XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 885–894-m.

Omonat saqlash (2/4)

Ikkinchi Qism

885-modda. Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq

Omonat saqlaganlik uchun haq saqlovchiga saqlash tamom bo‘lganidan keyin, bordi-yu, saqlash uchun davrlar bo‘yicha haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa — har bir davr tamom bo‘lganidan keyin to‘lanishi shart.

Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar bo‘lmagan vaziyatlar tufayli shartlashilgan muddatidan oldin to‘xtatilsa, omonat saqlovchi haqning mutanosib qismini, ushbu Kodeks 883-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda esa, haqning hammasini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar bo‘ladigan vaziyatlar tufayli muddatidan oldin to‘xtatilsa, u saqlaganlik uchun haq talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi, bu haq ustidan olgan summalarni esa yuk topshiruvchiga qaytarishi shart.

Agar shartnomada nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin saqlab turilgan ashyo yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinmagan bo‘lsa, u ashyoni bundan keyin saqlagani uchun omonat saqlovchiga tegishli miqdorda haq to‘lashi shart.

Ushbu moddaning qoidalari omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa qo‘llaniladi.

886-modda. Omonat saqlash yuzasidan qilingan xarajatlarni qoplash

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoni saqlash xarajatlari to‘lanadigan haq summasiga kiritiladi. Alohida xarajatlar omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan haq summasiga yoki xarajatlar tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutiladi.

Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyo tekinga saqlanganida yuk topshiruvchi amalda qilingan zarur xarajatlarni omonat saqlovchiga to‘lashi shart.

887-modda. Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar

Ashyoni saqlash uchun qilingan, odatdagi bunday xarajatlardan ortiq bo‘lgan hamda omonat saqlash shartnomasini tuzish chog‘ida taraflar oldindan ko‘rishi mumkin bo‘lmagan xarajatlar (alohida xarajatlar), basharti yuk topshiruvchi ushbu xarajatlarga rozilik bergan yoki ularni keyinchalik ma’qullagan bo‘lsa, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda omonat saqlovchiga to‘lanadi.

Alohida xarajatlarni qilish zarur bo‘lib qolganida, omonat saqlovchi yuk topshiruvchidan ushbu xarajatlarga rozilik so‘rashi shart. Agar yuk topshiruvchi omonat saqlovchi ko‘rsatgan muddatda yoki javob berish uchun yetarli bo‘lgan vaqtda o‘zining rozi emasligini xabar qilmasa, u alohida xarajatlarga rozi bo‘lgan, deb hisoblanadi.

Ishning holatlariga ko‘ra yuk topshiruvchining roziligini oldindan olish mumkin bo‘lsa-da, omonat saqlovchi bunday rozilikni olmasdan turib saqlash uchun alohida xarajatlar qilgan va yuk topshiruvchi keyinchalik ularni ma’qullamagan taqdirda, omonat saqlovchi alohida xarajatlarni faqat ushbu xarajatlar qilinmasa ashyoga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar doirasida qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, alohida xarajatlar saqlash haqiga qo‘shimcha ravishda to‘lanadi.

888-modda. Ashyoning yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinishi

Yuk topshiruvchi shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati tamom bo‘lgach, saqlash uchun topshirilgan ashyoni qaytarib olishi shart.

Yuk topshiruvchi ashyoni olishdan bosh tortgan taqdirda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchi ashyoni mustaqil suratda sotishga, uning qiymati belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravariga teng summadan ortiq bo‘lgan taqdirda esa — ushbu Kodeksning 379, 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sotishga haqli.

Ashyoni sotishdan tushgan summa omonat saqlovchiga tegishli haq chegirib tashlangach, yuk topshiruvchiga beriladi.

889-modda. Ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchining javobgarligi

Omonat saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun ushbu Kodeksning 333-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra javobgar bo‘ladi.

Professional omonat saqlovchi ashyoning yo‘qolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi:

yengib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida;

ashyoning uni saqlash uchun qabul qilish chog‘ida omonat saqlovchi bilmagan va bilishi shart bo‘lmagan yashirin xossalari tufayli;

saqlanayotgan ashyoning yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi yuk topshiruvchining qasddan qilganligi yoki qo‘pol ehtiyotsizligi natijasida yuz berganligini isbotlamasa javobgar bo‘ladi.

Shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati yoki omonat saqlovchining talabiga ko‘ra ashyoni qaytarib olishi shart bo‘lgan vaqt tugagach, yuk topshiruvchi saqlanayotgan ashyoni qaytarib olmasa, omonat saqlovchi bundan buyon ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun qasddan harakat qilgan yoki qo‘pol ehtiyotsizlik qilgan taqdirdagina javob beradi.

890-modda. Omonat saqlovchining javobgarlik darajasi

Ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 324-moddasiga muvofiq omonat saqlovchi tomonidan qoplanadi.

Ashyo tekin saqlanganida uning yo‘qolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar:

ashyolar yo‘qolganligi va kam chiqqanligi uchun — yo‘qolgan yoki yetishmayotgan ashyolarning qiymati miqdorida;

ashyolar shikastlanganligi uchun — ularning qiymati qancha summaga kamaygan bo‘lsa, shuncha summa miqdorida qoplanadi.

Agar omonat saqlovchi javobgar bo‘lgan holda shikast yetishi natijasida ashyoning sifati undan dastlabki vazifasi bo‘yicha foydalanish mumkin bo‘lmaydigan darajada o‘zgargan bo‘lsa, yuk topshiruvchi undan voz kechishga va omonat saqlovchidan ushbu ashyoning qiymatini, shuningdek, agar qonunda yoki omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, boshqa zararni ham qoplashni talab qilishga haqli.

891-modda. Omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni qoplash

Agar omonat saqlovchi ashyoni saqlash uchun qabul qilib olayotgan paytida uning xossalarini bilmagan va bilishi shart bo‘lmagan bo‘lsa, yuk topshiruvchi saqlash uchun topshirilgan ashyoning xossalari tufayli yetkazilgan zararni omonat saqlovchiga to‘lashi shart.

892-modda. Yuk topshiruvchining talabi bilan omonat saqlash majburiyatining bekor bo‘lishi

Shartnomada yukni qaytarib berishning boshqacha muddati belgilangan bo‘lsa ham, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining talabi bilan saqlashga qabul qilingan ashyoni darhol qaytarib berishi kerak. Bu holda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yuk topshiruvchi majburiyatni muddatidan oldin bekor qilishi tufayli omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

893-modda. Omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalarni uning alohida turlariga tatbiq etish

Agar ushbu Kodeksning 894 — 913-moddalarida nazarda tutilgan omonat saqlashning alohida turlari to‘g‘risidagi qoidalarda, boshqa qonunchilik hujjatlarida o‘zgacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalar uning alohida turlariga ham tatbiq etiladi.

2-§. Omonat saqlashning alohida turlari

894-modda. Lombardda omonat saqlash

Lombardda omonat saqlash uchun fuqarolardan shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char ashyolar qabul qilinishi mumkin.

Ashyoni lombardda omonat saqlash shartnomasi lombard tomonidan yuk topshiruvchiga (mijozga) uning nomi yozilgan saqlov pattasi berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.

Lombardga saqlash uchun topshiriladigan ashyo taraflarning kelishuvi bilan saqlash uchun qabul qilish paytida va joyida odatda savdoda shu turdagi va sifatdagi ashyoga belgilanadigan narxlarga muvofiq baholanishi kerak.

Lombard saqlash uchun qabul qilingan ashyolarni ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq chiqarilgan narxning to‘liq summasida o‘z hisobidan yuk topshiruvchi foydasiga sug‘urtalashi shart.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 885-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq
  2. Omonat saqlashga topshirilgan ashyodan foydalanish
  3. Omonat saqlovchining ashyo to‘liq saqlanishini ta’minlash majburiyatlari
  4. Omonat saqlash shartlarini o‘zgartirish

To‘g‘ri javob: Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq. 885-modda: Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq» qaysi moddada belgilangan?
  1. 885-modda
  2. 881-modda
  3. 882-modda
  4. 880-modda

To‘g‘ri javob: 885-modda. 885-modda: Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, omonat saqlash muddatidan oldin saqlovchi javobgar bo‘ladigan vaziyatlar tufayli to‘xtatilsa, saqlovchining haq borasidagi holati qanday bo‘ladi?
  1. Haq talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi va haq ustidan olgan summalarni qaytarishi shart
  2. Haqning mutanosib qismini olish huquqiga ega bo‘ladi, saqlangan muddatga qarab
  3. Haqning hammasini olish huquqiga ega bo‘ladi, chunki saqlash xizmati ko‘rsatilgan
  4. Haqning yarmini olib qoladi va qolgan yarmini yuk topshiruvchiga qaytarib beradi

To‘g‘ri javob: Haq talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi va haq ustidan olgan summalarni qaytarishi shart. 885-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, saqlovchi bunday holda haq talab qila olmaydi va olgan summalarni qaytaradi.

Karimov kitoblarini Sobirning omboriga 3 oyga saqlashga topshirdi. Muddat tugadi, ammo Karimov kitoblarni olib ketmadi va ular yana ikki oy omborda turdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
  1. Sobir ikki oylik saqlash uchun hech qanday haq talab qila olmaydi
  2. Karimov muddat tugagach saqlangan davr uchun ham tegishli miqdorda haq to‘lashi shart
  3. Sobir kitoblarni darhol bepul o‘zlashtirib olishga haqli
  4. Karimov faqat Sobirning amalda qilgan xarajatlarini qoplaydi, haq to‘lamaydi

To‘g‘ri javob: Karimov muddat tugagach saqlangan davr uchun ham tegishli miqdorda haq to‘lashi shart. 885-modda: muddat tugagach qaytarib olinmagan ashyoni keyin saqlaganlik uchun yuk topshiruvchi tegishli haq to‘laydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ashyo tekinga saqlanganida va shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, saqlash xarajatlari qanday hal etiladi?
  1. Xarajatlarni omonat saqlovchining o‘zi ko‘taradi, yuk topshiruvchi to‘lamaydi
  2. Xarajatlar yuk topshiruvchi bilan omonat saqlovchi o‘rtasida teng bo‘lib qoplanadi
  3. Yuk topshiruvchi amalda qilingan zarur xarajatlarni omonat saqlovchiga to‘laydi
  4. Xarajatlar davlat byudjeti mablag‘laridan qoplanishi belgilangan tartibda amalga oshiriladi

To‘g‘ri javob: Yuk topshiruvchi amalda qilingan zarur xarajatlarni omonat saqlovchiga to‘laydi. 886-moddaning ikkinchi qismiga binoan tekin saqlashda yuk topshiruvchi zarur xarajatlarni to‘laydi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 887-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Omonat saqlash shartlarini o‘zgartirish
  2. Ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirish
  3. Omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni qoplash
  4. Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar

To‘g‘ri javob: Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar. 887-modda: Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 884-modda
  2. 891-modda
  3. 882-modda
  4. 887-modda

To‘g‘ri javob: 887-modda. 887-modda: Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar.

Omonat saqlovchi alohida xarajatlarga rozilik so‘rab murojaat qildi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, yuk topshiruvchi ko‘rsatilgan muddatda yoki yetarli vaqt ichida rozi emasligini xabar qilmasa, qanday oqibat yuz beradi?
  1. Alohida xarajatlar to‘lanmaydi
  2. Shartnoma o‘z-o‘zidan bekor bo‘ladi
  3. Saqlovchi xarajatlarni sud orqali ham undira olmaydi
  4. U alohida xarajatlarga rozi bo‘lgan, deb hisoblanadi

To‘g‘ri javob: U alohida xarajatlarga rozi bo‘lgan, deb hisoblanadi. 887-moddaning ikkinchi qismi: javob bermaslik alohida xarajatlarga rozilik deb hisoblanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOmonat saqlash (1/4)Keyingi →Omonat saqlash (3/4)