XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 17-mavzu

Janubi-sharqiy Osiyo Mamlakatlari

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari

Eslab ko‘ring!

Savollar: Janubi-sharqiy Osiyoda qaysi davlatlar Yaponiya modeli asosida rivojlanish yo‘lini tanlagan?

Janubi-sharqiy Osiyo (JSHO) mamlakatlariga rivojlanish darajasi bir-biriga yaqin bo‘lgan Vyetnam, Kambodja, Laos, Myanma, Tailand, Malayziya, Bruney, Sharqiy Timor, Indoneziya, Filippin va Singapur kiradi. Bu mamlakatlarda yarim milliarddan ortiq aholi yashaydi. Taraqqiyotning sotsialistik yo‘lini tanlagan Vyetnam, Kambodja, Laos 1990-yillarda juda og‘ir ahvolda qoldi. Sotsialistik yo‘nalishdagi hukmron partiyalar hokimiyatda qolgan bo‘lsa-da, ular jiddiy islohotlar o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Vyetnam

1991-yili bo‘lib o‘tgan Vyetnam Kommunistik partiyasining VII syezdi islohotlar kursini e’lon qildi. Syezd erkin tadbirkorlikka ruxsat berdi, dehqonlar yerga uzoq muddat egalik qilish huquqini oldi.

Bozor islohotlari natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlandi, XX asrning so‘nggi yillarida bu ko‘rsatkich yiliga 9% ni tashkil qildi. Chet el kapitali muvaffaqiyatli o‘zlashtirildi, investitsiyalarning o‘sishi kuzatildi. XX asr oxiri – XXI asr boshlarida Vyetnamda chet el firmalari ishtirokida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Iqtisodiy yutuqlar aholining yashash darajasini oshirish imkonini berdi. Bu esa ko‘p millatli davlatda barqarorlik garovi bo‘lib qoldi.

Vyetnam

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari

Vyetnamning iqtisodiy yutuqlari ham sezilarli. Hozir Vyetnam oziq-ovqat eksporti bo‘yicha Osiyo mamlakatlari ichida birinchi, sholi eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Kambodja

Kambodjada hokimiyatni Oliy Milliy Kengashga berish to‘g‘risida 1991-yili oktyabrda yakunlangan Parij konferensiyasida qaror qilindi. BMT-ning Kambodjadagi Muvaqqat ma’muriyati tuzildi va u umumiy saylovlarga tayyorgarlikni amalga oshirdi.

1999-yili Kambodja ASEANning teng huquqli a’zosi bo‘ldi. XXI asr boshlarida Kambodja og‘ir iqtisodiy holatda bo‘lib, xalqaro yordam hisobiga kun kechirardi. Mamlakatda “tirik tovar” savdosi keng avj olgan bo‘lib, ota-onalar bolalarini arzimagan pulga sotardi. XXI asr boshlarida ayrim ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Sog‘liqni saqlash va ta’limga ajratilgan xarajatlar ko‘paytirildi, mamlakatda qashshoqlik darajasini pasaytirish tadbirlari amalga oshirildi.

Laos

Laosda 1991-yili konstitutsiya qabul qilindi. Parlament — Milliy Assambleyaning qonunchilik faoliyati kuchaydi.

XXI asr boshiga kelib, Laosga chet el kapitali qaytmoqda, inflyatsiya pasaydi, milliy valyuta — kipaning qiymati oshmoqda. Mamlakatda 1991-yili qabul qilingan konstitutsiyaga binoan, bir partiyali tizim hukmron bo‘lishiga qaramasdan, demokratiya elementlari asta-sekin paydo bo‘lmoqda.

2021-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovida mustaqil nomzodlar ham ishtirok etdi. Mamlakatdagi yagona siyosiy partiya — Laos Xalq demokratik partiyasi Milliy majlisda ko‘pchilik o‘rinlarni saqlab qoldi.

Ijodiy ish topshirig‘i

Savollar: Taraqqiyotning sotsialistik yo‘lini tanlagan Vyetnam, Kambodja, Laos XX asr oxiri – XXI asr boshlarida o‘tkazilgan islohotlar mamlakat rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Javobingizni aniq misollar bilan asoslang.

Sharqiy Osiyo mamlakatlari

1980–1990-yillar Sharqiy Osiyo mamlakatlarining barchasida iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’ati kuzatildi. Bu ularga 1990-yillarning boshidayoq zamonaviy dunyoda jiddiy ta’sirga ega bo‘lgan “Yangi industrial mamlakatlar” deb ataluvchi guruh qatoridan joy olish imkonini berdi.

Malayziya

Malayziya shiddatli iqtisodiy rivojlanish tufayli korrupsiya va mamlakat shimolida mutaassiblarining faollashuvi bilan bog‘liq ichki siyosiy inqirozni yengib o‘tdi. 1995-yil aprelda bo‘lgan saylovlarda doktor Mahathir bin Muhammad boshchiligidagi Malayziya birlashgan milliy partiyasi (MBMP) ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. 2022-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovda Anvar Ibrohim rahbarligidagi Xalq adolati partiyasi g‘alaba qozondi.

1990-yillari Malayziyaning iqtisodiy o‘sish sur’ati yuqori bo‘lib, XXI asr boshlarida mamlakat nafaqat xomashyo, balki ko‘plab sanoat mahsulotlarini ham eksport qildi.

Malayziyada rivojlanish dasturi ishlab chiqilib, unga binoan, 2020-yilga kelib, Malayziya industrial rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi ko‘zda tutilgan edi. 2023-yili 6% dan yuqori o‘sishga erishgan Malayziya YIMning umumiy hajmi bo‘yicha dunyoda 31-o‘rinni egalladi. Iqtisodiyotning asosiy sektorlaridan biri turizm bo‘lib, undan keladigan daromad YIMning 15% dan ortig‘ini tashkil qilmoqda.

Indoneziya Respublikasi

Indoneziya Respublikasi Janubi-sharqiy Osiyo va Okeaniyada joylashgan bo‘lib, 17 mingtadan ko‘proq oroldan iborat mamlakat. Eng yirik orollari qatoriga Yava, Sumatra, Kalimantan, Sulavesi orollari kiradi.

1990-yillardagi “Osiyo inqirozi” davrida iqtisodiy o‘sish sur’ati pasayib ketdi. Bu aholining ommaviy noroziligini keltirib chiqardi. Mamlakatni 32 yil muttasil boshqargan prezident Suxarto iste’foga chiqdi. Shundan so‘ng keng siyosiy o‘zgarishlar boshlanib, partiyaviy tizim va saylov qonunchiligi liberallashtirildi, o‘nlab yangi partiyalar tuzildi va ular Xalq vakillari kengashidagi o‘rinlar uchun kurash boshladi. Ayni paytda 1999-yili Sharqiy Timorda referendum o‘tkazilib, orol aholisi mustaqillik uchun ovoz berdi. Sharqiy Timorning suveren davlatga aylanish jarayoni BMT nazorati ostida 2002-yili yakunlandi.

Indoneziya Respublikasi

XXI asr avvalida Indoneziyada boshlangan demokratik jarayonlar yangi siyosiy tizimlar paydo bo‘lishiga olib keldi. 2004-yildan Indoneziyada to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentlik saylovi o‘tkazilib, shu yili general Susilo Bambang Yudoyono, 2014-yili Joko Vidodo prezident etib saylandi. 2019-yili J. Vidodo ikkinchi muddatga qayta saylandi. J. Vidodo davrida mamlakat iqtisodi yiliga o‘rtacha 4% dan o‘sdi, aholining daromadi ko‘payib, ishsizlik, inflyatsiya, kambag‘allik darajasi esa keskin pasaydi. 2024-yili bo‘lib o‘tgan saylovda Prabovo Subianto g‘alaba qozondi.

Indoneziya agrar-industrial mamlakat hisoblanadi. Milliy raqobatbardoshlik ko‘rsatkichi bo‘yicha 2024-yili jahonda 27-o‘rinni egalladi. U iqtisodiy jihatdan eng istiqbolli rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Filippin Respublikasi

Filippin Respublikasi Janubi-sharqiy Osiyodagi orol davlat. 1946-yil 4-iyul kuni o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Poytaxti — Manila, eng yirik shahri — Keson Siti. Mamlakatda mahalliy xalqlardan tashqari hindlar va malayziyaliklarning katta guruhi yashaydi. Filippin 350 yildan ortiq Ispaniya, 50 yilga yaqin AQSH mustamlakasi bo‘lgani uchun uning madaniyatida Sharq va G‘arb madaniy unsurlari aralashib ketgan. Aholining 7% ga yaqini musulmonlar, shuningdek, xristianlik, buddaviylik, hinduizm, konfutsiylik dinlari ham keng tarqalgan.

Filippin XXI asr boshlarida ham jadal iqtisodiy o‘sishni davom ettirib, elektron va kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik mamlakatlardan biriga aylandi. 2016-yil mayda bo‘lib o‘tgan saylovda Rodrigo Roa Duterte g‘olib chiqib, Filippin prezidenti bo‘ldi. Uning davrida narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi kampaniya boshlanib, narkotik savdosida gumon qilingan bir necha ming kishining sudsiz o‘ldirilishi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. R. Duterte narkotik savdosiga qarshi kurash jarayonida insoniylikka qarshi jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinib, 2025-yili martda Xalqaro jinoyat sudi tomonidan qamoqqa olindi.

Filippin Respublikasi

2022-yilgi saylovda Filippin federal partiyasi yetakchisi Ferdinand Romualdes Markos prezident etib saylandi. Filippin iqtisodi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. YIMning yillik o‘sishi o‘rtacha 5–6% ni tashkil qilmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasi va qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan, ananas yetishtirish bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda. Ishsizlik darajasi ancha yuqori — 10% dan ortiqni tashkil qiladi.

Singapur Respublikasi

JSHO mintaqasida XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida jadal modernizatsiyalashni amalga oshirgan Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur, Gonkong taraqqiyotning yuksak sur’atlarini ta’minlab, “Osiyo yo‘lbarslari”, “Yangi industrial davlatlar” deb atala boshlandi. Ularda aholining yashash darajasi keskin yaxshilandi.

Bu mamlakatlarda sanoatning kemasozlik, avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash sohalari va yengil sanoat buyumlari ishlab chiqarish rivojlangan. Yuqori texnologiyalar joriy qilish, kompyuterlashtirish va robotlashtirish bo‘yicha dunyoda eng ilg‘orlardan hisoblanadi.

JSHO mamlakatlari orasida juda kichik davlat — Singapurning (maydoni 735,7 kv.km) yutuqlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Davlat ta’lim sohasiga katta mablag‘ sarfladi, asosiy o‘qish tili deb ingliz tili tanlandi, qisqa muddatda yuqori malakali mutaxassislar yetishtirishga erishildi. 1990-yillar oxiriga kelib, ishsizlik 3% gacha kamaydi, YIMning real o‘sishi yiliga 8% ni tashkil qildi. Qisqa vaqt ichida Singapur tibbiyot anjomlari, aloqa apparaturalari, aviauskunalar, kompyuterlar ishlab chiqarishda dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan raqobatni vujudga keltirdi, neftni qayta ishlash bo‘yicha dunyoning uchinchi markaziga, ikkinchi port shahriga, Nyu York va Londondan keyin uchinchi moliya markaziga aylandi.

Singapur Respublikasi

O‘zbekiston va Singapur orasidagi masofa garchand yaqin bo‘lmasa-da, ikki davlat o‘rtasida so‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

O‘tgan davrda O‘zbekiston va Singapur munosabatlari sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari ochildi. O‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugun izchil mustahkamlangan holda, ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Davlatlar o‘rtasida savdo ayirboshlash sur’ati doimiy ravishda o‘sib, 2017-yildagi 92,6 million dollardan 2022-yil 143 million dollarga yetdi. O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2023-yil yanvar oyida Singapurga tashrifi ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash bilan birga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tardi.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Vyetnamda 1991-yili boshlangan iqtisodiy islohotlar qanday natijalarga olib keldi? 2. XXI asrda Kambodja va Laosda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda? 3. Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari rivojlanishning qanday darajasida turibdi? 4. JSHO mintaqasidagi “yangi industrial davlatlar”da sanoatning qaysi sohalari rivojlangan?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Sotsialistik yo‘lni tanlagan Vyetnam, Kambodja va Laos juda og‘ir ahvolda qolgan davr qaysi?
  1. 1970-yillar
  2. 2000-yillar
  3. 1990-yillar
  4. 1960-yillar

To‘g‘ri javob: 1990-yillar. Bu uch mamlakat 1990-yillarda juda og‘ir ahvolda qolgan.

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari haqidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. Vyetnam, Kambodja va Laos 1990-yillarda yuksak iqtisodiy o‘sishga erishib, mintaqa yetakchisiga aylandi
  2. Sotsialistik yo‘lni tanlagan Vyetnam, Kambodja, Laos 1990-yillarda juda og‘ir ahvolda qoldi
  3. Sotsialistik hukmron partiyalar 1990-yillarda hokimiyatdan ketib, ko‘ppartiyaviylik o‘rnatildi
  4. Taraqqiyotning sotsialistik yo‘lini Malayziya, Singapur va Tailand tanlab, og‘ir ahvolda qoldi

To‘g‘ri javob: Sotsialistik yo‘lni tanlagan Vyetnam, Kambodja, Laos 1990-yillarda juda og‘ir ahvolda qoldi. Sotsialistik yo‘lni tanlagan Vyetnam, Kambodja va Laos 1990-yillarda juda og‘ir ahvolda qolgan.

XX asrning so‘nggi yillarida Vyetnamda iqtisodiy o‘sish yiliga necha foizni tashkil qilgan?
  1. 9%
  2. 15%
  3. 12%
  4. 5%

To‘g‘ri javob: 9%. Bozor islohotlari natijasida o‘sish yiliga 9% ni tashkil qilgan.

Vyetnam Kommunistik partiyasining islohotlar kursini e’lon qilgan VII syezdi qaysi yili bo‘lib o‘tgan?
  1. 1986-yili
  2. 1989-yili
  3. 1995-yili
  4. 1991-yili

To‘g‘ri javob: 1991-yili. Islohotlar kursi 1991-yili bo‘lib o‘tgan VII syezdda e’lon qilingan.

Vyetnamda 1991-yilgi syezddan keyin dehqonlar qanday huquqni oldi?
  1. Yerga uzoq muddat egalik qilish huquqini
  2. Yerni chet elliklarga sotish huquqini
  3. Soliqdan butunlay ozod bo‘lish huquqini
  4. Davlat idoralariga mustaqil nomzod ko‘rsatish huquqini

To‘g‘ri javob: Yerga uzoq muddat egalik qilish huquqini. Dehqonlar yerga uzoq muddat egalik qilish huquqini olgan.

Quyidagi hukmlarni ko‘rib chiqing. I. 1991-yilgi Vyetnam Kommunistik partiyasining VII syezdi erkin tadbirkorlikka ruxsat bergan va dehqonlarga yerga uzoq muddat egalik qilish huquqini bergan. II. Kambodja 1999-yili ASEANning teng huquqli a’zosi bo‘lgan. III. Laosda 1991-yili qabul qilingan konstitutsiyaga binoan ko‘p partiyali tizim o‘rnatilgan. Qaysi hukmlar to‘g‘ri?
  1. faqat I
  2. faqat II
  3. I va II
  4. II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Laosda 1991-yilgi konstitutsiyaga binoan bir partiyali tizim hukmron bo‘lgan; shuning uchun III hukm noto‘g‘ri.

Vyetnamda bozor islohotlari natijasida erishilgan iqtisodiy yutuqlar mamlakat ijtimoiy hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
  1. Aholining yashash darajasi pasayib, norozilik kuchaydi va barqarorlik izdan chiqdi
  2. Aholining yashash darajasi oshib, bu ko‘p millatli davlatda barqarorlik garovi bo‘lib qoldi
  3. Chet el kapitali butunlay chiqib ketib, ishlab chiqarish keskin qisqardi va ishsizlik oshdi
  4. Mamlakat sholi eksportini to‘xtatib, aholining asosiy qismi qishloqlarga qaytib ketdi

To‘g‘ri javob: Aholining yashash darajasi oshib, bu ko‘p millatli davlatda barqarorlik garovi bo‘lib qoldi. Iqtisodiy yutuqlar aholining yashash darajasini oshirish imkonini berdi va bu ko‘p millatli davlatda barqarorlik garovi bo‘ldi.

Vyetnam sholi eksporti bo‘yicha dunyoda nechanchi o‘rinni egallab turibdi?
  1. Birinchi
  2. Uchinchi
  3. Ikkinchi
  4. Beshinchi

To‘g‘ri javob: Ikkinchi. Vyetnam sholi eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiYaponiya va KoreyaKeyingi →Hindiston Respublikasi