Ko‘rfaz Arab Mamlakatlari
XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari
Ko‘rfaz arab mamlakatlariga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar, Kuvayt va O‘mon kiradi.
Saudiya arabistoni
Saudiya Arabistoni Podshohligi Arabiston yarimorolining 80 % hududini egallagan davlat. Unda 2025-yilga kelib, 38,8 milliondan ziyod aholi yashaydi, shundan 38 % dan ortig‘i chet elliklar. Saudiya Arabistoni Amerikaning “Aramco” kompaniyasi bilan neft qazib olish to‘g‘risida kelishuvga erishgandan so‘ng boylikning timsoliga aylandi. Tezda Saudiya Arabistonida neft konlari ishga tushib, mamlakat qiyofasi o‘zgarib ketdi.
Ammo XX asr oxirlarida mamlakatda beqarorlik belgilari paydo bo‘lib, podshoh oilasi bir qator islohotlarni o‘tkazdi. Xususan, 1990-yillari mamlakat tarixida birinchi konstitutsiya qabul qilindi, chet ellik investorlar uchun fond birjasi ochildi. Podshoh Abdulloh (Abdulloh bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saud) davrida (2005–2015) 2005-yili mahalliy kengashlarga saylovlar o‘tkazildi; podshohlik Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘ldi; 2007-yili korrupsiyaga qarshi qonunlar qabul qilindi, ammo ular samara bermadi. Shundan so‘ng podshoh oila a’zolariga davlat xazinasidan shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanish taqiqlandi (ular qariyb 22 ming kishi, shundan faqat 2 mingi mamlakat boyligini nazorat qilish huquqiga ega). Podshoh buyrug‘iga ko‘ra, chet ellarda ta’lim olishni istagan saudiyalik yoshlar uchun mablag‘ ajratildi. Podshohlikning o‘zida ham podshoh Abdulloh nomidagi Fan va texnologiyalar universiteti ochilib, unda qizlarning ham ta’lim olishiga ruxsat berildi, malika Nora al-Fayz ayollar ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.
Saudiya arabistoni
2015-yili podshoh Abdulloh vafot etgandan so‘ng taxtga 80 yoshli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud keldi. Hozir mamlakatni uning nomidan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud boshqarib kelmoqda. Mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan, 50 ga yaqin davlatlar fuqarolari Saudiyaga vizasiz kirishi mumkin. Saudiyada musulmonlarning muqaddas shaharlari Makka va Madinadan boshqa diqqatga sazovor joylar ham anchagina. Ular qatoriga Jidda shahrini, 1999-yili ochilgan Milliy muzeyni, 2002-yili ishga tushgan Qirollik markazi (Burj al-Mamlaka) va boshqalarni kiritish mumkin. Saudiya mintaqaning XXI asrga mos ravishda qadam tashlayotgan yetakchi davlatiga aylandi.
Saudiya arabistoni
O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarini shartli ravishda ikki davrga ajratish mumkin: 90-yillardan 2017-yilgacha va 2017-yildan bugungi kungacha. O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki 25 yilida erishilgan qator davlatlararo kelishuvlar O‘zbekiston Respublikasining bu mamlakat bilan hozirgi o‘zaro munosabatlarini faollashtirishga asos bo‘lib xizmat qildi.
2017-yildan so‘ng ikki tomonlama aloqalar, ayniqsa, iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanish yo‘liga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil avgustda Saudiya Arabistoniga qilgan davlat tashrifi doirasida energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini ta’kidladi. Bugungi kunda “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan. Kimyo tarmog‘ida “SABIC” kompaniyasi bilan sheriklik istiqbolli ekanligi aytilmoqda.
Birlashgan arab Amirliklari
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 1971-yil 2-dekabrda Abu Dabi amirligining shayxi Zoid bin Sulton Ol-Nahayon tashabbusi bilan tashkil topgan. BAA yettita — Abu Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Umm ul-Qayvayn, Ras ul-Xayma va Al-Fujayra amirliklaridan iborat. Mamlakatdagi neft boyliklarining 95 % i Abu Dabi, 5 % i Dubayga tegishli. Faqat shu ikki amirlik mamlakat qonunchiligidagi muhim masalalar bo‘yicha qarorlarga veto qo‘yish huquqiga ega. BAAning 85 % aholisi migrantlardan iborat bo‘lib, ular davlat boshqaruvidan boshqa barcha sohalarda ishlaydi. BAA fuqarolari, asosan, davlat boshqaruvi tashkilotlarida faoliyat yuritadi, boshqa ma’lum bir qismi o‘z biznesiga ega.
Birlashgan arab Amirliklari
Mamlakatda ta’lim (oliy ta’lim ham) bepul. Birinchi kursni faqat “a’lo” baholarga bitirgan talabaga universitet ma’muriyati dunyoning istalgan eng yaxshi universitetlarida o‘qish huquqini beradi va xorijga borish-kelish, yashash hamda kontrakt pullarini to‘lashni o‘z zimmasiga oladi. Xorijga o‘qishga ketgan talabaga har oyda 2000 AQSH dollari miqdorida stipendiya to‘lab boriladi. BAAda barcha tibbiy xizmatlar va dori-darmon bepul. BAA fuqarosi chet elda davolansa, u davlat tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.
BAAda turizm rivojlangan. Mamlakatning turistik poytaxti Dubay shahri hisoblanadi. 1999-yildan amirlikda baland binolar qurish avj oldi. Bu jarayon 39 qavatli Dubay Xalqaro savdo markazini qurishdan boshlandi. O‘n yildan ortiq vaqt davomida balandligi 220 metr bo‘lgan 39 ta bino qurildi. Hozir qurilayotgan dunyodagi eng baland — 122 qavatli “Pentominium” binosining balandligi 516 metr bo‘ladi.
Birlashgan arab Amirliklari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019-yil martda BAAga amalga oshirgan tashrifi O‘zbekiston — BAA munosabatlari rivojida yangi bosqichni boshlab beradi. O‘zbekistondagi an’anaviy va muqobil energiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun BAAning “Masdar” va “Mubadala Development Company” kompaniyalari 2019-yilda 10 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritgan.
Sh. Mirziyoyevning 2025-yil yanvarda BAAga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Prezidentlar 2025−2027-yillarni O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri deb e’lon qildi va 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish asosiy vazifa etib belgilandi.
Kuvayt
1951-yili Kuvayt amiri “Kuwait oil company” kompaniyasi bilan neftdan tushadigan daromadni teng bo‘lish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu birozdan so‘ng mamlakatning keskin boyib ketishiga olib keldi. 1961-yilda Kuvayt to‘liq mustaqillikka erishdi.
1990-yil 2-avgustda Iroq armiyasi Kuvaytga bostirib kirdi. Amir va uning oilasi mamlakatni tashlab qochib ketdi. Xalqaro koalitsiya tomonidan 1991-yili 28-fevralda Kuvayt ozod qilindi va harbiy harakatlar to‘xtatildi. Iroq agressiyasi Kuvaytni mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. 1991-yil sentyabrda AQSH bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risida 10 yil muddatga shartnoma tuzildi. 1992-yili shunday shartnomalar Angliya va Fransiya bilan ham imzolandi.
Kuvayt
Agressiyaning iqtisodiy oqibatlari ham juda og‘ir bo‘ldi, S. Husayn mamlakatning asosiy boyligi bo‘lgan neft konlarini yoqib yubordi. Ammo 1993-yilga kelib, neft eksportidan tushadigan daromad urushdan oldingi darajasidan oshib ketdi va 9,9 milliard dollarni tashkil qildi. Shundan so‘ng iqtisodiy holat muttasil yaxshilanib bordi. 1990-yillarning oxiriga kelib, neft sotishdan olinadigan daromad 13,5 milliard dollarga yetdi. XXI asr boshiga kelib, Kuvayt faol kapital eksport qilayotgan davlatlardan biriga aylandi.
Qatar
Kuvaytdan janubda Qatar amirligi joylashgan. Qatar 1971-yil 3-sentyabrda mustaqillikka erishdi. Qatar aholi jon boshiga daromadi bo‘yicha dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatoriga kiradi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Qatar dunyoda beshinchi o‘rinda bo‘lib, 2023-yili YIM aholi jon boshiga 121124 AQSH dollariga yetdi. Mamlakatning asosiy boyligini neft tashkil qiladi. Ishlayotganlarning faqat 20 % i Qatar fuqarolari, qolganlari boshqa mamlakatlar, asosan, Hindiston va Pokistondan kelganlar.
Qatar tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda uchinchi, uni eksport qilish bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, u neft va neft mahsulotlari eksporti bo‘yicha ham oltinchi o‘rinni egallaydi. Qatar hozirgi vaqtda turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Mamlakatda Turizm bo‘yicha boshqarma tashkil qilingan.
Bu qiziq!
Qatarda ichimlik suvi dengiz suvini chuchuklashtirish orqali olinadi. Shuning uchun suvning narxi gazlangan ichimliklar va benzinga qaraganda qimmatroq. Qatarda 3 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi, ularning 99 % i shahar aholisi, 90 % i esa poytaxt Dohada yashaydi.
Bahrayn
Bahrayn Qatarga yaqin joyda, 30 ta oroldan iborat arxipelagda joylashgan. Bahrayn ham 1971-yil avgustda mustaqillikka erishdi. Bu yerda dunyoda eng katta neftni qayta ishlash zavodlaridan biri joylashgan bo‘lib, u neft quvuri orqali Saudiya Arabistonidan keladigan neftni qayta ishlaydi. Yangi qurilgan Salmon porti savdoning rivojlanishiga ko‘maklashmoqda. Tashib keltiriladigan xomashyo hisobiga alyumin erituvchi yirik “Aluminium Bahrain” (“ALBA”) zavodi faoliyat yuritadi.
O‘ylab ko‘ring
Bahrayn mintaqadagi boshqa davlatlarga namuna bo‘lishga intilmoqda. U Fors ko‘rfazining moliyaviy va savdo markaziga aylandi. Chet elliklarga mamlakatda korxonalar tuzish va hatto yer sotib olishga ruxsat berilgan. Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun mamlakat hududining 5 % idan foydalaniladi, xolos. Bahraynning eng katta boyligi — 360 kun quyoshli issiq havo bo‘lishi va iliq dengiz, shuningdek, butun qirg‘oq bo‘ylab joylashgan juda katta qumloq plaj. Mamlakatda turizm rivojlanmoqda, yangi mehmonxonalar qurilyapti. Mamlakatning 33 % aholisini chet elliklar tashkil qiladi.
O‘mon
Arabiston yarimorolining eng janubiy qismida O‘mon davlati joylashgan. 1996-yili sulton Qobus O‘monning birinchi konstitutsiyasini imzoladi. Konstitutsiya vakillik va maslahat organi — O‘mon Kengashi tuzilishini ko‘zda tutdi va fuqarolarning asosiy huquqlarini e’lon qildi.
O‘mon aholisining 50 % ga yaqini ishchi-immigrantlar va ularning oila a’zolaridan iborat.
O‘mon iqtisodiyoti asosini neft eksporti tashkil qiladi. Neft zaxiralarining kamayishi sababli O‘mon hukumati 2016-yili iqtisodni diversifikatsiya qilish — gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish rejasini qabul qildi.
Atamalar izohi
Arxipelag — bir-biridan unchalik uzoq bo‘lmagan va odatda, bir butun deb hisoblanadigan orollar to‘dasi.
Diversifikatsiya (lot. diversificatio — o‘zgarish, xilma-xil taraqqiyot) — korxona (birlashma)larning faoliyati sohalari va ishlab chiqaradigan mahsulotlari turining kengayishi, yangilanib turishi. Diversifikatsiya yuqori samaradorlikka erishish, iqtisodiy foyda olish, bankrotlikka barham berish va boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi.
Ijodiy ish topshirig‘i
2020-yilda Bahrayn YIMida qishloq xo‘jaligining ulushi 0,28 % ni tashkil qilgan. Fors ko‘rfazida joylashgan arab mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi sohasi deyarli rivojlanmaganligining sababi nimada? Javobingizni asoslang.
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
Muhim sanalar
- 1951-yili — 1951-yili Kuvayt amiri “Kuwait oil company” kompaniyasi bilan neftdan tushadigan daromadni teng bo‘lish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.
- 1961-yilda — 1961-yilda Kuvayt to‘liq mustaqillikka erishdi.
- 1971-yil — Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 1971-yil 2-dekabrda Abu Dabi amirligining shayxi Zoid bin Sulton Ol-Nahayon tashabbusi bilan tashkil topgan.
- 1971-yil — Qatar 1971-yil 3-sentyabrda mustaqillikka erishdi.
- 1971-yil — Bahrayn ham 1971-yil avgustda mustaqillikka erishdi.
- 1990-yillari — Xususan, 1990-yillari mamlakat tarixida birinchi konstitutsiya qabul qilindi, chet ellik investorlar uchun fond birjasi ochildi. Podshoh Abdulloh (Abdulloh bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saud) davrida (2005–2015)…
- 1990-yil — 1990-yil 2-avgustda Iroq armiyasi Kuvaytga bostirib kirdi.
- 1990-yillarning — 1990-yillarning oxiriga kelib, neft sotishdan olinadigan daromad 13,5 milliard dollarga yetdi.
- 1991-yili — Xalqaro koalitsiya tomonidan 1991-yili 28-fevralda Kuvayt ozod qilindi va harbiy harakatlar to‘xtatildi.
- 1991-yil — 1991-yil sentyabrda AQSH bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risida 10 yil muddatga shartnoma tuzildi.
Bilimingizni sinang
Quyidagi davlatlardan qaysi biri Ko‘rfaz arab mamlakatlari tarkibiga kirmaydi?
- Kuvayt
- Qatar
- Misr
- O‘mon
To‘g‘ri javob: Misr. Ko‘rfaz arab mamlakatlariga Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn, Qatar, Kuvayt va O‘mon kiradi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Arabiston yarimorolining necha foiz hududini egallagan?
- 90 %
- 60 %
- 70 %
- 80 %
To‘g‘ri javob: 80 %. Saudiya Arabistoni Podshohligi Arabiston yarimorolining 80 % hududini egallagan davlatdir.
2025-yilga kelib Saudiya Arabistonida qancha aholi yashaydi?
- 38,8 milliondan ziyod
- Qariyb 45,3 million
- 52,1 milliondan ziyod
- Qariyb 24,5 million
To‘g‘ri javob: 38,8 milliondan ziyod. 2025-yilga kelib Saudiya Arabistonida 38,8 milliondan ziyod aholi yashaydi.
Saudiya Arabistoni neft qazib olish to‘g‘risida qaysi Amerika kompaniyasi bilan kelishuvga erishgach, boylikning timsoliga aylandi?
- Texaco
- Aramco
- Exxon
- Chevron
To‘g‘ri javob: Aramco. Saudiya Arabistoni Amerikaning Aramco kompaniyasi bilan neft qazib olish kelishuviga erishgach, boylikning timsoliga aylandi.
Saudiya Arabistoni tarixidagi birinchi konstitutsiya qaysi davrda qabul qilindi?
- 2000-yillari
- 1990-yillari
- 1980-yillari
- 1970-yillari
To‘g‘ri javob: 1990-yillari. Saudiya Arabistonida 1990-yillari mamlakat tarixidagi birinchi konstitutsiya qabul qilindi.
Saudiya Arabistonida podshoh Abdulloh davrida mahalliy kengashlarga saylovlar qaysi yili o‘tkazildi?
- 2008-yili
- 2005-yili
- 2010-yili
- 2003-yili
To‘g‘ri javob: 2005-yili. Podshoh Abdulloh davrida 2005-yili mahalliy kengashlarga saylovlar o‘tkazildi.
Saudiya Arabistonida podshoh oilasi a’zolari qariyb necha kishini tashkil qiladi?
- 5 ming
- 22 ming
- 12 ming
- 32 ming
To‘g‘ri javob: 22 ming. Podshoh oilasi qariyb 22 ming kishi bo‘lib, shundan faqat 2 mingi mamlakat boyligini nazorat qilish huquqiga ega.
Saudiya Arabistonida qariyb 22 ming kishilik podshoh oilasidan nechasi mamlakat boyligini nazorat qilish huquqiga ega?
- 2 mingi
- 1 mingi
- 5 mingi
- 3 mingi
To‘g‘ri javob: 2 mingi. Podshoh oilasidan faqat 2 mingi mamlakat boyligini nazorat qilish huquqiga ega.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash