XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 914–923-m.

Sug‘urta (1/5)

Ikkinchi Qism

914-modda. Ixtiyoriy va majburiy sug‘urta

Sug‘urta fuqaro yoki yuridik shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urta tashkiloti (sug‘urtalovchi) bilan tuzadigan mulkiy yoki shaxsiy sug‘urta shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi.

Qonunda ko‘rsatilgan shaxslarga sug‘urta qiluvchilar sifatida boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkini yoxud o‘zining boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini o‘z hisobidan yoxud manfaatdor shaxslar hisobidan sug‘urta qilish (majburiy sug‘urta) majburiyati qonun bilan yuklangan hollarda sug‘urta ushbu bobning qoidalariga muvofiq shartnomalar tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Majburiy sug‘urtada sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchi bilan sug‘urtaning ushbu turini tartibga soladigan qonunchilikda nazarda tutilgan shartlarda shartnoma tuzishi shart.

Qonunda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan majburiy sug‘urta qilish hollari (davlat majburiy sug‘urtasi) nazarda tutilishi mumkin.

915-modda. Mulkiy sug‘urta shartnomasi

Mulkiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sug‘urtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sug‘urta hodisasi) sodir bo‘lganda boshqa tarafga (sug‘urta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sug‘urtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararni shartnomada belgilangan summa (sug‘urta summasi) doirasida to‘lash (sug‘urta tovoni to‘lash) majburiyatini oladi.

Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha quyidagilar sug‘urtalanishi mumkin:

muayyan mol-mulkning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi;

fuqarolik javobgarligi xavfi — boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek shartnomalar bo‘yicha javobgarlik xavfi;

tadbirkorlik xavfi — tadbirkorning kontragentlari o‘z majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarga ko‘ra bu faoliyat shart-sharoitlarining o‘zgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi.

916-modda. Sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydigan manfaatlar

G‘ayriqonuniy manfaatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qimor, lotereyalar va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zararni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaxs majburan qilishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sug‘urta shartnomalarining ushbu modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga zid bo‘lgan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

917-modda. Mol-mulkni sug‘urta qilish

Mol-mulk uning asralishidan qonunchilikka yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega bo‘lgan shaxs (sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga, uning mulkdori, mol-mulkka nisbatan boshqa ashyoviy huquqqa ega bo‘lgan shaxs, ijarachi, pudratchi, saqlovchi, vositachi va boshqa shu kabilar foydasiga sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin.

Sug‘urtalangan mol-mulkning asralishidan sug‘urta qildiruvchida va naf oluvchida manfaat bo‘lmagan paytda tuzilgan mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi haqiqiy emas.

Naf oluvchi foydasiga mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi naf oluvchining ismi yoki nomi ko‘rsatilmasdan tuzilishi mumkin. Bunday shartnoma tuzilganda sug‘urta qildiruvchiga egasining nomi ko‘rsatilmagan polis beriladi. Bunday shartnoma bo‘yicha huquqlarni amalga oshirishda bu polisni sug‘urtalovchiga taqdim etish zarur.

918-modda. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni sug‘urta qilish

Boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar yuzasidan javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoki bunday javobgarlik yuklanishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxsning javobgarlik xavfi sug‘urtalanishi mumkin.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfi sug‘urtalangan shaxs sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilishi lozim. Agar bu shaxs shartnomada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchining o‘zining javobgarlik xavfi sug‘urtalangan hisoblanadi.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi, hatto shartnoma zarar yetkazilganligi uchun javobgar bo‘lgan sug‘urta qildiruvchi yoki boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud shartnomada u kimning foydasiga tuzilgani ko‘rsatilmagan taqdirda ham, zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan shaxslar (naf oluvchilar) foydasiga tuzilgan deb hisoblanadi.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik uni sug‘urta qilish majburiy bo‘lgani sababli sug‘urtalangan taqdirda, shuningdek qonunda yoki bunday javobgarlikni sug‘urta qilish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda sug‘urta shartnomasi o‘z foydasiga tuzilgan deb hisoblanuvchi shaxs zararni sug‘urta summasi doirasida to‘lash to‘g‘risida bevosita sug‘urtalovchiga talab qo‘yishga haqli.

919-modda. Shartnoma bo‘yicha javobgarlikni sug‘urta qilish

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘zining javobgarlik xavfi sug‘urtalanishi mumkin. Ushbu talabga muvofiq bo‘lmagan sug‘urta shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfi, bu shartnoma shartlariga ko‘ra sug‘urta qildiruvchi qaysi taraf oldida tegishli javobgarlikni zimmasiga olishi lozim bo‘lsa, o‘sha taraf — naf oluvchi foydasiga, hatto sug‘urta shartnomasi boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud unda kimning foydasiga tuzilgani aytilmagan taqdirda ham, sug‘urtalangan hisoblanadi.

920-modda. Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish

Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘z tadbirkorlik xavfi va faqat uning foydasiga sug‘urtalanishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning foydasiga tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi sug‘urta qildiruvchi foydasiga tuzilgan hisoblanadi.

921-modda. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sug‘urtalovchi) boshqa taraf (sug‘urta qildiruvchi) to‘laydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoxud shartnomada ko‘rsatilgan boshqa fuqaro (sug‘urtalangan shaxs)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga to‘lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sug‘urta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan sug‘urta summasi doirasida sug‘urta to‘lovini bir yo‘la yoki vaqti-vaqti bilan to‘lab turish majburiyatini oladi.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi kimning foydasini ko‘zlab tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs sug‘urta to‘lovini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar shartnomada naf oluvchi sifatida boshqa shaxs ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shaxsiy sug‘urta shartnomasi sug‘urtalangan shaxs foydasiga tuzilgan hisoblanadi. Boshqa naf oluvchi ko‘rsatilmagan shartnoma bo‘yicha sug‘urtalangan shaxs vafot etgan taqdirda, sug‘urtalangan shaxsning merosxo‘rlari naf oluvchilar deb tan olinadi.

Sug‘urtalangan deb hisoblanmaydigan shaxs foydasiga, shu jumladan sug‘urtalangan shaxs hisoblanmaydigan sug‘urta qildiruvchi foydasiga shaxsiy sug‘urta shartnomasi faqat sug‘urtalangan shaxsning yozma roziligi bilangina tuzilishi mumkin. Bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, shartnoma sug‘urtalangan shaxsning da’vosi bo‘yicha, bu shaxs vafot etgan taqdirda esa, uning merosxo‘rlari da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

922-modda. Majburiy sug‘urta

Qonunda quyidagilarni sug‘urta qilish majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin:

qonunda ko‘rsatilgan boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulki ularning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimolini nazarda tutib;

boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi yoxud boshqa shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarning buzilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zining fuqaroviy javobgarligi xavfi.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lish majburiyati qonun bilan unda ko‘rsatilgan shaxslar zimmasiga yuklanadi.

Qonunda majburiy sug‘urtaning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.

Fuqaroga o‘z hayoti yoki sog‘lig‘ini sug‘urtalash majburiyati qonun bilan yuklatilishi mumkin emas.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki unda belgilangan tartibda operativ boshqaruvida davlatga qarashli mol-mulkka ega bo‘lgan yuridik shaxslarga bu mulkni sug‘urtalash majburiyati yuklanishi mumkin.

Mol-mulkni sug‘urta qilish majburiyati qonundan kelib chiqmaydigan, balki mol-mulkning egasi bilan tuzilgan shartnomaga yoki mol-mulkning mulkdori hisoblanuvchi yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga asoslangan hollarda, bunday sug‘urta ushbu moddaning ma’nosi jihatidan majburiy hisoblanmaydi va ushbu Kodeksning 924-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

923-modda. Majburiy sug‘urtani amalga oshirish

Majburiy sug‘urta bunday sug‘urta qilish majburiyati yuklangan shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urtalovchi bilan sug‘urta shartnomasi tuzishi vositasida amalga oshiriladi.

Majburiy sug‘urta sug‘urta qildiruvchi hisobidan amalga oshiriladi, yo‘lovchilarni majburiy sug‘urtalash bundan mustasno bo‘lib, bu sug‘urta qonunda nazarda tutilgan hollarda ularning o‘z hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Majburiy sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan obyektlar, ular sug‘urtalanishga sabab bo‘ladigan xavflar va sug‘urta summasining eng kam miqdorlari qonunchilik bilan belgilanadi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, sug‘urta shartnomalaridan qaysi biri ommaviy shartnoma hisoblanadi?
  1. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi
  2. Mulkiy sug‘urta shartnomasi
  3. Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi
  4. Shartnoma bo‘yicha javobgarlikni sug‘urta qilish shartnomasi

To‘g‘ri javob: Shaxsiy sug‘urta shartnomasi. 914-moddaning ikkinchi qismi shaxsiy sug‘urta shartnomasini ommaviy shartnoma deb belgilaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini qaysi mablag‘lar hisobidan majburiy sug‘urta qilish hollari davlat majburiy sug‘urtasi deb ataladi?
  1. Sug‘urtalovchining o‘z mablag‘lari hisobidan
  2. Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan
  3. Fuqarolarning shaxsiy jamg‘armalari hisobidan
  4. Ish beruvchilarning ixtiyoriy badallari hisobidan

To‘g‘ri javob: Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan. 914-moddaning beshinchi qismi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan majburiy sug‘urtani davlat majburiy sug‘urtasi deydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mulkiy sug‘urta shartnomasida sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda sug‘urtalovchi shartnomada belgilangan summa doirasida zararni to‘lash majburiyatini oladi. Shu to‘lovning huquqiy nomi qaysi?
  1. Sug‘urta mukofoti
  2. Sug‘urta summasi
  3. Sug‘urta tovoni
  4. Sug‘urta polisi

To‘g‘ri javob: Sug‘urta tovoni. 915-modda: sug‘urta summasi doirasida to‘lash sug‘urta tovoni to‘lash deyiladi, sug‘urta mukofoti esa sug‘urta qildiruvchi to‘laydigan haq.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, tadbirkorlik xavfi nimani anglatadi?
  1. Tadbirkorning o‘z xodimlari yoki ish yuritishidagi xatolar tufayli kutilgan daromadlarni ololmaslik va shaxsiy mol-mulkini yo‘qotish xavfini
  2. Tadbirkor tomonidan majburiyatni buzish yoki o‘ziga bog‘liq vaziyatlar tufayli uchinchi shaxslarga zarar yetkazish xavfini
  3. Kontragentlarning soliq majburiyatini buzishi yoki davlat organlariga bog‘liq vaziyatlar tufayli jarima to‘lash xavfini
  4. Kontragentlarning majburiyatni buzishi yoki tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlar tufayli kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfini

To‘g‘ri javob: Kontragentlarning majburiyatni buzishi yoki tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlar tufayli kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfini. 915-moddaning uchinchi xatboshisi tadbirkorlik xavfini kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi sifatida belgilaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi birini sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi?
  1. Qimor, lotereyalar va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zarar
  2. Fermer xo‘jaligining hosili va chorva mollariga yong‘in tufayli yetkaziladigan zarar
  3. Yuk tashuvchining tashilayotgan yuk uchun fuqarolik javobgarligi xavfi
  4. Ijarachining ijaraga olgan binosi va jihozlariga yetkaziladigan zarar

To‘g‘ri javob: Qimor, lotereyalar va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zarar. 916-moddaning ikkinchi qismi qimor, lotereya va garov o‘yinlaridagi zararni sug‘urtalashni taqiqlaydi.

Karim kazinodagi o‘yinlarda yutqazishi mumkin bo‘lgan zararni sug‘urtalovchi bilan sug‘urtalash shartnomasini tuzdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bunday shartnoma shartining holati qanday?
  1. Sug‘urtalovchi roziligi bilan haqiqiy bo‘ladi
  2. O‘z-o‘zidan haqiqiy emas
  3. Faqat sud tomonidan tasdiqlangandan keyin haqiqiy bo‘ladi
  4. Yuqori sug‘urta mukofoti bilan haqiqiy bo‘ladi

To‘g‘ri javob: O‘z-o‘zidan haqiqiy emas. 916-moddaning to‘rtinchi qismi: taqiqlangan manfaatlarga oid shartlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Anvar do‘stining uyini sug‘urtalatdi, ammo uyning asralishidan na o‘zida, na naf oluvchida hech qanday qonunga yoki shartnomaga asoslangan manfaat yo‘q. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shartnoma qanday baholanadi?
  1. Faqat uy egasining roziligi bilan haqiqiy bo‘ladi
  2. U faqat sug‘urta mukofotining yarmi to‘langandan keyin kuchga kiradi
  3. Manfaat bo‘lmagan paytda tuzilgani uchun haqiqiy emas
  4. Haqiqiy, chunki mulkdor sug‘urta qilishga qarshi emas

To‘g‘ri javob: Manfaat bo‘lmagan paytda tuzilgani uchun haqiqiy emas. 917-moddaning ikkinchi qismi manfaat bo‘lmagan paytda tuzilgan mol-mulk sug‘urtasini haqiqiy emas deydi.

Naf oluvchi foydasiga mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi naf oluvchining ismi ko‘rsatilmasdan tuzilganda sug‘urta qildiruvchiga qanday hujjat beriladi?
  1. Naf oluvchining nomi yozilgan sertifikat
  2. Sug‘urtalovchining kafolat xati
  3. Naf oluvchining pasporti nusxasi
  4. Egasining nomi ko‘rsatilmagan polis

To‘g‘ri javob: Egasining nomi ko‘rsatilmagan polis. 917-moddaning uchinchi qismi egasining nomi ko‘rsatilmagan polis berilishini va undan huquqlarni amalga oshirishda foydalanishni belgilaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOmonat saqlash (4/4)Keyingi →Sug‘urta (2/5)