Pudrat (3/8)
Ikkinchi Qism
649-modda. Kafolat muddatini hisoblash tartibi
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati buyurtmachi bajarilgan ish natijasini qabul qilgan yoki qabul qilishi lozim bo‘lgan paytdan o‘ta boshlaydi.
Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoxud u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, pudrat shartnomasi bo‘yicha kafolat muddatini hisoblash uchun ushbu Kodeks 404-moddasining ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan qoidalar tegishincha tatbiq etiladi.
650-modda. Ishning sifati lozim darajada bo‘lmaganligi uchun pudratchining javobgarligi
Agar ish pudratchi tomonidan pudrat shartnomasidan chetga chiqqan holda bajarilib, ish natijasini yomonlashtirgan bo‘lsa, yoki uni shartnomada nazarda tutilgan maqsadlar uchun yoxud shartnomada yaroqsizlik haqida tegishli shartlar bo‘lmagan taqdirda, odatdagi maqsadlar uchun foydalanishga yaroqsiz qilib qo‘yadigan boshqa kamchiliklar bilan bajarilgan bo‘lsa, buyurtmachi, basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘z xohishiga ko‘ra pudratchidan:
kamchiliklarni oqilona muddatda bepul bartaraf etishni;
ish uchun belgilangan bahoni mutanosib ravishda kamaytirishni;
shartnomada buyurtmachining kamchiliklarni bartaraf etish huquqi nazarda tutilgan bo‘lsa, ularni bartaraf etishga qilgan o‘z xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.
Pudratchi ishdagi o‘zi javobgar bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga, buyurtmachiga shartnomani bajarishni kechiktirganlik natijasida yetkazgan zararni qoplagan holda ishni yangidan bepul bajarib berishga haqli. Bunday holda buyurtmachi ilgari o‘ziga topshirilgan ish natijasini, agar ishning xarakteriga ko‘ra uni qaytarib berish mumkin bo‘lsa, pudratchiga qaytarib berishi shart.
Agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa yoxud aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan oqilona muddatda bartaraf etilmagan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
650-modda. Ishning sifati lozim darajada bo‘lmaganligi uchun pudratchining javobgarligi (davomi)
Pudrat shartnomasining muayyan kamchilik uchun pudratchini javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi sharti, agar bunday nuqsonlar pudratchining aybli harakatlari yoki harakatsizligi tufayli vujudga kelganligi isbotlansa, pudratchini javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Ishni bajarish uchun material bergan pudratchi uning sifati uchun sotuvchining sifati lozim darajada bo‘lmagan tovar uchun javobgarligi to‘g‘risidagi qoidalar bo‘yicha javobgar bo‘ladi.
651-modda. Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari
Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi ushbu moddada belgilangan muddatlarda ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlagan taqdirda, ishning natijasi lozim darajada sifatli emasligi bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.
Ish natijasiga kafolat muddati belgilanmagan hollarda ish natijalaridagi kamchiliklar oqilona muddatda, biroq ish natijasi topshirilgan kundan boshlab ikki yil mobaynida aniqlangan taqdirda, agar qonunda, shartnomada yoki ish muomalasi odatlarida boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklar bilan bog‘liq talablarni qo‘yishi mumkin.
Buyurtmachi kafolat muddati mobaynida aniqlangan ish natijasidagi kamchiliklar bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.
Shartnomada nazarda tutilgan kafolat muddati ikki yildan kam bo‘lib, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklarni kafolat muddati tamom bo‘lgach, biroq ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan paytdan e’tiboran ikki yil davomida aniqlagan va bu kamchiliklar ish natijasi o‘ziga topshirilgunicha yoki topshirish paytiga qadar yuzaga kelgan sabablarga ko‘ra paydo bo‘lganligini isbot qilsa, ular uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati bajarilgan ish natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilib olingan yoki qabul qilib olinishi lozim bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘ta boshlaydi.
651-modda. Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari (davomi)
Pudrat shartnomasi bo‘yicha kafolat muddatini hisoblashda, agar qonunchilikda, taraflar o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, ushbu Kodeks 404-moddasi ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarining qoidalari tegishincha qo‘llanadi.
652-modda. Ish sifatining tegishli darajada emasligi xususida da’vo qo‘zg‘atish muddati
Ish sifatining tegishli darajada emasligi tufayli kelib chiqqan talablar uchun da’vo qo‘zg‘atish muddati ushbu Kodeks 150-moddasining qoidalariga binoan belgilanadi.
Agar qonunchilik yoki pudrat shartnomasida pudratchining ish sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan, kafolat muddati belgilangan va ishdagi kamchiliklar xususidagi ariza kafolat muddatida berilgan bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atish muddati kamchiliklar xususida ariza berilgan kundan e’tiboran o‘ta boshlaydi.
Agar pudrat shartnomasiga muvofiq buyurtmachi ish natijasini qismlarga bo‘lib qabul qilgan bo‘lsa, da’vo muddati ish natijasi butunlay qabul qilib olingan kundan e’tiboran o‘ta boshlaydi.
653-modda. Pudratchining buyurtmachiga axborot berish majburiyati
Agar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoki axborotning xarakteridan ish natijasidan pudrat shartnomasida nazarda tutilgan maqsadlarda ushbu axborotsiz foydalanish mumkin emasligi anglashilsa, pudratchi buyurtmachiga ishning natijasi bilan birga pudrat shartnomasining narsasini ishlatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishga taalluqli bo‘lgan axborotni ham berishi shart.
654-modda. Taraflar olgan axborotning maxfiyligi
Agar bir taraf pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarganligi tufayli ikkinchi tarafdan yangi yechimlar va texnikaviy bilimlar, jumladan huquqiy muhofaza qilinmaydigan yechim va bilimlar, shuningdek tijorat siri deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar olsa, u bu ma’lumotlarni ikkinchi tarafning roziligisiz uchinchi shaxslarga ma’lum qilishga haqli emas. Bunday axborotdan foydalanish tartibi va shartlari taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.
655-modda. Buyurtmachiga material va uskunalarni qaytarib berish
Agar buyurtmachi ushbu Kodeks 642-moddasining to‘rtinchi qismiga yoki 650-moddasining uchinchi qismiga asosan pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechsa, pudratchi buyurtmachi tomonidan berilgan materiallarni, uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyo va boshqa mol-mulkni buyurtmachiga qaytarib berishi yoki buyurtmachi ko‘rsatgan shaxsga topshirishi, agar buning iloji bo‘lmasa — materiallar, uskunalar, ashyo va boshqa mol-mulkning qiymatini to‘lashi shart.
2-§. Maishiy pudrat
656-modda. Maishiy pudrat shartnomasi
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan pudratchi maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha buyurtmachi-fuqaroning topshirig‘i bilan uning maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ma’lum ishlarni bajarish majburiyatini, buyurtmachi esa ishni qabul qilish va haqini to‘lash majburiyatini oladi.
Agar qonunchilik yoxud shartnomada, shu jumladan buyurtmachi qo‘shilgan formulyarlar yoki boshqa standart shakllarning shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, pudratchi buyurtmachiga patta yoki buyurtma qabul qilinganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatni bergan paytdan boshlab maishiy pudrat shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.
Mazkur hujjatlarning buyurtmachida bo‘lmasligi, uni maishiy pudrat shartnomasi tuzilganligini yoki uning shartlarini tasdiqlovchi guvohlar ko‘rsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum qilmaydi.
Maishiy pudrat shartnomasi ommaviy shartnomalar jumlasiga kiradi.
657-modda. Buyurtmachi huquqlarining kafolatlari
Pudratchi maishiy pudrat shartnomasiga haq evaziga bajariladigan qo‘shimcha ishlar yoki xizmatlarni kiritishga buyurtmachini majbur qilishga haqli emas. Bu talab buzilgan taqdirda, buyurtmachi tegishli ish yoki xizmatga haq to‘lashdan bosh tortishga haqli.
Buyurtmachi ish unga topshirilguncha istagan vaqtda belgilangan haqning u pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechganligi to‘g‘risidagi bildirishni pudratchi olgunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini va shartnomani bajarish maqsadida shu paytgacha qilingan xarajatlarni pudratchiga to‘lab, agar bu xarajatlar ish uchun to‘lanadigan haqning ko‘rsatib o‘tilgan qismiga kirmasa, maishiy buyurtma shartnomasini bajarishdan voz kechishga haqli. Shartnomaning buyurtmachini bunday huquqdan mahrum qiluvchi shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Bilimingizni sinang
Pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksiga ko‘ra kafolat muddati qaysi paytdan o‘ta boshlaydi?
- shartnoma imzolangan paytdan boshlab o‘ta boshlaydi, ish qabul qilinishidan qat’i nazar
- ish boshlangan paytdan boshlab, hatto natija qabul qilinmagan bo‘lsa ham
- buyurtmachi ish natijasini qabul qilgan yoki qabul qilishi lozim bo‘lgan paytdan
- haq to‘liq to‘langan paytdan boshlab, qabul qilinishidan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: buyurtmachi ish natijasini qabul qilgan yoki qabul qilishi lozim bo‘lgan paytdan. 649-moddaga ko‘ra kafolat muddati buyurtmachi ish natijasini qabul qilgan yoki qabul qilishi lozim bo‘lgan paytdan o‘ta boshlaydi.
Pudratchi Bekzod qurgan vannaxonada plitkalar shartnomadan chetga chiqib yotqizilgan va ish natijasi yomonlashgan. Shartnomada boshqacha tartib yo‘q. Buyurtmachi Nargiza qaysi talabni qo‘yishga haqli?
- ish uchun belgilangan bahoni mutanosib ravishda kamaytirishni
- pudratchidan ish bahosining uch barobar jarimasini undirishni
- pudratchining mol-mulkini sudsiz musodara qilib olishni
- ishni boshqa pudratchiga pudratchi hisobidan topshirishni
To‘g‘ri javob: ish uchun belgilangan bahoni mutanosib ravishda kamaytirishni. 650-moddaga ko‘ra buyurtmachi o‘z xohishiga ko‘ra kamchiliklarni bepul bartaraf etishni yoki bahoni mutanosib kamaytirishni talab qilishga haqli.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, pudratchi o‘zi javobgar bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga nima qilishga haqli?
- shartnomani bir tomonlama bekor qilib, haq to‘lamaslikka
- ish bahosini kamchiliklarni bartaraf etish xarajatiga oshirishga
- buyurtmachidan kamchiliklarni tuzatish uchun qo‘shimcha haq so‘rashga
- zararni qoplagan holda ishni yangidan bepul bajarib berishga
To‘g‘ri javob: zararni qoplagan holda ishni yangidan bepul bajarib berishga. 650-moddaga ko‘ra pudratchi kechiktirish zararini qoplagan holda ishni yangidan bepul bajarib berishga haqli.
Pudratchi Sherali bajargan ishda shartnomadan jiddiy chetga chiqishlar bor va ularni bartaraf etib bo‘lmaydi. Buyurtmachi Gulbahor nima qilishga haqli?
- faqat bahoni kamaytirishni talab qilishga, shartnomadan voz kechmasdan va zararsiz
- shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga
- kamchiliklarni o‘zi bartaraf etib, xarajatni pudratchidan emas, davlat byudjetidan undirishga
- sudsiz pudratchining mol-mulkini olib qo‘yib, zararni o‘zi shu bilan qoplashga
To‘g‘ri javob: shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga. 650-moddaga ko‘ra kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib bo‘lmaydigan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortib, zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Shartnomada pudratchini muayyan kamchilik uchun javobgarlikdan ozod qilish sharti bor. Kamchilik pudratchining aybli harakati tufayli yuzaga kelganligi isbotlansa, Fuqarolik kodeksiga ko‘ra nima bo‘ladi?
- pudratchi javobgarlikdan to‘liq ozod bo‘ladi
- pudratchi javobgarlikning yarmini ko‘taradi
- shart pudratchini javobgarlikdan ozod qilmaydi
- buyurtmachi javobgar bo‘ladi
To‘g‘ri javob: shart pudratchini javobgarlikdan ozod qilmaydi. 650-modda davomiga ko‘ra aybli harakatlar isbotlansa, ozod qilish sharti pudratchini javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Pudratda ish natijasiga kafolat muddati belgilanmagan bo‘lsa, buyurtmachi kamchiliklar bo‘yicha talab qo‘yishi uchun ular ish topshirilgan kundan boshlab qancha mobaynida aniqlanishi kerak?
- ikki yil
- olti oy
- bir yil
- besh yil
To‘g‘ri javob: ikki yil. Kafolat muddati bo‘lmasa, kamchiliklar ish natijasi topshirilgan kundan boshlab ikki yil mobaynida aniqlansa, buyurtmachi talab qo‘yishi mumkin.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 651-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Pudratchining buyurtmachiga axborot berish majburiyati
- Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari
- Buyurtmachining pudrat shartnomasi bo‘yicha muqobil majburiyatlarni bajarmasligi
- Ish sifatining tegishli darajada emasligi xususida da’vo qo‘zg‘atish muddati
To‘g‘ri javob: Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari. 651-modda: Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 644-modda
- 651-modda
- 653-modda
- 652-modda
To‘g‘ri javob: 651-modda. 651-modda: Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash