat kontrakti deb yuritiladi) mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat buyurtmachisiga yoki uning ko‘rsatmasiga binoan mahsulot yetkazib berish shartnomasi asosida boshqa shaxsga shartlashilgan muddatda tovarlar yetkazib berishni, davlat buyurtmachisi esa, yetkazib berilgan tovarlar haqi belgilangan muddatda to‘lanishini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.
459-modda. Davlat kontraktini tuzish asoslari
Davlat kontrakti davlat buyurtmachisining mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) qabul qilgan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi buyurtmasi asosida tuziladi.
Bergan buyurtmasi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan qabul qilingan davlat buyurtmachisi uchun davlat kontrakti tuzish shart hisoblanadi.
Davlat kontraktini tuzish qonunchilikda belgilangan hollardagina va davlat kontraktini bajarish tufayli mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) ko‘rishi mumkin bo‘lgan barcha zararni davlat buyurtmachisi qoplagan taqdirdagina mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) uchun majburiy hisoblanadi.
Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi buyurtma tanlov bo‘yicha joylashtirilsa, tanlov g‘olibi deb e’lon qilingan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bilan davlat kontraktini tuzish davlat buyurtmachisi uchun majburiy hisoblanadi.
460-modda. Davlat kontraktini tuzish tartibi
Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat kontrakti loyihasi davlat buyurtmachisi tomonidan ishlab chiqiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yuboriladi.
Davlat kontrakti loyihasini olgan taraf kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va davlat kontraktining bir nusxasini boshqa tarafga qaytaradi, davlat kontrakti shartlari yuzasidan kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa, xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan davlat kontrakti bilan boshqa tarafga yuboradi yoki unga davlat kontraktini tuzishdan bosh tortishini ma’lum qiladi.
Davlat kontrakti bilan kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishi, kontrakt shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi va unga davlat kontraktini kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Bu muddat tugagach, manfaatdor taraf hal qilinmagan barcha kelishmovchiliklarni o‘ttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.
Davlat kontrakti davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi buyurtmani joylashtirish tanlovi natijalari bo‘yicha tuziladigan hollarda davlat kontrakti tanlov o‘tkazilgan sanadan boshlab o‘ttiz kun ichida tuzilishi lozim.
Agar davlat kontraktini tuzishi majburiy bo‘lgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf boshqa tarafni davlat kontraktini tuzishga majbur qilish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
461-modda. Davlat kontraktini bajarish
Davlat kontrakti shartlariga muvofiq tovarlar bevosita davlat buyurtmachisiga yoki uning ko‘rsatmasi (jo‘natish raznaryadkasi)ga muvofiq boshqa shaxs (oluvchi)ga yetkazib beriladigan hollarda kontraktni bajarish bo‘yicha taraflarning munosabatlari ushbu Kodeksning 437-456-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan tartibga solinadi.
Agar davlat kontraktida sotib oluvchilarga tovarlar yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan davlat buyurtmachisi belgilaydigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi davlat kontrakti tuzilgan kundan boshlab kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda sotib oluvchining yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani to‘g‘risida mahsulot yetkazib beruvchi — ijrochi va sotuvchiga bildirish xati yuboradi.
Sotib oluvchi yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani to‘g‘risidagi bildirish xati davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar jo‘natish raznaryadkalarida ko‘rsatilgan oluvchilarga yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida boshqacha hisob-kitob tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarlar haqi davlat buyurtmachisi tomonidan to‘lanadi.
Tovarlar sotib oluvchilarga davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida baho belgilash va hisob-kitoblarning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchilar tovarlar haqini davlat kontraktiga muvofiq belgilanadigan baholarda to‘laydilar.
461-modda. Davlat kontraktini bajarish (davomi)
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi davlat kontrakti bo‘yicha tovarlar haqi sotib oluvchi tomonidan to‘langanda davlat buyurtmachisi sotib oluvchining ushbu majburiyati bo‘yicha kafil deb hisoblanadi.
462-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish
Agar davlat kontraktida shartnoma loyihasini tayyorlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki shartnoma loyihasi sotib oluvchi tomonidan taqdim qilingan bo‘lmasa, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) biriktirish to‘g‘risidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan sotib oluvchiga davlat buyurtmachisidan bildirish xati olingan vaqtdan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasining loyihasini yo‘llashi lozim.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasining loyihasini olgan taraf kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va shartnomaning bir nusxasini ikkinchi tarafga qaytaradi, shartnoma shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lganda esa xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan birgalikda boshqa tarafga yuboradi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini kelishmovchiliklar bayonnomasi bilan olgan taraf o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishi, shartnoma shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi va unga shartnomani kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Manfaatdor taraf hal qilinmagan kelishmovchiliklarni o‘ttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.
Agar mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortsa, sotib oluvchi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ni sotib oluvchi ishlab chiqqan shartnoma loyihasi shartlarida shartnoma tuzishga majbur qilish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
463-modda. Sotib oluvchining davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortishi
Sotib oluvchi biriktirish haqidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan tovarlardan hamda ularni yetkazib berish shartnomasini tuzishdan to‘liq yoki qisman bosh tortish huquqiga ega. Bunday holda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bu haqda darhol davlat buyurtmachisiga ma’lum qilishi lozim va davlat buyurtmachisidan boshqa sotib oluvchini o‘ziga biriktirish to‘g‘risida bildirish xati berishni talab qilish huquqiga ega.
Davlat buyurtmachisi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ning bildirish xatini olgan kundan boshlab kechi bilan o‘ttiz kun ichida yo mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga boshqa sotib oluvchini biriktirish to‘g‘risida bildirish xati beradi, yoki mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga tovarlarni kim olishi ko‘rsatilgan jo‘natish raznaryadkasini yuboradi, yoxud tovarlarni qabul qilish va haqini to‘lashga roziligini xabar qiladi.
Davlat buyurtmachisi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) yo davlat buyurtmachisidan tovarlarni qabul qilish va haqini to‘lashni talab qilish, yoki tovarlarni o‘z ixtiyori bilan realizatsiya qilib, tovarlarni realizatsiya qilish bilan bog‘liq oqilona xarajatlarni davlat buyurtmachisiga yuklash huquqiga ega.
464-modda. Davlat kontraktining bajarilishi yoki bekor qilinishi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash
Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki davlat kontraktida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar (ushbu Kodeks 459-moddasining uchinchi qismi) davlat kontraktiga muvofiq tovar topshirilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan o‘ttiz kun ichida davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanishi lozim.
Davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar davlat kontraktiga binoan qoplanmagan taqdirda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat kontraktini bajarishdan bosh tortishga va davlat kontrakti bekor qilinganligi tufayli kelib chiqqan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha davlat kontrakti bekor qilinganida mahsulot yetkazib beruvchi davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Mahsulot yetkazib beruvchining bunday bosh tortishi tufayli sotib oluvchiga yetkazilgan zarar davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanadi.
5-§. Kontraktatsiya
465-modda. Kontraktatsiya shartnomasi
Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash yoki sotish uchun bunday mahsulotni xarid qiladigan shaxsga –– tayyorlovchiga shartlashilgan muddatda topshirish (topshirib turish) majburiyatini oladi, tayyorlovchi esa bu mahsulotni qabul qilish (qabul qilib turish), uning haqini shartlashilgan muddatda muayyan bahoda to‘lash (to‘lab turish) majburiyatini oladi.
Agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, kontraktatsiya shartnomasiga nisbatan mahsulot yetkazib berish shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar, tegishli hollarda esa davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishga doir davlat kontrakti to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 456-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tovarlar to‘liq yetkazib berilmagan, tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash to‘g‘risidagi talablar bajarilmagan hollarda sotib oluvchining huquqlari
- Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash
- Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish
- Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish
To‘g‘ri javob: Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash. 456-modda: Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash» qaysi moddada belgilangan?
- 456-modda
- 462-modda
- 453-modda
- 457-modda
To‘g‘ri javob: 456-modda. 456-modda: Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash.
Sotuvchi Aziz majburiyatni buzgani sababli shartnoma bekor qilindi. Sotib oluvchi Dilshod oqilona muddat ichida boshqa shaxsdan birmuncha yuqori, ammo oqilona bahoda tovar sotib oldi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra Dilshod nimani talab qilishi mumkin?
- Faqat shartnoma bahosi qaytarilishini va to‘langan avans uchun foizlarni qoplashni
- Narx farqining uch baravariga teng jarimani, zararni qoplashni talab qilmagan holda
- Shartnomadagi baho bilan yangi bitimdagi baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni
- Yangi bitim bahosining to‘liq summasini sotuvchidan undirishni va shartnomani qayta tiklashni
To‘g‘ri javob: Shartnomadagi baho bilan yangi bitimdagi baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni. 456-moddaga ko‘ra sotib oluvchi shartnoma bahosi bilan o‘rniga tuzilgan bitim bahosi o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.
Tovarning joriy bahosi deb nima e’tirof etiladi?
- Sotuvchi tovarni ishlab chiqargan joyda bir xil tovar uchun o‘tgan yil davomida undirilgan o‘rtacha baho
- Shartnoma tuzilgan joyda tomonlar kelishuvi bilan bir xil tovar uchun belgilangan eng yuqori ulgurji baho
- Respublika bo‘yicha davlat organi tomonidan tasdiqlangan o‘xshash tovar uchun belgilangan yagona me’yoriy baho
- Tovar topshirilishi lozim bo‘lgan joyda odatda o‘xshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho
To‘g‘ri javob: Tovar topshirilishi lozim bo‘lgan joyda odatda o‘xshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho. 456-moddaga ko‘ra joriy baho – topshirish joyida odatda o‘xshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho.
Shartnoma bekor qilinganidan keyin uning o‘rniga boshqa bitim tuzilmagan, tovarning joriy bahosi esa mavjud. Taraf zararni qanday hisoblab talab qilishi mumkin?
- Shartnoma bahosi bilan bekor qilingan paytdagi joriy baho o‘rtasidagi farq bo‘yicha
- Shartnoma bahosi bilan sud qaror chiqargan kundagi joriy baho o‘rtasidagi farq bo‘yicha
- Faqat sud tayinlagan ekspert belgilagan summa bo‘yicha, narx farqisiz hisoblab
- Sotuvchi olgan foyda bilan oluvchi to‘lagan summa o‘rtasidagi farq bo‘yicha
To‘g‘ri javob: Shartnoma bahosi bilan bekor qilingan paytdagi joriy baho o‘rtasidagi farq bo‘yicha. 456-modda uchinchi qismiga ko‘ra shartnoma bahosi bilan bekor qilingan paytdagi joriy baho o‘rtasidagi farq talab qilinadi.
456-moddada nazarda tutilgan zararni qoplash talablarini qondirish majburiyatni lozim darajada bajarmagan tarafni boshqa yetkazilgan zararni qoplashdan ozod qiladimi?
- Yo‘q, 14-moddaga asosan o‘zga zararni qoplashdan ozod qilmaydi
- Ha, 14-moddaga ko‘ra boshqa zararni qoplashdan to‘liq ozod qiladi
- Faqat taraflar kelishuvi bilan, 14-moddaga asosan zararni ozod qiladi
- Faqat yarmida, 14-moddaga asosan zararning yarmidan ozod qiladi
To‘g‘ri javob: Yo‘q, 14-moddaga asosan o‘zga zararni qoplashdan ozod qilmaydi. 456-modda davomiga ko‘ra bunday talablarni qondirish 14-moddaga asosan o‘zga zararni qoplashdan ozod qilmaydi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 457-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Idishlar va o‘rash materiallarini qaytarish
- Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish
- Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarlarni yetkazib berish oqibatlari
- Tovarlar to‘liq yetkazib berilmagan, tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash to‘g‘risidagi talablar bajarilmagan hollarda sotib oluvchining huquqlari
To‘g‘ri javob: Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish. 457-modda: Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish» qaysi moddada belgilangan?
- 450-modda
- 453-modda
- 457-modda
- 451-modda
To‘g‘ri javob: 457-modda. 457-modda: Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash