XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 934–943-m.

Sug‘urta (3/5)

Ikkinchi Qism

934-modda. Sug‘urta summasi

Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatini oladigan yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lash majburiyatini oladigan summa (sug‘urta summasi) sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchi bilan kelishuviga ko‘ra ushbu modda qoidalariga muvofiq belgilanadi.

Mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilishda, agar sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta summasi ularning haqiqiy qiymatidan (sug‘urta qiymatidan) oshmasligi lozim, quyidagilar shular jumlasiga kiradi:

mol-mulk uchun — uning sug‘urta shartnomasini tuzish kuni turgan joyidagi haqiqiy qiymati;

tadbirkorlik xavfi — sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchi tadbirkorlik faoliyatidan ko‘rishi mumkin bo‘lgan zarar.

Shaxsiy sug‘urta shartnomalarida va fuqaroviy javobgarlikni sug‘urtalash shartnomalarida sug‘urta summasini taraflar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra aniqlaydilar, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

935-modda. Mol-mulkning sug‘urta qiymati

Sug‘urta shartnomasini tuzish paytida taraflarning kelishuviga ko‘ra aniqlanadigan, sug‘urta manfaati bilan bog‘lanadigan mol-mulk qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta qiymati (sug‘urta bahosi) deb hisoblanadi.

Mol-mulkning shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta qiymati ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas, shartnoma tuzilgunga qadar sug‘urta xavfini baholash bo‘yicha o‘z huquqidan foydalanmagan sug‘urtalovchi bu qiymat borasida bila turib chalg‘itilgan hol bundan mustasno.

936-modda. To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta

Agar mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urtalash shartnomasida sug‘urta summasi sug‘urta qiymatidan kam qilib belgilangan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) u ko‘rgan zararni sug‘urta summasining sug‘urta qiymatiga bo‘lgan nisbatiga mutanosib ravishda qoplashi shart.

937-modda. Qo‘shimcha mulkiy sug‘urta

Agar mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi faqat sug‘urta qiymatining bir qismi miqdorida sug‘urtalangan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) qo‘shimcha sug‘urta qilishga, shu jumladan boshqa sug‘urtalovchida sug‘urta qilishga haqli, ammo barcha sug‘urta shartnomalari bo‘yicha umumiy sug‘urta summasi sug‘urta qiymatidan oshib ketmasligi lozim.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalariga rioya etmaslik, ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.

938-modda. Sug‘urta qiymatidan ortiq miqdorda sug‘urta qilish oqibatlari

Agar sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfining sug‘urta summasi sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lsa, shartnoma sug‘urta summasining sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lgan qismida o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Bu holda sug‘urta mukofotining ortiqcha to‘langan qismi qaytarib berilmaydi.

Agar sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib to‘lansa va ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar aniqlangan paytgacha uning hammasi to‘lanmagan bo‘lsa, qolgan sug‘urta badallari sug‘urta summasi miqdorini kamaytirishga mutanosib tarzda kamaytirilgan miqdorda to‘lanishi lozim.

Agar sug‘urta shartnomasidagi sug‘urta summasini oshirib yuborish sug‘urta qildiruvchi tomonidan aldashning oqibati bo‘lsa, sug‘urtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va o‘ziga yetkazilgan zarar uning sug‘urta qildiruvchidan olgan sug‘urta mukofoti summasidan ortiq miqdorda qoplanishini talab qilishga haqli.

939-modda. Qo‘shaloq sug‘urta

Ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan qoidalar sug‘urta summasi ayni bitta mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini ikki yoki bir necha sug‘urtalovchida sug‘urta qilish (qo‘shaloq sug‘urta) natijasida sug‘urta qiymatidan oshib ketgan taqdirda ham tegishincha suratda qo‘llaniladi.

Mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi qo‘shaloq sug‘urta qilinganda har bir sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini o‘zi tuzgan shartnoma doirasida to‘lashga majbur bo‘ladi, biroq barcha sug‘urtalovchilardan olingan sug‘urta tovonlarining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Bunda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta tovonini istalgan sug‘urtalovchidan u bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan sug‘urta summasi doirasida olishga haqli. Olingan sug‘urta tovoni haqiqiy zararni qoplamagan taqdirda, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) yetishmayotgan summani boshqa sug‘urtalovchidan olishga haqli.

Yetkazilgan zarar boshqa sug‘urtalovchilar tomonidan qoplangani sababli sug‘urta tovonini to‘lashdan to‘liq yoki qisman ozod qilingan sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta to‘lovlarining tegishli qismini qilingan xarajatlarni chegirgan holda qaytarishi shart.

Ushbu modda qoidalari har bir sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs va naf oluvchi oldidagi o‘z sug‘urta majburiyatlarini, boshqa sug‘urtalovchilar majburiyatlarini bajarganligidan qat’i nazar, mustaqil bajaradigan qo‘shaloq shaxsiy sug‘urtada qo‘llanilmaydi.

940-modda. Turli xildagi sug‘urta xavflaridan mulkiy sug‘urta

Mol-mulk va tadbirkorlik xavfi turli xildagi sug‘urta xavflaridan xoh bitta, xoh alohida sug‘urta shartnomalari bo‘yicha, shu jumladan turli sug‘urtalovchilar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha sug‘urta qilinishi mumkin.

Bunday hollarda barcha shartnomalar bo‘yicha umumiy sug‘urta summasi miqdori sug‘urta qiymatidan oshib ketishiga yo‘l qo‘yiladi va tegishli suratda ushbu Kodeksning 939-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

941-modda. Birgalikda sug‘urta qilish

Sug‘urta obyekti bitta shartnoma bo‘yicha bir necha sug‘urtalovchi tomonidan o‘rtada sug‘urtalanishi mumkin (birgalikda sug‘urta qilish). Agar bunday shartnomada sug‘urtalovchilardan har birining huquq va majburiyatlari belgilanmagan bo‘lsa, ular mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta to‘lovini to‘lash uchun sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

Yirik va alohida yirik xavflarni o‘rtada sug‘urta qilish uchun birgalikda sug‘urtalovchilar birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma asosida oddiy shirkatlar (sug‘urta sherikchiligi) tuzishlari mumkin.

Birgalikda sug‘urtalovchilar o‘rtasida tegishli kelishuv bo‘lgan taqdirda, ulardan biri sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning oldida faqat o‘z ulushi uchun javobgar bo‘lib qolgani holda, u bilan o‘zaro munosabatlarda barcha birgalikdagi sug‘urtalovchilar nomidan vakil bo‘lishi mumkin.

942-modda. Sug‘urta mukofoti va sug‘urta badallari

Sug‘urta mukofoti deganda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda sug‘urtalovchiga to‘lashi shart bo‘lgan sug‘urta haqi tushuniladi.

Sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta mukofoti miqdorini belgilashda sug‘urta obyekti va sug‘urta xavfi xususiyati hisobga olingan holda o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan, sug‘urta summasi birligidan undiriladigan mukofotni aniqlaydigan sug‘urta tariflarini qo‘llashga haqli.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda sug‘urta mukofotining miqdori davlat sug‘urta nazorati organlari tomonidan joriy etilgan yoki tartibga solinadigan sug‘urta tariflariga muvofiq belgilanadi.

Agar sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofotini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomada navbatdagi sug‘urta badallarini belgilangan muddatlarda to‘lamaslik oqibatlari ko‘rsatib qo‘yilishi mumkin.

Agar sug‘urta hodisasi to‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan navbatdagi sug‘urta badali to‘lanishidan oldin yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovoni yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta to‘lovi miqdorini sug‘urta mukofotining o‘ziga to‘langan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati o‘tkazib yuborilgan sug‘urta badali summasini hisobga olishga haqli.

943-modda. Sug‘urta shartnomasining haqiqiy emasligi

Sug‘urta shartnomasi quyidagi hollarda o‘z-o‘zidan haqiqiy emas:

shartnoma tuzilayotgan paytda sug‘urta obyekti mavjud bo‘lmasa;

jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan, jinoyat narsasi hisoblanuvchi yoki musodara qilinishi lozim bo‘lgan mol-mulk mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan bo‘lsa;

shartnoma bo‘yicha g‘ayrihuquqiy manfaat sug‘urtalangan bo‘lsa;

sug‘urta shartnomasida sug‘urta hodisasi sifatida yuz berish ehtimolligi va tasodifiylik belgilari bo‘lmagan voqea nazarda tutilgan bo‘lsa.

Sug‘urta shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mol-mulkni sug‘urta qilishda sug‘urta summasi oshmasligi lozim bo‘lgan sug‘urta qiymati mol-mulk uchun qanday aniqlanadi?
  1. Uning sug‘urta shartnomasini tuzish kuni turgan joyidagi haqiqiy qiymati bo‘yicha
  2. Mol-mulk sotib olingan paytdagi dastlabki bahosi va uning hisobdagi qoldiq qiymati bo‘yicha
  3. Sug‘urta hodisasi yuz bergan kundagi o‘rtacha bozor narxi bo‘yicha, hodisa joyida
  4. Sug‘urtalovchi mustaqil belgilagan ichki bahosi va uning shartnomadagi bahosi bo‘yicha

To‘g‘ri javob: Uning sug‘urta shartnomasini tuzish kuni turgan joyidagi haqiqiy qiymati bo‘yicha. 934-moddaning ikkinchi qismi mol-mulk uchun shartnoma tuzilgan kundagi joyidagi haqiqiy qiymatni belgilaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilishda sug‘urta qiymati nimaga teng bo‘lishi mumkin?
  1. Sug‘urta qildiruvchi tadbirkorning butun mol-mulki va ustav kapitalining umumiy qiymatiga teng summaga
  2. Sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchi tadbirkorlik faoliyatidan ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararga
  3. Tadbirkorning oxirgi moliyaviy yilda olgan yillik daromadi va sof foydasi summasiga teng miqdorga
  4. Kontragentlar tadbirkorga shartnomalar bo‘yicha to‘lashi lozim bo‘lgan umumiy summaga teng miqdorga

To‘g‘ri javob: Sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchi tadbirkorlik faoliyatidan ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararga. 934-modda tadbirkorlik xavfi uchun sug‘urta qiymatini mumkin bo‘lgan zarar sifatida belgilaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shaxsiy sug‘urta va fuqaroviy javobgarlikni sug‘urtalash shartnomalarida sug‘urta summasi qanday aniqlanadi?
  1. Faqat sug‘urta qiymatiga teng qilib belgilanadi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno
  2. Davlat sug‘urta nazorati organi aniqlaydi, taraflarning kelishuvi esa e’tiborga olinmaydi
  3. Taraflar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra aniqlaydilar, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno
  4. Sug‘urtalovchi bir tomonlama belgilaydi, sug‘urta qildiruvchi bunga e’tiroz bildira olmaydi

To‘g‘ri javob: Taraflar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra aniqlaydilar, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. 934-moddaning to‘rtinchi qismi shunday qoida belgilaydi.

Do‘kon egasi mol-mulkini sug‘urtalashda shartnomada sug‘urta qiymati sifatida 200 mln so‘m ko‘rsatildi. Keyinchalik sug‘urtalovchi shartnoma tuzilgunga qadar baholash huquqidan foydalanmagan edi va bu qiymat borasida aldanmagan. U qiymatga e’tiroz bildirdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Sug‘urtalovchi qiymatni istalgan vaqtda qayta ko‘rishi mumkin
  2. Qiymatni faqat sud qayta baholay oladi
  3. Sug‘urta qiymati sug‘urta hodisasi yuz berganda avtomatik qayta hisoblanadi
  4. Shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta qiymati ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas

To‘g‘ri javob: Shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta qiymati ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas. 935-moddaning ikkinchi qismi: bila turib chalg‘itilmagan sug‘urtalovchi qiymat ustida keyinchalik nizolasha olmaydi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 936-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sug‘urta shartnomasining haqiqiy emasligi
  2. Sug‘urta summasi
  3. To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta
  4. Sug‘urta shartnomasi shartlarini sug‘urta qoidalarida belgilab qo‘yish

To‘g‘ri javob: To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta. 936-modda: To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta» qaysi moddada belgilangan?
  1. 936-modda
  2. 930-modda
  3. 943-modda
  4. 934-modda

To‘g‘ri javob: 936-modda. 936-modda: To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta.

Mol-mulkning sug‘urta qiymati 100 mln so‘m, shartnomada esa sug‘urta summasi 50 mln so‘m qilib belgilandi. Sug‘urta hodisasida egasi 40 mln so‘m zarar ko‘rdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, sug‘urtalovchi qancha qoplashi shart?
  1. 20 mln so‘m, ya’ni zararni summaning qiymatga nisbatiga mutanosib
  2. 40 mln so‘m, ya’ni ko‘rilgan zararning to‘liq hajmi, nisbatsiz
  3. 50 mln so‘m, ya’ni shartnomadagi sug‘urta summasining to‘liq miqdori
  4. 30 mln so‘m, ya’ni zararning to‘rtdan uch qismiga mutanosib

To‘g‘ri javob: 20 mln so‘m, ya’ni zararni summaning qiymatga nisbatiga mutanosib. 936-modda: zarar sug‘urta summasining sug‘urta qiymatiga nisbatiga mutanosib qoplanadi (40 x 50/100 = 20).

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 937-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Qo‘shimcha mulkiy sug‘urta
  2. Mol-mulkning sug‘urta qiymati
  3. Sug‘urta shartnomasining haqiqiy emasligi
  4. Sug‘urta summasi

To‘g‘ri javob: Qo‘shimcha mulkiy sug‘urta. 937-modda: Qo‘shimcha mulkiy sug‘urta.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSug‘urta (2/5)Keyingi →Sug‘urta (4/5)