XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 1112–1119-m.

Vorislik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

V Bo‘Lim. Vorislik Huquqi

1112-modda. Vorislik asoslari

Vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.

1113-modda. Meros tarkibi

Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:

yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;

hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;

aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;

mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;

mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.

Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.

1114-modda. Umumiy birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulkni meros qilib olish

Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisining o‘limi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi uning ulushini aniqlash va ushbu Kodeksning 226-moddasida belgilangan tartibda umumiy mol-mulkni taqsimlash yoxud undan vafot etgan ishtirokchining ulushini ajratish uchun asos bo‘ladi. Bu holda meros vafot etgan ishtirokchining ulushiga to‘g‘ri keladigan umumiy mol-mulkka nisbatan ochiladi, mol-mulkni natura holida taqsimlashning imkoni bo‘lmaganida esa — bunday ulushning qiymatiga nisbatan ochiladi.

Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi o‘z ulushini vasiyat qilishga haqlidir, bu ulush uning vafotidan keyin ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq aniqlanadi.

1115-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni meros qilib olish

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni meros qilib olish, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, ushbu Kodeks qoidalari bilan tartibga solinadi.

1116-modda. Merosning ochilishi

Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi.

Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.

Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir kalendar sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar.

1117-modda. Merosning ochilish joyi

Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.

1118-modda. Merosxo‘rlar

Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

1119-modda. Noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish

Meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.

Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.

Bolalariga nisbatan ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqlari tiklanmagan ota-onalar ana shu bolalardan qolgan mulkka voris bo‘lish huquqiga ega emaslar, shuningdek meros qoldiruvchiga ta’minlab turish yuzasidan qonunga ko‘ra zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagan ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) va voyaga yetgan bolalar (farzandlikka olinganlar) qonun bo‘yicha vorislik qilish huquqiga ega emaslar.

Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan belgilanadi.

Ushbu modda qoidalari vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

1119-modda. Noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish (davomi)

Ushbu moddaning qoidalari har qanday merosxo‘rlarga, shu jumladan majburiy hissa olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga ham taalluqlidir.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1112-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi
  2. Vorislik asoslari
  3. Merosning ochilishi
  4. Meros tarkibi

To‘g‘ri javob: Vorislik asoslari. 1112-modda: Vorislik asoslari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Vorislik asoslari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 1105-modda
  2. 1116-modda
  3. 1112-modda
  4. 1113-modda

To‘g‘ri javob: 1112-modda. 1112-modda: Vorislik asoslari.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vorislik qanday asoslarda amalga oshiriladi?
  1. Qonun va sud qarori bo‘yicha
  2. Vasiyat va qonun bo‘yicha
  3. Vasiyat va shartnoma bo‘yicha
  4. Qonun va davlat organining ruxsati bo‘yicha

To‘g‘ri javob: Vasiyat va qonun bo‘yicha. 1112-moddaga ko‘ra vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri meros tarkibiga kirmaydi?
  1. Meros qoldiruvchiga tegishli uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi
  2. Meros qoldiruvchining o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan majburiyatlari
  3. Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan mulkiy huquqlar
  4. Aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar

To‘g‘ri javob: Aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar. 1113-moddaga ko‘ra aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kirmaydi.

Fuqaro sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilindi va sud qarorida boshqa muddat ko‘rsatilmagan. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, meros ochilgan vaqt qaysi kun hisoblanadi?
  1. Sud qarori kuchga kiradigan kun
  2. Fuqaro oxirgi marta ko‘ringan kun
  3. Sud qarori chiqarilgan kun
  4. Merosxo‘rlar sudga ariza bergan kun

To‘g‘ri javob: Sud qarori kuchga kiradigan kun. 1116-moddaga ko‘ra boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sud qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt hisoblanadi.

Ota va o‘g‘il avtohalokatga uchradi: ota kechasi soat 23:00 da, o‘g‘il ertasi kuni soat 10:00 da vafot etdi. Ular bir-biridan meros olishga haqli shaxslar edi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday xulosa to‘g‘ri?
  1. Ota o‘g‘ildan meros oladi, chunki u oldin vafot etgan va o‘g‘il vafotida tirik bo‘lgan
  2. O‘g‘il otadan meros oladi, chunki u keyin vafot etgan va ota vafotida tirik bo‘lgan
  3. Ular bir vaqtda vafot etgan hisoblanadi va meros ularning har biridan keyin ochiladi
  4. Ularning merosi davlatga o‘tadi, chunki ular birgalikda halok bo‘lgan va merosxo‘rlar yo‘q

To‘g‘ri javob: Ular bir vaqtda vafot etgan hisoblanadi va meros ularning har biridan keyin ochiladi. 1116-moddaga ko‘ra bir kalendar sutka ichida vafot etganlar bir vaqtda vafot etgan hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, merosning ochilish joyi qaysi?
  1. Meros qoldiruvchi vafot etgan joy yoki uning oxirgi ish joyi turgan manzil
  2. Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy
  3. Ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk esa hisobga olinmaydi
  4. Merosxo‘rlarning ko‘pchiligi yashaydigan joy yoki eng katta merosxo‘rning yashash manzili

To‘g‘ri javob: Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy. 1117-moddaga ko‘ra avvalo ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, u bo‘lmasa ko‘char mulk turgan joy hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1118-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni meros qilib olish
  2. Merosxo‘rlar
  3. Noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish
  4. Merosning ochilishi

To‘g‘ri javob: Merosxo‘rlar. 1118-modda: Merosxo‘rlar.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiFuqarolik muomalasi qatnashchilari, tovarlar, ishlar va xizmatlarni shaxsiylashtirish vositalari (2/2)Keyingi →Vasiyat bo‘yicha vorislik (1/2)