Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar (1/4)
Ikkinchi Qism
985-modda. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari
G‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Qonunda zararni to‘lash majburiyati zarar yetkazuvchi bo‘lmagan shaxsga yuklatilishi mumkin.
Qonunchilikda yoki shartnomada jabrlanuvchilarga zararni to‘lashdan tashqari tovon to‘lash majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin.
Zarar yetkazgan shaxs, agar zarar o‘z aybi bilan yetkazilmaganini isbotlasa, zararni to‘lashdan ozod qilinadi. Qonunda zarar yetkazgan shaxsning aybi bo‘lmagan taqdirda ham zararni to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
Qonuniy harakatlar tufayli yetkazilgan zarar qonunda nazarda tutilgan hollarda to‘lanishi lozim.
Agar zarar jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan yetkazilgan bo‘lsa, zarar yetkazgan shaxsning harakatlari esa jamiyatning axloqiy tamoyillarini buzmasa, zararni to‘lash rad etilishi mumkin.
986-modda. Zarar yetkazishning oldini olish
Kelgusida zarar yetkazilishi xavfi borligi bunday xavfni yuzaga keltiradigan faoliyatni taqiqlash to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga asos bo‘lishi mumkin.
Agar yetkazilgan zarar zarar yetkazishni davom ettirayotgan korxona, inshootdan foydalanish yoxud boshqa ishlab chiqarish faoliyatining oqibati bo‘lsa, sud javobgarga zararni qoplashdan tashqari tegishli faoliyatni to‘xtatib turish yoki tugatish majburiyatini yuklashga haqli.
Tegishli faoliyatni to‘xtatib turish yoki tugatish jamoatchilik manfaatlariga zid bo‘lgan taqdirdagina, sud bu haqdagi da’voni rad etishi mumkin. Bunday faoliyatni to‘xtatib turishni yoki tugatishni rad etish jabrlanuvchilarni ushbu faoliyat tufayli yetkazilgan zararni undirish huquqidan mahrum etmaydi.
987-modda. Zaruriy mudofaa holatida zarar yetkazganlik
Zaruriy mudofaa holatida yetkazilgan zarar, agar bunda mudofaa chegarasidan chiqilmagan bo‘lsa, to‘lanmaydi.
Agar g‘ayriqonuniy tajovuzdan himoyalanish paytida himoyalanuvchi uchinchi shaxsga zarar yetkazgan bo‘lsa, bu zarar tajovuz qilgan shaxs tomonidan to‘lanishi lozim.
Shaxsga uning jinoiy harakatlarining payini qirqish yoxud uni ushlash va tegishli organlarga olib borish sababli yetkazilgan zarar to‘lanmaydi.
988-modda. Oxirgi zarurat holatida zarar yetkazganlik
Oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, ya’ni zarar yetkazgan shaxsning o‘ziga yoki boshqa shaxslarga tahdid solgan xavfni bartaraf etish uchun oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, agar bu xavf mazkur holatlarda boshqa vositalar bilan bartaraf etilishi mumkin bo‘lmasa, zarar yetkazgan shaxs tomonidan to‘lanishi lozim, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bunday zarar yetkazilgan holatlarni hisobga olib, sud uni to‘lash majburiyatini zararni yetkazgan shaxs uchinchi shaxsning manfaatini ko‘zlab harakat qilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga yuklashi yoxud bu uchinchi shaxsni ham, zarar yetkazgan shaxsni ham zararni to‘lashdan to‘liq yoki qisman ozod qilishi mumkin.
989-modda. Yuridik shaxsning yoki fuqaroning o‘z xodimi tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi
Yuridik shaxs yoxud fuqaro o‘z xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplaydi.
Ushbu bobning qoidalariga muvofiq, mehnat shartnomasi asosida, shuningdek fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida ish bajarayotgan fuqarolar, agar bunda ishlarni bexatar olib borish yuzasidan tegishli yuridik shaxsning yoki fuqaroning topshirig‘i bo‘yicha yoki nazorati ostida harakat qilgan bo‘lsalar yoki harakat qilishlari lozim bo‘lgan bo‘lsa, xodimlar deb e’tirof etiladilar.
Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, ishlab chiqarish kooperativlari o‘z ishtirokchilari (a’zolari) tomonidan ular shirkat va jamiyat yoki kooperativning tadbirkorlik, ishlab chiqarish yoki boshqa faoliyatini amalga oshirish vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydilar.
990-modda. Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonunga xilof qarorlari natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, ular mansabdor shaxslarining aybidan qat’i nazar, sudning qarori asosida qoplanishi lozim.
Davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar sudning qarori asosida qoplanishi lozim.
Zarar ushbu Kodeksning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
991-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Qonunga xilof tarzda hukm etish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat olishni qonunga xilof qo‘llanish, qamoq tariqasidagi ma’muriy jazoni qonunga xilof tarzda berish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaxslari aybidan qat’i nazar, qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan to‘la hajmda to‘lanadi. Sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning boshqa tarzdagi qonunga xilof faoliyati natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, umumiy asoslarda to‘lanadi.
992-modda. Zararning o‘z javobgarligini sug‘urtalagan shaxs tomonidan to‘lanishi
Ixtiyoriy yoki majburiy sug‘urta tartibida jabrlanuvchi foydasiga o‘z javobgarligini sug‘urtalagan yuridik shaxs yoki fuqaro yetkazilgan zararni to‘liq qoplash uchun sug‘urta tovoni (sug‘urta to‘lovi) yetishmagan taqdirda, sug‘urta tovoni (sug‘urta to‘lovi) va zararning haqiqiy miqdori o‘rtasidagi farqni to‘laydi.
993-modda. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, javobgar bo‘ladilar.
Agar vasiylikka muhtoj kichik yoshdagi bola tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga ko‘ra vasiysi hisoblanadigan boshqa shunga o‘xshash muassasada turgan bo‘lsa, bu muassasa, agar zarar muassasaning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni to‘lashi shart.
Agar kichik yoshdagi bola o‘quv yurti, tarbiyalash, davolash muassasasi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart bo‘lgan boshqa muassasaning, shuningdek shartnoma asosida nazoratni amalga oshiruvchi shaxsning nazorati ostida turgan vaqtda zarar yetkazgan bo‘lsa, bu muassasalar va shaxslar, agar zarar ularning nazoratni amalga oshirishdagi aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zarar uchun javobgar bo‘ladilar.
Ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, o‘quv yurtlari, tarbiyalash, davolash muassasalari va boshqa muassasalarning kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati kichik yoshdagi bola voyaga yetishi yoki u zararni to‘lash uchun yetarlicha mol-mulk olishi munosabati bilan bekor bo‘lmaydi.
Agar ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan boshqa shaxslar vafot etgan bo‘lsalar yoki ular zararni to‘lash uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmasalar, to‘liq muomalaga layoqatli bo‘lib qolgan zarar yetkazuvchining o‘zi bunday mablag‘ga ega bo‘lsa, sud taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni to‘liq yoki qisman zarar yetkazuvchining o‘z mol-mulki hisobidan qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
994-modda. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar yetkazilgan zarar uchun umumiy asoslarda mustaqil javobgar bo‘ladilar.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganning zararni qoplash uchun yetarli mol-mulki yoki boshqa daromad manbalari bo‘lmagan taqdirda, zarar to‘lig‘icha yoki uning yetishmagan qismi voyaga yetmaganning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiyi tomonidan, agar ular zarar o‘zlarining aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, to‘lanishi lozim.
Agar homiylikka muhtoj o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga ko‘ra uning homiysi hisoblanuvchi boshqa shunga o‘xshash muassasada turgan bo‘lsa, bu muassasalar, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zararni to‘lig‘icha yoki uning yetishmaydigan qismini to‘lashlari shart.
Zarar yetkazgan voyaga yetganida yoxud u voyaga yetmasidan unda mol-mulk yoki zararni to‘lash uchun yetarli daromad manbalari paydo bo‘lganida yoxud u voyaga yetmasidan muomala layoqatiga ega bo‘lganida ota-ona (farzandlikka oluvchilar), homiy va tegishli muassasaning zararni to‘lash bo‘yicha majburiyati tugaydi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat tufayli yetkazilgan zarar qanday hajmda qoplanishi lozim?
- Boy berilgan foydani ham qo‘shib, to‘liq hajmda
- Faqat haqiqiy zarar, boy berilgan foydasiz
- Zararning yarmi miqdorida
- Faqat sud belgilagan eng kam miqdorda
To‘g‘ri javob: Boy berilgan foydani ham qo‘shib, to‘liq hajmda. 985-moddaning birinchi qismi zararni, shu jumladan boy berilgan foydani, to‘liq hajmda qoplashni belgilaydi.
Haydovchi Aziz yo‘lda to‘satdan paydo bo‘lgan mashinaga urilib ketdi, deb jabrlanuvchi da’vo qildi. Aziz zarar o‘z aybi bilan yetkazilmaganini isbotladi, qonunda esa aybsiz javobgarlik nazarda tutilmagan. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Aziz zararni to‘liq hajmda to‘laydi
- Aziz zararni to‘lashdan ozod qilinadi
- Aziz zararning yarmini to‘lashi shart
- Zararni davlat byudjetidan qoplaydi
To‘g‘ri javob: Aziz zararni to‘lashdan ozod qilinadi. 985-moddaning to‘rtinchi qismi aybi yo‘qligini isbotlagan shaxsni (qonunda boshqacha bo‘lmasa) ozod qiladi.
Jabrlanuvchi Nodir sartaroshdan soch bo‘yash xizmatini so‘radi va zararning yetkazilishiga o‘zi rozilik berdi; sartarosh harakati jamiyatning axloqiy tamoyillarini buzmaydi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, zararni to‘lash masalasi qanday hal bo‘lishi mumkin?
- Zararni to‘lash majburiy hisoblanadi
- Zarar ikki hissa miqdorda to‘lanadi
- Zararni to‘lash rad etilishi mumkin
- Zararni faqat davlat byudjeti qoplaydi
To‘g‘ri javob: Zararni to‘lash rad etilishi mumkin. 985-moddaning oxirgi qismi jabrlanuvchi roziligi bilan yetkazilgan va axloqni buzmagan zarar uchun to‘lashni rad etishga ruxsat beradi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, kelgusida zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi qaysi da’voni qo‘zg‘atishga asos bo‘lishi mumkin?
- Yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi, ya’ni oldingi zararga doir da’voga
- Sug‘urta tovonini undirish va xavfni sug‘urtalash to‘g‘risidagi da’voga
- Tuzilgan shartnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’voga
- Bunday xavfni yuzaga keltiradigan faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi da’voga
To‘g‘ri javob: Bunday xavfni yuzaga keltiradigan faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi da’voga. 986-moddaning birinchi qismi xavf mavjudligini faoliyatni taqiqlash da’vosi uchun asos deb belgilaydi.
Zavod atrofdagi aholiga zarar yetkazishni davom ettirmoqda. Aholi zavod faoliyatini to‘xtatishni talab qildi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, sud bu talabni qanday holatdagina rad etishi mumkin?
- Faoliyatni to‘xtatish yoki tugatish jamoatchilik manfaatlariga zid bo‘lgan taqdirdagina
- Zavod egasi sudga rad etilishi to‘g‘risida iltimos bilan murojaat qilgan har qanday holda
- Yetkazilayotgan zarar miqdori kichik bo‘lib, hisoblab chiqish qiyin bo‘lgan taqdirdagina
- Jabrlanuvchilar soni uchtadan kam bo‘lib, ular zavod yaqinida yashamagan taqdirdagina
To‘g‘ri javob: Faoliyatni to‘xtatish yoki tugatish jamoatchilik manfaatlariga zid bo‘lgan taqdirdagina. 986-moddaning uchinchi qismi shu holdagina rad etishga ruxsat beradi va jabrlanuvchilarning zararni undirish huquqini saqlaydi.
Qorovul Ravshan do‘kon egasiga hujum qilgan o‘g‘rini mudofaa chegarasidan chiqmagan holda yaraladi. O‘g‘ri zararni qoplashni talab qilmoqda. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Ravshan mudofaa chegarasidan chiqmagan bo‘lsa ham zararni to‘liq to‘laydi
- Zaruriy mudofaa chegarasidan chiqilmagani uchun zarar to‘lanmaydi
- Zarar faqat sug‘urta orqali, mudofaa chegarasidan qat’i nazar qoplanadi
- Mudofaa chegarasidan chiqilmagan bo‘lsa-da, zararni davlat to‘laydi
To‘g‘ri javob: Zaruriy mudofaa chegarasidan chiqilmagani uchun zarar to‘lanmaydi. 987-moddaning birinchi qismi mudofaa chegarasidan chiqilmagan bo‘lsa zararni to‘lamaslikni belgilaydi.
Tajovuzdan himoyalanayotgan Sherzod uchinchi shaxsning mol-mulkiga ham zarar yetkazdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, uchinchi shaxsning zararini kim to‘laydi?
- Sherzod o‘zi to‘liq
- Davlat budjeti
- Tajovuz qilgan shaxs
- Hech kim to‘lamaydi
To‘g‘ri javob: Tajovuz qilgan shaxs. 987-moddaning ikkinchi qismi himoyalanish paytida uchinchi shaxsga yetkazilgan zararni tajovuz qilgan shaxsga yuklaydi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar (xavfni boshqa vositalar bilan bartaraf etib bo‘lmasa) kim tomonidan to‘lanishi lozim?
- Faqat davlat byudjeti hisobidan, qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno
- Faqat xavfdan qutulgan shaxs tomonidan, qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno
- Hech kim tomonidan to‘lanmaydi, chunki zarar zarurat holatida yetkazilgan
- Zarar yetkazgan shaxs tomonidan, qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno
To‘g‘ri javob: Zarar yetkazgan shaxs tomonidan, qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. 988-moddaning birinchi qismi shunday qoida beradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash