Oldi-sotdi (9/12)
Ikkinchi Qism
466-modda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchining majburiyatlari
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchi o‘stirilgan (ishlab chiqarilgan) qishloq xo‘jaligi mahsulotini tayyorlovchiga kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda topshirishi shart.
Agar mahsulot yetishtiruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajarmaganligi oqibatida qishloq xo‘jaligi mahsuloti kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda olinmasligi oldindan ma’lum bo‘lib qolsa, tayyorlovchi shartnomani bekor qilishni yoki o‘zgartirishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
467-modda. Tayyorlovchining majburiyatlari
Agar kontraktatsiya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tayyorlovchi yetishtiruvchi joylashgan yerda undan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qabul qilishi (qabul qilib turishi) va olib ketishni ta’minlashi (ta’minlab turishi) shart.
Agar qishloq xo‘jaligi mahsuloti tayyorlovchi joylashgan yerda yoki u ko‘rsatgan boshqa yerda qabul qilinsa, tayyorlovchi yetishtiruvchi tomonidan kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq va shartlashilgan muddatda keltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas.
Tayyorlovchi qishloq xo‘jaligi mahsulotini olib ketishni yoki qabul qilib olishni ta’minlamagan taqdirda yetishtiruvchiga qishloq xo‘jaligi mahsulotining qiymatini va uni keltirish xarajatlarini to‘laydi.
Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlaydigan tayyorlovchi yetishtiruvchining talabiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash chiqindilarini taraflar kelishgan narxda yetishtiruvchiga qaytarishi shart.
6-§. Energiya ta’minoti
468-modda. Energiya ta’minoti shartnomasi
Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga (iste’molchiga) energiya berib turish majburiyatini oladi, abonent esa qabul qilingan energiya haqini to‘lash, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan energiya iste’mol qilish tartibiga rioya etish, tasarrufidagi energetika shoxobchalaridan foydalanish xavfsizligini hamda o‘zi foydalanadigan energiya iste’mol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini ta’minlash majburiyatini oladi. Energiya ta’minoti shartnomasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham nazarda tutilishi mumkin.
469-modda. Energiya ta’minoti shartnomasini tuzish va muddatini uzaytirish
Energiya ta’minoti shartnomasi energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tarmoqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda ulangan energiya qurilmasi, shuningdek energiya iste’molini hisobga olish uskunalari va asboblari mavjud bo‘lgan abonent bilan tuziladi.
Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lgan taqdirda, abonent tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab u bilan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Energiya ta’minoti shartnomasining muddati tugagach, taraflardan biri uni bekor qilish yoki o‘zgartirish haqida ariza bermasa, u shartnomada nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi. Shartnoma yangi muddatga uzaytirilganida uning shartlari taraflar kelishuviga binoan o‘zgartirilishi mumkin.
Agar taraflardan biri shartnomaning amal qilish muddati tugashidan oldin yangi shartnoma tuzish haqida taklif kiritsa, taraflarning o‘zaro munosabatlari yangi shartnoma tuzilgunga qadar avval tuzilgan shartnoma bilan tartibga solib turiladi.
470-modda. Energiya miqdori
Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va taraflar kelishgan energiya berish tartibiga amal qilgan holda energiya berishi lozim. Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot bergan va abonent qabul qilgan energiya miqdori o‘lchov asboblari ko‘rsatkichlari bilan aniqlanadi.
Energiya ta’minoti shartnomasida abonentning o‘zi qabul qiladigan energiyaning shartnomada belgilangan miqdorini energiya bilan ta’minlovchi tashkilotning energiyani shartnomada belgilanmagan miqdorda berishni ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash sharti bilan o‘zgartirish huquqi nazarda tutilishi mumkin.
Energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq abonent bo‘lgan taqdirda u energiyadan o‘zi uchun zarur bo‘lgan miqdorda foydalanishga haqli.
471-modda. Energiya ta’minoti shartnomasining energiya miqdori to‘g‘risidagi shartini buzish oqibatlari
Agar energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tomonidan tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgandan kam miqdorda energiya berilgan bo‘lsa, basharti qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 399-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.
472-modda. Energiya sifati
Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot beradigan energiyaning sifati standartlashtirish bo‘yicha qonunchilikda yoki energiya ta’minoti shartnomasida belgilangan talablarga javob berishi lozim.
Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot energiya sifatiga qo‘yiladigan talablarni buzgan taqdirda, agar qonunchilikda, energiya ta’minoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 408-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.
473-modda. Tarmoqlar, asbob va uskunalarni saqlash va ishlatish bo‘yicha abonentning majburiyatlari
Abonent ishlatilayotgan energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning zarur texnikaviy holati va xavfsizligini ta’minlashi, energiya ishlatishning belgilangan tartibiga amal qilishi, shuningdek avariyalar, yong‘inlar, energiyani o‘lchash asboblaridagi nosozliklar va energiyadan foydalanish paytida kelib chiqadigan boshqa buzilishlar to‘g‘risida energiya bilan ta’minlovchi tashkilotga darhol xabar berishi lozim.
Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, energetika tarmoqlari, shuningdek energiya iste’molini hisobga olish asboblarining zarur texnik holati va xavfsizligini ta’minlash majburiyati energiya bilan ta’minlovchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
Energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning texnik holatiga va ularni ishlatishga qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularga rioya etilishini nazorat qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
474-modda. Energiya haqini to‘lash
Agar qonunchilikda yoki energiya bilan ta’minlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, energiya haqi abonent amalda qabul qilgan energiya miqdori uchun to‘lanadi, bu miqdor ushbu Kodeksning 470-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
475-modda. Abonent tomonidan energiyaning boshqa shaxsga berilishi
Abonent energiya bilan ta’minlovchi tashkilotdan tutashtirilgan tarmoq orqali qabul qilib olgan energiyani boshqa shaxs (qo‘shimcha abonent)ga faqat energiya bilan ta’minlovchi tashkilot roziligi bilan berishi mumkin.
Agar qonunchilikda yoki energiya ta’minoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, abonent tomonidan energiyani qo‘shimcha abonentga berish shartnomasiga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qo‘llanadi.
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, energiyani qo‘shimcha abonentga berish chog‘ida abonent energiya bilan ta’minlovchi tashkilot oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.
Bilimingizni sinang
Kontraktatsiya shartnomasiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchi mahsulotni tayyorlovchiga qanday topshirishi shart?
- Shartnomada nazarda tutilgan miqdor va assortimentda
- Tayyorlovchi xohlagan miqdor va assortimentda
- Faqat eng sifatli qismini, miqdoridan qat’i nazar
- Yetishtiruvchi o‘zi xohlagan miqdor va muddatda
To‘g‘ri javob: Shartnomada nazarda tutilgan miqdor va assortimentda. 466-moddaga ko‘ra mahsulot shartnomada nazarda tutilgan miqdor va assortimentda topshiriladi.
Fermer Karim paxtani kontraktatsiya shartnomasida kelishilgan miqdorda yetishtirmasligi oldindan ma’lum bo‘lib qoldi. Tayyorlovchi Orzu MChJ nimani talab qilishga haqli?
- Faqat shartnoma bo‘yicha oldindan to‘langan avansni qaytarishni
- Shartnomani bekor qilmasdan, faqat jarima to‘lashni talab qilishni
- Hech narsani talab qila olmaydi, mahsulot yetishtirilgunicha kutishni
- Shartnomani bekor qilishni yoki o‘zgartirishni va zararni qoplashni
To‘g‘ri javob: Shartnomani bekor qilishni yoki o‘zgartirishni va zararni qoplashni. 466-moddaga ko‘ra miqdor va assortimentda olinmasligi oldindan ma’lum bo‘lsa, tayyorlovchi bekor qilish yoki o‘zgartirish va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Kontraktatsiya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, tayyorlovchi mahsulotni qayerda qabul qilishi shart?
- Tayyorlovchi joylashgan yerda
- Yetishtiruvchi joylashgan yerda
- Tuman markazidagi qabul punktida
- Yetishtiruvchiga eng yaqin bozorda
To‘g‘ri javob: Yetishtiruvchi joylashgan yerda. 467-moddaga ko‘ra tayyorlovchi mahsulotni yetishtiruvchi joylashgan yerda qabul qilishi va olib ketishni ta’minlashi shart.
Yetishtiruvchi tayyorlovchi joylashgan yerga shartlashilgan muddatda va shartnomaga muvofiq mahsulot keltirdi. Tayyorlovchi buni qabul qilishdan bosh tortishga haqlimi?
- Ha, agar narx ancha pasaygan bo‘lsa
- Faqat sud ruxsati bilan haqli
- Yo‘q, bosh tortishga haqli emas
- Ha, o‘z xohishiga ko‘ra haqli
To‘g‘ri javob: Yo‘q, bosh tortishga haqli emas. 467-moddaga ko‘ra bunday holda tayyorlovchi qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas.
Energiya ta’minoti shartnomasiga ko‘ra energiya bilan ta’minlovchi tashkilot qanday majburiyatni oladi?
- Abonentga tutashtirilgan tarmoq orqali energiya berib turish
- Abonentga energiya uskunalarini bepul ta’mirlab turish
- Abonent nomidan energiya haqini uchinchi shaxsga to‘lash
- Abonent uchun boshqa tarmoqdan energiya sotib olib turish
To‘g‘ri javob: Abonentga tutashtirilgan tarmoq orqali energiya berib turish. 468-moddaga ko‘ra ta’minlovchi tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya berib turish majburiyatini oladi.
Energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lsa, u bilan shartnoma qaysi paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi?
- Ta’minlovchiga ariza belgilangan tartibda yozilgan paytdan boshlab
- Tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab
- Birinchi to‘lov amalga oshirilgan va hisoblagich o‘rnatilgan paytdan boshlab
- Shartnoma matni taraflar tomonidan yozma imzolangan paytdan boshlab
To‘g‘ri javob: Tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab. 469-moddaga ko‘ra fuqaro tarmoqqa amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Energiya ta’minoti shartnomasi muddati tugagach, taraflardan hech biri uni bekor qilish yoki o‘zgartirish haqida ariza bermasa nima bo‘ladi?
- Shartnoma o‘n ikki oy muddatga avvalgi shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi
- Shartnoma tugagan hisoblanadi va abonent yangi shartnoma tuzishga majbur bo‘ladi
- Shartnoma shartnomada nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi
- Shartnoma tugagan hisoblanadi, ammo energiya berish sud qarorigacha davom etadi
To‘g‘ri javob: Shartnoma shartnomada nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi. 469-moddaga ko‘ra ariza berilmasa, shartnoma nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi.
Abonent Sanjar energiya ta’minoti shartnomasi muddati tugashidan oldin yangi shartnoma tuzish haqida taklif kiritdi. Yangi shartnoma hali tuzilmagan. Taraflar munosabati qanday tartibga solinadi?
- Yangi shartnoma tuzilgunga qadar avval tuzilgan shartnoma bilan
- Abonent taklif etgan yangi shartlar asosida, tuzilgunga qadar
- Munosabatlar yangi shartnoma tuzilgunga qadar to‘xtatib turiladi
- Faqat qonun hujjatlari bilan, yangi shartnoma tuzilgunga qadar
To‘g‘ri javob: Yangi shartnoma tuzilgunga qadar avval tuzilgan shartnoma bilan. 469-moddaga ko‘ra yangi shartnoma tuzilgunga qadar avvalgi shartnoma amal qiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash