Huquqbuzarlik
Huquqbuzarlik va yuridik javobgarlik
Jazolashga qodir bo‘lmagan hakam oxir-oqibatda jinoyatga sherik bo‘ladi.
Faollashtiruvchi savollar
1. Quyida berilgan vaziyatlarni diqqat bilan o‘qing va ularga o‘z munosabatingizni bildiring.
A. Ikromov avtomobilni boshqarib borayotib tezlikni oshirib yubordi va baxtsiz hodisa sodir bo‘lmaydi, deb umid qildi, chunki u tajribali haydovchi. Biroq u piyodalar yo‘lagida to‘xtashga ulgurmay qoldi va piyodani urib yubordi. Voqea guvohlari yo‘qligidan foydalanib jinoyat sodir etilgan joyni tark etdi, ammo tez orada hibsga olindi. Piyoda olgan jarohatlari tufayli vafot etdi.
Faollashtiruvchi savollar
B. Ikki do‘st urishib qoldi. Janjallashish jarayonida ulardan biri o‘ta g‘azablangan holda belkurakni olib, chetga uloqtirdi. O‘sha paytda qo‘shni ayol o‘tib ketayotgan edi. Belkurak uning qo‘liga tasodifan zarb bilan tegdi. Qo‘lni sindirish shaklidagi jismoniy shikastlanish sodir bo‘ldi.
D. Yuk tushiruvchi Alijonov yuklarni omborga tashish paytida sinishi mumkin bo‘lgan narsalari bor qutini tasodifan tushirib yubordi. Lekin qutining ustiga bu haqdagi ogohlantiruvchi belgi qo‘yilmagan edi.
E. Tadbirkor Azimov Oltiariq tuman hokimining tegishli qarori bilan ijaraga berilgan yer maydonida dala hovli binosining qurilish ishlarini ruxsatsiz olib bordi. Natijada atrofda istiqomat qiluvchilarda norozilik kayfiyati yuzaga keldi. Chunki qurilish ishlari davomida atrof tabiiy muhitga katta miqdorda chang-to‘zon ko‘tarildi, shovqin-suron kelib chiqdi.
Fikrimizni tasdiqlaymiz
Davlat paydo bo‘lgan jamiyatda insonlar davlat tomonidan o‘rnatilgan ma’lum huquqiy qoidalarga amal qilib yashashlari majburiy etib belgilangan. Huquqiy qoidalarga amal qilmaslik esa huquqiy normalarning buzilishiga va natijada ma’lum bir javobgarlikka asos bo‘lgan. Tarixning qaysi davri bo‘lmasin, huquqiy normalarning buzilishi “huquqbuzarlik” deb ataladi.
Brainring daqiqa
Huquqbuzarlik — o‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan shaxsning huquqqa zid xatti-harakatidan kelib chiquvchi qilmishdir.
Yodda tuting
Huquqbuzarlik — ijtimoiy xavfli qilmish.
IJTIMOIY XAVFLILIK AYBLILIK
Ijtimoiy hayot ishtirokchilari
bo‘lgan turli shaxslar, jamiyat, davlatning qonuniy
huquq va manfaatlariga huquqbuzarlik oqibatida
zarar yetkazish tushuniladi.
Ijtimoiy xavfli qilmishni qasddan yoki ehtiyotsizlikdan
sodir etishni anglatadi.
Huquqbuzarning
qonun normalari belgilab qo‘ygan majburiy talablarni
buzishi.
Huquqbuzarlik sodir etgan
shaxsning vakolatli davlat organi tomonidan
javobgarlikka tortilishini anglatadi.
Hamkorlikda bajaramiz
1. 15 yoshli Gulnoza sinfdoshi Noilaning mobil telefonini uyga qo‘ng‘iroq qilish uchun so‘rab turdi. Lekin Noilaning telefonidagi barcha rasmlarni o‘z telefoniga o‘tkazib oldi. Rasmlarni fotoshop dasturi orqali o‘zgartirib, o‘zining instagram sahifasiga joylashtirdi.
2. 8-sinf o‘quvchilari Hamdam, Xurshid, Javohir va Baxtiyor bolalikdan birga o‘s gan do‘stlar. Bir kuni ular Baxtiyorning otasiga tegishli “Mercedes-Benz” rusumli avtomobilni haydab ko‘rmoqchi bo‘ldilar. Katta ko‘chaga chiqqanda boshqaruvni yo‘qotib, simyog‘ochga urib oldilar.
Hamkorlikda bajaramiz
3. Uyiga qaytayotganida avtobusga chiqqan Nosir pulini qayerdadir tushirib qo‘yganini bilib qoldi. Shu sababli avtobus chiptasiga pul to‘lamay, orqa eshikdan hech kimga sezdirmasdan qochib ketdi.
4. Zamira ismli 8-sinf o‘quvchisini ustozi fizika darsini tayyorlamagani uchun qattiq koyib berdi. Ustozidan xafa bo‘lgan Zamira dars tugashini kutdi. Hamma maktabdan ketganidan so‘ng sinf xonasining eshigiga haqoratli so‘zlarni mix bilan o‘yib yozib qo‘ydi.
Fikrimizni tasdiqlaymiz
Ijtimoiy xavflilik shundan iboratki, bunda huquqbuzar jamiyat qadriyatlarini toptay di, inson hayotiga suiqasd qiladi, davlat va insonlarga zarar keltiradi, ularning mol-mulki nobud bo‘lishiga olib keladi hamda noxush hodisalar keltirib chiqarib, jamiyat a’zolari manfaatiga zid ishni amalga oshiradi. O‘z oilasi, ota-onasi, jamoasi, yor-u birodarlarini qiyin, uyatli ahvolga solib qo‘yadi. Eng yomoni — u o‘z kelajagini barbod qiladi.
Huquqqa zidlik — huquqbuzarning qonun yoki huquq normalari belgilab qo‘ygan majburiy talablarni buzishi.
Ayblilik yuqorida ta’kidlanganidek, o‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan insonning huquqqa zid, qonun talablariga qarshi xatti-harakatidan kelib chiquvchi aybidir. Ayb qasd yoki ehtiyotsizlik oqibatida kelib chiqadi. Inson dunyoga kelar ekan, uning oldida doimo ikki yo‘l turadi. Birinchisi — huquqiy normalarga, qonun talablariga vijdonan bo‘ysungan holda o‘z kelajagini yaratish, jamiyat uchun, o‘z xalqi uchun ijtimoiy foyda keltirish. Ikkinchi yo‘l esa hayoti davomida huquqqa xilof, huquqiy norma va qonun talablarini mensimasdan, ularga bo‘ysunmasdan yashash, aybli harakat qilish, jamiyatga zarar yetkazish.
Fikrimizni tasdiqlaymiz
Jazoga loyiqlik — bu har qanday huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning vakolatli davlat organi tomonidan javobgarlikka tortilishi, jazo esa huquqbuzarlik sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan, huquqbuzarni muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilishdan iborat majburlov chorasidir.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, jamiyat uchun xavfli bo‘lgan har qanday qilmish huquqbuzarlik deyiladi.
Huquqbuzarlik turlari
Intizomiy huquqbuzarlik — xizmat burchini bajarib turganda har qanday mehnatda majburiy bo‘lgan mehnat tartib-qoidalarining va rahbarlikka bo‘ysunish tamoyillarining buzilishi. Masalan, ishga, o‘qishga kech qolish; ishga yoki o‘qishga sababsiz kelmaslik yoki sababsiz ketib qolish; ishga spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holda kelish va boshqalar.
Fuqaroviy huquqbuzarlik — insonlarning mulkiga yoki shaxsiga qarshi qonunga xilof harakat (yoki harakatsizlik) natijasida yetkazilgan zarar. Masalan, bir shaxsdan qarz olib, uni vaqtida qaytarmaslik; shartnomalarni, majburiyatlarni bajarmaslik va boshqalar.
Jinoiy huquqbuzarlik — Jinoyat kodeksi bilan taqiqlangan, aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) jazo qo‘llash tahdidi bilan jinoyat deb topiladi.
Huquqbuzarlik turlari
Ma’muriy huquqbuzarlik deganda qonun hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik, basharti bu huquqbuzarlik o‘z xususiyatiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Qonun belgilaydi
Hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.
Hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emas.
Brainring daqiqa
Huquqbuzarlik subyekti — bu huquqqa zid aybli qilmishni sodir etgan shaxs, ya’ni huquqbuzardir. Har qanday shaxs ham huquqbuzarlik subyekti hisoblanmaydi, faqat o‘z qilmishiga javob bera oladigan, aqli raso shaxsgina shunday subyekt sifatida tan olinadi.
Huquqbuzarlik obyekti — bu huquq bilan tartibga solinadigan va muhofaza qilinadigan ijtimoiy munosabatlardir.
Ijtimoiy xavfli qilmish oqibatida boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga zarar yetishi mumkin. Bunda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari huquqbuzarlikning obyekti hisoblanadi.
Yodda tuting
Aqli rasolik — odamning ruhiy jihatdan sog‘lom holati hisoblanadi. Huquqbuzarlik sodir etish vaqtida o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va ularni boshqara olgan shaxs aqli raso shaxsdir.
Brainring daqiqa
Huquqbuzarlikning subyektiv tomoni shaxsning sodir etilgan qilmishiga nisbatan ruhiy munosabati hisoblanadi. Ya’ni u huquqbuzarning ichki kechinmalari, maqsadi va turli boshqa sabablarni o‘z ichiga olishi mumkin. Huquqbuzarlik subyektiv tomonining zaruriy belgisi — aybdir.
A yb — huquqbuzarning huquqqa xilof xatti-harakatiga va uning ijtimoiy xavfli oqibatiga nisbatan qasd yoki ehtiyotsizlik ko‘rinishidagi munosabati. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxs qonuniy tartibda aybi sudda oshkora ko‘rib chiqilib, aniqlanmaganiga qadar aybdor emas deb hisoblanadi.
Hamkorlikda bajaramiz
Berilgan vaziyatda huquqbuzarlikning subyektiv tomonini toping. 18 yoshli Maftuna Lazizni ko‘pchilikning oldida haqorat qilgani uchun Laziz uning bir o‘zi qolishini kutib turdi va tan jarohati yetkazdi.
Brainring daqiqa
Qasd — shaxsning huquqqa xilof xatti-harakatni sodir qilayotganida bu harakat (harakatsizlik)ning huquqqa xilofligini, ijtimoiy xavfliligini, uning oqibatini anglashi yoki tushunishi, yoki bu munosabatning ma’lum oqibatni keltirib chiqarishiga ongli ravishda yo‘l qo‘yishi tushuniladi. Huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday qilmishni sodir etishni istagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi.
Milliy qonunchilikka ko‘ra, qasdning ikki turi mavjud bo‘lib, ular to‘g‘ri qasd va egri qasddir.
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishini istagan bo‘lsa, bunday huquqbuzarlik to‘g‘ri qasddan sodir etilgan deb topiladi. Bunda shaxs huquqbuzarlikni ichki xohishidan kelib chiqib, ongli ravishda bajaradi.
Brainring daqiqa
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bunday huquqbuzarlik egri qasddan sodir etilgan deb topiladi. Ya’ni shaxs huquqbuzarlik sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yib beradi.
Hamkorlikda bajaramiz
Ushbu vaziyatlardagi ayb shakllarini ko‘rsating. 1. Mohina ismli 8-sinf o‘quvchisi sinfda hech kim yo‘qligidan foydalanib o‘qituvchining sumkasidagi pulni va qo‘l telefonini oldi.
2. 18 yoshli Sindor qo‘shnisining tovuqlaridan bezor bo‘lib, tovuqlarni yo‘q qilish uchun ular suv ichadigan idishga kimyoviy modda solib qo‘ydi. Biroq qo‘shnining yosh bolalari shu suvdan ichayotganligini ko‘rib ham ularni ogohlantirmadi. Oqibatda qo‘shni bolalarning hazm qilish organlarida kuchli shikastlanish vujudga keldi.
Brainring daqiqa
Huquqbuzarliklar ba’zan ehtiyotsizlik oqibatida ham sodir etilishi mumkin. O‘z- o‘ziga ishonish yoki beparvolik tufayli sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyat deb topiladi.
Agar huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs o‘z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko‘zi yeta turib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qilgan bo‘lsa, bunday jinoyat o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilgan deb topiladi.
Agar jinoyat sodir etgan shaxs o‘z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko‘zi yetmasa-da, lekin ko‘zi yetishi lozim va mumkin bo‘lsa, bunday jinoyat beparvolik orqasidan sodir etilgan deb topiladi.
Brainring daqiqa
Qasddan sodir etilgan huquqbuzarliklarga beriladigan jazo choralari qattiqroq bo‘lib, huquqbuzarlik qasddan sodir etilganligi surishtiruv, tergov jarayonlarida aniqlanadi. Ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan huquqbuzarliklar esa qasddan sodir etilgan huquqbuzarliklarga qaraganda yengilroq ta’sir choralari bilan jazolanadi.
Hamkorlikda bajaramiz
Berilgan vaziyatda ehtiyotsizlik shaklini ko‘rsating.
1. Haydovchi svetoforning sariq chirog‘i yonganini ko‘rgan bo‘lsa ham, tezkorlik bilan o‘tib ketishga harakat qildi. Oqibatda boshqa yo‘nalishdagi avtomashinaga zarar yetkazib qo‘ydi.
2. Qurilish joyida elektr ustasi elektr uzatkichni o‘chirishni unutib qo‘yishi oqibatida boshqa ustalar elektr kuchlanishdan zarar ko‘rdi.
Brainring daqiqa
Huquqbuzarlikning obyektiv tomoni — bu huquqqa zid xatti-harakatning tashqi belgisidir. Aynan shunday belgiga asosan, huquqbuzarlik haqida, u qanday ro‘y bergani va qanchalik zarar keltirgani haqida mulohaza yuritish mumkin bo‘ladi. Ya’ni huquqbuzarlik, qachon, qayerda, qanday qilib, qanday usul va vositalar yordamida sodir etilganligi to‘g‘risidagi xulosaga kelinadi.
Hamkorlikda bajaramiz
Berilgan vaziyatda huquqbuzarlikning obyektiv tomonini aniqlang.
Eldo‘st ismli shaxs Akobir ismli shaxsning uyiga kechasi soat 23:30 da bosqinchilik niyatida yashirincha kirib keldi. Uyda hech kim yo‘qligini aniqlab, mehmonxonadagi qimmatbaho buyumlarni olib chiqib ketdi.
Izlanishda davom eting
Bilimingizni sinang
Tarixning qaysi davri bo‘lmasin, huquqiy normalarning buzilishi nima deb ataladi?
- huquqiy munosabat
- huquqbuzarlik
- huquqiy javobgarlik
- huquqiy ong
To‘g‘ri javob: huquqbuzarlik. Huquqiy normalarning buzilishi har qanday davrda huquqbuzarlik deb ataladi.
Huquqiy normalarning buzilishi nima deb ataladi?
- Jinoyat
- Intizomiy jazo
- Huquqiy javobgarlik
- Huquqbuzarlik
To‘g‘ri javob: Huquqbuzarlik. Tarixning qaysi davri bo‘lmasin, huquqiy normalarning buzilishi “huquqbuzarlik” deb ataladi.
O‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan shaxsning huquqqa zid xatti-harakatidan kelib chiquvchi qilmish nima deyiladi?
- Huquqbuzarlik
- Ma’muriy jazo
- Aybdorlik
- Intizomiy chora
To‘g‘ri javob: Huquqbuzarlik. Bunday qilmish huquqbuzarlik deb ataladi.
Huquqbuzarlik deb nimaga aytiladi?
- Jamiyatda sodir bo‘ladigan har qanday ijtimoiy hodisa yoki tabiiy jarayondan kelib chiquvchi, irodaga bog‘liq bo‘lmagan holatga
- O‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan shaxsning huquqqa zid xatti-harakatidan kelib chiquvchi qilmishga
- Faqat Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan, ijtimoiy xavfli xatti-harakatdan kelib chiquvchi va jazo bilan ta’qib etiluvchi qilmishga
- Faqat davlat organlari va mansabdor shaxslarning noto‘g‘ri qarorlaridan kelib chiqib, fuqarolarga zarar yetkazuvchi qarorlarga
To‘g‘ri javob: O‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan shaxsning huquqqa zid xatti-harakatidan kelib chiquvchi qilmishga. Huquqbuzarlik — o‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan shaxsning huquqqa zid xatti-harakatidan kelib chiquvchi qilmishdir.
Huquqbuzarlikning qaysi belgisi shaxslar, jamiyat va davlatning qonuniy huquq hamda manfaatlariga zarar yetkazishni anglatadi?
- Ijtimoiy xavflilik
- Aybning mavjudligi
- Huquqqa zid bo‘lish
- Jazoga loyiq bo‘lish
To‘g‘ri javob: Ijtimoiy xavflilik. Ijtimoiy xavflilik — shaxslar, jamiyat, davlatning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar yetkazish.
Huquqbuzarning jamiyat qadriyatlarini toptashi, inson hayotiga suiqasd qilishi va davlat hamda insonlarga zarar keltirishi huquqbuzarlikning qaysi belgisini ifodalaydi?
- Ijtimoiy xavflilik
- Ayblilik
- Huquqqa zidlik
- Jazolanuvchanlik
To‘g‘ri javob: Ijtimoiy xavflilik. Zarar keltirish va jamiyat manfaatiga zid ish qilish huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfliligidan iborat.
O‘z xatti-harakatini tushunadigan va unga javob bera oladigan insonning huquqqa zid xatti-harakatidan kelib chiquvchi ayb huquqbuzarlikning qaysi belgisi hisoblanadi?
- Ayblilik
- Ijtimoiy xavflilik
- Huquqqa zidlik
- Jazolanuvchanlik
To‘g‘ri javob: Ayblilik. Ayblilik inson xatti-harakatidan kelib chiquvchi aybdir va qasd yoki ehtiyotsizlik oqibatida kelib chiqadi.
Huquqbuzarning qonun yoki huquq normalari belgilab qo‘ygan majburiy talablarni buzishi huquqbuzarlikning qaysi belgisi?
- Ijtimoiy xavflilik
- Ayblilik
- Huquqqa zidlik
- Jazoga loyiqlik
To‘g‘ri javob: Huquqqa zidlik. Huquqqa zidlik — majburiy talablarni buzishdir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash