XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 13-mavzu

Italiya

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida AQSH va G‘arbiy Yevropa mamlakatlari

Eslab ko‘ring!

Savollar: Yevropa iqtisodiy hamkorligini tuzish to‘g‘risida Rim shartnomasi qachon imzolangan edi?

XX asr 90-yillariga kelib, Italiyada postindustrial jamiyatning asoslari shakllandi. Keng miqyosda sanoat ishlab chiqarishning texnik bazasi va texnologiyasini yangilash jarayoni — ishlab chiqarishda kompyuter boshqaruv tizimini qo‘llash, robotlardan keng foydalanish joriy qilindi. Eng asosiysi, bu jarayonning oldingi safida kichik xususiy korxonalar bordi.

Jamiyatning ijtimoiy strukturasida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Jadal rivojlanayotgan xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lganlar soni juda tez o‘sib bordi.

Siyosiy hayotda beqarorlik va hukumatning tez-tez almashishi Italiyaning o‘ziga xos an’anasiga aylandi. Italiyada davlat institutlarining chuqur inqirozi mafiya tizimlarining faoliyati bilan ham bog‘liq edi. Hokimiyatning yuqori organlarida misli ko‘rilmagan korrupsiya Italiya siyosiy mexanizmining o‘ziga xos tomonlari bo‘lib qoldi. Saylov bu yerda proporsional tizim bo‘yicha o‘tkazilardi. 1993-yilgi referendumda Italiya aholisi bunday saylov tizimidan voz kechish uchun ovoz berdi.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1990-yillar boshida Italiyada asosiy siyosiy partiyalar o‘z obro‘sini yo‘qotishining sababi nimada?

(rasm) Italiya

Mulohaza yuriting

Savollar: “Mafiya” va “korrupsiya” so‘zlarining ma’nosini tushuntiring. Nima uchun bu salbiy hodisalar Italiyaning siyosiy va iqtisodiy hayotida keng tarqaldi? Davlat ularga qarshi qanday kurashadi?

1990-yillar boshlarida ichki siyosiy jarayonlarga an’anaviy partiyalarning ta’siri kamaydi. 1991-yili Italiya kommunistik partiyasi tarqalib ketdi. 1992-yil fevralda mamlakatda “Halol qo‘llar” kampaniyasi boshlanib, hokimiyatning yuqori qatlami va asosiy partiyalar rahbariyatida ommaviy korrupsiya holatlari aniqlandi. Pora olish bilan bog‘liq yangi siyosiy janjal avj oldi. Yirik tadbirkorlar, Xristian-demokratlar partiyasi (XDP) va Italiya sotsialistik partiyasi (ISP) yetakchilari, deputatlar va senatorlar, bir necha vazirlar tergovga tortildi. Italiya prezidenti Franchesko Kossiga iste’foga chiqdi. Jami 20 ming kishi tergov ro‘yxatiga kiritildi. 1992-yil fevraldan boshlab ikki yil ichida poraxo‘rlikda ayblanib uch mingga yaqin kishi, jumladan, sobiq bosh vazirlar, parlament deputatlari, vazirlar qamoqqa olindi. Hokimiyatning oliy rahbariyati bilan mafiya o‘rtasidagi aloqani ochib tashlagan sud jarayoni butun jamiyatni hayratga soldi. 1994-yil martda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari Qarshilik harakati to‘lqinida shakllangan tizimning qulaganligini namoyish qildi. Yangi, hali tanilmagan guruhlar: “Olg‘a, Italiya!”, “Shimol ligasi”, “Milliy alyans” — neofashistlar va o‘ng natsionalistlar birlashmasi oldingi maydonga chiqdi.

Mulohaza yuriting

Hukumatni “Shimol ligasi” va “Milliy alyans” koalitsiyasi asosida Silvio Berluskoni shakllantirdi. Hukumat 1994-yil oxirigacha tura oldi, xolos. Korrupsiyaga qarshi kurash e’lon qilgan S. Berluskonining o‘zi soliq qoidalarini buzganlikda ayblandi va iste’foga chiqdi. Italiyaning yangi hukumati partiyasizlardan tashkil qilindi.

1996-yildan hokimiyatda Romano Prodi boshchiligidagi so‘l markazchilar koalitsiyasi turdi. Biroq ijtimoiy ta’minot tizimini o‘zgartirishga urinish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha koalitsiyada kelishmovchiliklar yuz berdi. Ayni paytda bir qator mafiya guruhlari boshliqlarining qamalishi jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Romano Prodi 1998-yili iste’foga chiqdi.

Mulohaza yuriting

So‘l demokrat Massimo D’Alema bosh vazir lavozimini egalladi va shu paytgacha yuqori darajada saqlanib kelayotgan ishsizlikni qisqartirishni taklif qildi. 2000-yilgi mahalliy saylovlarda barcha shimoliy viloyatlarda o‘ng kuchlar g‘olib chiqdi. Ijtimoiy fikrga “Halol qo‘llar” operatsiyasi katta ta’sir ko‘rsatdi, katolik cherkov ham o‘nglarni qo‘llab-quvvatladi. M. D’Alema iste’foga chiqdi.

XX asrning oxirida Italiyaning ijtimoiy hayoti sezilarli o‘zgarishlar va qarama-qarshiliklarga boy bo‘ldi. Urushdan keyingi “Italiya iqtisodiy mo‘jizasi” deb atalgan iqtisodiy o‘sish aholining hayot tarzida, qadriyatlar va madaniyatida tub burilishlar yasadi. Ayni paytda mamlakat siyosiy beqarorlik, terrorizm, korrupsiya kabi illatlarga duch kelib, bu ijtimoiy noroziliklar va hukumatga ishonchsizlikning kuchayishiga olib keldi. Urushdan keyingi ellik yil ichida Italiyada 60 ta hukumat almashdi. Ommaviy madaniyatning ta’sirida ijtimoiy fikr o‘zgardi, dam olish va iste’molning yangi shakllari paydo bo‘ldi. Italiya industrial jamiyatdan postindustrial jamiyatga o‘tdi va bu xizmat ko‘rsatish va axborot texnologiyalari sohalarining ustuvorligi bilan xarakterlandi. Mamlakat iqtisodiyoti moslashuvchan va raqobatbardosh bo‘ldi, ammo ayni paytda ishsizlik va ijtimoiy tengsizlik kabi yangi muammolar kelib chiqdi.

Tahlil qiling

Xaritadan foydalanib Italiya qaysi davlatlar bilan chegaradosh ekanligini daftaringizga yozing.

Italiya XXI asrda

Zamonaviy Italiya — yuqori darajada rivojlangan industrial mamlakat. U XXI asrning birinchi choragida taraqqiyotida sezilarli natijalarga erishdi. Inflyatsiya ancha pasaydi, ishsizlik kamaydi, yangi korxonalar soni tez o‘sdi. Puxta o‘ylangan yoshlar siyosati olib borilmoqda. Mamlakatda minglab kichik va o‘rta biznes korxonalari yaratilgan bo‘lib, ularning asosiy qismini yoshlarga qarashli firmalar tashkil qiladi. Ayni paytda Italiya yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan ortda qolmoqda. So‘nggi o‘n yil ichida Italiyada YIM o‘sishi o‘z beqarorligi bilan ajralib turdi. Bu faqatgina 2007–2009-yillardagi jahon moliyaviy inqirozi bilan bog‘liq bo‘lmasdan, Italiya iqtisodining o‘ziga xos tuzilishiga ham aloqador. YIM kichik bo‘lsa-da, doimiy o‘sish xarakteriga ega. Ammo davlatning qarzi ham juda katta, hozir u YIMga nisbatan 130% ni tashkil qiladi.

Italiya XXI asrda

2014-yil fevraldan Italiya hukumatini boshqargan Matteo Rensi soliqlarni pasaytirish evaziga kamxarj italiyaliklarning daromadini keskin oshirish maqsadini e’lon qildi. U 2015-yildan ta’lim tizimini isloh qilishni ham boshladi.

2022-yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Yevropa Konservatorlari va reformistlari partiyasi vakili Jorja Meloni Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi etib saylandi. U Italiya tarixida shu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi. Rossiya — Ukraina urushi boshlanishi bilan J. Meloni Rossiyaga qarshi qat’iy pozitsiyani egalladi va Ukrainaga yordam ko‘rsatib kelmoqda. Ayni paytda Italiya iqtisodida katta muammolar paydo bo‘ldi. Masalan, YIMning yillik o‘sishi 2022-yili 4,66% bo‘lgan, 2024-yili esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 0,7% ni tashkil qildi. 2025-yili YIM o‘sishi yanada pasayishi kutilmoqda.

Italiya XXI asrda

Ayni paytda Italiya dunyoning yetakchi mamlakatlariga nisbatan texnologik qoloqlikni bartaraf etishga, o‘z iqtisodining raqobatbardoshliligini oshirishga intilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalarini, iqtisodning noan’anaviy sohalari — bank faoliyati, turizm, sport va sog‘liqni saqlash industriyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. 2023-yil noyabrda Shavkat Mirziyoyevning Italiya Respublikasiga tashrifi davomida Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi. Ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.

Atamalar izohi

*Neofashizm* — bu 1920–1940-yillardagi fashistik tashkilotlarning g‘oyaviy-siyosiy davomchisi bo‘lgan o‘ng radikal oqim.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. “Halol qo‘llar” kampaniyasi Italiyada qanday natijalarga olib keldi? 2. XXI asr boshlarida Italiya iqtisodiy rivojlanishda qanday yutuqlarga erishdi? 3. Yangi asrda Italiyada qanday muammolar saqlanib qolmoqda?

“iroq erkinligi” operatsiyasi

2003-YIL 20-MART SANASIDA AQSH O‘Z ITTIFOQCHILARI BILAN SADDAM HUSAYN REJIMINI AG‘DARISH MAQSADIDA IROQQA BOSTIRIB KIRDI.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Italiyada postindustrial jamiyatning asoslari XX asrning qaysi yillariga kelib shakllandi?
  1. 50-yillariga
  2. 30-yillariga
  3. 90-yillariga
  4. 70-yillariga

To‘g‘ri javob: 90-yillariga. XX asr 90-yillariga kelib Italiyada postindustrial jamiyat asoslari shakllangan.

Italiya aholisi mavjud proporsional saylov tizimidan voz kechish uchun ovoz bergan referendum qaysi yili o‘tkazilgan?
  1. 1993-yilgi
  2. 1989-yilgi
  3. 1991-yilgi
  4. 1996-yilgi

To‘g‘ri javob: 1993-yilgi. Italiya aholisi 1993-yilgi referendumda proporsional saylov tizimidan voz kechish uchun ovoz bergan.

Italiyada XX asr 90-yillariga kelib qaysi turdagi jamiyatning asoslari shakllandi?
  1. Agrar-feodal
  2. Ilk industrial
  3. Preindustrial
  4. Postindustrial

To‘g‘ri javob: Postindustrial. 90-yillarga kelib Italiyada postindustrial jamiyatning asoslari shakllangan.

Italiya aholisi proporsional saylov tizimidan voz kechish uchun qaysi yilgi referendumda ovoz bergan?
  1. 1993-yil
  2. 1991-yil
  3. 1994-yil
  4. 1996-yil

To‘g‘ri javob: 1993-yil. 1993-yilgi referendumda aholi proporsional saylov tizimidan voz kechishni yoqlab ovoz bergan.

Italiya tarixiga oid quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. 1993-yilgi referendumda aholi proporsional saylov tizimidan voz kechish tarafida ovoz berdi. II. Berluskoni hukumati 1996-yilgacha hokimiyatda tura oldi. III. Italiya prezidenti Franchesko Kossiga korrupsiya janjali avj olgan paytda iste’foga chiqdi.
  1. faqat I
  2. I va III
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Referendum haqidagi va Kossiga iste’fosi haqidagi hukmlar to‘g‘ri; Berluskoni hukumati esa 1994-yil oxirigacha tura oldi, xolos.

Italiyada ichki siyosiy jarayonlarga an’anaviy partiyalarning ta’siri qaysi davr boshlarida kamaydi?
  1. 2000-yillar
  2. 1980-yillar
  3. 1970-yillar
  4. 1990-yillar

To‘g‘ri javob: 1990-yillar. Italiyada 1990-yillar boshlarida ichki siyosatga an’anaviy partiyalarning ta’siri kamaygan.

Italiyada “Halol qo‘llar” kampaniyasi qaysi yilning fevralida boshlangan?
  1. 1992-yil
  2. 1990-yil
  3. 1994-yil
  4. 1996-yil

To‘g‘ri javob: 1992-yil. “Halol qo‘llar” kampaniyasi 1992-yil fevralda boshlanib, ommaviy korrupsiya holatlari aniqlangan.

Korrupsiya janjallari avj olgan paytda iste’foga chiqqan Italiya prezidenti kim edi?
  1. Sandro Pertini
  2. Oskar Skalfaro
  3. Karlo Champi
  4. Franchesko Kossiga

To‘g‘ri javob: Franchesko Kossiga. Korrupsiya janjallari davrida Italiya prezidenti Franchesko Kossiga iste’foga chiqqan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiFransiyaKeyingi →Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari