XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 19-mavzu

Turkiya Respublikasi

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari

Turkiya sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan. Mamlakatga dengizda dam olish, qadimgi madaniyat yodgorliklari bilan tanishish uchun har yili 40 milliondan ortiq sayyoh keladi. Istanbul turistlarning eng sevimli shaharlaridan biri bo‘lib, o‘z tarixi davomida uchta — Rim, Vizantiya va Usmoniylar imperiyalarining poytaxti bo‘lgan. Dunyoning yetti mo‘jizasidan ikkitasi — Efesdagi Artemida ibodatxonasi va Galikarnasdagi mavzoley, shuningdek, YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan butunjahon madaniy yodgorliklaridan 20 ga yaqini Turkiya hududida joylashgan. Turkiya qirg‘oqbo‘yi hududi uzunligi 7 ming km dan ortiq bo‘lib, to‘rtta — Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer dengizlari bilan chegaralangan.

(rasm: Turkiya Respublikasi xaritasi)

Turkiya Respublikasi

Eslab ko‘ring!

Savollar: Turkiya tarixida Mustafo Kamol Otaturk xizmatlari nimalardan iborat?

1990-yillarda siyosiy rivojlanish

Turkiyaning demokratik taraqqiyot yo‘li juda murakkab. So‘nggi yuz yillik tarixi davomida bir necha davlat to‘ntarishi bo‘lib, hokimiyatni harbiylar egallagan. 1991-yili bo‘lib o‘tgan saylovda parlamentga uchta partiya: “Ona vatan” partiyasi (OVP), Sotsial-demokratik partiya (SDP) va “To‘g‘ri yo‘l” partiyasi (TYP) vakillari kirdi. Bosh vazir lavozimini OVP vakili Sulaymon Demirel egalladi. 1993-yili Turkiya prezidenti Turgut O‘zol to‘satdan vafot etgandan so‘ng uning o‘rniga S. Demirel saylandi. Hukumatni esa TYP yetakchisi Tansu Chiller boshqardi.

1995-yil oxirida navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov jamiyatda islom dinining ta’siri o‘sganligini ko‘rsatdi. Shakllangan koalitsion hukumatni avval T. Chiller, keyin esa Najmiddin Erbakan boshqardi. N. Erbakan “siyosiy islom”ning asoschisi, Turkiyaning hozirgi prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning ustozi hisoblanadi.

1990-yillarda siyosiy rivojlanish

Mamlakatda islomiy guruhlarning pozitsiyasi kuchayishda davom etdi, ular mahalliy hokimiyat organlarida borgan sari ko‘p o‘rinlarni egalladi, buning ustiga, hukumatni ham ularning vakili boshqardi. Bundan norozi bo‘lgan armiya rahbariyati prezident Sulaymon Demirelni bir necha bor ogohlantirdi. Shunda N. Erbakan bosh vazir lavozimidan ozod etilib, o‘rniga OVP yetakchisi Mesut Yilmaz tayinlandi.

2000-yili Ahmed Nejdet Sezar Turkiyaning yangi prezidenti etib saylandi. 1999-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Demokratik so‘l partiya (DSP) g‘alaba qozonib, uning yetakchisi Byulent Ejevit Turkiya bosh vaziri lavozimini egalladi. Mamlakatda islomiy guruhlarga nisbatan qat’iy pozitsiya saqlanib turdi. Turkiya prokuraturasi “Nurchilar” tashkilotini konstitutsiyaga xilof deb topdi. Bu tashkilot va “Hizbulloh” partiyasining turk filiali faoliyati taqiqlandi. Armiya bosh shtabi boshlig‘i agar islomiy guruhlar hokimiyatga kelsa, harbiylar konstitutsiyani himoya qilishga tayyorligi to‘g‘risida yana bir bor ogohlantirdi.

XXI asrda siyosiy rivojlanish

2002-yilgi parlament saylovida R. Erdog‘an asos solgan konservativ islom yo‘nalishidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi (ATP) g‘alaba qozondi. 2003-yil martda parlament R. Erdog‘anni bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. 2007-yili o‘ta millatchi “Ergenekon” yashirin tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq tergov va qamoqqa olishlar boshlandi. Turkiya sudi uch nafar iste’fodagi generalni davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishda aybdor deb topdi va 20 yildan qamoq jazosiga hukm qildi. Bu tashkilot qatnashchilari R. Erdog‘an hukumatini ag‘darib tashlashni maqsad qilib qo‘ygan edi.

2012-yil sentyabrda “Adolat va taraqqiyot” partiyasi (ATP)ning syezdida Turkiya bosh vaziri R. Erdog‘an uning partiyasi barcha musulmonlar uchun namunaga aylangani haqida bayonot berdi. Syezdda R. Erdog‘an bu hukmron konservativ islomiy partiyaning yetakchisi etib qayta saylandi.

XXI asrda siyosiy rivojlanish

2014-yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida R. Erdog‘an Turkiya Respublikasi prezidenti etib saylandi. Bu Turkiyada prezident bevosita xalq tomonidan saylangan birinchi saylov edi. Ilgari prezident parlament tomonidan saylangan. Referendumda aholi prezidentning xalq tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri saylanishi uchun ovoz bergandan so‘ng 2012-yili bu haqda qonun qabul qilingan edi.

Saylovdan so‘ng bosh vazir lavozimini Ahmet Dovuto‘g‘li egalladi. Ammo keyingi yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovida ATP hukmron partiya maqomidan mahrum bo‘ldi. Buning sabablaridan biri Turkiyada demokratiya rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shgan S. Demirel paytidagi erkinlik holati salbiy tomonga o‘zgarganligi bo‘ldi.

XXI asrda siyosiy rivojlanish

2016-yili Turkiya harbiylari navbatdagi harbiy to‘ntarishni amalga oshirishga urinib ko‘rdi. Bir qator harbiy qismlar Anqara, Istanbul, Marmaris, Ko‘nya va Malatya shaharlarida strategik muhim obyektlarni o‘z nazoratiga olishga urindi. Istanbul shahridagi prezident qarorgohini F-16 samolyotlari bombardimon qildi. Ayni paytda isyonchilar Istanbul va mamlakat poytaxti Anqara shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni o‘z nazoratiga oldi. R. Erdog‘an isyonchilar egallashga ulgurmagan telekanal orqali xalqqa murojaat qildi. Aholi prezidentni qo‘llab shaharlarda namoyishga chiqdi. To‘ntarishga urinish jahon jamoatchiligi tomonidan ham qoralandi.

XXI asrda siyosiy rivojlanish

Anqara shahri

Turkiya hukumati isyonni tashkil qilishda AQSHda yashayotgan muxolifatchi Fatxulloh Gulenni aybladi va AQSH hukumatidan uni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni talab etdi. Isyon bostirildi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinib, u 2018-yilgacha davom etdi. 2017-yili referendum o‘tkazilib, prezident vakolatlari kuchaytirildi, bosh vazir lavozimi bekor qilindi. 2018-yilgi muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida R. Erdog‘an yana g‘olib chiqdi.

Bu qiziq!

Turkiyaning Istanbul shahri ikki qit’a — Yevropa va Osiyoda joylashgan dunyodagi yagona shahar.

Iqtisodiy rivojlanish

Turkiyada iqtisodiy islohotlar 1990-yillarda ham davom ettirildi. YIMning yillik o‘sishi ancha yuqori bo‘lib, 1990-yillar oxirida eksportning asosiy qismini sanoat tovarlari tashkil qildi. Yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi juda ko‘plab xususiy korxonalar paydo bo‘ldi. Turkiya jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot yetkazib beruvchi yuqori darajada rivojlangan mamlakatga aylandi. XX asr oxiriga kelib, Turkiyaning asosiy sanoat tovarlari Yevropa mamlakatlarining shunday tovarlari bilan bemalol raqobatlasha olardi.

XXI asrning birinchi choragi Turkiya iqtisodiy rivojlanishi uchun murakkab davr bo‘ldi. R. Erdog‘an moliya vazirining makroiqtisodiy siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Natijada 2002–2012-yillari YIMning real o‘sishi 64 % ni, aholi jon boshiga o‘sishi esa 43 % ni tashkil qildi. 2008-yili Turkiya Xalqaro valyuta fondi (XVF) bilan yangi qarz to‘g‘risidagi shartnomani rad etdi va 2013-yili XVF oldidagi barcha qarzlarini uzdi.

Iqtisodiy rivojlanish

Turkiyadagi moliyaviy beqarorlik bir necha muhim omillar sabab bo‘ldi. Xususan, liraning qadrsizlanishi, Suriyadagi urush, migrantlar muammosi va g‘arb davlatlari bilan munosabatlardagi qarama-qarshiliklar iqtisodiy ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 2023-yil oxiridan boshlab hukumat inflyatsiyaga qarshi kurashishga va bozorlarga bo‘lgan ishonchni tiklashga harakat qilmoqda. Markaziy bank foiz stavkalarini oshirish va xorijiy sarmoyani jalb qilish bo‘yicha islohotlar olib bormoqda.

Turkiya O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biri. O‘zaro munosabatlar tarixi uzoq davrga borib taqaladi. O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida savdo va investitsiya aloqalari jadal rivojlanib boryapti. 2017-yildan so‘ng ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobarga, qo‘shma shirkatlar soni 5 karraga ortgan. Turkiyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 70 barobarga ko‘paygan.

Iqtisodiy rivojlanish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan, 2024-yil 6-iyun kuni rasmiy tashrif bilan bu mamlakatda bo‘lganini O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida o‘ta muhim tarixiy voqea sifatida baholash mumkin.

Atamalar izohi

Ekstraditsiya — xalqaro huquqda jinoyat sodir qilgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki unga nisbatan chiqarilgan sud hukmini ijro etish uchun bir davlatdan ikkinchi davlatga berish.

Makroiqtisodiyot — bu mamlakat miqyosida moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalarini bir butun qilib birlashtirgan milliy va jahon xo‘jaligi darajasidagi iqtisodiyotdir.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. 1990-yillar oxiri – 2000-yillardagi Turkiya siyosiy jarayonlarining o‘ziga xos tomoni nimalardan iborat? 2. R. Erdog‘anning islohotlari Turkiyaning rivojlanishida qanday o‘rin tutgan? 3. Turkiyaning iqtisodiy rivojlanishiga qanday omillar sabab bo‘lgan?

Ijodiy ish topshirig‘i

XXI asrning birinchi choragida Turkiyaning iqtisodiy rivojlanishi to‘g‘risida ma’ruza tayyorlang.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Turkiyaga dengizda dam olish va madaniy yodgorliklar bilan tanishish uchun har yili qancha sayyoh keladi?
  1. 10 milliondan ortiq
  2. 60 milliondan ortiq
  3. 40 milliondan ortiq
  4. 25 milliondan ortiq

To‘g‘ri javob: 40 milliondan ortiq. Turkiyaga har yili 40 milliondan ortiq sayyoh keladi.

Turkiya qirg‘oqbo‘yi hududi qaysi to‘rtta dengiz bilan chegaralangan?
  1. Azov, Marmar, Egey va O‘rtayer
  2. Qora, Kaspiy, Egey va Qizil
  3. Qora, Marmar, Adriatik va O‘rtayer
  4. Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer

To‘g‘ri javob: Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer. Turkiya Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer dengizlari bilan chegaralangan.

Istanbul o‘z tarixi davomida qaysi uchta imperiyaning poytaxti bo‘lgan?
  1. Rim, Eron va Usmoniylar
  2. Rim, Vizantiya va Usmoniylar
  3. Vizantiya, Seljuqiylar va Usmoniylar
  4. Rim, Vizantiya va Arab xalifaligi

To‘g‘ri javob: Rim, Vizantiya va Usmoniylar. Istanbul Rim, Vizantiya va Usmoniylar imperiyalarining poytaxti bo‘lgan.

Dunyoning yetti mo‘jizasidan Turkiya hududida joylashgan ikkitasi qaysilar?
  1. Babil osma bog‘lari va Rodos orolidagi haykal
  2. Misr ehromi va Iskandariya dengiz mayog‘i
  3. Olimpiyadagi Zevs haykali va Rodos haykali
  4. Artemida ibodatxonasi va Galikarnas mavzoleyi

To‘g‘ri javob: Artemida ibodatxonasi va Galikarnas mavzoleyi. Efesdagi Artemida ibodatxonasi va Galikarnasdagi mavzoley Turkiya hududida joylashgan.

Turkiya qirg‘oqbo‘yi qaysi to‘rtta dengiz bilan chegaralangan?
  1. Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer
  2. Qora, Kaspiy, Egey va O‘rtayer
  3. Qizil, Marmar, Egey va O‘rtayer
  4. Qora, Marmar, Adriatika va O‘rtayer

To‘g‘ri javob: Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer. Turkiya Qora, Marmar, Egey va O‘rtayer dengizlari bilan chegaralangan.

Turkiyaga dam olish va madaniy yodgorliklar bilan tanishish uchun har yili qancha sayyoh keladi?
  1. 4 milliondan ortiq
  2. 14 milliondan ortiq
  3. 40 milliondan ortiq
  4. 400 milliondan ortiq

To‘g‘ri javob: 40 milliondan ortiq. Mamlakatga har yili 40 milliondan ortiq sayyoh keladi.

Turkiyada parlamentga “Ona vatan”, Sotsial-demokratik va “To‘g‘ri yo‘l” partiyalari vakillari kirgan saylov qaysi yili bo‘lib o‘tgan?
  1. 1994-yili
  2. 1991-yili
  3. 1987-yili
  4. 1989-yili

To‘g‘ri javob: 1991-yili. Turkiyada 1991-yilgi saylovda parlamentga uchta partiya (OVP, SDP va TYP) vakillari kirgan.

Turkiyada 1991-yilgi saylovda parlamentga kirgan OVP qisqartmasi qaysi partiya nomini bildiradi?
  1. Ona vatan
  2. Adolat va taraqqiyot
  3. Xalq respublika
  4. Demokratik so‘l

To‘g‘ri javob: Ona vatan. OVP — “Ona vatan” partiyasi bo‘lib, 1991-yilgi saylovda parlamentga kirgan uchta partiyadan biri edi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHindiston RespublikasiKeyingi →Eron Islom Respublikasi