XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 808–816-m.

Hisob-kitoblar (3/3)

Ikkinchi Qism

808-modda. Chekning rekvizitlari

Chekda quyidagilar bo‘lishi shart:

hujjat matniga kiritilgan “chek” degan nom;

muayyan pul summasini to‘lash haqida to‘lovchiga topshiriq;

to‘lovchining nomi va to‘lov qaysi hisobvaraqdan amalga oshirilishi kerakligi;

to‘lov valyutasi;

chek tuzilgan sana va joy;

chekni yozib bergan shaxsning — chek beruvchining imzosi.

Hujjatda mazkur rekvizitlardan birontasining bo‘lmasligi chekni kuchdan mahrum qiladi.

Tuzilgan joyi ko‘rsatilmagan chek chek beruvchi turgan joyda imzolangan deb hisoblanadi.

Chekning shakli va uni to‘ldirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

809-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lash

Chek bo‘yicha pul chek beruvchining mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Chek qonunchilikda belgilab qo‘yilgan muddatda to‘lovga taqdim etilgan taqdirdagina u bo‘yicha pul to‘lanadi.

Chek bo‘yicha pul to‘lagan shaxs chekning to‘lov olinganligi haqidagi tilxat bilan birga o‘ziga berilishini talab qilishga haqli.

810-modda. Chek bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga berish

Chek bo‘yicha huquqlar ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda boshqa shaxsga beriladi.

Egasining nomi yozilgan chek boshqa shaxsga berilishi mumkin emas.

O‘tkazma chekda pul to‘lovchiga qilingan indossament to‘lovni olganlik uchun tilxat kuchiga ega bo‘ladi.

To‘lovchi tomonidan qilingan indossament haqiqiy emas.

Agar indossament bo‘yicha olingan o‘tkazma chekka ega bo‘lgan shaxs o‘zining huquqini uzluksiz (bir-birini taqozo etuvchi) indossamentlar qatori bilan asoslab bersa, u o‘tkazma chekning qonuniy egasi deb hisoblanadi.

811-modda. To‘lov kafolati (aval)

Chek bo‘yicha to‘lov kafolat (aval) vositasida to‘la yoki qisman kafolatlanishi mumkin.

Avalni to‘lovchidan boshqa har qanday shaxs berishi mumkin.

Aval chekning old tomoniga yoki qo‘shimcha varaqqa “aval deb hisoblansin” degan yozuv bilan va u kim tomonidan hamda kim uchun berilganini ko‘rsatgan holda qo‘yiladi. Agar aval kim uchun berilganligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, aval chek beruvchi uchun berilgan hisoblanadi.

Aval avalchi tomonidan imzolanib, uning yashash joyi (turgan yeri) va ustxat yozilgan sana ko‘rsatiladi.

Avalchi u avalni kim uchun bergan bo‘lsa, o‘sha shaxs singari javobgar bo‘ladi.

Agar avalchi kafolatlagan majburiyat shaklga amal qilmaslikdan boshqa har qanday asoslarga ko‘ra haqiqiy bo‘lmagan taqdirda ham, avalchining majburiyati haqiqiy bo‘laveradi.

Chek bo‘yicha pul to‘lagan avalchi u kafolat bergan shaxsga nisbatan ham, bu shaxs oldida majburiyati bo‘lgan shaxslarga nisbatan ham chekdan kelib chiqadigan huquqlarni qo‘lga kiritadi.

812-modda. Chekni inkasso qilish

Chek saqlovchiga xizmat qiladigan bankka to‘lovni olish uchun chekni inkassoga taqdim etish to‘lovga taqdim etish deb hisoblanadi.

Chek bo‘yicha ushbu Kodeksning 805-moddasida belgilab qo‘yilgan tartibda pul to‘lanadi.

Inkassolangan chek bo‘yicha mablag‘larni chek saqlovchining hisobvarag‘iga kiritish, agar chek saqlovchi bilan bank o‘rtasidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, to‘lovchidan to‘lov olinganidan keyin amalga oshiriladi.

813-modda. To‘lovchining majburiyatlari

Chek bo‘yicha to‘lovchi chekning haqiqiyligiga, shu jumladan taqdim etuvchi chek bo‘yicha vakil qilingan shaxs ekanligiga ham imkoniyatidagi hamma usullar bilan ishonch hosil qilishi kerak.

Inkassolangan chek bo‘yicha pul to‘langanida to‘lovchi indossantlarning imzosini emas, balki indossamentlar to‘g‘riligini tekshirishi shart.

Soxta, o‘g‘irlangan yoki yo‘qotib qo‘yilgan chek bo‘yicha to‘lovchi pul to‘lashi oqibatida ko‘rilgan zarar kimning aybi bilan yetkazilganligiga qarab, to‘lovchining yoki chek beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

814-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortganlikni tasdiqlash

Chek bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortganlik quyidagi usullardan biri bilan tasdiqlanishi kerak:

notarius tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda norozilik bildirish;

pul to‘lovchi chekka u bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortganligi haqida belgi qo‘yilib, chek haq to‘lash uchun taqdim etilgan sanani ko‘rsatish;

inkasso qiluvchi bankning chek o‘z vaqtida taqdim etilganligi va u bo‘yicha pul to‘lanmaganligi haqida, sanasini ko‘rsatgan holda belgi qo‘yishi.

Norozilik yoki shu kabi harakat chekni haq to‘lash uchun taqdim etish muddati tugaguncha amalga oshirilishi kerak.

Agar chek muddatning oxirgi kunida taqdim etilgan bo‘lsa, norozilik yoki shu kabi harakat keyingi ish kunida amalga oshirilishi mumkin.

815-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lanmaganligini xabar qilish

Chek saqlovchi pul to‘lanmaganligi haqida norozilik bildirilgan yoki shu kabi harakat amalga oshirilgan kundan keyingi ikki ish kuni mobaynida o‘z indossantiga va chek beruvchiga xabar qilishi shart.

Har bir indossant bildirish olgan kundan keyingi ikki ish kuni ichida o‘zi olgan bildirish haqida o‘zining (oldingi) indossantiga xabar berishi shart. O‘sha shaxs uchun aval bergan shaxsga ham shu muddatda xabar yuboriladi. Ko‘rsatilgan muddat davomida xabar yubormagan shaxs chek bo‘yicha o‘z huquqlaridan mahrum bo‘lmaydi. U chek bo‘yicha pul to‘lanmaganligini xabar qilmagani tufayli keltirilgan zararning o‘rnini chek summasi doirasida qoplashi shart.

816-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lamaslik oqibatlari

To‘lovchi chek bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortgan va bu hol ushbu Kodeksning 814-moddasiga muvofiq tasdiqlanganida chek saqlovchi o‘z xohishiga ko‘ra chek bo‘yicha majburiyatli bo‘lgan bitta, bir necha yoki barcha shaxslarga (chek beruvchi, avalchilar, indossantlarga) nisbatan da’vo qo‘zg‘atishga haqli bo‘lib, ular chek saqlovchi oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

Chek saqlovchi mazkur shaxslardan chek summasini, chek bo‘yicha pul olishga qilgan o‘z chiqimlarini, shuningdek foizlarni ushbu Kodeks 327-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda to‘lashni talab qilishga haqli. Xuddi shunday huquqqa chek bo‘yicha pul to‘lashi shart bo‘lgan shaxs ham chek bo‘yicha pul to‘laganidan keyin ega bo‘ladi.

Chek saqlovchining ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan da’vosi chekni haq to‘lashga taqdim etish muddati tamom bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida qo‘zg‘atilishi mumkin. Majburiyatli shaxslarning bir-birlariga nisbatan da’volari bo‘yicha regress talablari tegishli majburiyatli shaxs talabni qondirgan kundan yoki unga da’vo qo‘zg‘atilgan kundan boshlab olti oy o‘tgach qoplanadi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 808-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortish
  2. Akkreditiv shartlari buzilganligi uchun bankning javobgarligi
  3. To‘lov kafolati (aval)
  4. Chekning rekvizitlari

To‘g‘ri javob: Chekning rekvizitlari. 808-modda: Chekning rekvizitlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Chekning rekvizitlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 801-modda
  2. 808-modda
  3. 802-modda
  4. 811-modda

To‘g‘ri javob: 808-modda. 808-modda: Chekning rekvizitlari.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, chekdagi majburiy rekvizitlardan birontasi bo‘lmasa, qanday oqibat yuzaga keladi?
  1. Chek kuchdan mahrum bo‘ladi
  2. Chek faqat sud orqali haqiqiy deb topiladi
  3. Chek bo‘yicha pul yarmi miqdorida to‘lanadi
  4. Chek avtomatik tarzda o‘tkazma chekka aylanadi

To‘g‘ri javob: Chek kuchdan mahrum bo‘ladi. 808-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, rekvizitlardan birining bo‘lmasligi chekni kuchdan mahrum qiladi.

Chek beruvchi Karim chek yozdi, ammo chek tuzilgan joyni ko‘rsatmadi. Boshqa rekvizitlar to‘liq. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Chek kuchdan mahrum bo‘ladi
  2. Chek faqat notarius tasdig‘i bilan haqiqiy bo‘ladi
  3. Chek chek beruvchi turgan joyda imzolangan deb hisoblanadi
  4. Chek bankning joylashgan yerida tuzilgan deb hisoblanadi

To‘g‘ri javob: Chek chek beruvchi turgan joyda imzolangan deb hisoblanadi. 808-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, joyi ko‘rsatilmagan chek chek beruvchi turgan joyda imzolangan deb hisoblanadi.

Chek bo‘yicha pul kimning mablag‘lari hisobidan to‘lanadi?
  1. Chek saqlovchining mablag‘lari hisobidan
  2. Chek beruvchining mablag‘lari hisobidan
  3. Indossantning mablag‘lari hisobidan
  4. Avalchining mablag‘lari hisobidan

To‘g‘ri javob: Chek beruvchining mablag‘lari hisobidan. 809-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, chek bo‘yicha pul chek beruvchining mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Egasining nomi yozilgan chek haqidagi qoida qaysi?
  1. Uni indossament bilan o‘tkazish mumkin
  2. Uni faqat sud orqali berish mumkin
  3. Uni faqat yuridik shaxslarga berish mumkin
  4. Uni boshqa shaxsga berish mumkin emas

To‘g‘ri javob: Uni boshqa shaxsga berish mumkin emas. 810-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, egasining nomi yozilgan chek boshqa shaxsga berilishi mumkin emas.

Chek bo‘yicha indossament haqidagi quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. To‘lovchi tomonidan qilingan indossament haqiqiy emas
  2. To‘lovchi qilgan indossament avalning o‘rnini bosadi
  3. To‘lovchi qilgan indossament chekni inkassoga o‘tkazadi
  4. To‘lovchi qilgan indossament chekni qayta chiqarish huquqini beradi

To‘g‘ri javob: To‘lovchi tomonidan qilingan indossament haqiqiy emas. 810-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, to‘lovchi tomonidan qilingan indossament haqiqiy emas.

Chek bo‘yicha to‘lovni kafolatlovchi aval chekning old tomoniga yoki qo‘shimcha varaqqa qanday yozuv bilan qo‘yiladi?
  1. Kafolat deb hisoblansin
  2. Aval deb hisoblansin
  3. Ustxat deb hisoblansin
  4. To‘lov kafolatlansin

To‘g‘ri javob: Aval deb hisoblansin. Aval chekning old tomoniga yoki qo‘shimcha varaqqa aval deb hisoblansin degan yozuv bilan qo‘yiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHisob-kitoblar (2/3)Keyingi →Topshiriq