Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar (3/4)
Ikkinchi Qism
1005-modda. Shartnomalarga oid yoki boshqa majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Shartnoma majburiyatlarini bajarishda, shuningdek harbiy xizmat majburiyatlarini, ichki ishlar organlaridagi xizmatni va boshqa shunga o‘xshash majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki shartnomada javobgarlikning ancha yuqori miqdori nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu bob qoidalariga muvofiq qoplanadi.
1006-modda. Sog‘liqqa shikast yetkazilganligi tufayli ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash hajmi va xususiyati
Fuqaro mayib qilinganda yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qo‘shimcha xarajatlari, shu jumladan davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo‘ydirish, birovning parvarishida bo‘lish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan o‘tish xarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, o‘rni qoplanishi lozim.
Yo‘qotilgan ish haqini (daromadlarni) aniqlashda jabrlanuvchiga mayib bo‘lishi yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetishi sababli tayinlangan nogironlik pensiyasi, xuddi shuningdek sog‘lig‘iga zarar yetkazilmasidan oldingi va undan keyingi boshqa turdagi pensiyalar, nafaqalar va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar e’tiborga olinmaydi va zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab bo‘lmaydi (zararni qoplash hisobiga kiritilmaydi). Zararni qoplash hisobiga, shuningdek jabrlanuvchi sog‘lig‘iga shikast yetkazilganidan keyin oladigan ish haqi (daromadi) ham kiritilmaydi.
Qonunchilik yoki shartnoma bilan ushbu moddaga muvofiq jabrlanuvchiga tegadigan to‘lov hajmi va miqdori ko‘paytirilishi mumkin.
1007-modda. Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash
O‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromad)ning miqdori mayiblanishgacha yoki sog‘liqqa boshqacha shikast yetkazilishigacha yoxud mehnat qobiliyati yo‘qotilgungacha bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi (daromad)ga nisbatan jabrlanuvchining kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotishi darajasiga, kasbi yo‘q bo‘lganda esa — umumiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasiga muvofiq foizlarda aniqlanadi.
Jabrlanuvchining yo‘qotilgan ish haqi (daromadi) tarkibiga ham asosiy ish joyidan, ham o‘rindoshlik bo‘yicha ishlaydigan joyidan mehnat va fuqaroviy-huquqiy shartnomalar bo‘yicha to‘lanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan barcha turdagi mehnat haqi qo‘shiladi. Bir yo‘la to‘lanadigan to‘lovlar (foydalanilmagan ta’til uchun to‘lanadigan pul, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi ishdan bo‘shatish nafaqasi) hisobga olinmaydi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri hamda homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun to‘langan nafaqa hisobga olinadi. Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar, shuningdek mualliflik gonorari yo‘qotilgan ish haqi (daromad) tarkibiga kiritiladi, bunda tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar soliq inspeksiyasining ma’lumotlari asosida kiritiladi.
Ish haqi (daromad)ning barcha turlari soliqlar ushlab qolinmasdan oldin hisoblangan summalarda hisobga olinadi.
O‘rtacha oylik ish haqi (daromad) sog‘liqqa shikast yetkazilishidan oldingi ishlangan o‘n ikki oy ichidagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini o‘n ikkiga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqiladi. Zarar yetkazilgan paytgacha jabrlanuvchi o‘n ikki oydan kam ishlagan hollarda o‘rtacha ish haqi (daromad) sog‘liqqa shikast yetkazilishidan oldingi amalda ishlangan oylardagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini ana shu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqiladi.
1007-modda. Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash (davomi)
Jabrlanuvchi to‘liq ishlamagan oylar uning xohishiga ko‘ra bundan oldingi to‘liq ishlangan oylarga almashtiriladi yoki ularni almashtirish imkoniyati bo‘lmaganda hisobdan chiqarib tashlanadi.
Jabrlanuvchi zarar yetkazilgan paytda ishlamayotgan bo‘lsa, uning xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinishigacha bo‘lgan ish haqi (daromadi) yoxud mazkur joyda uning malakasidagi xodimga to‘lanadigan, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam bo‘lmagan odatdagi haq to‘lash miqdori hisobga olinadi.
Agar jabrlanuvchining ish haqida (daromadlarida) uning mayib qilinishi yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishiga qadar uning mulkiy ahvolini yaxshilovchi barqaror o‘zgarishlar sodir bo‘lgan (egallab turgan lavozimi bo‘yicha ish haqi oshirilgan, yuqoriroq haq to‘lanadigan ishga o‘tkazilgan, kunduzgi o‘quv yurtini bitirganidan keyin ishga kirgan) bo‘lsa va o‘zgarishning barqarorligi yoki jabrlanuvchining ish haqi o‘zgarishi ehtimoli isbotlangan boshqa hollarda, uning o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashda u tegishli o‘zgarishdan keyin olgan yoki olishi lozim bo‘lgan ish haqi (daromad)gina hisobga olinadi.
1008-modda. Voyaga yetmagan shaxsning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganda zararning o‘rnini qoplash
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan va ish haqi (daromad) olmaydigan voyaga yetmagan shaxs mayib bo‘lib qolgan yoki sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetkazilgan taqdirda zarar yetkazilganligi uchun javobgar shaxs sog‘liqqa shikast yetkazilishi tufayli qilingan xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart.
Jabrlanuvchi o‘n to‘rt yoshga to‘lganda, shuningdek o‘n to‘rtdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan ish haqi (daromad) olmaydigan voyaga yetmagan shaxsga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxs jabrlanuvchiga sog‘liqqa shikast yetkazilishi tufayli qilingan xarajatlardan tashqari, shuningdek uning mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi yoki kamayganligi bilan bog‘liq zararni qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasi miqdoridan kelib chiqib, qoplashi shart.
Agar voyaga yetmagan shaxs sog‘lig‘iga shikast yetkazilguniga qadar ish haqi (daromad)ga ega bo‘lgan bo‘lsa, unda zarar ushbu ish haqi (daromad) miqdoridan kelib chiqib, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.
Sog‘lig‘iga ilgari shikast yetkazilgan voyaga yetmagan shaxs mehnat faoliyati boshlanganidan so‘ng zarar uchun to‘lanayotgan haqni u oladigan ish haqi (daromad) yoxud unga lavozimi bo‘yicha belgilangan haq miqdoridan yoki u ishlayotgan joydagi ayni shunday malakadagi xodimning ish haqi (daromadi) miqdoridan kelib chiqib, ko‘paytirishni talab qilishga haqli.
1009-modda. Boquvchisi vafot etganligi natijasida ziyon ko‘rgan shaxslarga zararni to‘lash
Boquvchisi vafot etgan taqdirda quyidagilar zararni undirish huquqiga ega:
marhumning qaramog‘ida turgan yoki u vafot etgan kungacha undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar;
marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandi;
mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, marhumning qaramog‘ida bo‘lgan uning o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan yoxud ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan bo‘lsa ham tibbiyot muassasasining xulosasiga ko‘ra salomatligi bo‘yicha boshqalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan va ishlamaydigan ota-onasidan biri, eri (xotini) yoki oilaning boshqa a’zosi;
marhumning qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafotidan keyin besh yil ichida mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan shaxslar.
Ishlamaydigan va marhumning ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan ota-onasidan biri, er (xotin) yoxud oilaning boshqa a’zosi parvarishlashni amalga oshirish davrida mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan taqdirda, ana shu shaxslarni parvarishlash tugaganidan keyin zararni undirish huquqini saqlab qoladi.
Zarar quyidagilarga to‘lanadi:
voyaga yetmaganlarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar;
o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — o‘quvning kunduzgi shaklida o‘qishni tugatgunga qadar, biroq yigirma uch yoshdan oshmaguncha;
ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod;
1009-modda. Boquvchisi vafot etganligi natijasida ziyon ko‘rgan shaxslarga zararni to‘lash (davomi)
nogironligi bo‘lgan shaxslarga — nogironlik muddatiga;
marhumning qaramog‘ida bo‘lgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini ular o‘n to‘rt yoshga to‘lgunga qadar parvarishlashda band bo‘lgan ota-onasidan biri, eri (xotini) yoxud oilaning boshqa a’zosiga.
1010-modda. Boquvchisi vafot etgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash miqdori
Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga zarar marhumning ushbu Kodeks 1007-moddasi qoidalari bo‘yicha aniqlangan ish haqi (daromadi)ning marhum hayot vaqtida ular o‘z ta’minoti uchun olgan yoki olish huquqiga ega bo‘lgan ulushi miqdorida qoplanadi. Bu shaxslarga zararni qoplashni aniqlashda marhumning daromadlari tarkibiga ish haqi (daromad) bilan bir qatorda u hayot vaqtida olgan pensiya, umrbod ta’minot va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar kiritiladi.
Zararning o‘rnini qoplash miqdorini aniqlashda boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan shaxslarga tayinlangan pensiya, shuningdek boquvchisining vafotidan oldin ham, vafotidan keyin ham tayinlangan boshqa turdagi pensiyalar hamda ish haqi (daromad), stipendiya qoplash hisobiga kiritilmaydi.
Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lganlarning har biriga belgilangan qoplash miqdori keyinchalik qaytadan hisoblab chiqilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:
boquvchining vafotidan keyin farzand tug‘ilishi;
vafot etgan boquvchining bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan shaxslarga haq to‘lashni tayinlash yoki uni to‘xtatish.
Qonunchilikda yoki shartnomada qoplash miqdorini ko‘paytirish nazarda tutilishi mumkin.
1011-modda. Zarar yetkazgan shaxsning merosxo‘rlari tomonidan zararning qoplanishi
Fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni qoplash majburiyati uning vafotidan keyin merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlariga o‘tadi. Merosxo‘rlar jabrlanuvchining oldida o‘zlariga meros bo‘lib o‘tgan mol-mulkning haqiqiy qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar. Vorissiz mol-mulk o‘ziga o‘tgan davlat yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ham ana shunday asoslarda javobgar bo‘ladi.
1012-modda. Zararni qoplash miqdorining o‘zgarishi
Mehnat qobiliyatini qisman yo‘qotgan jabrlanuvchi zararni to‘lash majburiyati yuklangan shaxsdan istalgan vaqtda, agar uning mehnat qobiliyati sog‘lig‘iga yetkazilgan shikast tufayli o‘ziga zararni undirish belgilangan paytda bo‘lganidagiga nisbatan yomonlashsa, qoplash miqdorini tegishlicha ko‘paytirishni talab qilishga haqli.
Jabrlanuvchining sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs, agar jabrlanuvchining mehnat qobiliyati zararni undirish belgilangan paytda bo‘lgandagiga nisbatan oshgan bo‘lsa, qoplash miqdorini tegishlicha kamaytirishni talab qilishga haqli.
Jabrlanuvchi, agar zararning o‘rnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan fuqaroning mulkiy ahvoli yaxshilangan bo‘lsa, qoplash miqdori esa ushbu Kodeks 1004-moddasining beshinchi qismiga muvofiq kamaytirilgan bo‘lsa, zararni to‘lash miqdorini ko‘paytirishni talab qilishga haqli.
Sud zarar yetkazgan fuqaroning talabiga binoan, agar uning mulkiy ahvoli nogironligi yoxud pensiya yoshiga yetganligi sababli zararning o‘rnini qoplash belgilangan paytdagiga nisbatan yomonlashgan bo‘lsa, zararning o‘rnini qoplash miqdorini kamaytirishi mumkin, zarar qasddan yetkazilgan hollar bundan mustasno.
1013-modda. Turmush qiymatining oshib borishi va qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishi munosabati bilan zararni qoplashning ko‘payishi
Qonunchilikda belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdori oshirilganida boy berilgan ish haqi (daromad)ni, jabrlanuvchining sog‘lig‘iga putur yetkazilishi va uning vafoti munosabati bilan belgilangan boshqa to‘lovlarni qoplash summalari qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishiga mutanosib ravishda ko‘paytiriladi.
1014-modda. Zararning o‘rnini qoplash to‘lovlari
Jabrlanuvchining mehnat qobiliyati pasayishi yoki uning vafot etganligi bilan bog‘liq zararni qoplash har oylik to‘lovlar bilan amalga oshiriladi.
Uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda sud zarar yetkazuvchining imkoniyatlarini hisobga olib, undirish huquqiga ega bo‘lgan fuqaroning talabi bilan unga tegishli to‘lovlarni bir yo‘la, lekin uch yildan oshmagan vaqt uchun to‘lashni belgilashi mumkin.
Kelgusi vaqt uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish tibbiy ekspertiza xulosasi asosida aniqlanadigan muddatlarda, shuningdek tegishli xizmatlar va mol-mulk (yo‘llanma sotib olish, yo‘l haqini to‘lash, maxsus transport vositalari haqini to‘lash va hokazo) qiymatini oldindan to‘lash zaruriyati tug‘ilganda amalga oshirilishi mumkin.
Jabrlanuvchi qonunga muvofiq majburiyatning bekor qilinishini yoki muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli bo‘lgan hollarda, bunday talab vaqti-vaqti bilan to‘lab turiladigan tegishli to‘lovlarni kapitallashtirish yo‘li bilan qanoatlantiriladi.
Bilimingizni sinang
Harbiy xizmatchi Jasur harbiy xizmat majburiyatlarini bajarayotganda sog‘lig‘iga shikast yetkazildi. Qonunda ham, shartnomada ham javobgarlikning ancha yuqori miqdori nazarda tutilmagan. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, uning zarari qanday qoplanadi?
- Zarar umuman qoplanmaydi, chunki harbiy xizmat majburiyatlari davlat oldidagi burch hisoblanadi
- Zarar faqat pensiya shaklida, sud qarorisiz va faqat harbiy qism buyrug‘iga ko‘ra to‘lanadi
- Zarar zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar to‘g‘risidagi bob qoidalariga muvofiq qoplanadi
- Zarar qoplash miqdori harbiy qism qo‘mondonining xohishiga ko‘ra belgilanadi, sud ishtirokisiz
To‘g‘ri javob: Zarar zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar to‘g‘risidagi bob qoidalariga muvofiq qoplanadi. 1005-moddaga ko‘ra, yuqori miqdor nazarda tutilmagan bo‘lsa, zarar ushbu bob qoidalariga muvofiq qoplanadi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, jabrlanuvchining davolanish, protez qo‘ydirish, parvarish kabi qo‘shimcha xarajatlari qaysi shartda qoplanadi?
- Jabrlanuvchi shu yordam turlariga muhtoj bo‘lib, ularni bepul olish huquqiga ega bo‘lmasa
- Jabrlanuvchi nogironlik pensiyasi olmayotgan va bu xarajatlarni o‘zi to‘lashga qodir bo‘lmasa
- Jabrlanuvchi ish haqi (daromad) olayotgan va bu yordam turlariga muhtoj bo‘lmasa
- Xarajatlar bazaviy hisoblash miqdoridan oshgan bo‘lsa va ular chek bilan tasdiqlangan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: Jabrlanuvchi shu yordam turlariga muhtoj bo‘lib, ularni bepul olish huquqiga ega bo‘lmasa. 1006-moddaga ko‘ra, xarajatlar yordamga muhtojlik va uni bepul olish huquqi yo‘qligi aniqlansa qoplanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysi biri Fuqarolik kodeksining 1006-moddasiga muvofiq to‘g‘ri?
- Nogironlik pensiyasi tayinlansa, yo‘qotilgan ish haqini qoplash miqdori shunga mos kamaytiriladi
- Jabrlanuvchining shikastdan keyingi ish haqi qoplash hisobiga kiritiladi
- Shartnoma bilan to‘lov hajmini ko‘paytirish mumkin emas
- Tayinlangan nogironlik pensiyasi zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: Tayinlangan nogironlik pensiyasi zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab bo‘lmaydi. 1006-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, nogironlik pensiyasi va boshqa to‘lovlar e’tiborga olinmaydi va qoplash miqdorini kamaytirmaydi.
Sog‘liqqa shikast yetkazilganda jabrlanuvchining o‘rtacha oylik ish haqi shikastdan oldingi qancha davrdagi ish haqining umumiy summasi asosida hisoblanadi?
- yigirma to‘rt oy
- to‘qqiz oy
- olti oy
- o‘n ikki oy
To‘g‘ri javob: o‘n ikki oy. O‘rtacha oylik ish haqi shikastdan oldingi o‘n ikki oydagi umumiy summani o‘n ikkiga bo‘lib hisoblanadi.
Jabrlanuvchi zarar yetkazilgan paytgacha qancha muddatdan kam ishlagan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi amalda ishlangan oylar bo‘yicha hisoblanadi?
- olti oydan
- o‘n ikki oydan
- o‘n sakkiz oydan
- uch oydan
To‘g‘ri javob: o‘n ikki oydan. O‘n ikki oydan kam ishlangan bo‘lsa, ish haqi umumiy summasi amalda ishlangan oylar soniga bo‘linadi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1007-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Zararni qoplash miqdorining o‘zgarishi
- Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash
- Shartnomalarga oid yoki boshqa majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
- Jabrlanuvchining aybini va zarar yetkazgan shaxsning mulkiy holatini hisobga olish
To‘g‘ri javob: Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash. 1007-modda: Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash» qaysi moddada belgilangan?
- 1007-modda
- 1004-modda
- 1005-modda
- 1012-modda
To‘g‘ri javob: 1007-modda. 1007-modda: Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, kasbi bo‘lmagan jabrlanuvchining yo‘qotilgan ish haqi (daromadi) miqdori qaysi daraja bo‘yicha foizlarda aniqlanadi?
- Kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi bo‘yicha
- Umumiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi bo‘yicha
- Nogironlik guruhi bo‘yicha
- Zarar yetkazuvchining mulkiy ahvoli bo‘yicha
To‘g‘ri javob: Umumiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi bo‘yicha. 1007-moddaga ko‘ra, kasbi yo‘q bo‘lganda umumiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasiga muvofiq foizlarda aniqlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash