Omonat saqlash (1/4)
Ikkinchi Qism
875-modda. Omonat saqlash shartnomasi
Omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha bir taraf (omonat saqlovchi) unga ikkinchi taraf (yuk topshiruvchi) bergan ashyoni saqlash va bu ashyoni to‘la holida qaytarish majburiyatini oladi.
Omonat saqlashni o‘z kasb faoliyatining maqsadlaridan biri sifatida amalga oshiradigan tashkilot (professional omonat saqlovchi) omonat saqlash shartnomasida saqlovchining yuk topshiruvchidan ashyoni shartnomada nazarda tutilgan muddatda saqlashga qabul qilish majburiyati ko‘zda tutilishi mumkin.
876-modda. Ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini bajarish
Omonat saqlashni tadbirkorlik yoki boshqa professional faoliyat sifatida amalga oshiradigan omonat saqlovchi omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha o‘z zimmasiga yuk topshiruvchining ashyolarini saqlashga qabul qilish va yuk topshiruvchi bergan narsalarni ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq saqlash majburiyatini olishi mumkin.
Omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini olgan omonat saqlovchi bu ashyoni saqlash uchun o‘ziga berishni talab qilishga haqli emas. Biroq, ashyoni omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan muddatda saqlashga topshirmagan yuk topshiruvchi, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoni saqlashga topshirmaganligi munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun omonat saqlovchi oldida javobgar bo‘ladi.
Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyo shartnomada kelishilgan muddatda saqlashga topshirilmagan hollarda, bordi-yu, bu muddat belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy o‘tganidan keyin omonat saqlovchi ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatidan ozod etiladi.
877-modda. Omonat saqlash shartnomasining shakli
Omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak bo‘lgan hollarda (ushbu Kodeksning 108-moddasi) agar ashyoning saqlashga qabul qilinganligi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga saqlash tilxati, pattasi, guvohnomasini, omonat saqlovchi imzolagan boshqa hujjatni berish yo‘li bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
Agar ashyo saqlash uchun favqulodda holatlarda (yong‘in, tabiiy ofat, to‘satdan kasal bo‘lish, hujum xavfi va boshqalar) topshirilgan bo‘lsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilish talab etilmaydi.
Omonat saqlash shartnomasi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga, agar bunga qonunchilikda yo‘l qo‘yilsa yoki u saqlashning ushbu turi uchun odatdagi hol bo‘lsa, ashyolar saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlaydigan nomerli jeton (nomer) yoki boshqa belgi berish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Omonat saqlash shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik saqlashga qabul qilingan ashyo bilan omonat saqlovchi qaytargan ashyoning aynan o‘ziligi xususida nizo chiqqan taqdirda, taraflarni guvohlarning ko‘rsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum etmaydi.
878-modda. Omonat saqlash muddati
Omonat saqlovchi ashyoni shartnomada kelishilgan muddat davomida saqlashi shart. Agar shartnomada saqlash muddati nazarda tutilgan bo‘lmasa va uni shartnomaning shartlariga qarab aniqlash mumkin bo‘lmasa, ashyo yuk topshirgan shaxs tomonidan talab qilib olinguncha saqlanadi.
Agar saqlash muddati ashyoni yuk topshirgan shaxs tomonidan talab qilib olish paytigacha qilib belgilangan bo‘lsa, omonat saqlovchi bunday vaziyatlarda odat bo‘lgan ashyoni saqlash muddati tugagach, ashyoning yuk topshirgan shaxs tomonidan qaytarib olinishini talab qilishga haqli bo‘lib, ashyoni topshirgan shaxsga uni qabul qilib olish uchun oqilona muddat beradi. Yuk topshiruvchining bu majburiyatni bajarmasligi ushbu Kodeks 888-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.
879-modda. Ashyolarni egasizlantirib saqlash
Ashyo egasizlantirib saqlanganida saqlash uchun qabul qilingan ashyolar boshqa yuk topshiruvchilarning shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolari bilan aralashtirib yuborilishi mumkin. Yuk topshiruvchiga teng miqdorda yoki taraflar kelishgan miqdorda shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolar qaytarib beriladi.
Egasizlantirib saqlash bunday hol omonat saqlash shartnomasida bevosita nazarda tutilgan hollardagina amalga oshiriladi.
880-modda. Omonat saqlovchining ashyo to‘liq saqlanishini ta’minlash majburiyatlari
Omonat saqlovchi saqlashga topshirilgan ashyoning to‘liq saqlanishini ta’minlash uchun omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan, shuningdek boshqa barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.
Agar shartnomada egasizlantirib saqlash nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchi saqlash uchun o‘ziga berilgan ashyoni yuk topshiruvchiga yoki u oluvchi sifatida ko‘rsatgan boshqa shaxsga topshirishi shart. Ashyo saqlashga qanday holatda topshirilgan bo‘lsa, o‘sha holatda, uning tabiiy yomonlashuvini yoki tabiiy kamayishini hisobga olib qaytarib berilishi shart.
Omonat saqlovchi ashyoni qaytarish bilan bir vaqtda, basharti omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uni saqlash vaqtida olingan hosil va daromadlarni ham topshirishi shart.
