Mol-mulkni ishonchli boshqarish (2/2)
Ikkinchi Qism
856-modda. Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish
Ishonchli boshqaruvchi shartnoma tuzilgunga qadar o‘ziga boshqarish uchun topshirilayotgan mol-mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari borligi haqida xabardor qilib qo‘yilishi kerak. Ushbu shart buzilgan taqdirda ishonchli boshqaruvchi shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab, real zararni qoplashni va mutanosib haq to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka shartnoma tuzilganidan keyin uchinchi shaxslarning huquqlari paydo bo‘lsa, ishonchli boshqaruvchi esa bu haqda o‘n kunlik muddatda xabardor qilinmagan bo‘lsa, u mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini bekor qilib, o‘ziga keltirilgan haqiqiy zararning qoplanishini va mutanosib haq to‘lanishini talab qilish huquqiga ega.
857-modda. Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari
Ishonchli boshqaruvchi qonunda va mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor huquqlarini amalga oshiradi.
Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni boshqarish sohasidagi harakatlarni amalga oshirish natijasida qo‘lga kiritgan huquqlar ana shunday mol-mulk tarkibiga kiritiladi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday harakatlarni amalga oshirishi natijasida vujudga kelgan majburiyatlar shu mol-mulk hisobidan bajariladi.
Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvga topshirilgan ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga berishni va garovga qo‘yishni faqat bu hol mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirishga haqli.
Ishonchli boshqaruvda bo‘lgan mol-mulkka huquqlarni himoya qilish uchun ishonchli boshqaruvchi o‘zining huquqlari har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega (ushbu Kodeksning 228, 229, 231, 232-moddalari).
Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvning muassisiga va foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilangan muddatlarda va tartibda o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etib turadi.
858-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarishni boshqa shaxsga berish
Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni shaxsan o‘zi boshqaradi, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ishonchli boshqaruvchi boshqa shaxsga ishonchli boshqaruvchi nomidan mol-mulkni boshqarish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishni topshirishi mumkin, basharti unga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida ana shunday vakolat berilgan bo‘lsa yoki u bunga muassisning yozma roziligini olgan bo‘lsa, yoxud boshqaruv muassisining yoki foyda oluvchining manfaatlarini ta’minlash uchun vaziyat taqozosi bilan bunga majbur bo‘lsa va bunda boshqaruv muassisining ko‘rsatmalarini oqilona muddatda olish imkoniga ega bo‘lmasa.
Ishonchli boshqaruvchi o‘zi tanlagan ishonchli vakilning harakatlari uchun o‘zining harakatlari kabi javobgar bo‘ladi.
859-modda. Ishonchli boshqaruvchining javobgarligi
Mol-mulkni ishonchli boshqarish paytida foyda oluvchining yoki boshqaruv muassisining manfaatlari to‘g‘risida yetarli g‘amxo‘rlik qilmagan ishonchli boshqaruvchi foyda oluvchiga qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa mol-mulkni ishonchli boshqarish vaqtida boy berilgan foydani, boshqaruv muassisiga esa mol-mulkni yo‘qotish yoki unga shikast yetkazish bilan keltirilgan zararni, shuningdek boy berilgan foydani to‘laydi.
Agar ishonchli boshqaruvchi ushbu zararlar yengib bo‘lmaydigan kuch tufayli yoki foyda oluvchining yoxud boshqaruv muassisining harakatlari tufayli kelib chiqqanligini isbot qilib bera olmasa, yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.
Ishonchli boshqaruvchi o‘ziga berilgan vakolatlardan chetga chiqqan yoki o‘zi uchun belgilab qo‘yilgan cheklashlarni buzgan holda tuzgan bitim bo‘yicha majburiyatlarni ishonchli boshqaruvchi shaxsan o‘zi bajaradi. Agar bitimda qatnashuvchi uchinchi shaxslar vakolatlardan chetga chiqilganligini yoki belgilab qo‘yilgan cheklashlarni bilmagan bo‘lsalar yoki bilishlari kerak bo‘lmagan bo‘lsa, vujudga kelgan majburiyatlar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilab qo‘yilgan tartibda bajarilishi kerak. Bu holda boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchidan u keltirgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishi mumkin.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabati bilan vujudga kelgan majburiyatlar bo‘yicha qarzlar ushbu mol-mulk hisobidan to‘lanadi. Ushbu mol-mulk yetarli bo‘lmagan taqdirda undiruv ishonchli boshqaruvchining mol-mulkiga, uning mol-mulki ham yetarli bo‘lmaganida esa — boshqaruv muassisining ishonchli boshqarishga topshirilmagan mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
859-modda. Ishonchli boshqaruvchining javobgarligi (davomi)
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi uni tegishli suratda bajarmaslik tufayli boshqaruv muassisiga yoki foyda oluvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning o‘rnini qoplashni ta’minlash uchun ishonchli boshqaruvchining garov berishini nazarda tutishi mumkin.
860-modda. Ishonchli boshqaruvchiga to‘lanadigan haq
Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan haqni olish, shuningdek u mol-mulkni ishonchli boshqarish chog‘ida qilgan zarur xarajatlarni boshqarishga topshirilgan mol-mulk hisobidan yoki ushbu mol-mulkdan foydalanishdan kelgan daromadlar hisobidan qoplatish huquqiga ega.
861-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining bekor bo‘lishi
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
taraflardan birining shartnoma muddati tugashi munosabati bilan shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga muvofiq;
agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, foyda oluvchi fuqaroning vafot etishi, foyda oluvchi yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan;
ishonchli boshqaruvchi fuqaro vafot etganida, u muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanganida, shuningdek yakka tadbirkor to‘lovga qobiliyatsiz deb topilganida;
ishonchli boshqaruvchi yuridik shaxs tugatilganida, u to‘lovga qobiliyatsiz deb topilganida;
foyda oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma bo‘yicha foydani olishdan bosh tortganida;
ishonchli boshqaruvchi yoki boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchi uchun mol-mulkni ishonchli boshqarishni shaxsan amalga oshirishi mumkin emasligi munosabati bilan boshqaruvni amalga oshirishdan bosh tortganida;
boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchiga shartnomada kelishilgan haqni to‘lagan holda ushbu moddaning to‘rtinchi bandida ko‘rsatilganidan boshqa sabablarga ko‘ra shartnomani bajarishdan bosh tortganida;
ishonchli boshqaruvchi o‘zining majburiyatlarini tegishli darajada bajarmagan taqdirda shartnoma sudning qaroriga muvofiq bekor qilinganida;
qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra.
861-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining bekor bo‘lishi (davomi)
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bekor qilinganida ishonchli boshqarishda bo‘lgan mol-mulk, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqaruv muassisiga topshiriladi.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganida ikkinchi taraf, agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan bo‘lmasa, kamida uch oy oldin bundan xabardor qilib qo‘yilishi kerak.
Bilimingizni sinang
Ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka shartnomadan keyin uchinchi shaxs huquqi paydo bo‘lsa, ishonchli boshqaruvchi qancha muddatda xabardor qilinmasa, shartnomani bekor qilishi mumkin?
- O‘n besh kunlik
- O‘ttiz kunlik
- Uch kunlik
- O‘n kunlik
To‘g‘ri javob: O‘n kunlik. Bunday huquqlar haqida o‘n kunlik muddatda xabardor qilinmasa, boshqaruvchi shartnomani bekor qilib zarar qoplanishini talab qiladi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 856-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish
- Ishonchli boshqaruvda bo‘lgan mol-mulkni ajratib chiqarish
- Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining bekor bo‘lishi
- Mol-mulkni ishonchli boshqarish subyektlari
To‘g‘ri javob: Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish. 856-modda: Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish» qaysi moddada belgilangan?
- 856-modda
- 861-modda
- 855-modda
- 852-modda
To‘g‘ri javob: 856-modda. 856-modda: Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish.
Ishonchli boshqaruvchi shartnoma tuzilgunga qadar mol-mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari borligi haqida xabardor qilinmadi. U qanday huquqqa ega bo‘ladi?
- Shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab, real zararni qoplashni va mutanosib haq to‘lashni talab qilishga
- Shartnomani bekor qilmasdan mol-mulkni bepul foydalanishga olib, faqat uchinchi shaxsdan haq undirishga
- Faqat uchinchi shaxslarga qarshi da’vo qilib, ularning huquqlarini sud orqali bekor qildirishga
- Hech qanday huquqqa ega bo‘lmaydi, chunki uchinchi shaxslarning huquqlarini o‘zi tekshirishi lozim edi
To‘g‘ri javob: Shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab, real zararni qoplashni va mutanosib haq to‘lashni talab qilishga. 856-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, shunday holda boshqaruvchi shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab zarar va haq talab qilishga haqli.
Shartnoma tuzilgach, boshqaruvdagi mol-mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari paydo bo‘ldi va ishonchli boshqaruvchi bu haqda o‘n kunlik muddatda xabardor qilinmadi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Boshqaruvchi mol-mulkni o‘ziga mulk qilib olishga va shartnomani muddatidan oldin bekor qilishga haqli
- Boshqaruvchi shartnomani bekor qilib, haqiqiy zararning qoplanishini va mutanosib haqni talab qilishga haqli
- Shartnoma o‘z-o‘zidan davom etaveradi, boshqaruvchi esa hech qanday zararni qoplashni talab qila olmaydi
- Boshqaruvchi hech narsa talab qila olmaydi, chunki o‘n kunlik muddat faqat tavsiyaviy xarakterga ega
To‘g‘ri javob: Boshqaruvchi shartnomani bekor qilib, haqiqiy zararning qoplanishini va mutanosib haqni talab qilishga haqli. 856-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, shunday holda boshqaruvchi shartnomani bekor qilib zarar va haq talab qilish huquqiga ega.
Ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor huquqlarini qaysi doirada amalga oshiradi?
- Faqat muassisning og‘zaki ko‘rsatmalari va shartnomasiz doirada
- Faqat foyda oluvchining ko‘rsatmalari bilan belgilangan doirada
- Qonunda va ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada
- Mulkdorning huquqlarini to‘liq, hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiradi
To‘g‘ri javob: Qonunda va ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada. 857-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, boshqaruvchi mulkdor huquqlarini qonun va shartnomada nazarda tutilgan doirada amalga oshiradi.
Ishonchli boshqaruvchi Nodira boshqaruvdagi ko‘chmas mol-mulkni garovga qo‘ymoqchi, ammo shartnomada bunday hol nazarda tutilmagan. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nodira istalgan paytda garovga qo‘yishi mumkin
- Nodira faqat foyda oluvchining og‘zaki roziligi bilan garovga qo‘yishi mumkin
- Nodira faqat sudga xabar bergach garovga qo‘yishi mumkin
- Nodira garovga qo‘yishga haqli emas
To‘g‘ri javob: Nodira garovga qo‘yishga haqli emas. 857-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, ko‘chmas mol-mulkni garovga qo‘yish faqat shartnomada nazarda tutilgan hollarda mumkin.
Ishonchli boshqaruvchining mol-mulkni boshqarish sohasidagi harakatlari natijasida vujudga kelgan majburiyatlar qaysi mol-mulk hisobidan bajariladi?
- Shu ishonchli boshqarishdagi mol-mulk hisobidan
- Faqat boshqaruvchining shaxsiy mol-mulki hisobidan
- Faqat foyda oluvchining mol-mulki hisobidan
- Davlat budjeti hisobidan
To‘g‘ri javob: Shu ishonchli boshqarishdagi mol-mulk hisobidan. 857-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, majburiyatlar shu mol-mulk hisobidan bajariladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash