Pudrat (2/8)
Ikkinchi Qism
640-modda. Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish
Pudratchi buyurtmachi bergan materialdan tejab-tergab va rejali foydalanishi, ish tugaganidan so‘ng ishlatilgan material to‘g‘risida buyurtmachiga hisobot berishi, shuningdek uning qoldig‘ini qaytarib berishi yoxud o‘z ixtiyoridagi foydalanilmay qolgan materialning qiymatini hisobga olib, buyurtmachining roziligi bilan ishning bahosini kamaytirishi shart.
Basharti pudratchi buyurtmachi bergan materialni tegishli suratda qabul qilib olayotganida undagi kamchiliklarni aniqlash mumkin bo‘lmaganligini isbot qila olmasa, u buyurtmachi bergan materialning kamchiliklari tufayli ishning lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘ladi.
641-modda. Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi
Pudrat shartnomasini bajarish munosabati bilan buyurtmachi bergan material, uskuna, qayta ishlashga (ishlov berishga) topshirilgan ashyo va pudratchi ixtiyoriga o‘tgan boshqa mol-mulk saqlanmaganligi uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.
642-modda. Pudratchi ishni bajarayotgan vaqtda buyurtmachining huquqlari
Buyurtmachi pudratchining faoliyatiga aralashmagan holda istalgan vaqtda ishning borishini va sifatini tekshirishga haqli.
Agar pudratchi pudrat shartnomasini bajarishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki ishni sust bajarishi natijasida uni belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Shu bilan birga agar ish kechiktirib bajariladigan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomaga nisbatan o‘z qiziqishini yo‘qotganligini isbot qilishi lozim.
Agar ishni bajarish vaqtida uning tegishli darajada bajarilmasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi pudratchiga kamchiliklarni yo‘qotish uchun oqilona muddat belgilashga va bu talabni pudratchi belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda pudrat shartnomasidan voz kechishga yoxud bu kamchiliklarni pudratchi hisobidan tuzatishni boshqa shaxsga topshirishga, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi ish natijasi o‘ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechib, belgilangan bahoning buyurtmachi shartnomadan voz kechganligi to‘g‘risidagi ogohlantirish olingunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini to‘lashi mumkin. Buyurtmachi pudratchiga shartnomaning bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni ham bajarilgan ishning bahosi bilan hamma ish uchun belgilangan baho o‘rtasidagi farq doirasida to‘lashi shart.
643-modda. Pudratchi buyurtmachini ogohlantirib qo‘yishi shart bo‘lgan holatlar
Pudratchi quyidagilarni aniqlagan taqdirda darhol buyurtmachini ogohlantirishi va undan ko‘rsatmalar olgunga qadar ishni to‘xtatib turishi shart:
buyurtmachi bergan material, uskunalar, texnik hujjatlar yoki qayta ishlash (ishlov berish) uchun topshirilgan ashyoning yaroqsizligi yoki sifatsizligini;
buyurtmachining ishni bajarish usuli to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini bajarish uning uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini;
pudratchiga bog‘liq bo‘lmagan, bajarilayotgan ish natijalarining yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qo‘yadigan yoxud ishni belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazish mumkin bo‘lmaydigan qilib qo‘yadigan boshqa holatlarni.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar to‘g‘risida buyurtmachini ogohlantirmagan yoki ogohlantirishga javob olish uchun shartnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tishini, bunday muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, oqilona muddat o‘tishini kutmasdan yoxud buyurtmachi ishni to‘xtatib turish to‘g‘risida o‘z vaqtida ko‘rsatma bergan bo‘lishiga qaramasdan ishni davom ettiravergan pudratchi buyurtmachi unga yoki pudratchi buyurtmachiga tegishli talablar qo‘yganida mazkur holatlarni vaj qilib keltirishga haqli emas.
Agar buyurtmachi pudratchining ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar to‘g‘risida o‘z vaqtida va asosli ogohlantirganiga qaramasdan, oqilona muddatda yaroqsiz yoki sifatsiz materialni almashtirmasa, ishni bajarish usuli to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini o‘zgartirmasa yoxud ishning yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qo‘yadigan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan boshqa choralarni ko‘rmasa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
644-modda. Buyurtmachining pudrat shartnomasi bo‘yicha muqobil majburiyatlarni bajarmasligi
Buyurtmachi pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘zining muqobil majburiyatlarini bajarmaganligi, xususan material, uskunalar, texnik hujjatlarni yoki qayta ishlanishi (ishlov berilishi) kerak bo‘lgan ashyoni bermaganligi pudratchining shartnomani bajarishiga to‘sqinlik qilgan hollarda, shuningdek mazkur majburiyatlar belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol ko‘rsatib turgan holatlar mavjud bo‘lganida (ushbu Kodeksning 256-moddasi) pudratchi ishga kirishmaslikka, boshlangan ishni esa to‘xtatib qo‘yishga haqli.
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, shartnomani bajarishdan bosh tortishga va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
645-modda. Buyurtmachining yordami
Pudratchining ishni bajarishiga buyurtmachi pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda, hajmda va tartibda yordam berishi shart.
Buyurtmachi bu majburiyatni bajarmasa, pudratchi ko‘rilgan zararni, shu jumladan bekor turib qolganlik oqibatidagi qo‘shimcha chiqimlarni qoplashni yoki ishni bajarish muddatini o‘zgartirish yoxud pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ish bahosini oshirishni talab qilishga haqli.
Buyurtmachining harakati yoki yo‘l qo‘ygan xatosi tufayli pudrat shartnomasi bo‘yicha ishni bajarish mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda, pudratchi ishning bajarilgan qismini hisobga olgan holda shartnomada ko‘rsatilgan bahoni olish huquqini saqlab qoladi.
646-modda. Buyurtmachining bajarilgan ishlarni qabul qilishi
Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida ko‘rib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu to‘g‘rida pudratchiga darhol ma’lum qilishi shart.
Ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish to‘g‘risida keyinchalik talab qo‘yish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda ko‘rsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli.
Buyurtmachi ishni tekshirmasdan qabul qilgan bo‘lsa, uni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar (ochiq ko‘rinib turgan kamchiliklar)ni dalil qilib keltirish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan so‘ng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan so‘ng o‘n kunlik muddat ichida bu to‘g‘rida pudratchiga xabar qilishi shart.
Buyurtmachi bilan pudratchi o‘rtasida bajarilgan ishning kamchiliklari yoki ularning sabablari yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, istagan tarafning talabi bo‘yicha ekspertiza tayinlanishi kerak. Ekspertiza o‘tkazish xarajatlari pudratchi zimmasida bo‘ladi, ekspertiza pudrat shartnomasi buzilmaganligini yoki pudratchining harakatlari bilan aniqlangan kamchiliklar o‘rtasida sababiy bog‘lanish yo‘qligini aniqlagan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ekspertiza xarajatlarini ekspertiza o‘tkazishni talab qilgan taraf, agar ekspertiza taraflarning o‘zaro kelishuvi bilan tayinlangan bo‘lsa, ikkala taraf teng miqdorda to‘laydi.
646-modda. Buyurtmachining bajarilgan ishlarni qabul qilishi (davomi)
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortganida, pudratchi shartnomaga binoan ish natijasi buyurtmachiga topshirilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab bir oy o‘tgach va shundan keyin buyurtmachini ikki marta ogohlantirgan holda ish natijasini sotib yuborishga, tushgan pulni esa, pudratchiga tegishli hamma to‘lovlarni chegirib tashlab, notarial idoraning depozitiga buyurtmachining nomiga kiritib qo‘yishga haqli. Pudratchi pudrat narsasini sotish o‘rniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishga haqli.
Agar buyurtmachining bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortishi ishni topshirish kechikib ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, tayyorlangan (qayta ishlangan) ashyoning tasodifan nobud bo‘lish xavfi ashyo topshirilishi lozim bo‘lgan paytda buyurtmachiga o‘tgan deb hisoblanadi.
647-modda. Ishning sifati
Pudratchi bajargan ish pudrat shartnomasining shartlariga, shartlar bo‘lmaganida yoki to‘liq bo‘lmaganida esa, odatda tegishli turdagi ishlarga qo‘yiladigan talablarga mos kelishi kerak. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bajarilgan ish natijasi buyurtmachiga topshirish paytida shartnomada ko‘rsatilgan yoki odatda qo‘yiladigan talablar bilan belgilangan xususiyatlarga ega bo‘lishi va oqilona muddat davomida shartnomada nazarda tutilganidek foydalanish uchun, agar u shartnomada belgilangan bo‘lmasa, bunday turdagi ishning natijasidan odatdagidek foydalanish uchun yaroqli bo‘lishi kerak.
Agar qonunchilikda pudrat shartnomasi bo‘yicha bajariladigan ishga qo‘yiladigan majburiy talablar nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkor sifatida ish olib borayotgan pudratchi ishni bunday majburiy talablarga amal qilgan holda bajarishi shart.
Pudratchi belgilangan majburiy talablarga nisbatan sifat jihatidan birmuncha yuqori talablarga javob beradigan ishni bajarishni pudrat shartnomasi asosida o‘z zimmasiga olishi mumkin.
648-modda. Ishning sifatiga kafolat berish
Qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchi buyurtmachiga ishning sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan bo‘lsa, pudratchi butun kafolat muddati davomida ushbu Kodeks 647-moddasining birinchi qismi talablariga mos keladigan ish natijalarini buyurtmachiga topshirishi shart.
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishlar natijasining sifatiga berilgan kafolat ishning natijasini tashkil etuvchi hamma narsaga tegishli bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 640-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ishning bahosi
- Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish
- Pudratchining ushlab qolish huquqi
- Pudratchi ishni bajarayotgan vaqtda buyurtmachining huquqlari
To‘g‘ri javob: Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish. 640-modda: Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish» qaysi moddada belgilangan?
- 640-modda
- 639-modda
- 636-modda
- 642-modda
To‘g‘ri javob: 640-modda. 640-modda: Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, pudratchi buyurtmachi bergan materialdan foydalanib ishni bajarganda ish tugagach nima qilishi shart?
- qolgan materialni o‘zi uchun saqlab qolib, buyurtmachiga hisobot bermasligi
- ishlatilgan material to‘g‘risida hisobot berishi va qoldig‘ini qaytarishi
- material qoldig‘ini sotib, tushgan pulni buyurtmachiga hisobotsiz topshirishi
- faqat qoldiq materialni qaytarishi, hisobot berish talab etilmaydi
To‘g‘ri javob: ishlatilgan material to‘g‘risida hisobot berishi va qoldig‘ini qaytarishi. 640-moddaga ko‘ra pudratchi ishlatilgan material to‘g‘risida hisobot berishi va qoldig‘ini qaytarishi (yoki qiymatini hisobga olib bahoni kamaytirishi) shart.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 641-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi
- Bosh pudratchi va yordamchi pudratchi
- Ishning sifatiga kafolat berish
- Pudratchi ishni bajarayotgan vaqtda buyurtmachining huquqlari
To‘g‘ri javob: Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi. 641-modda: Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi» qaysi moddada belgilangan?
- 634-modda
- 641-modda
- 648-modda
- 642-modda
To‘g‘ri javob: 641-modda. 641-modda: Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi.
Pudrat shartnomasini bajarish munosabati bilan buyurtmachi bergan material, uskuna yoki ashyo saqlanmagan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksiga ko‘ra kim javobgar bo‘ladi?
- buyurtmachi o‘zi
- ikkala taraf teng ulushda
- sug‘urta tashkiloti
- pudratchi
To‘g‘ri javob: pudratchi. 641-moddaga ko‘ra buyurtmachi bergan mol-mulk saqlanmaganligi uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, buyurtmachi pudratchi ishlayotgan vaqtda qanday huquqqa ega?
- pudratchining faoliyatiga aralashmagan holda istalgan vaqtda ishning borishi va sifatini tekshirish
- pudratchining ishini to‘xtatib turib, o‘z ko‘rsatmalarini bajarishni majburan talab qilish
- pudratchi faoliyatiga bevosita aralashib, ishning bahosini bir tomonlama o‘zgartirish
- pudratchining xodimlarini ish davomida istalgan vaqtda almashtirishni talab qilib, ish tartibini belgilash
To‘g‘ri javob: pudratchining faoliyatiga aralashmagan holda istalgan vaqtda ishning borishi va sifatini tekshirish. 642-moddaga ko‘ra buyurtmachi pudratchining faoliyatiga aralashmagan holda istalgan vaqtda ishning borishini va sifatini tekshirishga haqli.
Pudratchi Jamshid shartnomani bajarishga o‘z vaqtida kirishmadi va ishni sust olib bormoqda. Belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq bo‘lib qoldi. Buyurtmachi Laylo nima qilishga haqli?
- faqat Jamshiddan ishni tezlashtirishni talab qilib, muddat tugashini kutish
- shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish
- ish bahosini bir tomonlama oshirib, pudratchini darhol sudga berish
- hech qanday zararni talab qilmasdan, shartnomani bir yil uzaytirish
To‘g‘ri javob: shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish. 642-moddaga ko‘ra pudratchi ishni sust bajarsa va muddatda tugatish mumkin bo‘lmasa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib zararni qoplashni talab qilishga haqli.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash