XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ 8-sinf · Davlat va huquq asoslari · 4–5-dars

Davlat

Shaxs, jamiyat va davlat

Faollashtiruvchi savollar

1. Tarix fanidan olgan bilimlaringizga tayanib quyidagi savollarga javob bering:

Savollar: a) Dastlabki davlatlar qachon paydo bo‘lgan edi? b) Davlatning paydo bo‘lishi uchun jamiyatda qanday ehtiyojlar yuzaga kelgan edi?
Savollar: d) Qadimgi davlatlar boshqaruvi qanday edi? Ularni kim boshqargan? Qadimgi Rim va Qadimgi Misr davlatlarining boshqaruvida qanday farqlar bor edi?
Savollar: e) Nima uchun Qadimgi Rimda boshqaruv shakli “respublika” deyiladi va u qancha vaqt davom etgan?
Savollar: f) Qadimgi Turonda qanday davlatlar bo‘lgan va ularni kim boshqargan?
Savollar: 2. Nima sababdan davlat tili, davlat chegarasi, Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi, Davlat madhiyasi, Davlat budjeti kabi birikmalar ishlatiladi?

Faollashtiruvchi savollar

Savollar: 3. Berilgan rasmlarga e’tibor qiling. Rasmlar qaysi davlatlar haqida ma’lumot beradi? Bu davlatlar qaysi davrga taalluqli? Ularning o‘ziga xosligini ayta ola sizmi?

Fikrimizni tasdiqlaymiz

Huquqshunoslik ilmida “davlat” va “jamiyat” tushunchalari mavjud. Ammo bu tushunchalar bir xil ma’noni anglatmaydi. Davlat — jamiyatning shakllangan siyosiy instituti. Jamiyat taraqqiyotining natijasida muayyan davrda vujudga kelgan.

Boshqacha qilib aytganda, jamiyat — davlatning “onasi”. Davlat esa jamiyat “farzandi”, uning mahsuli.

Shunday ekan, jamiyat keng tushuncha bo‘lib, davlat jamiyatning bir siyosiy instituti hisoblanadi. Jamiyat o‘z rivojida qanday bosqichlardan o‘tsa, davlat ham shunga mutanosib tarzda o‘zgarib, takomillashib boraveradi.

Jamiyat dastlab ijtimoiy hokimiyat, ya’ni barcha odamlar tomonidan boshqariladigan tuzilma bo‘lgan.

Fikrimizni tasdiqlaymiz

Odamlar turli qabilalarga birlashib, o‘sha qabilada yuzaga kelgan muhim masalalarni birgalikda hal qilgan. Qabila ishlarini boshqarishda hamma ishtirok etgan.

Bu xalq hokimiyatining ilk sodda ko‘rinishi, ya’ni ibtidoiy demokratiya edi. Ishlab chiqarishning o‘sishi, taraqqiyot natijasida asta-sekin jamiyatda siyosiy munosabatlar paydo bo‘ldi.

Davlat jamiyat rivojining muayyan bosqichida yuzaga kelgan bo‘lib, u o‘zining shakllanishi va rivojlanishida uzoq va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan.

Dastlabki bosqichda davlat boshqaruvi, eng avvalo, majburlash usuliga asoslangan. Davlatning asosiy belgilari — bu aholining hududiy asosga ko‘ra birlashganligi, maxsus boshqaruv apparatining, huquq tizimining mavjudligi, soliq tizimiga egaligi va suverenitetidir. Agar biz davlatni qiyosiy tarzda murakkab inshootga o‘xshatsak, yuqorida sanab o‘tilgan belgilar davlatning ustunlari rolini bajaradi.

Fikrimizni tasdiqlaymiz

Aholi va hudud

Davlat apparati

Huquq tizimi

Davlat suvereniteti

Soliq tizimi

Yodda tuting

Davlat — bu muayyan hududda ommaviy hokimiyatni amalga oshiradigan, umummajburiy normalar o‘rnatadigan va suverenitetga ega bo‘lgan, o‘z fuqarolari, shuningdek, hududda istiqomat qiluvchi barcha insonlarning manfaatlarini himoya qiladigan, boshqa davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni amalga oshiradigan mustaqil siyosiy tashkilot.

Brainring daqiqa

Savollar: 1. Davlatning ibtidoiy urug‘chilik jamiyatidan ajralib turadigan belgilari nimalardan iborat?
Savollar: 2. Davlat paydo bo‘lgan jamiyatda odamlarning holati qanday bo‘ladi? 3. Davlat o‘z vazifalarini qaysi mablag‘lar hisobidan amalga oshiradi? Bu mablag‘lar qanday shakllantiriladi?
Savollar: 4. Davlat o‘zining vazifalarini nimaga tayanib amalga oshiradi? 5. Siz kundalik hayotingizda davlatning ta’sirini nimalarda sezasiz? Umuman, davlatsiz hayot qanday kechishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘ring. Bu holda siz qanday burch va mas’uliyatlardan xoli bo‘lar edingiz yoki qanday muammolarga duch kelar edingiz?
Savollar: 6. “Davlat” bilan “jamiyat” bir xil tushunchalarmi yoki farqlimi? Bu tushunchalardan qaysi biri kengroq deb o‘ylaysiz? Nima uchun “Bizning davlatimiz” degan birikmani ishlatamiz?

Qonun belgilaydi

Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

Xulosa qiling

Demak, davlatning asosiy maqsadi jamiyatga xizmat qilish, jamiyat a’zolarining huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi.

Nizomulmulk SIYOSATNOMA

Eshitdimki, shohlardan birining qulog‘i og‘ir ekan. U: “Tilmoch lik qiladiganlar mazlumlar so‘zini menga to‘g‘ri yetkazmaydi va ularning holini bilmay, ishlariga muvofiq kelmaydigan biron buyruq berib qo‘yishim mumkin”, — deb o‘ylab qoladi. Ana shunda u: “Zulm ko‘rgan kishilar qizil kiyim kiysin, boshqa hech kim bunday rangdagi kiyim kiymasin, toki men ularni tanib olay”, — deb buyruq beribdi. Bu shoh bir filga o‘tirib, sahroda yurganida to‘xtab, qizil kiyganlarni oldiga chaqirtirib olarkan. Ular ham baland ovozda o‘z ahvollarini aytib berarkanlar va podshoh ularga javob qaytararkan. O‘sha zamonda bunday ehtiyotkorlik shoh uchun biror-bir narsa qorong‘i qolmasligi uchun qilinarkan.

Hamkorlikda bajaramiz

Quyidagi jadvalni daftaringizga chizing va to‘ldiring.

№ Jamiyatning o‘ziga xos xususiyatlari

Davlatning o‘ziga xos xususiyatlari

1.

2.

3.

4.

5.

6.

Fikrimizni tasdiqlaymiz

“Ijtimoiy davlat” tushunchasi “inson qadri” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu g‘oyaning tub negizida, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholiga xizmat qilishdek oliyjanob maqsad mujassam.

Ijtimoiy davlat — har bir inson uchun farovon turmush darajasi, sifatli ta’lim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyli bo‘lish sharoiti mavjud bo‘lgan, ijtimoiy tafovutlarni yumshatishga qaratilgan davlat modelidir.

Qonun belgilaydi

O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.

Izlanishda davom eting

1. Doirachalar ichida berilgan rasmlarni nomlang. Ularni “Ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan asoslab bering.

Savollar: 2. Rasmlarda aks etgan jarayonlar qanday huquq va erkinliklarni namoyon etadi? 3. Mazkur huquqlarni amalga oshirishda davlatning va sizning qanday rolingiz bor? Fikringizni izohlab bering.
Savollar: 4. “Ijtimoiy davlat” tushunchasini ifodalash uchun yana qanday misollar keltira olasiz?

Bilimingizni sinang

Huquqshunoslik ilmida davlat jamiyatning nimasi hisoblanadi?
  1. Jamiyatning ibtidoiy boshqaruv shakli
  2. Jamiyatning xususiy mulkchilik asosidagi uyushmasi
  3. Jamiyatning shakllangan siyosiy instituti
  4. Jamiyatning barcha a’zolarini o‘z ichiga oluvchi eng keng tuzilmasi

To‘g‘ri javob: Jamiyatning shakllangan siyosiy instituti. Davlat — jamiyatning shakllangan siyosiy instituti bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti natijasida muayyan davrda vujudga kelgan.

«Davlat» va «jamiyat» tushunchalarining nisbati haqidagi qaysi hukm to‘g‘ri?
  1. Jamiyat keng tushuncha bo‘lib, davlat jamiyatning bir siyosiy instituti hisoblanadi
  2. Davlat keng tushuncha bo‘lib, jamiyat davlatning bir ijtimoiy instituti hisoblanadi
  3. Ikkala tushuncha bir xil ma’noni anglatadi va bir-birining o‘rnida to‘liq qo‘llanadi
  4. Davlat jamiyatdan oldin paydo bo‘lgan va undan mustaqil ravishda mavjud bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Jamiyat keng tushuncha bo‘lib, davlat jamiyatning bir siyosiy instituti hisoblanadi. 8-sinf darsligiga (15-bet) ko‘ra: «Davlat — jamiyatning shakllangan siyosiy instituti». Jamiyat keng tushuncha, davlat esa uning bir siyosiy instituti; jamiyat davlatdan oldin paydo bo‘lgan.

Davlat va jamiyat munosabati ramziy ma’noda qanday ifodalanadi?
  1. Davlat — jamiyatning «onasi», jamiyat esa davlatning «farzandi»
  2. Jamiyat va davlat — bir-birining «ikki qanoti»
  3. Davlat — jamiyatning «soyasi», jamiyat esa uning «ildizi»
  4. Jamiyat — davlatning «onasi», davlat esa jamiyatning «farzandi»

To‘g‘ri javob: Jamiyat — davlatning «onasi», davlat esa jamiyatning «farzandi». Jamiyat — davlatning «onasi», davlat esa jamiyat «farzandi», uning mahsuli.

Jamiyat dastlab qanday boshqarilgan tuzilma bo‘lgan?
  1. Maxsus boshqaruv apparati orqali boshqariladigan ijtimoiy tuzilma
  2. Barcha odamlar tomonidan boshqariladigan ijtimoiy hokimiyat tuzilmasi
  3. Faqat bitta yo‘lboshchi yakka hukmronlik qilgan ijtimoiy tuzilma
  4. Soliq tizimiga asoslangan, majburlov apparatiga ega davlat tuzilmasi

To‘g‘ri javob: Barcha odamlar tomonidan boshqariladigan ijtimoiy hokimiyat tuzilmasi. Jamiyat dastlab ijtimoiy hokimiyat, ya’ni barcha odamlar tomonidan boshqariladigan tuzilma bo‘lgan.

Davlat boshqaruvi dastlabki bosqichda, eng avvalo, qaysi usulga asoslangan?
  1. Ixtiyoriy kelishuv usuliga
  2. Majburlash usuliga
  3. Umumxalq saylovi usuliga
  4. Xalqaro shartnomalar usuliga

To‘g‘ri javob: Majburlash usuliga. Dastlabki bosqichda davlat boshqaruvi, eng avvalo, majburlash usuliga asoslangan.

Quyidagilardan qaysi biri davlatning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi?
  1. Urug‘chilik rishtalariga ko‘ra birlashish
  2. Ommaviy hokimiyatning mavjud emasligi
  3. Suverenitetdan voz kechish
  4. Soliq tizimiga egalik

To‘g‘ri javob: Soliq tizimiga egalik. Davlatning belgilari: aholining hududiy asosda birlashganligi, boshqaruv apparati, huquq tizimi, soliq tizimi va suverenitet.

Qadimiy qabilada muhim masalalarni hal qilishda qabilaning barcha a’zolari ishtirok etgan. Bu holat tarixda qanday nomlanadi?
  1. Xalq hokimiyatining ilk sodda ko‘rinishi — ibtidoiy demokratiya
  2. Majburlashga asoslangan maxsus apparat orqali davlat boshqaruvi
  3. Soliq tizimiga asoslangan huquqiy davlat boshqaruvining ilk ko‘rinishi
  4. Monarxiya shaklidagi ilk sodda boshqaruv — yakka hokimlik

To‘g‘ri javob: Xalq hokimiyatining ilk sodda ko‘rinishi — ibtidoiy demokratiya. Qabila ishlarini boshqarishda hamma ishtirok etgan, bu xalq hokimiyatining ilk sodda ko‘rinishi — ibtidoiy demokratiya edi.

Davlat ta’rifiga ko‘ra, u qanday siyosiy tashkilot?
  1. Umummajburiy normalar o‘rnatadigan va suverenitetga ega bo‘lgan mustaqil siyosiy tashkilot
  2. Faqat o‘z fuqarolari manfaatini himoya qiladigan, boshqa davlatlar bilan aloqa qilmaydigan tashkilot
  3. Foyda olishni asosiy maqsad qilgan notijorat tashkilot
  4. Hududga bog‘lanmagan, a’zolari ixtiyoriy uyushgan jamoat birlashmasi

To‘g‘ri javob: Umummajburiy normalar o‘rnatadigan va suverenitetga ega bo‘lgan mustaqil siyosiy tashkilot. Davlat — ommaviy hokimiyatni amalga oshiradigan, umummajburiy normalar o‘rnatadigan, suverenitetga ega mustaqil siyosiy tashkilot.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiJamiyatKeyingi →Davlat funksiyasi