XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 741–748-m.

Qarz va kredit (2/2)

Ikkinchi Qism

741-modda. Obligatsiya

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda qarz shartnomasi obligatsiyalar chiqarish va sotish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.

Obligatsiya qimmatli qog‘oz bo‘lib, uni saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini olish huquqini tasdiqlaydi. Obligatsiya uni saqlovchiga obligatsiyaning nominal qiymatidan obligatsiyada qayd etilgan miqdorda foizlar olish huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni ham beradi.

742-modda. Qarzni yangilab, qarz majburiyatiga aylantirish

Taraflarning kelishuviga muvofiq, oldi-sotdi, mulkni ijaraga olish yoki boshqa asoslar tufayli paydo bo‘lgan har qanday qarz qarz majburiyati bilan almashtirilishi mumkin.

Qarzning qarz majburiyati bilan almashtirilishi ushbu Kodeksning 347-moddasida nazarda tutilgan majburiyatni yangilash to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi va qarz shartnomasi uchun belgilangan shaklda bajariladi.

743-modda. Davlat zayomi shartnomasi

Davlat zayomi shartnomasi bo‘yicha davlat qarz oluvchi, fuqaro yoki yuridik shaxs esa qarz beruvchi bo‘ladi.

Davlat zayomlari ixtiyoriydir.

Davlat zayomi shartnomasi qarz beruvchining qarz oluvchidan unga qarzga berilgan pul mablag‘larini yoki, zayom shartlariga bog‘liq holda, — boshqa mol-mulkni, belgilangan foizlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni zayomni muomalaga chiqarish shartlarida nazarda tutilgan muddatlarda olish huquqini tasdiqlaydigan davlat obligatsiyalari yoki boshqa davlat qimmatli qog‘ozlarini qarz beruvchining sotib olishi yo‘li bilan tuziladi.

Muomalaga chiqarilgan zayomning shartlarini o‘zgartirishga (zayomni konversiyalash), shu jumladan ushbu Kodeksning 383-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Davlat zayomi shartnomasi bo‘yicha davlat ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

2-§. Kredit

744-modda. Kredit shartnomasi

Kredit shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag‘lari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to‘lash majburiyatini oladi.

Qonunchilikka muvofiq kredit tashkilotlari bo‘lmagan tijorat tashkilotlarining kreditlashni amalga oshirishiga yo‘l qo‘yilgan hollarda kredit shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar bunday tijorat tashkilotlari amalga oshiradigan kreditlash munosabatlariga nisbatan qo‘llanadi.

Kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda sud qarorida ko‘rsatilgan, kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida hamda 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.

Agar ushbu paragrafning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u kredit shartnomasining mohiyatidan kelib chiqmasa, kredit shartnomasi munosabatlariga nisbatan ushbu bob 1-paragrafining qoidalari qo‘llanadi.

745-modda. Kredit shartnomasining shakli

Kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart.

Yozma shaklga rioya qilmaslik kredit shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

746-modda. Kredit berish yoki olishdan bosh tortish

Kreditor qarz oluvchini to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblasa, qarz oluvchi kreditni ta’minlash majburiyatlarini bajarmasa, shartnomada nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzsa, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda qarz oluvchiga kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditni berishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli.

Qarz oluvchi kredit olishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz oluvchi bu haqda kreditorni kredit shartnomasida belgilab qo‘yilgan kredit berish muddatiga qadar xabardor qilishi shart. Qarz oluvchi kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzgan taqdirda kreditor shartnoma bo‘yicha qarz oluvchini bundan buyon kreditlashni to‘xtatishga haqli.

746¹-modda. Kreditni muddatidan oldin qaytarishni talab qilish

Kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi. Bunda agar qarz oluvchi muddati o‘tgan qarzni to‘liq to‘lamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

747-modda. Ashyolarni kreditga berish shartnomasi

Taraflar bir tarafning kredit shartnomasi shartlari asosida turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolarni ikkinchi tarafga berish majburiyatini nazarda tutuvchi shartnomani tuzishlari mumkin.

Ashyolarni kreditga berish to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomaning berilayotgan ashyolarning miqdori, assortimenti, to‘liqligi, sifati, idishi va (yoki) o‘ralishi haqidagi shartlari tovarlarni oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq bajarilishi shart.

748-modda. Tijorat krediti

Bajarilishi uchun pul summalarini yoki turga xos alomatlari bilan belgilanadigan boshqa ashyolarni ikkinchi tarafga mulk qilib topshirish talab qilinadigan shartnomalarda, agar qonunchilikda boshqa hol belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, kredit berish, shu jumladan bo‘nak, oldindan haq to‘lash, tovarlarga, ishlar yoki xizmatlarga haq to‘lashni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash shaklida kredit berish (tijorat krediti) nazarda tutilishi mumkin.

Tegishli majburiyat bayon qilingan shartnoma to‘g‘risidagi qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u mazkur majburiyatning mohiyatiga zid kelmasa, tijorat kreditiga nisbatan tegishli suratda ushbu bobning qoidalari qo‘llanadi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, obligatsiya nimani tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz hisoblanadi?
  1. Saqlovchining obligatsiyani chiqargan kompaniya foydasidan dividend va boshqaruvda ovoz berish huquqini
  2. Saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsning mol-mulkini nominal qiymatidan yuqori narxda sotib olish huquqini
  3. Saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsdan nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini olish huquqini
  4. Saqlovchining davlat soliqlaridan ozod bo‘lish va nominal qiymatiga imtiyozli kredit olish huquqini

To‘g‘ri javob: Saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsdan nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini olish huquqini. 741-modda: obligatsiya saqlovchining nominal qiymatni yoki boshqa mulkiy ekvivalentni olish huquqini tasdiqlaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday qarzlar qarz majburiyati bilan almashtirilishi mumkin?
  1. Faqat qarz shartnomasidan kelib chiqqan qarz, boshqa asoslardan paydo bo‘lgan qarzlar emas
  2. Faqat soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha paydo bo‘lgan qarz, shartnomaviy qarzlar emas
  3. Faqat meros va hadya asosida paydo bo‘lgan qarz, oldi-sotdi bo‘yicha qarzlar bundan mustasno
  4. Oldi-sotdi, mulkni ijaraga olish yoki boshqa asoslar tufayli paydo bo‘lgan har qanday qarz

To‘g‘ri javob: Oldi-sotdi, mulkni ijaraga olish yoki boshqa asoslar tufayli paydo bo‘lgan har qanday qarz. 742-moddaning birinchi qismi har qanday qarzni qarz majburiyati bilan almashtirishga imkon beradi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 743-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ashyolarni kreditga berish shartnomasi
  2. Kredit shartnomasining shakli
  3. Davlat zayomi shartnomasi
  4. Qarz oluvchining majburiyatlari bajarilishini ta’minlash

To‘g‘ri javob: Davlat zayomi shartnomasi. 743-modda: Davlat zayomi shartnomasi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Davlat zayomi shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 745-modda
  2. 743-modda
  3. 747-modda
  4. 738-modda

To‘g‘ri javob: 743-modda. 743-modda: Davlat zayomi shartnomasi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, davlat zayomi shartnomasida kim qarz oluvchi, kim qarz beruvchi bo‘ladi?
  1. Davlat qarz oluvchi, fuqaro yoki yuridik shaxs qarz beruvchi
  2. Fuqaro yoki yuridik shaxs qarz oluvchi, davlat qarz beruvchi
  3. Bank qarz oluvchi, davlat va fuqaro qarz beruvchi bo‘ladi
  4. Davlat ham qarz oluvchi, ham qarz beruvchi bo‘lib chiqadi

To‘g‘ri javob: Davlat qarz oluvchi, fuqaro yoki yuridik shaxs qarz beruvchi. 743-moddaning birinchi qismi davlatni qarz oluvchi deb belgilaydi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 744-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Kredit berish yoki olishdan bosh tortish
  2. Aniq maqsadli qarz
  3. Kredit shartnomasi
  4. Obligatsiya

To‘g‘ri javob: Kredit shartnomasi. 744-modda: Kredit shartnomasi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Kredit shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 741-modda
  2. 739-modda
  3. 744-modda
  4. 746-modda

To‘g‘ri javob: 744-modda. 744-modda: Kredit shartnomasi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, kredit shartnomasi bo‘yicha kreditor kim bo‘ladi?
  1. Istalgan fuqaro yoki tadbirkor
  2. Bank yoki boshqa kredit tashkiloti
  3. Faqat davlat yoki mahalliy hokimiyat
  4. Sug‘urta yoki lizing tashkiloti

To‘g‘ri javob: Bank yoki boshqa kredit tashkiloti. 744-modda: kreditor bank yoki boshqa kredit tashkilotidir.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQarz va kredit (1/2)Keyingi →Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) (1/2)