XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ 9-sinf · Konstitutsiyaviy huquq asoslari · 20-§

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

IV bo‘lim. Davlat boshqaruvi organlari

Mavzu ustida ishlash natijasida: – davlat boshlig‘i sifatida Prezidentning vakolatlari haqida; – Prezidentni saylash tartibi va uning vakolati tugashi haqida bilib olasiz. 1. Prezident – davlat boshlig‘i. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari. 3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash tartibi va uning vakolatlari tugashi.

1. PREZIDENT – DAVLAT BOSHLIG‘I

Lotinchadan tarjima qilganda prezident so‘zi oldinda o‘tiruvchi, ya’ni davlat boshlig‘i ma’nosini anglatadi. Jahondagi ko‘pchilik mamlakatlarda prezidentlik boshqaruvi shakli mavjud ekanligi ham prezident lavozimining mavqeyidan dalolat berib turibdi. O‘zbekistonda prezident lavozimi 1990-yil 24-martda joriy etilgan.

Asosiy qonun belgilaydi

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 105-modda.

Topshiriq

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatlarini o‘rganib, Davlat boshlig‘ining vakolatlarini quyidagi faoliyat sohalariga ajrating:

2. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING VAKOLATLARI

Davlat boshlig‘ining asosiy vazifasi – hokimiyatning barcha tarmoqlari faoliyatini muvofiqlashtirish yo‘li bilan mamlakat sobitqadam va barqaror rivojlanishini ta’minlash. Prezidentning O‘zbekiston davlat hokimiyati organlari tizimidagi alohida o‘rni ham ana shu narsa bilan izoh- lanadi. O‘zbekiston Respublikasida Prezident Davlat boshlig‘i sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti:

1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi; 2) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi; 3) muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi; 4) o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi; 5) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalarining rahbarlarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi; 6) O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega; 7) vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzadi hamda tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi; 8) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi; 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti:

10) qo‘mitalar, agentliklar va boshqa respublika davlat organlari rahbarlarini qonunchilikka muvofiq lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; 11) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi; 12) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bilan maslahatlashuvlardan keyin O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini lavozimga tayinlaydi va uni lavozimidan ozod etadi; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkiblariga nomzodlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisi, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbari va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbari lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi; 14) O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislarini va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; 15) viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki hokim sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli; 16) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va hokimlarning hujjatlarini to‘xtatadi, bekor qiladi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli; 17) O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va e’lon qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti:

qonunni o‘z e’tirozlari bilan takroran muhokama qilish va ovozga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli; 18) O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig‘iga kiritadi; 19) alohida hollarda (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi; 20) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlarini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, oliy harbiy unvonlar beradi; 21) O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlaydi, O‘zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi; 22) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi; 23) amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnomalar kiritadi va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi; 24) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini tuzadi va unga boshchilik qiladi, o‘z vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantiradi; 25) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini bajarishni davlat organlariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas.

2. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINI SAYLASH TARTIBI VA UNING VAKOLATLARI TUGASHI

Davlat boshlig‘i parlament deputatlari tomonidan saylanadigan parlament respublikasidan farqli ravishda prezidentlik boshqaruvi shaklida xalq tomonidan yoki saylovchilar vakillari tomonidan saylanadi va deputatlar tor guruhidan emas, balki aholining keng qatlamlaridan vakolatlar oladi.

Prezident saylovi Konstitutsiya va «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga asosan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylash huquqi negizida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ayni paytda prezidentlikka nomzodga nisbatan alohida talablar qo‘yiladi.

Asosiy qonun belgilaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan yetti yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.

Asosiy qonun belgilaydi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 106-modda.

Asosiy qonun belgilaydi

Vakolati tugashi munosabati bilan iste’foga chiqqan Prezident umrbod Senat a’zosi lavozimini egallaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 113-modda.

Yakunlarni chiqaramiz

davlat boshlig‘i; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi; fuqarolar huquq va erkinliklari, Konstitutsiya va qonunlar kafili; davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi; mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi; mamlakat Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni; Prezident shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etiladi; vakolat muddati yakunlangandan so‘ng – senator.

O‘zingizni sinang!

Savollar: 1. Prezidentning davlat boshlig‘i sifatidagi asosiy vakolatlarini sanab bering. 2. O‘z burchlarini bajarayotganda Prezident qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishi zarur? 3. Sizningcha, Prezident o‘z vakolatlarini bajarishni davlat idoralariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emasligi to‘g‘risidagi qoida nega Konstitutsiyaga kiritilgan? 4. Davlatimizda kimlar Prezident etib saylanishi mumkin? 5. Prezident siyosiy partiya a’zosi bo‘lishi mumkinmi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Lotinchadan tarjima qilganda «oldinda o‘tiruvchi», ya’ni davlat boshlig‘i ma’nosini anglatadigan so‘z qaysi?
  1. prezident
  2. deputat
  3. senator
  4. kansler

To‘g‘ri javob: prezident. Lotinchadan tarjima qilinganda prezident so‘zi oldinda o‘tiruvchi, ya’ni davlat boshlig‘i ma’nosini bildiradi.

Lotin tilidan tarjima qilinganda “prezident” so‘zi nimani anglatadi?
  1. Qonun chiqaruvchi, ya’ni parlament a’zosi
  2. Oldinda o‘tiruvchi, ya’ni davlat boshlig‘i
  3. Xalq vakili, ya’ni deputat va senator
  4. Oliy hakam, ya’ni sudyalar kengashi rahbari

To‘g‘ri javob: Oldinda o‘tiruvchi, ya’ni davlat boshlig‘i. Lotinchadan tarjima qilganda prezident so‘zi oldinda o‘tiruvchi, ya’ni davlat boshlig‘i ma’nosini anglatadi.

O‘zbekistonda prezident lavozimi qachon joriy etilgan?
  1. 1991-yil 31-avgustda
  2. 1990-yil 24-martda
  3. 1992-yil 8-dekabrda
  4. 1989-yil 21-oktyabrda

To‘g‘ri javob: 1990-yil 24-martda. O‘zbekistonda prezident lavozimi 1990-yil 24-martda joriy etilgan.

Konstitutsiyaning 105-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshlig‘i sifatida nimani ta’minlaydi?
  1. Davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini
  2. Faqat ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni va rahbarlik qilishni
  3. Qonunlarni o‘zi qabul qilishni va Oliy Majlis vakolatlarini bevosita amalga oshirishni
  4. Sudlarning ishlarini bevosita hal etishni, sudyalarga ko‘rsatma berishni va hukmlarni bekor qilishni

To‘g‘ri javob: Davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini. Prezident davlat boshlig‘i bo‘lib, davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi.

Prezident Bosh vazirni va Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Oliy Majlisning qaysi palatasi ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi?
  1. Senat
  2. Konstitutsiyaviy sud
  3. Sudyalar oliy kengashi
  4. Qonunchilik palatasi

To‘g‘ri javob: Qonunchilik palatasi. Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi a’zolari Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin tayinlanadi.

Prezident Bosh prokurorni va Hisob palatasi raisini qaysi organ ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi?
  1. Qonunchilik palatasi
  2. Oliy Majlis Senati
  3. Vazirlar Mahkamasi
  4. Konstitutsiyaviy sud

To‘g‘ri javob: Oliy Majlis Senati. Bosh prokuror va Hisob palatasi raisi Senat ma’qullaganidan keyin tayinlanadi.

Prezident Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlamoqchi. Konstitutsiyaga ko‘ra qaysi tartib to‘g‘ri?
  1. Senat bilan maslahatlashuvlardan keyin tayinlaydi
  2. Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin tayinlaydi
  3. Senat ma’qullaganidan keyin tayinlaydi
  4. Hech kim bilan kelishmasdan tayinlaydi

To‘g‘ri javob: Senat bilan maslahatlashuvlardan keyin tayinlaydi. Davlat xavfsizlik xizmati raisini Prezident Senat bilan maslahatlashuvlardan keyin lavozimga tayinlaydi.

Viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini kim tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi?
  1. Senat
  2. Viloyat Xalq deputatlari Kengashi
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  4. Vazirlar Mahkamasi

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. Viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini Prezident tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAmaliyot darsi. Qonun loyihasini qabul qilamizKeyingi →O‘zbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organlari