XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 1041–1049-m.

Mualliflik huquqi (1/3)

Iv Bo‘Lim. Intellektual Mulk

1041-modda. Mualliflik huquqi obyekti

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi:

yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo);

og‘zaki (omma oldida so‘zlash, omma oldida ijro etish va hokazo);

ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo);

tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo);

hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo);

boshqa shakllardagi.

Mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

1042-modda. Mualliflik huquqi obyektlarining turlari

Mualliflik huquqi obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);

dramatik va ssenariy asarlar;

matnli va matnsiz musiqa asarlari;

musiqali-dramatik asarlar;

xoreografiya asarlari va pantomimalar;

audiovizual asarlar;

rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va boshqa tasviriy san’at asarlari;

manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;

arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;

fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;

jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;

barcha turdagi elektron-hisoblash mashinalari (EHM) uchun dasturlar, shu jumladan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;

ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilab qo‘yilgan talablarga javob beruvchi boshqa asarlar.

1043-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar

Ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan:

asarning mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qismlari (shu jumladan uning nomi);

hosila asarlar (tarjimalar, ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar, soddalashtirishlar hamda fan, adabiyot va san’at asarlarining boshqa qayta ishlanmalari);

to‘plamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, ma’lumotlar bazalari) va materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga ko‘ra ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan boshqa jamlama asarlar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanadi.

Hosila va jamlama asarlar, ularning yaratilishi uchun asos bo‘lgan yoki ularning tarkibiga kirgan asarlar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, mualliflik huquqi bilan muhofaza qilinadi.

1044-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydi:

rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;

rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);

xalq ijodiyoti asarlari;

oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;

insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

1045-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga bo‘lgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir.

Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalarini ishlab chiqqan shaxslar, basharti bunday loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlanmagan bo‘lsa, o‘zlari yaratgan loyihalarni e’lon qilishga haqlidirlar. Loyihani e’lon qilishda uni ishlab chiqqan shaxslar o‘z ismlarini ko‘rsatishga haqlidirlar.

Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun loyihadan, basharti loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan e’lon qilingan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.

Loyiha asosida rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilar tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Vakolatli organ loyihani ma’qullaganidan keyin loyihadan uni ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalanish mumkin.

1046-modda. Asar muallifi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi. Mualliflik prezumpsiyasi

Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb e’tirof etiladi.

Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Asarning asl nusxasida yoki nusxasida muallif sifatida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, asar muallifi hisoblanadi.

Asar imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarni chop etgan, asarda ismi yoki nomi ko‘rsatilgan noshir, agar boshqa dalillar bo‘lmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash huquqiga egadir. Bu qoida bunday asar muallifi o‘z shaxsini oshkor etguniga va o‘zining muallif ekanligini ma’lum qilguniga qadar amalda bo‘ladi.

1047-modda. Hammualliflik

Ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.

Basharti asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi.

Hammualliflarning har biri, basharti ularning o‘rtasidagi kelishuvda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir.

Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Basharti hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

1048-modda. Hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Hosila asar muallifiga fan, adabiyot va san’at asarining mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan qayta ishlanmasiga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.

Hosila asar muallifi qayta ishlangan asar muallifi huquqlariga rioya etgan taqdirda, o‘zi yaratgan asarga mualliflik huquqidan foydalanadi.

Hosila asar muallifining mualliflik huquqi qayta ishlashga asos bo‘lgan asarni boshqa shaxslar ham o‘zlari qayta ishlashlariga to‘sqinlik qilmaydi.

1049-modda. Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari

Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb e’tirof etilmaydi. Biroq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega bo‘ladilar.

Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda o‘z ismi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.

Ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir o‘z ismi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir. Bunday nashrlarga kiritilgan asarlarning mualliflari, agar mualliflik shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, umuman nashrdan qat’i nazar, o‘z asarlaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlarini saqlab qoladilar.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1041-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar
  2. Mualliflik huquqi obyekti
  3. Litsenziya shartnomasi
  4. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi obyekti. 1041-modda: Mualliflik huquqi obyekti.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Mualliflik huquqi obyekti» qaysi moddada belgilangan?
  1. 1041-modda
  2. 1043-modda
  3. 1037-modda
  4. 1036-modda

To‘g‘ri javob: 1041-modda. 1041-modda: Mualliflik huquqi obyekti.

Nilufar yangi marketing usuli g‘oyasini o‘ylab topdi va suhbatda aytdi. Boshqa muallif shu g‘oyani o‘z kitobida o‘z so‘zlari bilan bayon qildi. Nilufar mualliflik huquqi buzildi, deb hisoblaydi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Mualliflik huquqi buzilgan, chunki g‘oya birinchi bo‘lib Nilufardan chiqqan va boshqa muallif undan foydalangan
  2. Mualliflik huquqi buzilmagan, chunki u g‘oyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi
  3. Mualliflik huquqi buzilgan, agar boshqa muallifning kitobi nashr etilib, tijoriy daromad keltirgan bo‘lsa
  4. Mualliflik huquqi buzilmagan, chunki g‘oya og‘zaki aytilgan va yozma shaklda ifodalanmagan asar hisoblanmaydi

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi buzilmagan, chunki u g‘oyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi. 1041-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, mualliflik huquqi g‘oyalar, usullarga emas, ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mualliflik huquqi qanday asarlarga tatbiq etiladi?
  1. Faqat oshkor qilingan, ya’ni ommaga e’lon etilgan asarlarga
  2. Faqat nashr etilgan va bosma nusxada tarqatilgan asarlarga
  3. Faqat davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilgan asarlarga
  4. Oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham

To‘g‘ri javob: Oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham. 1041-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, huquq oshkor qilingan va qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1042-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar
  2. Mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi
  3. Mualliflik huquqi obyektlarining turlari
  4. Mualliflik huquqi obyekti

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi obyektlarining turlari. 1042-modda: Mualliflik huquqi obyektlarining turlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Mualliflik huquqi obyektlarining turlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 1042-modda
  2. 1044-modda
  3. 1041-modda
  4. 1035-modda

To‘g‘ri javob: 1042-modda. 1042-modda: Mualliflik huquqi obyektlarining turlari.

Quyidagilardan qaysi biri Fuqarolik kodeksiga ko‘ra mualliflik huquqi obyektlari jumlasiga kiradi?
  1. Operatsiya tizimlari va amaliy dasturlar kabi EHM uchun dasturlar
  2. Qonunlar va qarorlarning rasmiy matnlari hamda ularning loyihalari
  3. Xalq ijodiyoti asarlari va an’anaviy marosim qo‘shiqlari matni
  4. Pul belgilari, davlat ramzlari va rasmiy yozishmalar blankalari

To‘g‘ri javob: Operatsiya tizimlari va amaliy dasturlar kabi EHM uchun dasturlar. 1042-moddaga ko‘ra, barcha turdagi EHM uchun dasturlar mualliflik huquqi obyektlaridir.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1043-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar
  2. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar
  3. Litsenziya shartnomasi
  4. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish usullari

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar. 1043-modda: Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUmumiy qoidalarKeyingi →Mualliflik huquqi (2/3)