Topshiriq
Ikkinchi Qism
817-modda. Topshiriq shartnomasi
Topshiriq shartnomasi bo‘yicha bir taraf (vakil) ikkinchi taraf (topshiriq beruvchi)ning nomidan va uning hisobidan muayyan yuridik harakatlarni sodir etish majburiyatini oladi. Vakil tuzgan bitim bo‘yicha huquq va majburiyatlar bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi.
Topshiriq vakil tomonidan bir yoki bir necha muayyan yuridik harakatlarni sodir etish haqida yoki topshiriq beruvchining ishlarini uning ko‘rsatmalariga muvofiq yuritish haqida berilishi mumkin.
Vakil alohida huquqlarga ega bo‘ladigan topshiriq shartnomasi bo‘yicha bir taraf (topshiriq beruvchi) ikkinchi tarafga (alohida huquqlarga ega bo‘lgan vakilga) topshiriq beruvchi nomidan va uning hisobidan ma’lum sohada yoki (va) ma’lum hududda topshiriq beruvchi uchun yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hamma harakatlarni sodir etishni topshiradi.
Topshiriq shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Topshiriq shartnomasi vakil topshiriq beruvchining nomidan ish olib borishga haqli bo‘ladigan muddatni ko‘rsatgan yoki bunday muddatni ko‘rsatmagan holda tuzilishi mumkin.
818-modda. Topshiriq shartnomasi bo‘yicha haq to‘lash
Agar qonunchilikda yoki topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, topshiriq beruvchi ishonchli vakilga haq to‘lashi shart.
Agar topshiriq shartnomasi ikkala taraf yoki ulardan birining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lsa, topshiriq beruvchi, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishonchli vakilga haq to‘lashi shart.
Haq to‘lash nazarda tutilgan topshiriq shartnomasida to‘lanadigan haqning miqdori va uni to‘lash haqidagi shartlar bo‘lmasa, haq ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq shunga o‘xshash xizmatlar uchun odatda qabul qilingan narxlar bo‘yicha belgilanadi va topshiriq bajarilganidan keyin to‘lanadi.
Vakil talab qilingan hamma harakatlarni tegishli darajada amalga oshirgan, biroq topshiriq u aybdor bo‘lmagan holda bajarilmay qolgan taqdirda ham haq to‘lanishi kerak.
Tijorat vakili sifatida ish olib boruvchi ishonchli vakil ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq, topshiriq beruvchiga topshirilishi kerak bo‘lgan o‘z qo‘lidagi ashyolarni topshiriq shartnomasi bo‘yicha o‘z talablarini ta’minlash uchun ushlab turishga haqli.
819-modda. Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish
Vakil o‘ziga berilgan topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarishi shart. Topshiriq beruvchining ko‘rsatmalari aniq, yo‘l qo‘yiladigan va bajariladigan bo‘lmog‘i kerak.
Agar ishning holatlariga ko‘ra topshiriq beruvchining manfaatlari uchun uning ko‘rsatmalaridan chetga chiqish zarur bo‘lsa hamda vakil topshiriq beruvchidan bu haqda oldindan so‘ray olmagan yoxud o‘z so‘roviga oqilona muddatda javob olmagan bo‘lsa, u topshiriq beruvchining ko‘rsatmalaridan chetga chiqishga haqli. Bunday hollarda vakil xabar berish imkoni tug‘ilishi bilanoq yo‘l qo‘yilgan chetga chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga xabar berishi shart.
Topshiriq beruvchi tijorat vakili sifatida ish olib boradigan vakilga topshiriq beruvchining manfaatlarini ko‘zlab oldindan so‘rov yubormagan holda topshiriq beruvchining ko‘rsatmalaridan chetga chiqish huquqini berishi mumkin. Bunday hollarda tijorat vakili, agar topshiriq shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo‘l qo‘yilgan chetga chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga oqilona muddatda xabar berishi shart.
820-modda. Vakilning majburiyatlari
Vakil quyidagilarni bajarishi:
o‘ziga berilgan topshiriqni ushbu Kodeksning 822-moddasida ko‘rsatilgan hollardan tashqari, shaxsan o‘zi bajarishi;
topshiriq beruvchining talabiga muvofiq unga topshiriq qanday bajarilayotganligi haqida ma’lumot berib turishi;
topshiriqni bajarish uchun tuzilgan bitimlar bo‘yicha olingan hamma narsani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga topshirishi;
topshiriq bajarib bo‘linganidan keyin amal qilish muddati tamom bo‘lmagan ishonchnomani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga qaytarib berishi va, agar shartnoma shartlariga yoki topshiriqning xususiyatiga ko‘ra zarur bo‘lsa, hisobot taqdim etib, unga isbotlovchi hujjatlarni ilova qilishi shart.
821-modda. Topshiriq beruvchining majburiyatlari
Agar topshiriq shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, topshiriq beruvchi quyidagilarni bajarishi:
vakilni topshiriqni bajarish uchun zarur mablag‘lar bilan ta’minlashi;
vakil shartnomaga muvofiq bajargan ishni kechiktirmasdan qabul qilib olishi;
vakil topshiriqni bajarish uchun qilgan zarur xarajatlarni to‘lashi;
topshiriq bajarilganidan keyin, agar qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, vakilga haq to‘lashi shart.
822-modda. Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirish
Agar topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa yoki vakil topshiriq beruvchining manfaatlarini himoya qilish maqsadida vaziyat taqozosi bilan majbur bo‘lsa, vakil topshiriqning bajarilishini boshqa shaxsga (o‘rinbosarga) topshirishga haqli.
Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirgan vakil bu haqda darhol topshiriq beruvchini xabardor qilishi shart.
Topshiriq beruvchi vakil tanlagan o‘rinbosarni rad etishga haqli, o‘rinbosarning nomi topshiriq shartnomasida keltirilgan hollar bundan mustasno.
Agar vakil o‘rinbosarining nomi shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lsa, vakil ishlarning o‘rinbosar tomonidan olib borilishi uchun javobgar bo‘lmaydi.
Agar ishlarning o‘rinbosar tomonidan olib borilishi topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa-yu, lekin o‘rinbosarning nomi unda ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vakil o‘rinbosarning aybli harakatlari uchun javobgar bo‘lmaydi.
Agar vakilning o‘rinbosari tomonidan ish yuritilishi topshiriq shartnomasida nazarda tutilmagan bo‘lsa, vakil o‘z o‘rinbosarining har qanday harakatlari uchun javobgar bo‘ladi.
823-modda. Topshiriq shartnomasining bekor bo‘lishi
Topshiriq shartnomasi:
topshiriq beruvchi topshiriqni bekor qilishi;
vakil topshiriqdan bosh tortishi;
topshiriq beruvchining yoki vakilning vafot etishi, ulardan birining muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilishi natijasida to‘xtatiladi.
Topshiriq beruvchi istagan vaqtda topshiriqni bekor qilishga, vakil esa topshiriqdan bosh tortishga haqli. Bu huquqdan voz kechish haqidagi kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.
Agar vakil topshiriq shartnomasining bekor qilingani haqida bilmagan va bilishi lozim bo‘lmagan bo‘lsa, uning topshiriq beruvchining ko‘rsatmasiga muvofiq qonuniy ravishda qilgan harakatlari topshiriq beruvchi (uning qonuniy vorisi) zimmasiga uchinchi shaxslar va vakilga nisbatan majburiyat yuklaydi.
Tadbirkor sifatida ish olib borayotgan vakil bilan topshiriq shartnomasidan bosh tortayotgan taraf shartnomani bekor qilish to‘g‘risida ikkinchi tarafni, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, kamida o‘ttiz kun oldin xabardor qilishi shart. Tijorat vakili bo‘lgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganida topshiriq beruvchi o‘z topshirig‘ini ana shunday oldindan xabar bermay turib bekor qilishga haqli.
824-modda. Topshiriq shartnomasini bekor qilish oqibatlari
Agar topshiriq shartnomasi topshiriq vakil tomonidan to‘liq bajarilishidan oldin bekor qilingan bo‘lsa, topshiriq beruvchi vakilga topshiriqni bajarish vaqtida qilingan chiqimlarni to‘lashi, vakilga haq berilishi kerak bo‘lganida esa, unga bajarilgan ishga muvofiq haq to‘lashi ham shart. Bu qoida vakil topshiriqning bekor qilinganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganidan keyin bajargan topshiriqqa tatbiq etilmaydi.
825-modda. Topshiriq shartnomasida huquqiy vorislik
Vakil vafot etgan taqdirda, uning merosxo‘rlari yoki meros mulkning saqlanishini ta’minlash majburiyati yuklatilgan boshqa shaxslar topshiriq shartnomasi bekor qilinishi haqida topshiriq beruvchiga kechiktirmay xabar berishlari hamda topshiriq beruvchining mol-mulkini muhofaza qilish uchun zarur choralarni ko‘rishlari, xususan, topshiriq beruvchining ashyolarini, shuningdek hujjatlarini saqlab qo‘yishlari, so‘ngra esa unga topshirishlari shart. Vakil (ishonchli vakil) bo‘lgan yuridik shaxsni tugatayotgan shaxsning zimmasida ham shunday majburiyat bo‘ladi.
Vakil (ishonchli vakil) sifatida ish olib borayotgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganida topshiriq beruvchi bu haqda darhol xabardor qilinishi kerak. Mazkur holatda bunday yuridik shaxsning huquq va majburiyatlari, agar topshiriq beruvchi o‘ttiz kunlik muddatda topshiriq shartnomasidan bosh tortishini ma’lum qilmasa, uning qonuniy vorisiga o‘tadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vakil topshiriq shartnomasi asosida tuzgan bitim bo‘yicha huquq va majburiyatlar kimda vujudga keladi?
- Bevosita topshiriq beruvchida
- Vakilning o‘zida
- Vakil va topshiriq beruvchida teng ulushda
- Bitimning uchinchi tarafida
To‘g‘ri javob: Bevosita topshiriq beruvchida. 817-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, huquq va majburiyatlar bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi.
Fuqarolik kodeksiga muvofiq, topshiriq shartnomasi qaysi shaklda tuziladi?
- Faqat og‘zaki shaklda
- Yozma shaklda
- Faqat notarial tasdiqlangan shaklda
- Har qanday shaklda, hatto harakat orqali ham
To‘g‘ri javob: Yozma shaklda. 817-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, topshiriq shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Tadbirkor Anvar o‘z biznesi bilan bog‘liq ish yuzasidan Bobur bilan topshiriq shartnomasi tuzdi. Shartnomada haq to‘lash haqida hech narsa yozilmagan. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Bobur haq talab qila olmaydi, chunki topshiriq shartnomasi qonunga ko‘ra bepul bo‘ladi
- Haq faqat Bobur yozma talab qilgan taqdirda va uch oy o‘tgach to‘lanishi shart
- Anvar shartnomada boshqa hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, Boburga haq to‘lashi shart
- Haq faqat sud qaroriga ko‘ra, shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lsa, to‘lanadi
To‘g‘ri javob: Anvar shartnomada boshqa hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, Boburga haq to‘lashi shart. 818-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, tadbirkorlik bilan bog‘liq topshiriqda shartnomada boshqa hol bo‘lmasa, haq to‘lanishi shart.
Haq to‘lash nazarda tutilgan topshiriq shartnomasida haqning miqdori va to‘lash shartlari ko‘rsatilmagan bo‘lsa, haq qanday belgilanadi va qachon to‘lanadi?
- Topshiriq beruvchi bir tomonlama belgilagan miqdorda va shartnoma tuzilgan paytda oldindan to‘lanadi
- Vakil o‘zi bir tomonlama belgilagan miqdorda va topshiriq bajarilishidan oldin to‘liq to‘lanadi
- Davlat tomonidan belgilangan eng kam ish haqi miqdorida va topshiriq bajarilgandan keyin har oy
- Shunga o‘xshash xizmatlar uchun odatda qabul qilingan narxlar bo‘yicha va topshiriq bajarilganidan keyin
To‘g‘ri javob: Shunga o‘xshash xizmatlar uchun odatda qabul qilingan narxlar bo‘yicha va topshiriq bajarilganidan keyin. 818-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, haq odatdagi narxlar bo‘yicha belgilanadi va topshiriq bajarilgach to‘lanadi.
Vakil Dilnoza topshiriqda talab qilingan hamma harakatlarni tegishli darajada bajardi, lekin topshiriq uning aybisiz bajarilmay qoldi. Haq to‘lashga oid qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Haq umuman to‘lanmaydi
- Haq to‘lanishi kerak
- Haq faqat yarmi to‘lanadi
- Haq vakil jarima to‘lagandan keyin to‘lanadi
To‘g‘ri javob: Haq to‘lanishi kerak. 818-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, vakil aybsiz bo‘lsa ham haq to‘lanishi kerak.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 819-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirish
- Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish
- Topshiriq shartnomasining bekor bo‘lishi
- Vakilning majburiyatlari
To‘g‘ri javob: Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish. 819-modda: Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish» qaysi moddada belgilangan?
- 822-modda
- 823-modda
- 820-modda
- 819-modda
To‘g‘ri javob: 819-modda. 819-modda: Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish.
Vakil qanday hollarda topshiriq beruvchining ko‘rsatmalaridan chetga chiqishga haqli?
- Manfaat uchun chetga chiqish zarur bo‘lib, topshiriq beruvchidan oldindan so‘ray olmagan yoki oqilona muddatda javob olmagan bo‘lsa
- Topshiriq beruvchining manfaati uchun zarur bo‘lsa, ko‘rsatmadan chetga chiqqanidan keyin unga xabar bermagan bo‘lsa ham
- Chetga chiqish vakilga foydali bo‘lib, topshiriq beruvchi bu haqda keyinroq yozma xabardor qilinsa, istalgan paytda
- Faqat topshiriq beruvchidan oldindan yozma ruxsat olgan va uchinchi shaxs bunga rozilik bergan hamda sud tasdiqlagan taqdirda
To‘g‘ri javob: Manfaat uchun chetga chiqish zarur bo‘lib, topshiriq beruvchidan oldindan so‘ray olmagan yoki oqilona muddatda javob olmagan bo‘lsa. 819-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, shunday hollarda vakil ko‘rsatmalardan chetga chiqishga haqli.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash