XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 22-mavzu

Suriya va Iroq

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari

Suriya

1970-yili harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan Hofiz Asad Suriyani 2000-yilgacha boshqardi. Shu davrda mamlakat katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Neft va gaz zaxiralari ishga tushirildi, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlandi, aholining soni ko‘payib, yashash darajasi yaxshilandi. Ammo 1990-yillarda iqtisodiy turg‘unlik boshlandi. Buning sabablari shu davrda yuz bergan sotsialistik rejimning inqirozidan tashqari, Suriyaning yangi tarixidagi eng dahshatli qurg‘oqchilik bilan ham bog‘liq edi.

2000-yili H. Asad vafot etdi va hokimiyatga H. Asadning o‘g‘li Bashar Asad keldi. B. Asad otasidan farqli ravishda, tashqi siyosatda “yumshoq” kurs olib bordi. Isroil bilan Jo‘lon tepaliklari masalasida muzokaralarni tikladi. 30 yildan beri Livanda turgan Suriya qo‘shinlarini u yerdan olib chiqdi va Saddam Husayn bilan yarashdi. Ichki siyosatda siyosiy partiyalar faoliyatiga ruxsat berdi, korrupsiyaga qarshi juda keskin choralar qo‘lladi.

Suriya

Iqtisoddagi turg‘unlikni Bashar Asad savdo va moliya sohasini liberallashtirish orqali yengib o‘tishga urindi. Ammo bu faqat Damashq va Halab singari yirik shaharlarda iqtisodning jonlanishiga olib keldi. Qishloqlar va kichik shaharlarda esa ishsizlar soni ortib ketdi. Bundan tashqari, shu davrda qo‘shni davlatlardan kelgan qochoqlar ham Suriyaning katta muammosiga aylandi. Qurg‘oqchilik va iqtisodiy inqirozga qochoqlar muammosi qo‘shilib, aholining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

XXI asr boshlarida arab mamlakatlarida boshlangan “Arab bahori” nomli inqilobiy jarayonlar Suriyani ham qamrab oldi. 2011-yili mamlakatning janubidagi Daraya shahrida juma namozidan so‘ng boshlangan g‘alayonlar

Suriya

Suriya va Iroq

“Juma inqilobi” nomini oldi. Isyonchilar B. Asad rejimini ag‘darish, demokratik islohotlar o‘tkazishni talab qildilar. Mojaroda amaldagi prezident B. Asad tarafida Suriya arab armiyasi va unga qarshi bo‘lgan Suriya “mo‘tadil” muxolifatining Suriya ozodlik armiyasi, kurdlar otryadlari, shuningdek, turli xil terrorchi tashkilotlar — “Iroq va Shom islom davlati” (“ISHID”), “Jibhat an-Nusra” va shu kabilar ishtirok etdi.

2013-yili Iroq va qisman Suriya hududida terrorchi guruhlar “Iroq va Shom islom davlati” deb ataluvchi davlatni tuzdi. 2014-yili u “Umumjahon xalifaligi” deb e’lon qilindi. Bu hol AQSH va uning ittifoqchilarini harbiy intervensiyani amalga oshirishga undadi. Ular Suriyadagi islomiy guruhlar pozitsiyalarini bombardimon qildi. 2015-yildan xuddi shu harbiy operatsiyada Rossiya harbiy-kosmik kuchlari ham ishtirok etdi. Mojaroda Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Iroq, Livan, Isroil kabi davlatlarning ham manfaatlari namoyon bo‘ldi. Suriya xalqaro kuchlarning to‘qnashuv maydoniga aylandi.

Bu qiziq!

Suriyada tibbiyot va ta’lim bepul. Davlat xizmatchilariga xususiy klinikalarda qilgan xarajatlari qoplanadi, mamlakatda savodxonlik darajasi yuqori. Erkaklar 60 yoshida pensiyaga chiqadi. Pensioner vafot etgan taqdirda, uning pullari xotini va farzandlariga to‘lanadi.

2017-yili Suriyadagi holat keskin o‘zgardi. Yilning asosiy yakuni “ISHID” guruhining tor-mor qilinishi bo‘lib, bu Rossiyaga o‘z harbiy operatsiyalarini to‘xtatish imkonini berdi. Ammo faol jangovar harakatlarning to‘xtatilishi tinchlik o‘rnatilishiga olib kelmadi. Tashqi kuchlar ko‘magiga tayangan Suriya muxolifat kuchlari agar B. Asad hokimiyatda qolsa, mamlakatni tiklashda ishtirok etmasligini bildirdi. Shu davrda Suriyaning shimolidagi kurdlar yashaydigan hududlarda Turkiya qo‘shinlari faol harakatlar olib bordi. Ayni paytda AQSH qo‘shinlari tomonidan Idlib provinsiyasida terroristik harakat yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘ldirilganligi e’lon qilindi.

Bu qiziq!

2011-yildan keyin o‘tgan 13 yil davomida suriyaliklar fuqarolar urushi, “ISHID”ning yuksalishi va qulashi, Rossiya, AQSH va Turkiyaning harbiy operatsiyalarini boshdan kechirdi, mamlakat amalda uch qismga bo‘linib ketdi.

2024-yil noyabrda qurolli “Hayyat Tahrir ash-Shom” guruhi 11 kun ichida Halab, Hamo, Hims va keyin Damashqni egalladi. Suriya prezidenti B. Asad oilasi bilan Rossiyaga qochib ketdi.

Suriyada hokimiyatni egallagan Abu Muhammad al-Jo‘loniy suriyalik mahalliy aholiga tinchlik va xavfsizlikni va’da qildi. Shuningdek, qo‘shni davlatlar va mintaqada ta’sirga ega bo‘lgan qudratli davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatishga intilmoqda.

Iroq

Saddam Husayn hokimiyatni mustahkamlab olib, BMTning Iroq harbiy dasturlarini to‘xtatishga yo‘naltirilgan urinishlariga qarshilik ko‘rsatdi. U BMT inspektorlarini AQSH foydasiga josuslik qilishda aybladi va ularni mamlakatdan quvib chiqardi. Shundan so‘ng, 1999–2000-yillari AQSH boshchiligidagi xalqaro kuchlar Iroq harbiy obyektlarini bombardimon qildi. 2003-yili AQSH va Buyuk Britaniya qo‘shinlari Bag‘dodga bostirib kirdi. S. Husayn hukumati quladi. Ammo Iroqda demokratiya va tinchlik o‘rnatilmadi. AQSH va uning ittifoqchilari Iroqdagi vaziyatni jilovlay olmadi. Terroristik harakatlar avj oldi. Ko‘plab begunoh odamlar qurbon bo‘ldi. 2005-yili qabul qilingan konstitutsiyaga binoan, Iroq uning xalqini tashkil qiluvchi uchta etnos — sunniy arablar, shia arablar va kurdlar kelishuviga asoslangan parlamentar federativ respublika deb e’lon qilindi.

Iroq

S. Husayn paytida hokimiyatda bo‘lgan sunniylar endi muxolifatga o‘tdi. Ammo 2010-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovida kutilmaganda muxolifatdagi sunniylar g‘olib chiqdi. Biroq joylarda real hokimiyat turli qurolli guruhlar qo‘lida qoldi.

Prezident B. Obama AQSHning Iroqqa nisbatan siyosati xato ekanligini tan oldi. Ko‘pchilik mutaxassislar aynan Amerika siyosati Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga, “ISHID” singari terroristik tashkilotlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi, deb hisoblamoqda.

2023-yili Gallup International xalqaro tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning 60 % i Iroqqa AQSH bostirib kirgandan keyin o‘tgan 20 yil ichida yashash darajasi yomonlashganligini bildirdi. Shunga qaramasdan, Iroq qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, tinch va farovon hayot qurish yo‘lidan bormoqda.

Yodda tuting!

*“Mehr” insonparvarlik operatsiyasi*

O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga binoan, maxsus xizmatlar tomonidan “Mehr” nomli insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirildi. Bu operatsiyaning maqsadi — Suriya, Iroq va Afg‘onistonda urush bo‘layotgan hududlardagi lagerlarda qiyin holatda qolgan o‘zbekistonlik ayollar va bolalarni topish, ularga yordam berish va eng muhimi — ularni Vatanga, tinchlik bag‘riga qaytarish edi. Shu paytgacha “Mehr-1”dan “Mehr-5”gacha bo‘lgan beshta operatsiya o‘tkazildi. Ular orqali 500 nafardan ortiq ayol va bolalar O‘zbekistonga olib kelindi.

Xalqaro tashkilotlar bu tashabbusni yuqori baholadi. Chunki jahonda faqatgina oz sonli davlatlar o‘z fuqarolarini urush ketayotgan joylardan qaytarish bilan bunday jiddiy shug‘ullangan.

Ijodiy ish topshirig‘i

Suriya hamda Iroqda vayron etilgan qadimgi obidalar, shaharlar to‘g‘risida ma’lumot to‘plang va taqdimot tayyorlang.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Suriyada siyosiy inqirozning kelib chiqishi va fuqarolar urushining boshlanishiga qanday omillar sabab bo‘ldi? 2. Suriyadagi urushda qaysi davlatlarning manfaatlari aks etgan? 3. Iroqning xalqaro kuchlar tomonidan bombardimon qilinishiga asosiy sabab nima edi? 4. Suriya va Iroqdagi ijtimoiy va iqtisodiy holatlarni taqqoslang.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Hofiz Asad harbiy to‘ntarish orqali Suriyada hokimiyatga qaysi yili keldi?
  1. 1973-yili
  2. 1967-yili
  3. 1965-yili
  4. 1970-yili

To‘g‘ri javob: 1970-yili. Hofiz Asad 1970-yili harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan.

Suriyada iqtisodiy turg‘unlik qaysi davrda boshlandi?
  1. 1970-yillarda
  2. 1990-yillarda
  3. 1980-yillarda
  4. 2000-yillarda

To‘g‘ri javob: 1990-yillarda. Suriyada iqtisodiy turg‘unlik 1990-yillarda boshlangan.

Suriya rahbari Hofiz Asad qaysi yili vafot etdi va hokimiyatga o‘g‘li Bashar Asad keldi?
  1. 2003-yili
  2. 2000-yili
  3. 1998-yili
  4. 2005-yili

To‘g‘ri javob: 2000-yili. Hofiz Asad 2000-yili vafot etib, hokimiyatga o‘g‘li Bashar Asad kelgan.

2000-yili Hofiz Asad vafotidan keyin Suriyada hokimiyatga uning o‘g‘li kim keldi?
  1. Saddam Husayn
  2. Rifat Asad
  3. Bashar Asad
  4. Maher Asad

To‘g‘ri javob: Bashar Asad. Hofiz Asadning o‘g‘li Bashar Asad 2000-yili hokimiyatga kelgan.

Bashar Asad otasidan farqli ravishda tashqi siyosatda qanday kurs olib bordi?
  1. tajovuzkor
  2. izolyatsion
  3. qat’iy
  4. yumshoq

To‘g‘ri javob: yumshoq. Bashar Asad otasidan farqli ravishda tashqi siyosatda yumshoq kurs olib borgan.

Hofiz Asad Suriyani qaysi yillar oralig‘ida boshqargan?
  1. 1946–1970-yillarda
  2. 1970–2000-yillarda
  3. 1963–1991-yillarda
  4. 1980–2011-yillarda

To‘g‘ri javob: 1970–2000-yillarda. U 1970-yili harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelib, 2000-yilgacha boshqargan.

2000-yili Hofiz Asad vafot etgach, Suriyada hokimiyatga kim keldi?
  1. Saddam Husayn
  2. Abu Muhammad al-Jo‘loniy
  3. Uning o‘g‘li Bashar Asad
  4. Uning ukasi Rifat Asad

To‘g‘ri javob: Uning o‘g‘li Bashar Asad. Hokimiyatga H. Asadning o‘g‘li Bashar Asad kelgan.

Bashar Asad 30 yildan beri qaysi davlatda turgan Suriya qo‘shinlarini olib chiqdi?
  1. Livanda
  2. Iroqda
  3. Iordaniyada
  4. Turkiyada

To‘g‘ri javob: Livanda. 30 yildan beri Livanda turgan Suriya qo‘shinlari Bashar Asad tomonidan olib chiqildi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiPokiston va Afg‘onistonKeyingi →Ko‘rfaz Arab Mamlakatlari