Vositachilik (1/2)
Ikkinchi Qism
832-modda. Vositachilik shartnomasi
Vositachilik shartnomasi bo‘yicha bir taraf (vositachi) ikkinchi tarafning (komitent) topshirig‘i bo‘yicha o‘z nomidan, biroq komitent hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini oladi. Vositachilik shartnomasi yozma ravishda tuzilishi shart.
Vositachi tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim bo‘yicha, garchi bitimda komitentning nomi tilga olingan yoki u bitimni bajarish bo‘yicha uchinchi shaxs bilan bevosita munosabatlarga kirishgan bo‘lsa ham, vositachi huquqlarga ega bo‘ladi va zimmasiga majburiyat oladi.
Vositachilik shartnomasi muayyan muddatga yoki amal qilish muddati ko‘rsatilmagan holda, qaysi hududda bajarilishi ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmagan holda, komitent vositachiga topshirgan komitentning manfaatlarini ko‘zlab va uning hisobidan bitim tuzish huquqini uchinchi shaxslarga bermaslik haqida majburiyat olgan holda yoki bunday majburiyatni olmagan holda, vositachilik narsasi bo‘lgan tovarlarning assortimenti xususida shartlar qo‘yilgan yoki qo‘yilmagan holda tuzilishi mumkin.
Qonunchilikda ayrim turdagi vositachilik shartnomasining xususiyatlari nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
833-modda. Vositachilik haqi
Komitent vositachiga haq to‘lashi, vositachi bitimning uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi uchun kafolatni o‘z zimmasiga olgan (delkredere) hollarda esa shartnomada belgilangan miqdorda qo‘shimcha haq ham to‘lashi shart. Agar shartnomada bu miqdor nazarda tutilgan bo‘lmasa va u shartnomaning shartlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin bo‘lmasa, haq miqdori ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Agar vositachilik shartnomasi komitentga bog‘liq sabablar bilan bajarilmagan bo‘lsa, vositachi vositachilik haqiga, shuningdek qilingan xarajatlarning qoplanishiga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi.
834-modda. Vositachilik topshirig‘ini bajarish
Vositachi uchinchi shaxs bilan o‘zi tuzgan bitimdan kelib chiqadigan hamma majburiyatlarni bajarishi va hamma huquqlarni amalga oshirishi shart.
Vositachi o‘z zimmasiga olgan topshiriqni komitentning ko‘rsatmalariga muvofiq, vositachilik shartnomasida bunday ko‘rsatmalar bo‘lmaganda esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq komitent uchun eng foydali shartlar asosida bajarishi lozim. Agar vositachi bitimni komitent ko‘rsatganidan ham foydaliroq shartlar asosida tuzgan bo‘lsa, qo‘shimcha foyda, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflar o‘rtasida baravar taqsimlanadi.
Vositachi bitimning ijrosi uchun komitentga kafolat bergan (delkredere) hollarda u vositachilik shartnomasida kelishilgan miqdorda qo‘shimcha haq olish huquqiga ega bo‘ladi.
Komitent hisobidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim uchinchi shaxs tomonidan bajarilmaganligi uchun vositachi komitent oldida javobgar bo‘lmaydi, vositachi ushbu shaxsni tanlashda zarur ehtiyotkorlik qilmagan yoki bitimning bajarilishiga kafolat bergan (delkredere) hollar bundan mustasno.
Vositachi uchinchi shaxs bilan tuzgan bitimni uchinchi shaxs bajarmagan taqdirda, vositachi bu haqda darhol komitentga xabar berishi, zarur dalil-isbotlarni to‘plashi va ta’minlashi, shuningdek komitentning talabiga ko‘ra bunday bitim yuzasidan huquqlarni talablarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilgan holda (ushbu Kodeksning 313-317, 319, 320-moddalari) unga topshirishi shart.
834-modda. Vositachilik topshirig‘ini bajarish (davomi)
Ushbu moddaning beshinchi qismi asosida bitim bo‘yicha huquqlarni komitentga topshirishga, vositachining uchinchi shaxs bilan huquqlarni bunday berishni taqiqlaydigan yoki cheklaydigan kelishuvidan qat’i nazar, yo‘l qo‘yiladi. Bu hol vositachi huquqni topshirishni taqiqlash yoki cheklash haqidagi kelishuvni buzib huquqni topshirganligi munosabati bilan uni uchinchi shaxs oldidagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
835-modda. Qo‘shimcha vositachilik
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vositachi vositachilik shartnomasini bajarish maqsadida boshqa shaxs bilan qo‘shimcha vositachilik shartnomasi tuzishga haqli bo‘lib, qo‘shimcha vositachining harakatlari uchun komitent oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.
Qo‘shimcha vositachilik shartnomasi bo‘yicha vositachi qo‘shimcha vositachiga nisbatan komitent huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘ladi.
Qonun biron-bir bitimni faqat maxsus vakil qilingan shaxslar bilan tuzishga yo‘l qo‘yadigan hollarda qo‘shimcha vositachilik shartnomasi faqat ana shunday shaxs bilangina tuzilishi mumkin.
Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vositachilik shartnomasi bekor qilingunga qadar komitent vositachining roziligisiz qo‘shimcha vositachi bilan bevosita munosabatlarga kirishishga haqli emas.
836-modda. Vositachi sotadigan mol-mulkning bahosi
Vositachi sotadigan mol-mulkning bahosi, agar qonunchilikda yoki vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, komitent bilan kelishgan holda belgilanadi.
837-modda. Komitentning ko‘rsatmalaridan chetga chiqish
Vositachi komitentning ko‘rsatmalaridan ushbu Kodeksning 819-moddasida nazarda tutilgan hollarda chetga chiqishga haqli.
Mol-mulkni komitent bilan kelishilgan narxdan arzon sotgan vositachi mol-mulkni kelishilgan narxda sotish imkoniga ega bo‘lmaganligini va arzon narxda sotish natijasida yana ham ko‘proq zararning oldi olinganligini isbot qilib bermasa, oradagi farqni komitentga to‘lashi shart. Vositachi komitentdan ruxsat so‘rashi shart bo‘lgan hollarda u komitentning ko‘rsatmalaridan chetga chiqishga komitentning roziligini oldindan olish imkoniyatiga ega bo‘lmaganligini ham isbot qilishi shart.
Agar vositachi mol-mulkni komitent bilan kelishilgandan yuqoriroq narxda sotib olgan bo‘lsa, bunday xaridni qabul qilishni istamagan komitent vositachidan uchinchi shaxs bilan bitim tuzilganligi haqida bildirish olganidan keyin oqilona muddatda bu haqda vositachiga ma’lum qilishi shart. Aks holda xarid komitent tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi.
Agar vositachi narxdagi farqni o‘zi to‘lashini ma’lum qilsa, komitent o‘zi uchun tuzilgan bitimdan bosh tortishga haqli emas.
838-modda. Vositachilik narsasi hisoblangan ashyolarga bo‘lgan huquq
Komitentdan vositachiga o‘tgan yoki vositachi komitent hisobidan sotib olgan ashyolar komitentning mulki bo‘ladi.
Vositachi ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq o‘z qo‘lida bo‘lgan, komitentga yoki komitent ko‘rsatgan shaxsga topshirilishi kerak bo‘lgan ashyolarni vositachilik shartnomasi bo‘yicha o‘z talablarini ta’minlash uchun ushlab turishga haqli.
Komitent to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilingan taqdirda vositachining mazkur huquqi bekor qilinadi, uning o‘zi ushlab turgan ashyolar qiymati doirasida komitentga qo‘yadigan talablari ushbu Kodeksning 291-moddasiga muvofiq garov bilan ta’minlangan talablar qatorida qanoatlantiriladi.
839-modda. Vositachining talablarini komitentga tegishli summalardan ushlab qolish
Vositachi ushbu Kodeksning 343-moddasiga muvofiq vositachilik shartnomasi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan summalarni komitent hisobidan o‘ziga tushgan hamma summalardan ushlab qolishga haqli. Biroq komitentning o‘z talablarini qondirish navbati bo‘yicha garov saqlovchilar oldida imtiyozdan foydalanadigan kreditorlari bu talablarni vositachi ushlab qolgan summalardan qanoatlantirish huquqidan mahrum etilmaydilar.
840-modda. Komitentning mol-mulki yo‘qolganligi, yetishmasligi yoki shikastlanganligi uchun vositachining javobgarligi
Vositachi o‘z ixtiyoridagi komitent mol-mulkining yo‘qolishiga, yetishmasligiga yoki shikastlanishiga olib kelgan har qanday kamchilik uchun komitent oldida javobgar bo‘ladi.
Agar vositachi komitent yuborgan yoki vositachiga komitent uchun kelgan mol-mulkni qabul qilib olayotganida bu mol-mulkda tashqaridan ko‘zdan kechirganda sezib qolinishi mumkin bo‘lgan shikastlanish yoki yetishmovchilik mavjud bo‘lsa, shuningdek komitentning vositachi qo‘lida turgan mol-mulkiga biron-bir shaxs zarar keltirgan taqdirda vositachi komitentning huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rishi, zarur dalil-isbotlarni to‘plashi va bularning barchasi haqida darhol komitentni xabardor qilishi shart.
O‘z ixtiyoridagi komitentning mol-mulkini sug‘urtalamagan vositachi buning uchun faqat komitent unga mol-mulkni komitent hisobidan sug‘urtalashni buyurgan yoki vositachining bu mol-mulkni sug‘urtalashi vositachilik shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan hollar javobgar bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vositachilik shartnomasi bo‘yicha vositachi qanday majburiyat oladi?
- O‘z nomidan, biroq komitent hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini
- Komitentning nomidan va uning hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini
- O‘z nomidan va o‘z hisobidan komitentning mol-mulkini haq evaziga sotib olish majburiyatini
- Bitim tuzmasdan, komitentga faqat bozor bo‘yicha haq evaziga maslahat berish majburiyatini
To‘g‘ri javob: O‘z nomidan, biroq komitent hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini. 832-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, vositachi komitentning topshirig‘i bo‘yicha o‘z nomidan, komitent hisobidan haq evaziga bitim tuzadi.
Vositachilik shartnomasi qaysi shaklda tuzilishi shart?
- Og‘zaki shaklda
- Yozma ravishda
- Faqat elektron pochta orqali
- Har qanday shaklda, shu jumladan harakat orqali
To‘g‘ri javob: Yozma ravishda. 832-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, vositachilik shartnomasi yozma ravishda tuzilishi shart.
Vositachi Akmal komitent Bahodir topshirig‘i bo‘yicha uchinchi shaxs bilan bitim tuzdi. Bitimda Bahodirning nomi tilga olingan va Bahodir uchinchi shaxs bilan bevosita aloqaga ham kirishgan. Bitim bo‘yicha huquq va majburiyatlar kimda vujudga keladi?
- Faqat Bahodirda
- Bahodir va uchinchi shaxsda teng ulushda
- Vositachi Akmalda
- Bitim haqiqiy emas deb topiladi
To‘g‘ri javob: Vositachi Akmalda. 832-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, komitent nomi tilga olingan bo‘lsa ham, vositachi huquqlarga ega bo‘ladi va majburiyat oladi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 833-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Vositachilik topshirig‘ini bajarish
- Vositachilik haqi
- Vositachilik narsasi hisoblangan ashyolarga bo‘lgan huquq
- Vositachining talablarini komitentga tegishli summalardan ushlab qolish
To‘g‘ri javob: Vositachilik haqi. 833-modda: Vositachilik haqi.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Vositachilik haqi» qaysi moddada belgilangan?
- 838-modda
- 839-modda
- 834-modda
- 833-modda
To‘g‘ri javob: 833-modda. 833-modda: Vositachilik haqi.
Vositachilik haqidagi delkredere nimani anglatadi?
- Komitentning vositachiga bitim tuzish uchun beradigan yozma ishonchnomasi va vakolati
- Vositachining komitent mol-mulkini sug‘urtalash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi
- Vositachilik shartnomasi muddatini va uning bekor qilinish tartibini belgilovchi shart
- Vositachining bitimning uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi uchun kafolatni o‘z zimmasiga olishi
To‘g‘ri javob: Vositachining bitimning uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi uchun kafolatni o‘z zimmasiga olishi. 833-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, delkredere — bitimning uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi uchun kafolat; buning uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Vositachilik shartnomasi komitentga bog‘liq sabablar bilan bajarilmay qoldi. Vositachi Nargiza shartnoma bo‘yicha xarajat qilgan edi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nargiza vositachilik haqiga, shuningdek qilingan xarajatlarining qoplanishiga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi
- Nargiza haqdan mahrum bo‘ladi, ammo qilingan xarajatlarining qoplanishiga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi
- Nargiza vositachilik haqini ham, qilingan xarajatlarining qoplanishini ham talab qilish huquqidan mahrum
- Nargiza faqat qilingan xarajatlarining yarmini va haqning uchdan bir qismini olish huquqini saqlab qoladi
To‘g‘ri javob: Nargiza vositachilik haqiga, shuningdek qilingan xarajatlarining qoplanishiga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi. 833-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, komitentga bog‘liq sabablar bilan bajarilmasa, vositachi haq va xarajatlarni olish huquqini saqlab qoladi.
Vositachi Jasur komitent ko‘rsatganidan ham foydaliroq shartlarda bitim tuzdi. Shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan. Qo‘shimcha foyda qanday taqsimlanadi?
- Hammasi vositachining o‘ziga qoldiriladi
- Taraflar o‘rtasida baravar taqsimlanadi
- Hammasi komitentning o‘ziga beriladi
- Komitentga 70, vositachiga 30 foiz tegadi
To‘g‘ri javob: Taraflar o‘rtasida baravar taqsimlanadi. 834-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, qo‘shimcha foyda taraflar o‘rtasida baravar taqsimlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash