Mualliflik huquqi (2/3)
Iv Bo‘Lim. Intellektual Mulk
1050-modda. Mualliflik huquqining himoya belgilari
Alohida mualliflik huquqining egasi o‘z huquqlaridan xabardor etish uchun asarning har bir nusxasida aks ettiriladigan va quyidagi uch unsurdan iborat mualliflik huquqining himoya belgisidan foydalanishi mumkin:
aylana ichiga olingan lotincha “S” harfi;
alohida mualliflik huquqlari egasining ismi (nomi);
asar birinchi marta e’lon qilingan yil.
Mualliflik huquqining himoya belgisida ko‘rsatilgan shaxs, basharti boshqa hol isbotlanmagan bo‘lsa, huquq egasi hisoblanadi.
1051-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari
Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:
asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi (mualliflik huquqi);
asardan muallifning haqiqiy ismi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismiga bo‘lgan huquq);
asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga bo‘lgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi;
asarni, shu jumladan uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).
Muallif asarni oshkor qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilgan qaroridan, asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli ko‘rgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning o‘rnini qoplash sharti bilan, voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Agar asar oshkor qilingan bo‘lsa, muallif uni chaqirib olganligi to‘g‘risida ommaga ma’lum qilishi shart. Bunda u asarning avval tayyorlangan nusxalarini o‘z hisobidan muomaladan olib qo‘yishga haqlidir. Bu qoidalar, agar muallif bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmat asarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
1051-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari (davomi)
Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar, so‘zboshi, xotima, sharhlar yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi.
Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lib, asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda ham uning o‘zida saqlanib qoladi.
Muallifning o‘z shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida biron-bir shaxs bilan kelishuvi va bu haqdagi arizasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
1056-modda. Muallifning mulkiy huquqlari
Muallifga asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.
Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.
Muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:
asarni takrorlash (takrorlash huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);
asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);
tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);
asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);
asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);
1056-modda. Muallifning mulkiy huquqlari (davomi)
asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);
asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);
asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);
asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);
asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).
Muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqiga) ega.
Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga muallifning roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.
Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.
1058-modda. Mualliflik huquqlarining cheklanishi
Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga ushbu Kodeksning 1059—1062-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.
1059-modda. Asarlarni muallifning roziligisiz va haq to‘lanmagan holda shaxsiy maqsadlarda takrorlash
Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lanmagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining qoidalari:
binolar va inshootlar shaklidagi arxitektura asarlarini takrorlashga;
ma’lumotlar bazalarini yoki ularning muhim qismlarini takrorlashga;
qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun dasturlarni takrorlashga;
kitoblarni (to‘laligicha) va notali matnlarni reprografik takrorlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1060-modda. Asarlarni omma oldida erkin ijro etish
Chop etilgan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lanmagan holda omma oldida ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.
1061-modda. Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish
Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlarini ko‘zlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lanmagan holda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
1062-modda. Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi
Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) bo‘lgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari asar muallifida saqlanib qoladi.
Xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish beruvchiga tegishlidir.
Xizmat asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq miqdori va uni to‘lash tartibi muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’i nazar, muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va haq olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.
Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi.
Ish beruvchi xizmat asaridan har qanday tarzda foydalanishda o‘z nomini ko‘rsatishga yoxud uni ko‘rsatishni talab qilishga haqlidir.
Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshiriqlarini bajarish yo‘sinida ushbu Kodeks 1049-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlar, davriy va davomli ilmiy ishlar to‘plamlari, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlarning yaratilishiga ushbu moddaning qoidalari tatbiq etilmaydi.
1063-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi
Ushbu Kodeksga muvofiq mualliflik huquqi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy turar joyiga ega bo‘lgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga;
mualliflarning fuqaroligi va doimiy turar joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi.
Agar asar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga O‘zbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davlatning qonuni bilan aniqlanadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mualliflik huquqining himoya belgisi tarkibiga quyidagi unsurlardan qaysi biri kiradi?
- Asar nomi hamda uning janri va hajmi
- Asar birinchi marta e’lon qilingan yil
- Muallifning tug‘ilgan yili va joyi
- Nashriyotning manzili va telefon raqami
To‘g‘ri javob: Asar birinchi marta e’lon qilingan yil. 1050-moddaga ko‘ra, himoya belgisi aylana ichidagi «S» harfi, huquq egasining ismi (nomi) va birinchi e’lon qilingan yildan iborat.
Kitob nusxasida mualliflik huquqining himoya belgisi sifatida «© Karimov, 2020» ko‘rsatilgan. Sardor esa o‘zini huquq egasi deb da’vo qilmoqda, ammo hech qanday dalil keltirmaydi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Sardor huquq egasi hisoblanadi, chunki u da’vo qilgan va buni hech kim rad etmagan
- Huquq egasi aniqlanmaydi, chunki himoya belgisi huquq egasi haqida ma’no kasb etmaydi
- Huquq egasi nashriyot hisoblanadi, boshqa hol isbotlanmaguncha va belgi nomidan qat’i nazar
- Himoya belgisida ko‘rsatilgan Karimov, boshqa hol isbotlanmaguncha, huquq egasi hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Himoya belgisida ko‘rsatilgan Karimov, boshqa hol isbotlanmaguncha, huquq egasi hisoblanadi. 1050-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, himoya belgisida ko‘rsatilgan shaxs boshqacha isbotlanmasa huquq egasi hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1051-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqi
- Mualliflik huquqi obyektlarining turlari
- Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar
- Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari
To‘g‘ri javob: Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari. 1051-modda: Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari» qaysi moddada belgilangan?
- 1045-modda
- 1042-modda
- 1048-modda
- 1051-modda
To‘g‘ri javob: 1051-modda. 1051-modda: Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari.
Asardan muallifning haqiqiy ismi yoki taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi Fuqarolik kodeksida qanday ataladi?
- Mualliflik ismiga bo‘lgan huquq
- Oshkor qilishga bo‘lgan huquq
- Muallif obro‘sini himoya qilish huquqi
- Haq olish huquqi
To‘g‘ri javob: Mualliflik ismiga bo‘lgan huquq. 1051-moddaga ko‘ra, bu mualliflik ismiga bo‘lgan huquqdir.
Muallif Gulbahor romanini oshkor qilish uchun nashriyot bilan shartnoma tuzdi, keyin esa fikridan qaytdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Gulbahor asarni chaqirib olishga haqli emas, chunki shartnoma tuzilgan, hatto zararni to‘liq qoplash sharti bilan ham
- Gulbahor asarni nashriyotning ko‘rgan zararlarini qoplash shartisiz, hatto boy berilgan foydani ham to‘lamasdan chaqirib olishi mumkin
- Gulbahor asarni chaqirib olishga haqli, nashriyotning ko‘rgan zararlarini, shu jumladan boy berilgan foydasini qoplash sharti bilan
- Gulbahor asarni chaqirib olishga haqli, faqat sudning ruxsati bilan va nashriyotning zararlarini qoplash sharti bilan
To‘g‘ri javob: Gulbahor asarni chaqirib olishga haqli, nashriyotning ko‘rgan zararlarini, shu jumladan boy berilgan foydasini qoplash sharti bilan. 1051-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, muallif asarni chaqirib olish huquqiga ega, bunda zararlar qoplanadi.
Asarni muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan tarzda buzib ko‘rsatilishidan himoya qilish huquqi qanday ataladi?
- Oshkor qilishga bo‘lgan shaxsiy huquq
- Muallif obro‘sini himoya qilish huquqi
- Mualliflik ismiga bo‘lgan shaxsiy huquq
- Takrorlash hamda tarqatish huquqi
To‘g‘ri javob: Muallif obro‘sini himoya qilish huquqi. 1051-moddaga ko‘ra, bu muallif obro‘sini himoya qilish huquqidir.
Muallif o‘z shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida nashriyot bilan kelishuv tuzdi va ariza yozdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bunday kelishuv va ariza qanday hisoblanadi?
- Nashriyot talabi bilan haqiqiy
- Muallif vafotidan keyin haqiqiy
- Sud tasdiqlasa haqiqiy
- O‘z-o‘zidan haqiqiy emas
To‘g‘ri javob: O‘z-o‘zidan haqiqiy emas. 1051-moddaga ko‘ra, shaxsiy nomulkiy huquqlardan voz kechish haqidagi kelishuv va ariza o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash