XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 565–574-m.

Mulk ijarasi (4/7)

Ikkinchi Qism

565-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasining shakli

Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi, uning muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak bundan ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin.

Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.

566-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari

Ijaraga beruvchi shartnoma amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga berilgan transport vositasini tegishli holatda saqlashi, shu jumladan joriy va kapital ta’mirlashi hamda zarur asbob-uskunalarni berishi shart.

Ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha ijaraga oluvchiga ko‘rsatadigan xizmatlari hajmi transport vositasining shartnomada ko‘rsatilgan ijara maqsadlariga mos ravishda normal va xavfsiz ishlatilishini ta’minlashi shart. Ijara shartnomasida ijaraga oluvchiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning yanada kengroq doirasi nazarda tutilishi mumkin.

Transport vositasi ekipajining tarkibi va uning malakasi taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarga va shartnomada belgilangan shartlarga, bordi-yu, taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarda bunday talablar belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, –– shunday turdagi transport vositasini ishlatishning odatdagi amaliyoti talablari va shartnoma shartlariga javob berishi lozim.

Ekipaj a’zolari ijaraga beruvchi bilan mehnat munosabatlarini saqlab qoladilar. Ular ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanishga doir ko‘rsatmalariga va ijaraga oluvchining transport vositasini tijorat maqsadida ishlatishga doir ko‘rsatmalariga bo‘ysunadilar.

Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ekipaj a’zolarining xizmatiga haq to‘lash, shuningdek ularni saqlash xarajatlari ijaraga beruvchi zimmasida bo‘ladi.

566-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari (davomi)

Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, transport vositasini sug‘urta qilish va (yoki) uning tomonidan yoki uni ishlatish munosabati bilan yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar uchun javobgarlikni sug‘urtalash majburiyati, bunday sug‘urtalash qonun yoki shartnomaga muvofiq majburiy bo‘lsa, ijaraga beruvchi zimmasiga yuklatiladi.

567-modda. Transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash bo‘yicha ijaraga oluvchining majburiyati

Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish munosabati bilan yonilg‘i va ishlatish jarayonida sarflanadigan boshqa materiallar haqini to‘lash, yig‘imlar va boshqa chiqimlarni to‘lash ijaraga oluvchi zimmasida bo‘ladi.

568-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmagan holda ijaraga berilganida ijaraga oluvchining majburiyatlari

Ijaraga oluvchi transport vositasini ijaraga berish shartnomasi amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga olingan transport vositasini tegishli holatda saqlab turishi, jumladan uni joriy ta’mirlashni, shuningdek, agar shartnomada boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, kapital ta’mirlashni ham amalga oshirishi shart.

Ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini o‘z kuchi bilan boshqaradi, shuningdek undan tijorat maqsadida va texnik foydalanishni amalga oshiradi.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini saqlash, uni sug‘urtalash, shu jumladan o‘z javobgarligini sug‘urtalash, transport vositasini ishlatish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshiradi.

569-modda. Transport vositasidan foydalanish haqida uchinchi shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar

Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini ekipaj bilan yoki ekipajsiz ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchining roziligi bilan qo‘shimcha ijaraga berishga haqli.

Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz o‘z nomidan, agar ijara shartnomasida nazarda tutilgan transport vositalaridan foydalanish maqsadlariga, bordi-yu bunday maqsadlar belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, transport vositasining vazifasiga xilof bo‘lmasa, uchinchi shaxslar bilan tashish shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga haqli.

570-modda. Transport vositasiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Ijaraga berilgan transport vositasi halokatga uchragan yoki shikastlangan taqdirda, agar ijaraga beruvchi transport vositasi qonun yoki shartnomaga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar bo‘ladigan holatlarda halokatga uchraganini yoki shikastlanganligini isbot qilsa, ijaraga oluvchi yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga to‘lashi shart.

571-modda. Transport vositasi bilan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Ekipaj bilan ijaraga berilgan transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik, ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq, ijaraga beruvchi zimmasida bo‘ladi. Ijaraga beruvchi zarar ijaraga oluvchining aybi bilan yetkazilganligini isbotlasa, uchinchi shaxslarga to‘langan pul summasini qoplashni ijaraga oluvchidan regress tartibida talab qilishga haqli.

Transport vositasi saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmagan holda ijaraga berilganida transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar bo‘ladi.

572-modda. Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari

Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari, ushbu paragrafda nazarda tutilgan hollardan tashqari, qonunchilik bilan belgilanishi mumkin.

4-§. Binolar va inshootlar ijarasi

573-modda. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga bino yoki inshootni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoxud vaqtincha foydalanish uchun topshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Agar ushbu Kodeksning korxonani ijaraga berish to‘g‘risidagi qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu paragrafning qoidalari korxonalar ijarasiga tatbiq etiladi.

574-modda. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakli va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolaydigan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi.

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi.

Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan binoni yoki inshootni yoxud uning bir qismini ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tuzilgan bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim va ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

Bilimingizni sinang

Yengil avtomobillarni ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan qancha muddatgacha ijara shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin?
  1. o‘ttiz kungacha
  2. bir yilgacha
  3. to‘qson kungacha
  4. o‘n kungacha

To‘g‘ri javob: o‘ttiz kungacha. Bunday yuridik shaxslar o‘ttiz kungacha muddatga ijara shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, transport vositasini ijaraga berish shartnomasi muddatidan qat’i nazar qanday shaklda tuzilishi shart?
  1. Og‘zaki shaklda
  2. Faqat notarial shaklda
  3. Yozma shaklda
  4. Faqat elektron shaklda

To‘g‘ri javob: Yozma shaklda. 565-modda birinchi qismi: muddatidan qat’i nazar yozma shaklda tuzilishi shart.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi qanday tasdiqlanishi kerak (istisnolardan tashqari)?
  1. Faqat soliq organida hisobga qo‘yilishi kerak
  2. Notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak
  3. Faqat ikki guvoh ishtirokida tuzilishi kerak
  4. Tasdiqlash talab etilmaydi

To‘g‘ri javob: Notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak. 565-modda ikkinchi qismi: notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Yengil avtomobillarni ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan "Avto-Tur" MChJ fuqaro Zafar bilan yengil avtomobilni yigirma kunga ijaraga berish shartnomasini tuzmoqchi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shartnoma qanday shaklda tuzilishi mumkin?
  1. Oddiy yozma shaklda
  2. Faqat notarial tasdiqlangan shaklda
  3. Faqat og‘zaki shaklda
  4. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaklda

To‘g‘ri javob: Oddiy yozma shaklda. 565-modda uchinchi qismi: o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga oddiy yozma shaklda tuzish mumkin.

Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali elektron onlayn-auksionda ijaraga berilsa, Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday hujjat ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi?
  1. Notarius tomonidan tasdiqlangan elektron dalolatnoma
  2. Sud tomonidan berilgan ijro varaqasining nusxasi
  3. Auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma
  4. Soliq organi tomonidan beriladigan to‘lov ma’lumotnomasi

To‘g‘ri javob: Auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma. 565-modda to‘rtinchi qismi: auksion natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 566-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Prokat shartnomasi bo‘yicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi
  2. Transport vositasiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
  3. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari
  4. Transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash bo‘yicha ijaraga oluvchining majburiyati

To‘g‘ri javob: Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari. 566-modda: Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 566-modda
  2. 562-modda
  3. 567-modda
  4. 570-modda

To‘g‘ri javob: 566-modda. 566-modda: Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, transport vositasi ekipaji bilan ijaraga berilganda ijaraga beruvchi shartnoma muddati davomida qanday majburiyatlarni bajarishi shart?
  1. Yoqilg‘i xarajatlarini, yo‘l yig‘imlarini hamda tijorat ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni to‘lash
  2. Transport vositasini tegishli holatda saqlash, joriy va kapital ta’mirlash hamda zarur asbob-uskunalarni berish
  3. Transport vositasini ijaraga oluvchining talabiga ko‘ra yangisiga almashtirib berish va ijara haqini yil sayin kamaytirib borish
  4. Ijara muddati davomida ijaraga oluvchiga tegishli bo‘lgan soliqlarni, jarimalarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash

To‘g‘ri javob: Transport vositasini tegishli holatda saqlash, joriy va kapital ta’mirlash hamda zarur asbob-uskunalarni berish. 566-modda birinchi qismi: tegishli holatda saqlash, joriy va kapital ta’mirlash hamda asbob-uskunalarni berish.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMulk ijarasi (3/7)Keyingi →Mulk ijarasi (5/7)