XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 1031–1040-m.

Umumiy qoidalar

Iv Bo‘Lim. Intellektual Mulk

1031-modda. Intellektual mulk obyektlari

Intellektual mulk obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

fan, adabiyot va san’at asarlari;

ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari;

elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;

ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari;

seleksiya yutuqlari;

oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);

firma nomlari;

tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

geografik ko‘rsatkichlar;

tovarlar chiqarilgan joy nomi;

1032-modda. Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish ularning yaratilganligi tufayli yoxud ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolat berilgan davlat organi tomonidan huquqiy muhofaza berilishi natijasida yuzaga keladi.

Oshkor etilmagan axborotga huquqiy muhofaza berish shartlari qonun bilan belgilanadi.

1033-modda. Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar

Intellektual faoliyat natijalarining mualliflari ana shu natijalarga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga ega bo‘ladilar.

Shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, tegishli bo‘ladi va uning intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mulkiy huquqlari boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda uning o‘zida saqlanib qoladi.

Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar yoki xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (bundan buyon matnda — xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar)ga nisbatan huquq egalariga bu vositalar borasida mulkiy huquqlar tegishli bo‘ladi.

Mualliflik huquqi (intellektual faoliyat natijasining muallifi deb e’tirof etilish huquqi) shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va ijodiy mehnati bilan intellektual faoliyat natijasini yaratgan shaxsgagina tegishli bo‘ladi.

Mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va berilmaydi.

Agar natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ular hammualliflar hisoblanadilar. Intellektual mulkning ayrim obyektlariga nisbatan qonunda asarning to‘laligicha hammualliflari deb hisoblanadigan shaxslar doirasi cheklab qo‘yilishi mumkin.

1034-modda. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar

Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk obyektidan o‘z xohishiga ko‘ra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqi tegishli bo‘ladi.

Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli bo‘lgan intellektual mulk obyektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman o‘tkazishga, intellektual mulk obyektidan boshqa shaxs foydalanishiga ruxsat berishga haqli va, agar bu ushbu Kodeks va boshqa qonunlarning qoidalariga zid bo‘lmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.

Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yo‘li bilan cheklashga, bu huquqlarni haqiqiy emas deb topishga va ularni tugatishga (bekor qilishga) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Mutlaq huquqlarni cheklash bunday cheklash intellektual mulk obyektidan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

1035-modda. Mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi

Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar, agar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquq egasi tomonidan shartnoma bo‘yicha boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin, shuningdek bu mutlaq huquqlar meros bo‘lib va yuridik shaxs — huquq egasi qayta tashkil etilganda huquqiy vorislik tartibida o‘tadi.

Mulkiy huquqlarning shartnoma bo‘yicha o‘tkazilishi yoxud ularning universal huquqiy vorislik tartibida o‘tishi mualliflik huquqining va boshqa begonalashtirilmaydigan hamda o‘zgaga o‘tkazilmaydigan mutlaq huquqlarning o‘tkazilishiga yoki cheklanishiga sabab bo‘lmaydi. Bunday huquqlarning o‘tkazilishi yoki cheklanishi to‘g‘risidagi shartnoma shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Shartnoma bo‘yicha o‘tkaziladigan mutlaq huquqlar unda aniqlab qo‘yilishi lozim. Shartnomada boshqa shaxsga o‘tkaziladigan huquq sifatida ko‘rsatilmagan huquqlar, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Mutlaq huquqni uning amal qilish davrida cheklangan vaqtga boshqa shaxsga berishni nazarda tutuvchi shartnomaga nisbatan litsenziya shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.

1036-modda. Litsenziya shartnomasi

Litsenziya shartnomasi bo‘yicha intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan taraf (litsenziar) boshqa tarafga (litsenziatga) tegishli intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsatnoma beradi.

Litsenziya shartnomasi beriladigan huquqlarni, foydalanish chegaralari va muddatlarini aniqlashi lozim.

Litsenziya shartnomasi pullik hisoblanadi.

Litsenziya shartnomasi litsenziatga quyidagilarni berishni nazarda tutishi mumkin:

intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi va boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqi saqlanib qolgan holda (oddiy nomutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi saqlanib qolgan holda, biroq boshqa shaxslarga litsenziyani berish huquqisiz (mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

qonunda yo‘l qo‘yiladigan boshqa turdagi litsenziyalarni.

Agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, litsenziya oddiy (nomutlaq) deb hisoblanadi.

Litsenziyani oluvchi tomonidan intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnoma sublitsenziya shartnomasi hisoblanadi. Litsenziyani oluvchi faqat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan hollarda sublitsenziya shartnomasi tuzishga haqli.

Qo‘shimcha litsenziatning harakatlari uchun, agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, litsenziar oldida litsenziat javobgar bo‘ladi.

1037-modda. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma

Muallif intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha kelgusida asar, ixtiro yoki boshqa intellektual faoliyat natijasini yaratish va o‘zining ish beruvchisi bo‘lmagan buyurtmachiga bu natijadan foydalanish uchun mutlaq huquqlar berish majburiyatini o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnoma yaratilishi lozim bo‘lgan intellektual faoliyat natijasining xususiyatini, shuningdek undan foydalanish maqsadlari yoxud usullarini belgilashi lozim.

Muallif zimmasiga ushbu muallif kelgusida yaratadigan har qanday intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish uchun mutlaq huquqlarni birorta shaxsga berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaning muallifning kelgusida muayyan turdagi yoxud muayyan sohadagi intellektual faoliyat natijalarini yaratishini cheklaydigan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

1038-modda. Mutlaq huquq va mulk huquqi

Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquq bunday natija yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita ifodalangan moddiy obyektga nisbatan mulk huquqidan qat’i nazar mavjud bo‘ladi.

1039-modda. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilish muddati

Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan muddat mobaynida amal qiladi.

Intellektual mulk obyektlariga nisbatan shaxsiy nomulkiy huquqlar muddatsiz amal qiladi.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilishi undan muayyan vaqt mobaynida foydalanilmasligi oqibatida bekor qilinishi mumkin.

1040-modda. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish usullari

Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullar bilan amalga oshiriladi. Mutlaq huquqlarni himoya qilish shuningdek:

mutlaq huquqlar qaysi moddiy obyektlar yordamida buzilgan bo‘lsa, o‘sha moddiy obyektlarni hamda bunday buzish natijasida yaratilgan moddiy obyektlarni olib qo‘yish orqali;

yo‘l qo‘yilgan buzish haqidagi ma’lumotni majburiy suratda e’lon qilib, unga buzilgan huquq kimga tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali;

qonunda nazarda tutilgan boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin.

Intellektual faoliyat natijalarini va xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalarni yaratish hamda ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma buzilganda majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, oshkor etilmagan axborot (nou-xau) intellektual mulk obyektlarining qaysi guruhiga kiradi?
  1. Intellektual faoliyat natijalariga
  2. Tovarlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga
  3. Firma nomlariga
  4. Geografik ko‘rsatkichlarga

To‘g‘ri javob: Intellektual faoliyat natijalariga. 1031-moddaga ko‘ra, oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau), intellektual faoliyat natijalari jumlasiga kiradi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish qachon yuzaga keladi?
  1. Faqat obyekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandagina yoki muallif yozma ariza berganda yuzaga keladi
  2. Faqat obyekt nashr etilgandan keyin, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa davlat organi ruxsati bilan yuzaga keladi
  3. Faqat muallifning yozma arizasi asosida va uning davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi natijasida yuzaga keladi
  4. Obyekt yaratilganligi tufayli yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat organi muhofaza berishi natijasida

To‘g‘ri javob: Obyekt yaratilganligi tufayli yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat organi muhofaza berishi natijasida. 1032-moddaga ko‘ra, muhofaza yaratilganligi tufayli yoxud vakolatli davlat organi tomonidan berilishi natijasida yuzaga keladi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1033-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilish muddati
  2. Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar
  3. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar
  4. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma

To‘g‘ri javob: Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar. 1033-modda: Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 1037-modda
  2. 1033-modda
  3. 1039-modda
  4. 1034-modda

To‘g‘ri javob: 1033-modda. 1033-modda: Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar.

Yozuvchi Zafar romanini yozib, uning barcha mulkiy huquqlarini shartnoma bo‘yicha nashriyotga o‘tkazdi. Nashriyot endi «asarning muallifi deb e’tirof etilish huquqi ham bizda» deb da’vo qilmoqda. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Muallif deb e’tirof etilish huquqi ham mulkiy huquqlar bilan birga nashriyotga o‘tadi
  2. Shaxsiy nomulkiy huquqlar mulkiy huquqlar o‘tgan taqdirda ham Zafarning o‘zida saqlanib qoladi
  3. Muallif deb e’tirof etilish huquqi Zafar va nashriyot o‘rtasida teng ulushlarda bo‘linadi
  4. Shaxsiy nomulkiy huquqlar faqat nashriyotning roziligi bilan Zafarda saqlanib qoladi

To‘g‘ri javob: Shaxsiy nomulkiy huquqlar mulkiy huquqlar o‘tgan taqdirda ham Zafarning o‘zida saqlanib qoladi. 1033-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, mulkiy huquqlar o‘tganda shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifda saqlanib qoladi.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri Fuqarolik kodeksining 1033-moddasiga muvofiq to‘g‘ri?
  1. Mualliflik huquqi shartnoma bo‘yicha nashriyotga beriladi
  2. Mualliflik huquqi meros bo‘lib o‘tadi
  3. Mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va berilmaydi
  4. Mualliflik huquqi faqat yuridik shaxsga tegishli bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va berilmaydi. 1033-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va berilmaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, hammualliflar kimlar hisoblanadi?
  1. Natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, shu shaxslar
  2. Natijani yaratish uchun mablag‘ ajratgan ikki yoki undan ortiq shaxs, ya’ni moliyalashtirgan shaxslar
  3. Natijani birgalikda nashr etgan ikki yoki undan ortiq shaxs, ularning ijodiy mehnati bo‘lmasa ham
  4. Natijani tahrir qilgan har qanday shaxs, agar u asar matniga o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsa

To‘g‘ri javob: Natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, shu shaxslar. 1033-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, birgalikdagi ijodiy mehnat bilan yaratgan shaxslar hammualliflardir.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1034-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar
  2. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilish muddati
  3. Mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi
  4. Qaytarilishi lozim bo‘lgan mol-mulkka qilingan xarajatlarni to‘lash

To‘g‘ri javob: Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar. 1034-modda: Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAsossiz boylik orttirish oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlarKeyingi →Mualliflik huquqi (1/3)