Qarz va kredit (1/2)
Ikkinchi Qism
732-modda. Qarz shartnomasi
Qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.
Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
733-modda. Qarz shartnomasining shakli
Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.
Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
Agar qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan berilgan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qog‘oz bilan tasdiqlangan bo‘lsa, qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
734-modda. Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar
Agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega bo‘ladi.
Agar qarz shartnomasi bo‘yicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada ko‘zda tutilgan hollarda foizlar to‘lanishi kerak.
Foizlar to‘lash tartibi va muddatlari qarz shartnomasi bilan belgilanadi. Agar foizlar to‘lash tartibi va muddatlari shartnomada belgilangan bo‘lmasa, ular asosiy qarzni qaytarish uchun shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda to‘lanadi.
735-modda. Qarz oluvchining qarz summasini qaytarish majburiyati
Qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.
Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.
Foizsiz qarz summasi qarz oluvchi tomonidan muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.
Foiz evaziga berilgan qarz summasi, agar qarz shartnomasida ko‘zda tutilgan bo‘lsa yoki qarz beruvchining roziligi bilan, muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.
736-modda. Qarz oluvchi tomonidan qarz shartnomasini buzish oqibatlari
Agar qonunchilikda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda ushbu Kodeksning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar to‘langan bo‘lishidan qat’i nazar, qarz qaytarib berilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar to‘lanishi kerak.
Agar qarz shartnomasida qarzni qismlab (bo‘lib-bo‘lib) qaytarish nazarda tutilgan bo‘lsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
Agar qarz shartnomasida qarz bo‘yicha foizlarni qarzning o‘zini qaytarish muddatidan oldin to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, bu majburiyat buzilgan taqdirda, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini tegishli foizlari bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
737-modda. Qarz shartnomasi yuzasidan da’volashish
Qarz oluvchi pul yoki boshqa ashyolarni qarz beruvchidan amalda olmaganligini yoki shartnomada ko‘rsatilganidan kam miqdorda olganligini isbot qilib, qarz shartnomasi yuzasidan da’volashishga haqli.
Yozma shaklda tuzilishi lozim bo‘lgan qarz shartnomasi yuzasidan guvohlarning ko‘rsatmalari yordamida da’volashish mumkin emas, shartnoma aldash, zo‘rlik ishlatish, tahdid qilish, qarz oluvchining vakili qarz beruvchi bilan yomon niyatda kelishishi yoki qiyin vaziyatlar ta’sirida tuzilgan hollar bundan mustasno.
Agar qarz oluvchi qarz shartnomasi yuzasidan da’volashuvi jarayonida pul yoki boshqa ashyolar haqiqatan ham qarz beruvchidan olinmaganligi aniqlansa, qarz shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Qarz oluvchi qarz beruvchidan pul yoki boshqa ashyolarni shartnomada ko‘rsatilganidan amalda kam miqdorda olgan hollarda shartnoma ana shu miqdordagi pul yoki ashyolarga tuzilgan hisoblanadi.
738-modda. Qarz oluvchining majburiyatlari bajarilishini ta’minlash
Qarz oluvchi qarz summasining qaytarib berilishini ta’minlash yuzasidan qarz shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek qarzning ta’minoti qarz beruvchi javobgar bo‘lmagan vaziyatlarda yo‘qotilsa yoki uning shartlari yomonlashsa, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni to‘lashni talab qilishga haqli.
739-modda. Aniq maqsadli qarz
Agar qarz shartnomasi qarz oluvchining mablag‘lardan aniq maqsadda (aniq maqsadli qarz) foydalanishi sharti bilan tuzilgan bo‘lsa, qarz oluvchi qarz beruvchiga qarz summasidan aniq maqsadda foydalanilishini nazorat qilish imkoniyatini ta’minlab berishi shart.
Qarz oluvchi qarz shartnomasining qarz summasidan aniq maqsadda foydalanish haqidagi shartlarini bajarmagan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni to‘lashni talab qilishga haqli.
740-modda. Veksel
Taraflarning kelishuviga muvofiq qarz oluvchi veksel bergan bo‘lib, bu veksel uni beruvchining (oddiy veksel) yoki vekselda ko‘rsatilgan boshqa to‘lovchining (o‘tkazma veksel) vekselda nazarda tutilgan muddat kelgach, qarzga olingan pul summalarini to‘lash haqidagi hech qanday shart bilan bog‘lanmagan majburiyatini tasdiqlasa, taraflarning veksel bo‘yicha munosabatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qarz shartnomasi qaysi paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi?
- Qarz qaytarilishi lozim bo‘lgan paytdan boshlab
- Pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab
- Taraflar og‘zaki kelishgan paytdan boshlab
- Shartnoma notariusda tasdiqlangan paytdan boshlab
To‘g‘ri javob: Pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab. 732-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan tuzilgan hisoblanadi.
Fuqarolar o‘rtasidagi qarz shartnomasi qarz summasi bazaviy hisoblash miqdorining necha baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart?
- O‘n baravaridan
- Besh baravaridan
- Ellik baravaridan
- Yigirma baravaridan
To‘g‘ri javob: O‘n baravaridan. Fuqarolar o‘rtasidagi qarz summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, shartnoma yozma shaklda tuziladi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 733-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Shartnomaning shakli
- Transport ekspeditsiyasi shartnomasi bo‘yicha ekspeditorning javobgarligi
- Qarz shartnomasi
- Qarz shartnomasining shakli
To‘g‘ri javob: Qarz shartnomasining shakli. 733-modda: Qarz shartnomasining shakli.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Qarz shartnomasining shakli» qaysi moddada belgilangan?
- 728-modda
- 727-modda
- 732-modda
- 733-modda
To‘g‘ri javob: 733-modda. 733-modda: Qarz shartnomasining shakli.
Fuqarolar o‘rtasidagi qarz shartnomasi oddiy yozma shaklda tuzilishi uchun qarz summasi qanday bo‘lishi kerak?
- Summadan qat’i nazar doim yozma
- Bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ortiq
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq
- Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ortiq
To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq. 733-modda: fuqarolar o‘rtasida summa bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shakl shart.
Fuqaro Sherzod kichik summani yuridik shaxs bo‘lgan «Nur» MChJ dan qarzga oldi (summa bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan kam). Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shartnoma qanday shaklda tuzilishi kerak?
- Og‘zaki shaklda, chunki summa kam
- Notarial tasdiqlangan shaklda
- Faqat guvohlar ishtirokida
- Summasidan qat’i nazar yozma shaklda
To‘g‘ri javob: Summasidan qat’i nazar yozma shaklda. 733-modda: taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa, summasidan qat’i nazar yozma shakl shart.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 734-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar
- Transport ekspeditsiyasi shartnomasi
- Obligatsiya
- Qarz shartnomasi
To‘g‘ri javob: Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar. 734-modda: Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar» qaysi moddada belgilangan?
- 734-modda
- 741-modda
- 732-modda
- 726-modda
To‘g‘ri javob: 734-modda. 734-modda: Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash