XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 24-mavzu

Falastin va Isroil: Ikki xalq uchun ikki davlat

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari

Falastinning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

1947-yili BMT Xavfsizlik Kengashi Falastin bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. Unga binoan, 1948-yil 1-avgustdan Falastinda ikkita — yahudiylarning Isroil va arablarning Falastin davlatlarini tashkil qilish tavsiya etildi.

1948-yili Isroil va Falastin davlatlarini tuzish rejasini arab aholisi adolatsiz deb hisobladi va shu davrdan boshlab falastin xalqi o‘z davlatini saqlab qolish uchun kurash boshladi. Bu kurash arab davlatlari va SSSR tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Falastinliklarning kurashiga boshchilik qilish uchun Falastinni ozod qilish tashkiloti (FOQT) tuzilib, unga uzoq yillar Yosir Arofat boshchilik qildi. Ammo faqat 1990-yillarga kelib, SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgach, keyin esa sotsialistik rejim barham topgandan so‘ng Falastin muammosini hal qilish imkoni paydo bo‘ldi.

Falastinning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

1991-yili Madridda Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro konferensiyada, keyin Norvegiya poytaxti Osloda Isroil bilan FOQT o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Natijada 1993-yili Isroil va FOQT bir-birini tan olganligi to‘g‘risida e’lon qilindi.

Bu qiziq!

Falastinda ta’lim darajasi barcha arab davlatlari orasida eng yuqori. Aholining 90 % dan ortig‘i savodli, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 33 % i oliy o‘quv yurtlarida tahsil oladi.

Mulohaza yuriting

Savollar: Tarix fanidan olgan bilimlaringizga tayanib, nima uchun Quddus Yer yuzidagi eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, bir vaqtning o‘zida uchta — yahudiylik, xristianlik va islom dini vakillari uchun muqaddas joy hisoblanishi haqida qanday fikrlar mavjud?

Isroilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

O‘z mustaqil taraqqiyotining bir necha o‘n yili ichida Isroil harbiy sanoat kompleksi nihoyatda rivojlangan mamlakatga aylandi. Harbiy sanoat kompleksining rivojlanishi metallsozlik, mashinasozlik, elektrotexnika, elektronika va olmosga ishlov berish singari boshqa turdosh sohalarning ham jadal taraqqiy etishiga olib keldi.

1990-yillardan Isroil iqtisodi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu mamlakatda haqiqiy iqtisodiy yuksalish boshlandi. Isroil xo‘jaligi o‘z tuzilishiga ko‘ra, AQSH va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarinikiga yaqinlashdi va postindustrial modelga moslashdi.

Isroilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda ichki va tashqi holatlarning qulayligi yordam berdi. 1990-yillari sobiq SSSRdan 600 ming kishining Isroilga ko‘chib kelishi qurilish, sanoatning ayrim sohalarida jadal rivojlanishni ta’minladi. Yuqori ma’lumot darajasiga ega va moddiy imkoniyati yaxshi bo‘lgan yangi immigrantlar Isroilning qiyofasini o‘zgartirib yubordi. Ammo Isroil tashkil topgandan beri uning bosh muammosi Falastin davlatini tuzish masalasi bo‘lib qoldi. 2000-yili AQSH prezidenti Bill Klinton vositachiligida Kemp Devid shahrida Falastin muammosini tartibga solish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Asosiy muammo Quddus shahrini Falastin va Isroil o‘rtasida bo‘lib olish bo‘lib, bu masalada tomonlar kelishuvga erishmadi va muzokaralar natijasiz yakunlandi. Shundan so‘ng Isroil bosh vaziri Ehud Barak iste’foga chiqdi va 2001-yili bosh vazir etib Ariel Sharon saylandi.

Isroilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

2003-yili BMT, AQSH, Rossiya va YI vositachiligida Falastin muammosini hal qilish bo‘yicha yangi “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi, ammo tinchlik to‘liq o‘rnatilmagan sharoitda uning amalga oshishi mavhum bo‘lib qoldi.

2006-yili G‘azo sektorida o‘tkazilgan demokratik saylovda “Hamas” harakati g‘alaba qozondi. “Hamas” Isroilni va u bilan ilgari imzolangan shartnomalarni tan olmadi. 2006-yil yozida Isroil va “Hamas” o‘rtasida janglar boshlanib ketdi. Livandagi “Hizbulloh” shia islomiy partiyasi Isroilga qarshi ikkinchi frontni ochdi. Bu urush va uning oqibatida Falastinda “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni to‘xtatish jahon jamoatchiligi tomonidan va Isroilning o‘zida ham tanqid qilindi. 2022-yil dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovda “Likud” bloki g‘alaba qozondi va Falastinga nisbatan qat’iy yo‘nalish tarafdori bo‘lgan Binyamin Netanyaxu bosh vazir lavozimini egalladi. U 1996–1999, 2009–2021-yillari ham bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan.

Isroilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

Bugungi kunda Isroil rivojlangan agrar-industrial mamlakat bo‘lib, iqtisodiyotda davlat sektorining roli kattaligiga qaramasdan, bozor munosabatlari ustuvor hisoblanadi. Ayni paytda ko‘plab omillar sababli mamlakat iqtisodiyoti tashqi moliyaviy manbalarga kuchli bog‘langan (AQSH har yili 3 milliard dollar miqdorida beminnat yordam ko‘rsatadi) va uning uchun yuqori militarizatsiya darajasi xarakterli.

Mamlakat texnologiya sektorini faol rivojlantirishga kirishdi. Bu harakat eksportning o‘sishiga va chet el investitsiyasining jalb qilinishiga olib keldi. Ayni paytda bir qator muammolar saqlanib qolyapti. Bularga davom etayotgan arab-isroil mojarosi va falastinliklar bilan mustahkam tinchlikning yo‘qligini, tashqi siyosiy holatning tangligini kiritish mumkin. Mamlakat ichkarisida ham diniy va siyosiy kelishmovchiliklar, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik bilan bog‘liq tanglik mavjud. Ayni paytda aholining turli guruhlari, ayniqsa, markaziy va chekka hududlar aholisining yashash darajasi o‘rtasida sezilarli farq saqlanib qolmoqda.

Isroilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

Falastinning G‘azo sektorida davom etayotgan urushga qaramasdan, 2025-yil 13-iyunda Isroil Eronga qarshi misli ko‘rilmagan harbiy operatsiyani boshladi va uning yadro obyektlari, harbiy bazalari va qo‘mondonlik tarkibini bombardimon qildi. Oqibatda Eron harbiy qo‘mondonligi rahbarlari va yadroviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan olimlardan bir necha kishi hamda tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Isroil bu harakatlarni Eronning o‘sib borayotgan yadroviy tahdidiga qarshi javob deb baholaydi. Ammo Isroilning bu ishi javobsiz qolmadi. Eron harbiy kuchlari uchuvchisiz parvoz qiluvchi apparat (dron)lar hamda tovushdan tez uchuvchi zamonaviy raketalar bilan Isroilning harbiy va ilmiy obyektlarini bombardimon qildi, oqibatda bir qancha tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. “O‘n ikki kunlik urush” mintaqada tanglikni yanada oshirib, katta urush xavfini kuchaytirdi.

XX asr oxirlarida Falastin va Isroil muammosi

1993-yili Vashingtonda Isroil va FOQT delegatsiyalari Falastin avtonomiyasini bosqichma-bosqich 5 yil ichida tuzish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Birinchi bosqichni amalga oshirish G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy sohilini FOQTning avtonom boshqaruviga berish to‘g‘risida bitim imzolanishi bilan boshlandi. Bu shartnoma Falastin tashkilotlarida norozilikni kuchaytirib yubordi va FOQTda bo‘linish yuz berdi. “Hamas”, “Jihod” va “Hizbulloh” kabi tashkilotlar faollashib ketdi. Ular turli yo‘llar bilan kelishuvni buzishga harakat qildi. Shunga qaramasdan, muzokara jarayoni davom etdi.

1987-yili boshlangan Birinchi Falastin intifadasi natijasida FOQT bilan Isroil o‘rtasida muzokaralar boshlanib, Oslo shahrida kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, 1994-yili Yosir Arofat boshchiligida Falastin milliy ma’muriyati tashkil qilindi. Siyosiy markaz etib Romalloh shahri belgilandi. Bu xizmati uchun Y. Arofat va Isroil bosh vaziri Is’hoq Rabin 1994-yili Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lishdi. 1995-yili FOQT bilan Isroil o‘rtasida muvaqqat bitim imzolandi. Bu Falastin avtonomiyasini tuzishning keyingi bosqichi bo‘lib, Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi ko‘plab shahar va qishloqlar FOQT ixtiyoriga o‘tkazildi. Falastin avtonomiyasida saylovlar bo‘lib o‘tdi va FOQT ixtiyoridagi hududlarni nazorat qilish uchun politsiya kuchlari tuzildi. Falastinliklarga qilingan yon bosishlardan Isroil jamiyatining bir qismi norozi bo‘ldi. 1995-yili I. Rabin mutaassib yahudiy tomonidan o‘ldirildi.

XX asr oxirlarida Falastin va Isroil muammosi

1996-yil yanvarda Y. Arofat boshchiligida Falastin qonunchilik kengashi saylandi. Falastin davlatini qurish jarayoni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, davom etdi. G‘arbiy sohildagi Hevron shahri ham Falastin ma’muriyati ixtiyoriga o‘tdi. Shunga qaramasdan, “Islom jihodi”, “Hizbulloh” va “Hamas” kabi tashkilotlar faoliyatini kuchaytirdi. “Hamas” guruhi 2005-yili Falastinga qarashli G‘azo sektorida hokimiyatni egallab oldi. G‘azo sektori Isroilning g‘arbiy qismida, O‘rtayer dengizi bo‘yida joylashgan bo‘lib, 1967-yilda Isroil tomonidan bosib olingan edi. 2005-yili ikki tomonlama kelishuvga binoan, isroilliklar bu hududdan chiqib ketdi.

XX asr oxirlarida Falastin va Isroil muammosi

2006-yili Y. Arofat vafot etdi. Uning o‘rniga Mahmud Abbos Falastin avtonomiyasining raisi etib saylandi. 2012-yili Falastin kuzatuvchi davlat maqomida BMT faoliyatida qatnashish huquqini oldi. M. Abbosning BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqi Isroil vakillari tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Shunga qaramasdan, 2017-yilga kelib, Falastin davlatini 140 ga yaqin davlat tan oldi.

2023-yili Falastinning G‘azo sektoridagi “Hamas” va boshqa qurolli guruhlar Isroilga qarshi urush boshladi. Urush davomida 2025-yil martgacha minglab falastinliklar va isroilliklar halok bo‘ldi. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, ko‘plab davlatlar Isroil hukumatini tinch aholini qirg‘in qilishda ayblamoqda.

Tahlil qiling

Internetdan foydalanib G‘azo sektori muammosini o‘rganing.

15-noyabr kuni jafokash Falastin xalqi o‘z milliy bayrami — Falastin Davlati e’lon qilingan kunni nishonlaydi.

Aminmanki, bu qadimiy va boy tarixga ega xalq 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqlidir. Bu borada biz Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyatini har tomonlama ma’qullaymiz.

Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida davlatlarimiz tomonidan hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida yordam ko‘lamini kengaytirishimiz lozim.

Tahlil qiling

Shu o‘rinda biz urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyorligimizni bildiramiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Arab-islom sammitidagi nutqidan, 2024-yil noyabr.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil noyabr oyida Falastin muammosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etib, tinchlikka eltuvchi bir nechta xayrli tashabbusni ilgari surdi. Jumladan, Prezidentimiz Falastin — Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, urushda jabrlangan bir guruh falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Tahlil qiling

Ushbu xayrli tashabbus ortidan O‘zbekiston tomonidan Toshkent — Misr — Toshkent yo‘nalishida maxsus yo‘lovchi charter reys amalga oshirildi. Mamlakatga urush hududlarida aziyat chekkan 100 nafar falastinlik bolalar va ayollar olib kelindi. O‘zbekistonga kelgan bemor bolalar va ayollar hamda ularga hamrohlik qiluvchilar endilikda davlat tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va sog‘lomlashtirish sihatgohlariga joylashtiriladi. Ularning hayotga to‘laqonli moslashuvini ta’minlashga ko‘mak berilmoqda.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Sizning fikringizcha, Falastin — Isroil mojarosining tinch yo‘l bilan hal bo‘lishi uchun qanday shart-sharoitlar kerak? 2. Falastin — Isroil mojarosi faqat bu ikki xalq o‘rtasidagi ziddiyatmi yoki global siyosiy kuchlarning kurash maydonimi? Fikringizni asoslang. 3. Falastin hududida savodxonlik darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, siyosiy va ijtimoiy barqarorlikka erishilmasligining sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

BMT Xavfsizlik Kengashi Falastin bo‘yicha rezolyutsiyani qaysi yili qabul qilgan?
  1. 1945-yili
  2. 1947-yili
  3. 1949-yili
  4. 1952-yili

To‘g‘ri javob: 1947-yili. 1947-yili BMT Falastin bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilgan.

BMT rezolyutsiyasiga binoan Falastinda ikkita davlat — Isroil va Falastinni tashkil qilish qaysi yil 1-avgustdan tavsiya etilgan?
  1. 1952-yil
  2. 1950-yil
  3. 1948-yil
  4. 1946-yil

To‘g‘ri javob: 1948-yil. Rezolyutsiyaga binoan 1948-yil 1-avgustdan ikki davlat tashkil qilish tavsiya etilgan.

SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgach, Falastin muammosini hal qilish imkoni qaysi davrga kelib paydo bo‘ldi?
  1. 1970-yillarga
  2. 1990-yillarga
  3. 2000-yillarga
  4. 1980-yillarga

To‘g‘ri javob: 1990-yillarga. Falastin muammosini hal qilish imkoni 1990-yillarga kelib paydo bo‘ldi.

BMT rezolyutsiyasiga ko‘ra Falastinda Isroil va Falastin davlatlarini tashkil qilish qaysi sanadan boshlab tavsiya etilgan?
  1. 1947-yil 29-noyabrdan
  2. 1948-yil 15-maydan
  3. 1948-yil 1-avgustdan
  4. 1949-yil 1-oktyabrdan

To‘g‘ri javob: 1948-yil 1-avgustdan. 1947-yilgi rezolyutsiyada 1948-yil 1-avgustdan ikki davlat tashkil qilish tavsiya etilgan.

Falastinni ozod qilish tashkilotiga (FOQT) uzoq yillar kim boshchilik qilgan?
  1. Yosir Arofat
  2. Mahmud Abbos
  3. Is’hoq Rabin
  4. Ehud Barak

To‘g‘ri javob: Yosir Arofat. FOQTga uzoq yillar Yosir Arofat boshchilik qilgan.

1990-yillarga kelib Falastin muammosini hal qilish imkoni nima sababdan paydo bo‘ldi?
  1. Falastin xalqi Isroilni bir tomonlama tan olib, urushni to‘xtatgani va muzokaralar boshlangani
  2. Arab davlatlari va Isroil o‘rtasida umumiy mudofaa shartnomasi tuzilib, chegaralar kelishib olingani
  3. BMT Isroil qo‘shinlarini Falastin hududidan majburan olib chiqib ketib, mustaqil davlat tuzgani
  4. SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilib, sotsialistik rejim barham topdi

To‘g‘ri javob: SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilib, sotsialistik rejim barham topdi. SSSR bilan Isroil o‘rtasidagi diplomatik aloqalar va sotsialistik rejimning barham topishi imkon yaratgan.

Falastin muammosini hal qilish imkoni aynan 1990-yillarga kelib paydo bo‘lishining asosiy sababi nima edi?
  1. SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilib, so‘ngra sotsialistik rejim barham topgan
  2. Arab davlatlari FOQTni qo‘llab-quvvatlashdan butunlay voz kechib, Isroil bilan ittifoq tuzgan
  3. BMT Falastinni to‘laqonli a’zo davlat sifatida qabul qilib, Isroil bilan chegara belgilab bergan
  4. Isroil Falastin hududlaridan o‘z qo‘shinlarini bir tomonlama olib chiqib, bosib olingan yerlarni qaytargan

To‘g‘ri javob: SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilib, so‘ngra sotsialistik rejim barham topgan. Falastinliklarni qo‘llab-quvvatlagan SSSR bilan Isroil aloqa o‘rnatgach va sotsialistik tuzum tugagach, muammoni hal qilish imkoni paydo bo‘lgan.

Madridda Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro konferensiya qaysi yili o‘tkazilgan?
  1. 1989-yili
  2. 1995-yili
  3. 1993-yili
  4. 1991-yili

To‘g‘ri javob: 1991-yili. Madridda Yaqin Sharq bo‘yicha konferensiya 1991-yili bo‘lib o‘tgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiKo‘rfaz Arab MamlakatlariKeyingi →Lotin Amerikasi Mamlakatlari