Mualliflik huquqi (3/3)
Iv Bo‘Lim. Intellektual Mulk
1065-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddati
Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.
Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.
Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.
Mualliflik huquqi, mualliflik ismiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.
Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.
1066-modda. Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi
Asarlarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddatini tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.
Ijtimoiy mulk bo‘lgan asarlardan har qanday shaxs haq to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak.
1067-modda. Mualliflik shartnomasi
Ushbu Kodeks 1056-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yo‘li bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollar bundan mustasno.
Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.
Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.
Mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi.
Mualliflik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mutlaq bo‘lmagan huquqlar hisoblanadi.
Asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq emas.
Moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga bo‘lgan biron-bir mualliflik huquqining o‘z-o‘zidan boshqa shaxsga o‘tkazilishiga sabab bo‘lmaydi.
1068-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari
Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladigan aniq huquqlar);
asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.
Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.
Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan huquqning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.
Boshqa shaxsga o‘tkazilishi mualliflik shartnomasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.
Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi predmeti bo‘lishi mumkin emas.
To‘lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur haqning eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
1068-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari (davomi)
Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko‘p adadi belgilab qo‘yilishi shart.
Mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilgan huquqlar bunday shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin.
Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.
Mualliflik shartnomasining ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar talablariga zid bo‘lgan shartlari haqiqiy emas.
1069-modda. Mualliflik shartnomasining shakli
Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
1070-modda. Mualliflik shartnomasi bo‘yicha javobgarlik
Mualliflik shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni umuman yoki tegishli darajada bajarmagan taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart.
1073-modda. Mualliflik munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish
Mualliflik munosabatlari ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Bilimingizni sinang
Umumiy qoidaga ko‘ra, mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin necha yil amal qiladi?
- yetmish yil
- yuz yil
- oltmish yil
- ellik yil
To‘g‘ri javob: yetmish yil. Mualliflik huquqi muallif hayoti davomida va vafotidan keyin yetmish yil amal qiladi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mualliflik huquqi umumiy qoida bo‘yicha qancha muddat amal qiladi?
- Faqat muallifning hayoti davomida
- Muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida
- Muallifning vafotidan keyin ellik yil davomida
- Muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yigirma yil davomida
To‘g‘ri javob: Muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida. 1065-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, huquq muallifning hayoti va vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.
Aziz va Bahrom hammualliflikda ilmiy kitob yozdi. Aziz 2005-yilda, Bahrom 2015-yilda vafot etdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, kitobga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflar hayotidan keyin qaysi muddat davomida amal qiladi?
- Aziz vafotidan keyin yetmish yil davomida
- Aziz vafotidan keyin ellik yil davomida
- Ikkala hammuallifning vafoti orasidagi o‘rtacha muddatdan keyin yetmish yil davomida
- Bahrom vafotidan keyin yetmish yil davomida
To‘g‘ri javob: Bahrom vafotidan keyin yetmish yil davomida. 1065-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, muddat eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi hammuallif vafotidan keyin yetmish yil.
Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra qancha muddat amal qiladi?
- Asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida
- Asar oshkor qilinganidan keyin yetmish yil davomida
- Asar oshkor qilinganidan keyin yigirma yil davomida
- Muddatsiz
To‘g‘ri javob: Asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida. 1065-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, bunday asarga huquq oshkor qilinganidan keyin ellik yil amal qiladi.
Yozuvchi Sanjar vafot etdi. Uning qo‘lyozmasi vafotidan ikki yil o‘tib, birinchi marta e’lon qilindi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mualliflik huquqi qancha muddat amal qiladi?
- Asar yozilgan kundan boshlab yetmish yil
- Muallif vafotidan keyin ellik yil
- Asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida
- Asar e’lon qilinganidan keyin ellik yil davomida
To‘g‘ri javob: Asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida. 1065-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, vafotdan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga huquq e’lon qilinganidan keyin yetmish yil amal qiladi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, quyidagi huquqlardan qaysilari muddatsiz muhofaza qilinadi?
- Takrorlash huquqi va tarqatish huquqi hamda ularning merosxo‘rlarga o‘tishi
- Mualliflik ismiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi
- Haq olish huquqi va prokatga berish huquqi, ya’ni asar mulkiy huquqlari to‘plami
- Tarjima qilish huquqi va efirga uzatish huquqi, shuningdek ularning merosxo‘rlari
To‘g‘ri javob: Mualliflik ismiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi. 1065-moddaning beshinchi qismiga ko‘ra, mualliflik ismiga bo‘lgan huquq va obro‘ni himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.
Yozuvchining asaridan muallif vafotidan keyin seksen yil o‘tdi va asar ijtimoiy mulkka aylandi. Nashriyot uni merosxo‘rlarga haq to‘lamay nashr etmoqchi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nashr etish mumkin, haq to‘lamasdan, lekin muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak
- Nashr etish mumkin emas, chunki merosxo‘rlarning yozma roziligi hamda muallif obro‘si masalasi hal bo‘lishi kerak
- Nashr etish mumkin, ammo merosxo‘rlarga to‘lanadigan haqning yarmini to‘lash va muallif nomini ko‘rsatish kerak
- Nashr etish taqiqlanadi, chunki asar hali muhofazada bo‘lib, ijtimoiy mulkka aylanmagan hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Nashr etish mumkin, haq to‘lamasdan, lekin muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak. 1066-moddaga ko‘ra, ijtimoiy mulk asarlardan haq to‘lamay erkin foydalanish mumkin, ammo shaxsiy nomulkiy huquqlarga rioya etiladi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1067-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi
- Turdosh huquqlar obyektlari
- Mualliflik shartnomasi
- Asarlarni omma oldida erkin ijro etish
To‘g‘ri javob: Mualliflik shartnomasi. 1067-modda: Mualliflik shartnomasi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash