XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 1074–1079-m.

Turdosh huquqlar

Iv Bo‘Lim. Intellektual Mulk

1074-modda. Turdosh huquqlar obyektlari

Turdosh huquqlar obyektlari jumlasiga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi.

1075-modda. Turdosh huquqlar subyektlari

Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar subyektlaridir.

Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar obyektini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslyatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslyatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga yetkazishga bo‘lgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.

1076-modda. Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari

Fonogrammaga va (yoki) bunday fonogrammaga yozilgan ijroga bo‘lgan mutlaq huquqlar egalari o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin bo‘lib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va (yoki) u saqlanadigan har bir g‘ilofda aks ettiriladi hamda quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “P” harfi;

mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi (nomi);

fonogramma birinchi marta chop etilgan yil.

Nomi yoki ismi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, fonogrammani tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

1077-modda. Ijrochining huquqlari

Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir:

ismiga bo‘lgan huquq;

ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi;

ijrodan har qanday shaklda foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga bo‘lgan huquq.

Ijrochining ijrodan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ijro yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi);

ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki ko‘rsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan bo‘lsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

1077-modda. Ijrochining huquqlari (davomi)

ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan bo‘lsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi).

Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga ijrochining roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1062-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.

1078-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari

Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

fonogrammani barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga bo‘lgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi);

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi).

Fonogrammani tayyorlovchi o‘z fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi.

1078-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari (davomi)

Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Fonogrammalarni tayyorlovchilar o‘z huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.

1079-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotga o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishda ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mutlaq huquqlar tegishlidir.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvining asl nusxasi yoxud nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish (yozib olish huquqi);

kirish pulli joylarda ko‘rsatuv yoki eshittirishni barchaning e’tibori uchun yuborish (kirish pulli joylarda barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni retranslyatsiya qilish (retranslyatsiya huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish (ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali yuborish yoki efirga uzatish huquqi).

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

1079-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari (davomi)

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar o‘z huquqlarini foydalaniladigan asarlarning mualliflari hamda ijrolarning ijrochilari huquqlariga, tegishli hollarda esa fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan daromad olish maqsadida foydalanilganligidan yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ko‘rsatuv yoki eshittirishdan foydalanilgan deb hisoblanadi.

Bilimingizni sinang

Quyidagilardan qaysi biri Fuqarolik kodeksiga ko‘ra turdosh huquqlar obyektlari jumlasiga kiradi?
  1. Adabiy-badiiy asar
  2. Fonogramma
  3. Tovar belgisi
  4. Foydali model

To‘g‘ri javob: Fonogramma. 1074-moddaga ko‘ra, turdosh huquqlar obyektlari — ijrolar, fonogrammalar va efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoki eshittirishlar.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, turdosh huquqlar subyektlari kimlar hisoblanadi?
  1. Mualliflar, hammualliflar va ularning merosxo‘rlari hamda asarlarni nashr etuvchi noshirlar va prodyuserlar
  2. Faqat ijrochilar va ularning birlashmalari, shuningdek, fonogrammalarni tayyorlovchi mualliflik jamiyatlari
  3. Asarlar mualliflari, ijrochilar, noshirlar hamda televideniye yoki radio orqali reklama beruvchi tashkilotlar
  4. Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar

To‘g‘ri javob: Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar. 1075-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, aynan shu uch toifa turdosh huquqlar subyektlaridir.

Xonanda Malika yangi qo‘shiqni ijro etib, studiyada fonogramma yozdirdi, ammo uni hech qayerda ro‘yxatdan o‘tkazmadi. Boshqa shaxs bu yozuvni ruxsatsiz sotmoqda. Malika «ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsam, huquqim himoyalanmaydi», deb o‘ylaydi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki boshqa rasmiyatchilik talab qilinmaydi
  2. Turdosh huquqlar faqat vakolatli organda ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yuzaga keladi va faqat shundan so‘ng himoya qilinadi
  3. Turdosh huquqlar faqat notarial tasdiqlangandan keyin yuzaga keladi va ularni amalga oshirish uchun nusxa topshirilishi shart
  4. Turdosh huquqlar faqat nashr etilgandan keyin besh yil o‘tgach yuzaga keladi, ularni amalga oshirish uchun esa guvohnoma kerak

To‘g‘ri javob: Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki boshqa rasmiyatchilik talab qilinmaydi. 1075-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, turdosh huquqlar ro‘yxatdan o‘tkazishsiz yuzaga keladi va amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, turdosh huquqlarning muhofaza belgisi tarkibiga quyidagi unsurlardan qaysi biri kiradi?
  1. Fonogrammani yozgan ijrochining yoshi
  2. Yozuv studiyasining manzili
  3. Fonogramma birinchi marta chop etilgan yil
  4. Fonogramma nusxasining narxi

To‘g‘ri javob: Fonogramma birinchi marta chop etilgan yil. 1076-moddaga ko‘ra, belgi aylana ichidagi «P» harfi, huquq egasining ismi va fonogramma birinchi marta chop etilgan yildan iborat.

Disk g‘ilofida «Sado Records» nomi odatiy tarzda ko‘rsatilgan. Boshqa kompaniya esa o‘zini fonogramma tayyorlovchisi deb da’vo qilmoqda, biroq buni isbotlamaydi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, fonogrammani tayyorlovchi deb kim e’tirof etiladi?
  1. Da’vo qilgan boshqa kompaniya, g‘ilofdagi nomga qaramay, boshqacha hol isbotlanmaguncha
  2. Nomi g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan «Sado Records», boshqacha hol isbotlanmaguncha
  3. Disk g‘ilofida nomi ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, vakolatli davlat organi belgilagan shaxs
  4. Disk sotib olgan fuqaro, boshqacha hol isbotlanmaguncha, uni tayyorlovchi deb e’tirof etiladi

To‘g‘ri javob: Nomi g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan «Sado Records», boshqacha hol isbotlanmaguncha. 1076-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, nomi odatiy tarzda ko‘rsatilgan shaxs boshqacha isbotlanmaguncha tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1077-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Turdosh huquqlar subyektlari
  2. Ijrochining huquqlari
  3. Patentga bo‘lgan huquqni tasarruf etish
  4. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

To‘g‘ri javob: Ijrochining huquqlari. 1077-modda: Ijrochining huquqlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Ijrochining huquqlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 1079-modda
  2. 1077-modda
  3. 1084-modda
  4. 1075-modda

To‘g‘ri javob: 1077-modda. 1077-modda: Ijrochining huquqlari.

Quyidagi huquqlardan qaysi biri Fuqarolik kodeksiga ko‘ra ijrochining huquqlariga kiradi?
  1. Fonogrammani tarqatish maqsadida import qilish huquqi, ya’ni fonogramma tayyorlovchining mutlaq huquqi
  2. Asarni chaqirib olish huquqi, ya’ni muallifning shaxsiy nomulkiy huquqi sifatida belgilangan huquq
  3. Kirish pulli joylarda ko‘rsatuvni barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi, efir tashkiloti huquqi
  4. Ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazadigan tarzda buzib ko‘rsatilishidan himoya qilish huquqi

To‘g‘ri javob: Ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazadigan tarzda buzib ko‘rsatilishidan himoya qilish huquqi. 1077-moddaga ko‘ra, ijrochi ijroni buzib ko‘rsatilishidan himoya qilish huquqiga ega.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMualliflik huquqi (3/3)Keyingi →Sanoat mulkiga bo‘lgan huquq (ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga bo‘lgan huquq)