XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 976–984-m.

Ommaviy tanlov · Mukofotni oshkora va’da qilish …

Ikkinchi Qism

976-modda. Ommaviy tanlovni tashkil etish

Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul mukofoti to‘lash yoki boshqa mukofot berish to‘g‘risida (mukofot to‘lash to‘g‘risida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaxs tanlovni o‘tkazish shartlariga muvofiq uning g‘olibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni to‘lashi lozim.

Ommaviy tanlov tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo‘li bilan barcha xohlovchilarga qaratilganda ochiq yoki tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni uyushtiruvchining xohishi bo‘yicha muayyan doiradagi shaxslarga yuborilganda yopiq bo‘lishi mumkin.

Tanlovni uyushtiruvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslarni dastlabki saralashdan o‘tkazgan taqdirda, ochiq tanlovda uning ishtirokchilarining dastlabki malakasi haqida shart qo‘yilishi mumkin.

Ommaviy tanlov to‘g‘risidagi e’lon topshiriqning mohiyatini nazarda tutuvchi shartlarni, ishning natijalarini yoki boshqa yutuqlarni baholash mezonlari va tartibini, ularni taqdim etish joyi, muddati va tartibini, mukofotning miqdori va shaklini, shuningdek natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

Tanlov g‘olibi bilan shartnoma tuzish majburiyatini o‘z ichiga olgan ommaviy tanlovga nisbatan ushbu bobning qoidalari, ushbu Kodeksning 379-381-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qo‘llanadi.

977-modda. Ommaviy tanlov shartlarini o‘zgartirish va uni bekor qilish

Ommaviy tanlov e’lon qilgan shaxs ishlarni taqdim etish uchun belgilangan muddatning faqat birinchi yarimi mobaynida uning shartlarini o‘zgartirishga yoki tanlovni bekor qilishga haqli.

Tanlov shartlarini o‘zgartirish yoki uni bekor qilish to‘g‘risida tanlov qanday usulda e’lon qilingan bo‘lsa, shunday usulda xabar berilishi lozim.

Tanlov shartlari o‘zgargan yoki u bekor qilingan taqdirda, tanlov e’lon qilgan shaxs e’londa nazarda tutilgan ishni konkurs shartlarining o‘zgartirilishi yoki uning bekor qilinishi o‘ziga ma’lum bo‘lguncha yoki ma’lum bo‘lishi lozim bo‘lguncha bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to‘lashi lozim.

Agar tanlov shartlarini o‘zgartirishda yoki uni bekor qilishda ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan talablar buzilgan bo‘lsa, tanlovni e’lon qilgan shaxs e’londa ko‘rsatilgan shartlarga javob beradigan ishni bajarganlarga mukofot to‘lashi lozim.

Tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar ko‘rsatilgan ish tanlovdan mustasno tarzda, xususan, tanlov to‘g‘risidagi e’longa qadar bajarilganligini yoxud avval boshdanoq tanlov shartlariga nomuvofiq bo‘lganligini isbotlasa, xarajatlarni to‘lash majburiyatidan ozod qilinadi.

978-modda. Mukofotni to‘lash to‘g‘risidagi qaror

Tanlov g‘olibiga mukofotni to‘lash to‘g‘risidagi qaror tanlov haqidagi e’londa belgilangan tartib va muddatlarda chiqarilishi hamda ommaviy tanlov ishtirokchilariga ma’lum qilinishi lozim.

Agar e’londa ko‘rsatilgan natijalarga ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda bajarilgan ishida erishilgan bo‘lsa, mukofot ular o‘rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanadi. Agar bunday kelishuvga erishilmagan bo‘lsa, mukofotni taqsimlash tartibini sud belgilaydi.

979-modda. Ommaviy tanlovda g‘olib chiqqan fan, adabiyot va san’at asarlaridan foydalanish

Agar ommaviy tanlov narsasi fan, adabiyot yoki san’at asaridan iborat bo‘lsa, tanlovni e’lon qilgan shaxs, basharti tanlov shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartlashilgan mukofotga sazovor bo‘lgan muallif bilan unga tegishli haqni to‘lagan holda, asardan foydalanish to‘g‘risida shartnoma tuzishda imtiyozli huquqni qo‘lga kiritadi.

980-modda. Taqdim etilgan ishlarni ommaviy tanlov ishtirokchilariga qaytarish

Ommaviy tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar tanlov to‘g‘risidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki bajarilgan ishning xususiyatidan kelib chiqmasa, mukofotga sazovor bo‘lmagan ishlarni tanlov ishtirokchilariga qaytarishi shart.

981-modda. Mukofotni to‘lash majburiyati

E’londa ko‘rsatilgan harakatni kim unda belgilangan muddatda bajarsa, o‘shanga pul mukofoti to‘lash yoki boshqa mukofotni berish to‘g‘risida (mukofotni to‘lash to‘g‘risida) oshkora e’lon qilgan shaxs tegishli harakatni sodir etgan har qanday shaxsga va’da qilingan mukofotni to‘lashi shart.

Mukofotni to‘lash majburiyati mukofot va’da qilinishi uning kim tomonidan va’da qilinganini aniqlash imkonini bergan taqdirda yuzaga keladi. Va’daga qiziqish bildirgan shaxs va’dani yozma ravishda tasdiqlashni talab qilishga haqli va, agar haqiqatda mukofot to‘g‘risidagi e’lon unda ko‘rsatilgan shaxs tomonidan qilinmagan bo‘lib chiqsa, bunday talab qo‘yilmaganligi oqibatlari xavfi uning zimmasida bo‘ladi.

Agar mukofotni oshkora va’da qilishda uning miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u mukofotni va’da qilgan shaxs bilan kelishuvga ko‘ra aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.

Mukofotni to‘lash majburiyati, tegishli harakat e’lon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qat’i nazar, yuzaga keladi.

E’londa ko‘rsatilgan harakatni bir necha shaxs sodir etgan hollarda, ulardan tegishli harakatni birinchi bo‘lib sodir etgani mukofotni olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar e’londa ko‘rsatilgan harakat ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan bajarilgan bo‘lsa va ulardan qaysi biri tegishli harakatni birinchi bo‘lib sodir etganini aniqlashning imkoni bo‘lmasa, shuningdek, agar harakat ikki yoki bundan ortiq shaxslar tomonidan bir paytning o‘zida sodir etilgan bo‘lsa, mukofot ular o‘rtasida bab-baravar yoki ularning o‘zaro kelishuvida nazarda tutilgan miqdorda taqsimlanadi.

981-modda. Mukofotni to‘lash majburiyati (davomi)

Agar mukofot to‘g‘risidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki unda ko‘rsatilgan harakat xususiyatidan kelib chiqmasa, bajarilgan harakatning e’londa mavjud bo‘lgan talablarga muvofiqligi mukofotni oshkora va’da qilgan shaxs tomonidan aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.

982-modda. Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish

Mukofot to‘lashni oshkora e’lon qilgan shaxs berilgan va’dadan xuddi shunday tartibda voz kechishga haqli, voz kechishga yo‘l qo‘yilmasligi e’lonning o‘zida nazarda tutilgan yoki undan kelib chiqadigan yoki mukofot va’da qilingan harakatni sodir etish uchun muayyan muddat berilgan yoxud voz kechishni e’lon qilish paytiga kelib bir yoki bir necha qiziqish bildirgan shaxslar e’londa ko‘rsatilgan harakatni bajarib bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish mukofot to‘g‘risida e’lon qilgan shaxsni qiziqish bildirgan shaxsga u e’londa ko‘rsatilgan harakatni bajarishi munosabati bilan qilgan xarajatlarini qoplashdan ozod qilmaydi. Qoplash miqdori barcha hollarda e’londa ko‘rsatilgan mukofotdan ortiqcha bo‘lishi mumkin emas.

983-modda. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablar

Fuqarolar va yuridik shaxslarning qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, shu jumladan garov o‘yinlarini tashkil etish yoki ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablari sudda himoya qilinmaydi, bundan ushbu o‘yinlarda aldov, zo‘ravonlik, tahdid qilish ta’sirida yoxud o‘z vakilining mazkur o‘yinlar tashkilotchisi bilan g‘arazli kelishuvi tufayli ishtirok etgan shaxslarning talablari va ushbu Kodeksning 984-moddasida ko‘rsatilgan munosabatlardan kelib chiqadigan talablar mustasno.

984-modda. Lotereyalar, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni va bukmekerlik garovlarini o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari

Lotereyalarning, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning va bukmekerlik garovlarining (bundan buyon matnda o‘yinlar deb yuritiladi) vakolatli davlat organidan litsenziya olgan tashkilotchilari hamda o‘yinlarning ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi va shartnomaga asoslanadi. O‘yinlarning tashkilotchisi va ishtirokchisi o‘rtasidagi shartnoma chipta, kvitansiya berish orqali yoki o‘yinni tashkil etish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa usulda rasmiylashtiriladi hamda ishtirokchi chipta qiymatini to‘lagan yoki o‘yinga pul tikkan paytdan e’tiboran tuzilgan deb e’tirof etiladi.

Qonun hujjatlari bilan alohida toifadagi shaxslarning o‘yinlarda ishtirok etishi taqiqlanishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish to‘g‘risidagi taklif o‘yinlarni o‘tkazish muddati hamda yutuqni aniqlash tartibi va uning miqdori haqidagi shartlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

O‘yinlarning tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda o‘tkazishni rad etgan taqdirda, o‘yinlarning ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan o‘yinlar qoldirilganligi yoki ularning muddati ko‘chirilganligi tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.

O‘yinlarni o‘tkazish shartlariga muvofiq g‘olib deb e’tirof etiladigan shaxslarga o‘yinlarni o‘tkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shaklda (pulda yoki naturada) va muddatda, agar ushbu shartlarda muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, o‘yinlarning natijalari aniqlangan paytdan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa muddatda o‘yinlar tashkilotchisi tomonidan yutuq to‘lanishi kerak.

984-modda. Lotereyalar, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni va bukmekerlik garovlarini o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)

O‘yinlarning tashkilotchisi ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, o‘yinda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi o‘yinlar tashkilotchisidan yutuqni to‘lashni, shuningdek o‘yinlar tashkilotchisi tomonidan shartnoma buzilganligi tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 976-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ommaviy tanlov shartlarini o‘zgartirish va uni bekor qilish
  2. Shartnomada ishtirok etishdan voz kechgan yoki uni bekor qilishni talab etgan sherikning javobgarligi
  3. Oddiy shirkat shartnomasi bekor bo‘lishining oqibatlari
  4. Ommaviy tanlovni tashkil etish

To‘g‘ri javob: Ommaviy tanlovni tashkil etish. 976-modda: Ommaviy tanlovni tashkil etish.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Ommaviy tanlovni tashkil etish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 977-modda
  2. 976-modda
  3. 971-modda
  4. 974-modda

To‘g‘ri javob: 976-modda. 976-modda: Ommaviy tanlovni tashkil etish.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ommaviy tanlov qachon ochiq tanlov hisoblanadi?
  1. Tanlovda ishtirok etishga taklif matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, barcha xohlovchilarga qaratilganda
  2. Taklif uyushtiruvchining xohishiga ko‘ra muayyan doiradagi shaxslarga alohida yuborilib, ishtirokchilar soni cheklanganda
  3. Tanlovda ishtirok etish uchun yuridik shaxs maqomi talab qilinib, taklif faqat tashkilotchining hamkorlariga yuborilganda
  4. Tanlov faqat dastlabki saralashdan o‘tgan nomzodlar uchun yopiq tarzda o‘tkazilib, natijalar ommaga e’lon qilinmaganda

To‘g‘ri javob: Tanlovda ishtirok etishga taklif matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, barcha xohlovchilarga qaratilganda. 976-moddaning ikkinchi qismi: barcha xohlovchilarga qaratilgan taklif — ochiq, muayyan doiradagi shaxslarga yuborilgani — yopiq tanlov.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ommaviy tanlov to‘g‘risidagi e’lon quyidagilardan qaysi birini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim?
  1. Ishtirokchilarning shaxsiy daromadi va tashkilotchining soliq to‘lovlari haqidagi ma’lumotlarni
  2. Mukofotning miqdori va shaklini, shuningdek natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini
  3. Hakamlarning shaxsiy ma’lumotlari hamda tashkilotchining bank rekvizitlari va soliq to‘lovlari miqdorini
  4. Ishtirokchilarning yoshi hamda yashash joyi bo‘yicha cheklovlar va avvalgi tanlovlardagi natijalarini

To‘g‘ri javob: Mukofotning miqdori va shaklini, shuningdek natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini. 976-moddaning to‘rtinchi qismi e’lonning majburiy mazmunini sanaydi.

Ommaviy tanlov e’lon qilgan shaxs ishlarni taqdim etish uchun belgilangan muddatning qaysi qismida tanlov shartlarini o‘zgartirishi yoki tanlovni bekor qilishi mumkin?
  1. Muddatning istalgan vaqtida
  2. Muddatning oxirgi uchdan bir qismida
  3. Muddatning faqat birinchi yarmi mobaynida
  4. Muddat tugagandan keyin

To‘g‘ri javob: Muddatning faqat birinchi yarmi mobaynida. 977-moddaning birinchi qismi faqat birinchi yarim mobaynida o‘zgartirish yoki bekor qilishga ruxsat beradi.

Tanlov shartlari o‘zgartirildi. Ishtirokchi Dilfuza e’londa nazarda tutilgan ishni o‘zgarish unga ma’lum bo‘lishidan oldin bajarib bo‘lgan edi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, tanlov e’lon qilgan shaxsning Dilfuzaga nisbatan majburiyati qanday?
  1. Dilfuzaga nisbatan majburiyati yo‘q, chunki shartlar o‘zgargan
  2. Faqat mukofotning yarmini to‘laydi, boshqa xarajatlarni esa qoplamaydi
  3. Xarajatlar o‘rniga faqat rag‘batlantiruvchi sovg‘a topshiradi
  4. Ishni bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to‘lashi lozim

To‘g‘ri javob: Ishni bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to‘lashi lozim. 977-moddaning uchinchi qismi o‘zgarish ma’lum bo‘lguncha ishni bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to‘lashni belgilaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, tanlovni e’lon qilgan shaxs ishtirokchining xarajatlarini to‘lash majburiyatidan qanday holatda ozod qilinadi?
  1. Ko‘rsatilgan ish tanlov e’lon qilinishidan oldin bajarilganini yoki boshidanoq shartlarga nomuvofiq bo‘lganini isbotlasa
  2. Ishtirokchi tanlov natijalari e’lon qilingandan keyin sudga murojaat qilmaganini yoki da’vo muddatini o‘tkazib yuborganini isbotlasa
  3. Tanlov o‘tkazuvchi tashkilot tugatilib, uning mol-mulki xarajatlarni qoplashga yetmasligini sudda isbotlasa
  4. Tanlovni bekor qilgani to‘g‘risida matbuotda e’lon bergani va ishtirokchilarga oldindan xabar yuborganini isbotlasa

To‘g‘ri javob: Ko‘rsatilgan ish tanlov e’lon qilinishidan oldin bajarilganini yoki boshidanoq shartlarga nomuvofiq bo‘lganini isbotlasa. 977-moddaning beshinchi qismi shu holda ozod qiladi.

Ikki dizayner birgalikda bajargan ish tanlovda g‘olib bo‘ldi, ular mukofotni qanday taqsimlash haqida kelisha olmadilar. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, taqsimlash tartibini kim belgilaydi?
  1. Tanlov uyushtiruvchisi
  2. Sud
  3. Hakamlar hay’ati raisi
  4. Davlat soliq organi

To‘g‘ri javob: Sud. 978-moddaning ikkinchi qismi kelishuvga erishilmasa taqsimlash tartibini sud belgilashini nazarda tutadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOddiy shirkat (2/2)Keyingi →Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar (1/4)