881-modda. Omonat saqlashga topshirilgan ashyodan foydalanish
Omonat saqlovchi o‘ziga saqlash uchun topshirilgan ashyodan yuk topshiruvchining roziligisiz foydalanishga, shuningdek uchinchi shaxslarga undan foydalanish imkoniyatini berishga haqli emas, saqlanayotgan ashyodan foydalanish uning to‘liq saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno.
882-modda. Omonat saqlash shartlarini o‘zgartirish
Omonat saqlovchi ashyoni saqlash shartlarini o‘zgartirish zarurligi haqida darhol yuk topshiruvchini xabardor qilishi va uning javobini kutishi shart.
Ashyoning yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfi paydo bo‘lgan taqdirda, omonat saqlovchi saqlash shartnomasida nazarda tutilgan saqlash usuli, joyi va boshqa shartlarni yuk topshiruvchining javobini kutmasdan o‘zgartirishi shart.
Agar saqlash vaqtida ashyoning buzilish xavfi aniq bo‘lib qolsa yoki ashyo buzilgan bo‘lsa, yoki uning to‘liq saqlanishini ta’minlashga imkon bermaydigan vaziyatlar vujudga kelgan bo‘lsa, yuk topshiruvchi esa o‘z vaqtida choralar ko‘rishini kutish mumkin bo‘lmasa, omonat saqlovchi ashyoni yoki uning bir qismini saqlash joyida amalda bo‘lgan bahoda mustaqil sotishga haqli. Agar mazkur vaziyatlar omonat saqlovchi aybdor bo‘lmagan sabablarga ko‘ra vujudga kelgan bo‘lsa, u sotish uchun qilgan o‘z xarajatlarini xarid bahosidan undirish huquqiga ega.
883-modda. Xavfli xossalarga ega bo‘lgan ashyolarni saqlash
Agar yuk topshiruvchi tez yonadigan, portlash xavfi bo‘lgan yoki o‘z tabiatiga ko‘ra xavfli bo‘lgan ashyolarni saqlash uchun topshirayotgan vaqtda saqlovchini ularning xossalari haqida ogohlantirmagan bo‘lsa, omonat saqlovchi bu ashyolarni ko‘rilgan ziyonni yuk topshiruvchiga to‘lamagan holda istagan vaqtda zararsizlantirishi yoki yo‘q qilib tashlashi mumkin. Yuk topshiruvchi bunday ashyolar saqlanishi munosabati bilan saqlovchiga va uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.
Xavfli xossalarga ega bo‘lgan ashyolar saqlash uchun professional omonat saqlovchiga topshirilgan vaqtda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bunday ashyolar saqlash uchun noto‘g‘ri nom bilan topshirilgan va omonat saqlovchi ularni qabul qilib olish chog‘ida sirtidan ko‘zdan kechirish yo‘li bilan ularning xavfli xossalarga egaligini bila olmagan taqdirda qo‘llanadi.
Ashyolar haq evaziga saqlangan taqdirda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda ashyolarni saqlash uchun to‘langan haq qaytarib berilmaydi, bordi-yu, bu haq to‘lanmagan bo‘lsa, omonat saqlovchi uni to‘la-to‘kis undirib olishi mumkin.
Agar omonat saqlovchi xabardor bo‘lgani holda va uning roziligi bilan saqlashga qabul qilingan ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ashyolar, garchi ularni saqlash shartlariga rioya etilgan bo‘lsa-da, atrofdagilar uchun yoki omonat saqlovchi yoxud uchinchi shaxslarning mol-mulki uchun xavfli bo‘lib qolgan bo‘lsa hamda vaziyat omonat saqlovchining yuk topshiruvchidan ularni darhol olib ketishni talab qilishiga imkon bermasa yoki yuk topshiruvchi bu talabni bajarmasa, ushbu ashyolar omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga ziyonni to‘lamagan holda zararsizlantirilishi yoki yo‘q qilib tashlanishi mumkin. Bunday hollarda yuk topshiruvchi ushbu ashyolarni saqlash munosabati bilan keltirilgan zarar uchun omonat saqlovchi va uchinchi shaxslar oldida javobgar bo‘lmaydi.
884-modda. Ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirish
Agar qonunchilikda yoki omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining roziligisiz ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirishga haqli emas, basharti buni yuk topshiruvchining manfaatlari zarur qilib qo‘ygan va omonat saqlovchi uning roziligini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan bo‘lmasa. Omonat saqlovchi ashyoni uchinchi shaxsga topshirganligi haqida yuk topshiruvchini kechiktirmay xabardor qilishi shart.
Saqlash uchun ashyo topshirilgan uchinchi shaxsning harakatlari uchun omonat saqlovchi javob beradi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha omonat saqlovchi qanday majburiyatni oladi?
- Yuk topshiruvchi bergan ashyoni saqlash va uni to‘la holida qaytarish majburiyatini
- Yuk topshiruvchi bergan ashyoni saqlash va undan olingan daromadni to‘lab turish majburiyatini
- Yuk topshiruvchi bergan ashyoni sinab ko‘rish va yaxshilangan holda qaytarish majburiyatini
- Yuk topshiruvchi bergan ashyoni ijaraga berish va ijara haqini topshirish majburiyatini
To‘g‘ri javob: Yuk topshiruvchi bergan ashyoni saqlash va uni to‘la holida qaytarish majburiyatini. 875-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, omonat saqlovchi ashyoni saqlash va to‘la holida qaytarish majburiyatini oladi.
Ashyoni saqlashga topshirish muddati belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan kundan qancha o‘tgach omonat saqlovchi ashyoni qabul qilish majburiyatidan ozod bo‘ladi?
- Bir oy
- Uch oy
- Bir yil
- Olti oy
To‘g‘ri javob: Uch oy. Muddat belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilganidan uch oy o‘tgach omonat saqlovchi ashyoni qabul qilish majburiyatidan ozod etiladi.
Professional omonat saqlovchi (ombor) Bahrom bilan Sardor ashyoni shartnomada nazarda tutilgan muddatda saqlashga qabul qilish haqida kelishdi. Sardor ashyoni shu muddatda topshirmadi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Sardor, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa, hech qanday javobgar bo‘lmaydi va zarar saqlovchiga yuklanadi
- Sardor, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa, saqlovchiga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi
- Bahrom ashyoni Sardorning uyidan majburan olib keltirishga haqli va uning hisobidan saqlashga majbur bo‘ladi
- Shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas bo‘ladi va Sardor zararni faqat sud qarori bilan qoplashi mumkin
To‘g‘ri javob: Sardor, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa, saqlovchiga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi. 876-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, muddatda topshirmagan yuk topshiruvchi zarar uchun saqlovchi oldida javobgar bo‘ladi.
Ashyo shartnomada kelishilgan muddatda saqlashga topshirilmagan, bu muddat esa belgilanmagan. Omonat saqlovchi saqlashga qabul qilish majburiyatidan qachon ozod etiladi?
- Shartnoma tuzilgan kundan boshlab bir oy o‘tganidan keyin
- Shartnoma tuzilgan kundan boshlab olti oy o‘tganidan keyin
- Shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy o‘tganidan keyin
- Shartnoma tuzilgan kundan boshlab bir hafta o‘tganidan keyin
To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy o‘tganidan keyin. 876-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, saqlovchi shartnoma tuzilgan kundan uch oy o‘tgach ozod etiladi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 877-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Omonat saqlash shartnomasining shakli
- Ashyolarni egasizlantirib saqlash
- Taraflar o‘zgarganida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining o‘z kuchida qolishi
- Xavfli xossalarga ega bo‘lgan ashyolarni saqlash
To‘g‘ri javob: Omonat saqlash shartnomasining shakli. 877-modda: Omonat saqlash shartnomasining shakli.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Omonat saqlash shartnomasining shakli» qaysi moddada belgilangan?
- 877-modda
- 879-modda
- 883-modda
- 872-modda
To‘g‘ri javob: 877-modda. 877-modda: Omonat saqlash shartnomasining shakli.
Yong‘in chiqqanda Aziz o‘z qimmatli buyumlarini qo‘shnisi Dilfuzaga saqlash uchun og‘zaki topshirdi. Omonat saqlash shartnomasining yozma shakliga oid qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Shartnoma yozma shaklsiz haqiqiy emas, favqulodda holat bunga ta’sir qilmaydi
- Yozma shakl faqat notarius tasdig‘i bilan bo‘lishi shart, favqulodda holatda ham
- Yozma shakl o‘rniga favqulodda holatda ikki guvoh bayonoti talab etiladi
- Favqulodda holatda topshirilgani uchun yozma shaklga rioya qilish talab etilmaydi
To‘g‘ri javob: Favqulodda holatda topshirilgani uchun yozma shaklga rioya qilish talab etilmaydi. 877-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, favqulodda holatlarda (yong‘in va boshqalar) yozma shakl talab etilmaydi.
Yozma shakl talab etiladigan hollarda omonat saqlash shartnomasining yozma shakliga qanday rioya qilingan hisoblanadi?
- Saqlash tilxati, pattasi, guvohnomasi yoki saqlovchi imzolagan boshqa hujjat berish yo‘li bilan ashyo qabul qilinganligi tasdiqlansa
- Faqat taraflar imzolagan alohida yozma shartnoma tuzish yo‘li bilan ashyo qabul qilinganligi notarius tomonidan tasdiqlansa
- Saqlash tilxati yoki boshqa hujjat faqat yuk topshiruvchi tomonidan imzolangan va ikki guvoh tomonidan tasdiqlangan taqdirdagina
- Ashyoning qabul qilinganligi sud qarori bilan yoki uchinchi shaxs ishtirokida tuzilgan dalolatnoma orqali tasdiqlansa
To‘g‘ri javob: Saqlash tilxati, pattasi, guvohnomasi yoki saqlovchi imzolagan boshqa hujjat berish yo‘li bilan ashyo qabul qilinganligi tasdiqlansa. 877-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, shunday hujjatlarni berish bilan yozma shaklga rioya qilingan hisoblanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash