XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 545–554-m.

Mulk ijarasi (2/7)

Ikkinchi Qism

545-modda. Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish

Ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga muvofiq, agar bunday shartlar shartnomada belgilangan bo‘lmasa –– mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishi lozim.

Agar ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramay, ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoki mol-mulkning vazifasiga nomuvofiq foydalansa, ijaraga beruvchi shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

546-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish

Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan ikkilamchi ijaraga (qo‘shimcha ijaraga) topshirishga, mulk ijarasi shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijara), ijaraga olingan mol-mulkni tekin foydalanish uchun berishga, shuningdek bu huquqlarini garovga qo‘yishga va ularni xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari ustav fondiga (kapitaliga) hissa sifatida yoki ishlab chiqarish kooperativiga pay badali sifatida topshirishga haqli. Ko‘rsatib o‘tilgan hollarda ijaraga oluvchi shartnoma bo‘yicha ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘lib qolaveradi, qayta ijara bundan mustasno. Mol-mulkni boshqa shaxslarga topshirish haqidagi shartnoma ijara shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq muddatga tuzilishi mumkin emas.

Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish haqidagi shartnomaga nisbatan mulk ijarasi shartnomasi haqidagi qoidalar qo‘llaniladi.

547-modda. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari

Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni o‘z hisobidan kapital ta’mirlashi shart.

Ijaraga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlar natijasida kelib chiqqan shoshilinch zarurat tufayli o‘tkaziladigan ta’mirlashni ijaraga beruvchi o‘z hisobidan amalga oshirishi shart.

Kapital ta’mirlash mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar bu muddat shartnomada belgilanmagan yoki shoshilinch zarurat tufayli o‘tkazilsa, oqilona muddatda amalga oshirilmog‘i lozim.

Ijaraga beruvchining kapital ta’mirlash majburiyatini bajarmasligi ijaraga oluvchiga o‘z xohishiga ko‘ra:

shartnomada belgilangan yoxud shoshilinch zarurat taqozo etayotgan kapital ta’mirlashni amalga oshirib, ta’mirlash qiymatini ijaraga beruvchidan undirib olish yoxud mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq hisobiga o‘tkazish;

haqni tegishincha kamaytirishni talab qilish;

shartnomani muddatidan oldin bekor qilish va zararning qoplanishini talab qilish huquqini beradi.

548-modda. Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari

Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi mol-mulkni yaxshi holda saqlashi, uni o‘z hisobidan joriy ta’mirlashi va saqlash bo‘yicha boshqa xarajatlarni qilishi lozim.

549-modda. Taraflar o‘zgarganda mol-mulk ijarasi shartnomasining o‘z kuchida qolishi

Ijaraga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulk (operativ boshqarish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish) huquqining boshqa shaxsga o‘tishi mulk ijarasi shartnomasining o‘zgartirilishi yoxud bekor qilinishi uchun asos bo‘lmaydi.

Ko‘chmas mulkni ijaraga olgan fuqaro vafot etgan taqdirda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, ushbu mol-mulkni ijaraga topshirish shartnomasi bo‘yicha uning huquq va majburiyatlari vorisga o‘tadi. Shartnomaning tuzilishi ijaraga oluvchining shaxsiy fazilatlari bilan bog‘liq bo‘lgan hollardan tashqari ijaraga beruvchi bunday vorisning shartnoma amal qilishining qolgan muddatida shartnomaga qo‘shilishini rad etishga haqli emas.

550-modda. Mulk ijarasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganida ikkilamchi ijara shartnomasining bekor bo‘lishi

Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulk ijarasi shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomasining bekor bo‘lishiga olib keladi. Bu holda ikkilamchi ijaraga oluvchi ikkilamchi ijaraning qolgan muddati davomida ikkilamchi ijara shartnomasiga muvofiq o‘zi foydalanib kelgan mol-mulkni bekor bo‘lgan mulk ijarasi shartnomasining tegishli shartlari asosida ijaraga olish haqida shartnoma tuzishi mumkin.

Agar mulk ijarasi shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha haqiqiy emas deb topilsa, unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomalari ham haqiqiy emas deb topiladi.

551-modda. Ijaraga beruvchining talabi bo‘yicha mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish

Mulk ijarasi shartnomasi ijaraga beruvchining talabi bilan sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar ijaraga oluvchi:

ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramasdan mol-mulkdan shartnoma shartlarini yoki mol-mulkning vazifalarini jiddiy ravishda buzgan yoxud bir necha marta buzgan holda foydalansa;

mol-mulkni jiddiy yomonlashtirsa;

shartnomada belgilangan to‘lov muddatini ketma-ket ikki martadan ortiq buzib, mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq to‘lamasa;

qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq kapital ta’mirlash ishlarini bajarish ijaraga oluvchi zimmasidagi majburiyat bo‘lgan hollarda shartnomada belgilangan muddatlarda, shartnomada bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, oqilona muddatlarda mol-mulkni kapital ta’mirlashni amalga oshirmasa.

Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeksning 382-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga beruvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.

Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini yozma ravishda ogohlantirganidan va unga o‘z majburiyatlarini bajarish uchun imkoniyat berganidan keyingina shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilishga haqli.

552-modda. Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish

Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasi sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar:

ijaraga beruvchi mol-mulkni foydalanish uchun ijaraga oluvchiga bermasa yoki mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoxud mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishga to‘sqinlik qilsa;

ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkda undan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan kamchiliklar bo‘lib, ularni ijaraga beruvchi shartnoma tuzish vaqtida aytib o‘tmagan, ijaraga oluvchiga oldindan ma’lum bo‘lmagan va shartnoma tuzayotganda mol-mulkni ko‘zdan kechirish yoxud uning sozligini tekshirish vaqtida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan bo‘lsa;

ijaraga beruvchi shartnomada belgilangan muddatlarda, agarda shartnomada muddat belgilangan bo‘lmasa, oqilona muddatlarda o‘z zimmasidagi mol-mulkni kapital ta’mirlash majburiyatini bajarmasa;

ijaraga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlar tufayli mol-mulk foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolsa.

Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga oluvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.

553-modda. Yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasi tuzishda ijaraga oluvchining imtiyozli huquqi

Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasini tuzishda sharoitlar teng bo‘lgan hollarda boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, shartnomaning amal qilishi tamom bo‘lguncha oqilona muddatda bunday shartnomani tuzish istagi haqida yozma ravishda ogohlantirishi lozim.

Mulk ijarasi shartnomasini yangi muddatga tuzishda shartnoma shartlari taraflarning kelishuvi asosida o‘zgartirilishi mumkin.

Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchi bilan yangi muddatga shartnoma tuzishni rad etsa-yu, ammo u bilan tuzilgan shartnoma muddati tugaganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxs bilan mulk ijarasi shartnomasini tuzsa, ijaraga oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra yo tuzilgan shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar o‘ziga o‘tkazilishini va o‘zi bilan shartnomani yangilashni rad etish oqibatida o‘ziga yetkazilgan zararning to‘lanishini yoki faqat zararning o‘zi to‘lanishini sud orqali talab qilishga haqli.

Agar mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom bo‘lganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga e’tiroz bildirmagan bo‘lsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida noma’lum muddatga qaytadan tuzilgan hisoblanadi.

554-modda. Mol-mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish

Mulk ijarasi shartnomasi bekor bo‘lganidan keyin ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni o‘ziga topshirilgan holatda, normal eskirishni hisobga olib yoki shartnomada kelishilgan holatda qaytarishi lozim.

Agar ijaraga oluvchi ijaraga olgan mol-mulkni qaytarmasa yoki kechiktirib qaytarsa, ijaraga beruvchi kechiktirilgan barcha vaqt davomida mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq to‘lashni talab qilishga haqli. Bu haq ijaraga beruvchi ko‘rgan zararni qoplamagan taqdirda zararni to‘lashni talab qilishga haqli.

Ijaraga olingan mol-mulk o‘z vaqtida qaytarilmaganligi uchun shartnomada neustoyka undirish nazarda tutilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, neustoykadan tashqari zarar to‘liq miqdorda undirilishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shartnomada foydalanish shartlari belgilanmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkdan qanday foydalanishi lozim?
  1. O‘z xohishiga ko‘ra, har qanday maqsadda
  2. Ijaraga beruvchining shaxsiy ehtiyojlariga muvofiq
  3. Mol-mulkning vazifasiga muvofiq
  4. Faqat tijorat maqsadida

To‘g‘ri javob: Mol-mulkning vazifasiga muvofiq. 545-modda birinchi qismi: shartlar belgilanmagan bo‘lsa, mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanish lozim.

Ijarachi Dilnoza ijaraga olgan omborni ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramay, shartnomaga zid maqsadda ishlatishda davom etdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ijaraga beruvchi nimaga haqli?
  1. Faqat ogohlantirishni takrorlashga va ijarachiga qo‘shimcha muddat berishga, bekor qilmasdan
  2. Shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga
  3. Omborni o‘zboshimchalik bilan tortib olishga va ijarachi mol-mulkini garovga ushlashga
  4. Faqat ijara haqini ikki baravar oshirishga, bekor qilish huquqisiz va zararsiz

To‘g‘ri javob: Shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga. 545-modda ikkinchi qismi: yozma ogohlantirishga qaramay nomuvofiq foydalansa, bekor qilish va zararni qoplash talab qilinadi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 546-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish
  2. Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish
  3. Yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasi tuzishda ijaraga oluvchining imtiyozli huquqi
  4. Mulk ijarasi shartnomasining muddati

To‘g‘ri javob: Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish. 546-modda: Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 540-modda
  2. 546-modda
  3. 553-modda
  4. 552-modda

To‘g‘ri javob: 546-modda. 546-modda: Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirishi uchun nima talab etiladi (boshqacha tartib bo‘lmasa)?
  1. Ijaraga beruvchining roziligi
  2. Notarial tasdiqlash talab etiladi
  3. Soliq organining ruxsati kerak
  4. Hokimiyatning ruxsati kerak

To‘g‘ri javob: Ijaraga beruvchining roziligi. 546-modda: ikkilamchi ijaraga topshirish ijaraga beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mol-mulkni boshqa shaxslarga topshirish haqidagi shartnoma qanday muddatga tuzilishi mumkin emas?
  1. Bir yildan kam muddatga va shartnomada ko‘rsatilmagan holda
  2. Ijara shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq muddatga
  3. Besh yildan ortiq muddatga, taraflar roziligi bo‘lganda ham
  4. Nomuayyan muddatga, ya’ni muddat ko‘rsatilmagan holda

To‘g‘ri javob: Ijara shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq muddatga. 546-modda birinchi qismi: topshirish haqidagi shartnoma ijara shartnomasi muddatidan ortiq muddatga tuzilishi mumkin emas.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, boshqacha tartib bo‘lmasa, ijaraga topshirilgan mol-mulkni kapital ta’mirlash kimning zimmasida va kimning hisobidan amalga oshiriladi?
  1. Ijaraga beruvchi o‘z hisobidan
  2. Ijaraga oluvchi o‘z hisobidan
  3. Taraflar o‘zaro teng hisobidan
  4. Davlat byudjeti mablag‘ hisobidan

To‘g‘ri javob: Ijaraga beruvchi o‘z hisobidan. 547-modda birinchi qismi: ijaraga beruvchi o‘z hisobidan kapital ta’mirlashi shart.

Ijaraga beruvchi Sobir shartnomada belgilangan muddatda kapital ta’mirlashni amalga oshirmadi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ijarachi Gulbahor nimani talab qilishga haqli?
  1. Faqat shartnomani bekor qilishni, haqni kamaytirish yoki xarajatni undirish huquqisiz
  2. Faqat ijara haqini to‘xtatib turishni, ta’mirni o‘zi bajarish huquqisiz va zararsiz
  3. Haqni kamaytirish, ta’mirni o‘zi qilib qiymatini undirish yoki shartnomani bekor qilish
  4. Hech narsani, ijara avvalgi shartlarda davom etaveradi, haq o‘zgarmaydi va ijarachi kutadi

To‘g‘ri javob: Haqni kamaytirish, ta’mirni o‘zi qilib qiymatini undirish yoki shartnomani bekor qilish. 547-modda to‘rtinchi qismi: ijarachi o‘z xohishiga ko‘ra ta’mirlab qiymatini undirishi, haqni kamaytirishi yoki shartnomani bekor qilishi mumkin.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMulk ijarasi (1/7)Keyingi →Mulk ijarasi (3/7)