XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 25-mavzu

Lotin Amerikasi Mamlakatlari

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari

Eslab ko‘ring!

Savollar: XX asrda Lotin Amerikasi uchun umumiy bo‘lgan modernizatsiyaning qanday variantlari mavjud edi?

Lotin Amerikasi nomi hudud aholisining o‘zagi lotin tili bo‘lgan ispan, portugal va fransuz tillarida so‘zlashishi sababli kelib chiqqan. Lotin Amerikasi mintaqasi 20 million kv.km hududni egallaydi va 33 ta mustaqil davlat va bir qancha qaram hududlardan iborat. Mintaqa aholisi 2025-yil boshiga kelib, 665 million kishidan oshdi.

XX asr oxiriga kelib, mintaqada rivojlanishning neoliberal modeli oldingi o‘ringa chiqdi. Bu model Augusto Pinochet davrida Chilida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Chili bugun ham barqaror rivojlanayotgan mamlakat bo‘lib, mintaqada yetakchi o‘rinni egallaydi. Ammo, umuman, Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun neoliberal islohotlarning natijalari ziddiyatli bo‘ldi. Islohotlarning birinchi bosqichi iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘lib, modernizatsiyaga ko‘maklashgan bo‘lsa, keyinchalik bu islohotlar ba’zan retsessiyaga, xo‘jalikning chuqur tushkunligiga olib keldi.

Eslab ko‘ring!

Mintaqada birinchi bo‘lib neoliberal islohotlar yo‘liga kirgan Meksikada 1994-yil

Lotin Amerikasi mamlakatlari (xarita)

dekabrda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz boshlandi. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘irlashdi va kapitalning ommaviy ravishda Meksikadan AQSHga ko‘chishi boshlandi. Milliy valyuta — peso keskin tushib ketdi, amalda milliy moliya tizimi izdan chiqdi, 20 ming korxona xonavayron bo‘ldi, mamlakat YIMi keskin tushib ketdi.

1990-yillari “neoliberal islohot yutuqlarining namoyishi” bo‘lgan Argentina iqtisodiyoti ham qattiq zarar ko‘rdi. 2001-yili Argentinaning defolt e’lon qilishi jahon tarixidagi eng yirik bankrotlik holati bo‘lib, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi neoliberal eksperimentlarga nuqta qo‘ydi va mintaqada siyosiy va iqtisodiy rivojlanishning yangi davrini boshlab berdi. Bu jarayonlar ta’sirida iqtisodiy kursdan norozilik, an’anaviy partiyalar va ularning yetakchilariga ishonchsizlik hollari kuchaydi, qarshilik harakati, jumladan, Kolumbiya, Peru kabi mamlakatlarda radikal-terroristik tashkilotlar va narkomafiya faollashuvi uchun sharoit tug‘ildi. 1994-yili Meksikada hindularning ommaviy qo‘zg‘oloni boshlandi. Hukumat siyosatining ijtimoiy oqibatlariga qarshi Argentina, Meksika, Ekvador va boshqa bir qator mamlakatlarda aholining ommaviy namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Eslab ko‘ring!

Ijtimoiy-siyosiy munosabatlarda hindu xalqlarining o‘z huquqlari, o‘ziga xos madaniyatini saqlab qolish, avtonomiya va yerga bo‘lgan huquqi uchun kurashi alohida o‘rin egallaydi. XX asr oxiriga kelib, Boliviya, Gvatemala, Peru, Meksika, Ekvador kabi mamlakatlarda aholining 25–50 % ini tashkil qilgan hindular jamoalarining yerlarini tortib olish hollaridan norozilik kuchaydi. Hukumatlarning kaltabin ijtimoiy-iqtisodiy siyosati oqibatida mintaqaning ayrim mamlakatlarida hindularning tartibsiz chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Bu harakat Ekvador, Boliviya, Peru, Braziliyada va Meksikaning janubida, ayniqsa, ommaviy tus oldi.

Eslab ko‘ring!

Shu davrda Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun asosiy sherik bo‘lgan AQSH bilan ularning munosabatlarida uchta model shakllandi: Venesuelaning jangovar, AQSHning mintaqadagi yetakchilik rolini tan olmaydigan va lotin amerikacha sotsializmga intiladigan varianti. Bunga Venesuela, Kuba, Kosta Rika, Nikaragua, Boliviya kabi mamlakatlar kiradi; iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlarining umumiyligi asosida AQSH bilan do‘stona munosabatlar tarafdori bo‘lgan kolumbiyacha variant. Bunga Kolumbiya va Meksikani kiritish mumkin; AQSH bilan pragmatik hamkorlik tarafdori bo‘lgan braziliyacha variant. Bu variant AQSHning Braziliya va Argentina bilan munosabatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Lotin Amerikasi mamlakatlari XXI asrning birinchi choragida

Yangi asr boshiga kelib, Lotin Amerikasi mamlakatlari o‘z tarixida birinchi marta diktaturalarsiz rivojlanish yo‘liga kirdi, deyarli barcha davlatlarda saylov va konstitutsiyaviy rejim joriy etildi. Mintaqa mamlakatlarining mutlaq ko‘pchiligida prezidentlik boshqaruvi o‘rnatildi.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: Bugungi kunda Lotin Amerikasi davlatlarida demokratiya uzil-kesil o‘rnatilgan deb hisoblash mumkinmi?

Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi partiyaviy-siyosiy tizim Yevropa standartlariga mos tushmaydi, dohiyparastlik, populizm belgilari ularning xarakterli jihatlari hisoblanadi.

XX asr oxiridan boshlab aholining an’anaviy partiyalarga ishonchi so‘nishi natijasida XXI asr boshida Braziliya, Peru, Venesuela, Ekvador kabi mamlakatlarda hokimiyatga yangi, mustaqil deb atalayotgan nomzodlar keldi.

XX asr oxiri – XXI asr boshlarida mintaqadagi mamlakatlar siyosiy hayotining boshqa bir xarakterli jihati kommunistik partiyalarning o‘z mavqeyini yo‘qotishi bo‘ldi. Bu, albatta, dunyoda yuz berayotgan global jarayonlar bilan bog‘liq edi.

Mulohaza yuriting

Qo‘shimcha manbalardan foydalanib nima uchun demokratiya diktaturadan yaxshi ekanligini asoslab bering.

1959-yilgi inqilobdan so‘ng o‘ziga xos kommunistik siyosiy rejim shakllangan Kubada ham shunday jarayonlar yuz berdi. Sotsialistik rejim barbod bo‘lgandan so‘ng Kuba tashqi moddiy-texnik va moliyaviy yordamdan mahrum bo‘ldi, bu esa birinchi navbatda aholining ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ammo bu qiyinchiliklarga qaramasdan XXI asrda ham Kuba ijtimoiy davlat bo‘lib qolmoqda. AQSHning iqtisodiy sanksiyalari sharoitida Kubaga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Jazoir kabi davlatlar yordam ko‘rsatib kelmoqda.

XXI asr boshlarida Lotin Amerikasi mamlakatlarida integratsiyalashuv jarayonlari kuchaydi. Bu jarayonlarning asosiy yo‘nalishi mintaqaviy erkin savdo zonalarini tuzish bo‘ldi. Kelajakda Shimoliy va Janubiy Amerika miqyosidagi erkin savdo zonalarini tuzish mo‘ljallangan. Ammo yirik rejalar va katta imkoniyatlarga qaramasdan, bu mamlakatlar, hatto Braziliya va Meksika kabi gigantlar ham bugun global siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal etish jarayonida arzigulik ta’sirga ega emas. 2008-yildan mintaqadagi eng yirik uchta davlat — Braziliya, Meksika va Argentina G20 (katta yigirmalik) obro‘li klubiga a’zo bo‘ldi, ular katta istiqbolli imkoniyatlarga ega. Masalan, Meksika 1994-yili Shimoliy Amerika erkin savdo zonasiga kirdi va 1994–2010-yillari Meksikaga kiritilgan chet el investitsiyalari miqdori to‘rt barobar o‘sdi. Shuning 75 % i AQSH ulushiga to‘g‘ri keladi. Agar yaqin o‘tmishda eksportning asosini neft tashkil qilgan bo‘lsa, hozir Meksika eksportining 80 % i sanoat mahsulotlaridan iborat.

Mulohaza yuriting

Braziliya bugun dunyoning eng yirik o‘nta iqtisodiy markazlaridan biri, shuningdek, jadal rivojlanayotgan Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi va Rossiya qatorida BRIKS tashkilotining a’zosi hisoblanadi. Braziliya XXI asrda Lotin Amerikasining tan olingan lideriga aylanish, AQSHning doimiy ta’siridan butunlay qutulish va BMT XKning doimiy a’zolaridan biri bo‘lish kabi olamshumul vazifalarni maqsad qilib qo‘yib, shunga intilmoqda.

2002- va 2006-yillari Braziliya Federativ Respublikasi prezidenti etib saylangan va 2022-yili shu lavozimga qayta saylangan Luis Inasiu Lula da Silva boshchiligida hukumat aholining eng kambag‘al qismini qo‘llab-quvvatlash, moliya sohasi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, inflyatsiyaga qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha kompleks ijtimoiy tadbirlarni olib bormoqda.

Mulohaza yuriting

Argentinaning XX asr oxirida hukumat tarixidagi eng katta defolt e’lon qilishi uning 80 milliard dollarlik qarzni to‘lay olmasligini anglatar edi. 2003-yili prezident etib saylangan Nestor Kirshner boshlab bergan islohotlarni 2007-yildan uning rafiqasi – Argentina prezidenti Kristina de Kirshner davom ettirdi. 2003–2012-yillari Argentina YIMining

2019-yil 4-sentyabrdagi moliyaviy inqiroz. Buenos Ayres, Argentina

o‘rtacha o‘sish sur’ati 7,1 % ni tashkil qilib, bu Yer yuzidagi juda ko‘plab davlatlarning o‘rtacha iqtisodiy o‘sishidan yuqori edi. Argentina 1914-yildan beri o‘tgan yuz yil davomida bunday yutuqlarga erishgan emasdi. 2023-yili Argentina prezidenti etib saylangan Xaver Miley davlat boshqaruvi apparatini ikki barobar qisqartirib, inflyatsiyaga qarshi kurash olib bormoqda. Ammo iqtisodiy qiyinchiliklar davom etmoqda, 2024-yil martda yillik inflyatsiya 1991-yildan beri birinchi marta 100 % dan ortdi.

Mulohaza yuriting

Tashqi siyosatda X. Miley AQSH bilan yaqinlashish yo‘lini tanladi. U Argentinaning BRIKSga a’zo bo‘lmasligini, Rossiya, Xitoy va boshqa “kommunistik rejimlar” bilan aloqalarni mustahkamlamasligini e’lon qildi.

Aytish lozimki, Lotin Amerikasi mamlakatlari XX asrda o‘z oldilariga qo‘ygan murakkab muammolarni to‘liq hal qila olmadi, ammo buning yo‘llarini qidirishda davom etmoqda. XXI asrda bu muammolar o‘z yechimini qanday topishini vaqt ko‘rsatadi.

Atamalar izohi

Populizm — saralangan fuqarolarning ehtiyojlariga emas, xalq ommasi ehtiyojlariga qaratilgan siyosiy pozitsiya yoki nutq shakli.

Defolt (ingliz. default — majburiyatlarni bajarmaslik) — kredit shartnomasini bajarmaslik, ya’ni qarz majburiyatlari yoki obligatsiyali kredit shartnomasi bo‘yicha foizlarni yoki asosiy qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik, to‘lay olmaslik.

Ijodiy ish topshirig‘i

Lotin Amerikasida XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr birinchi choragida mashhur bo‘lgan siyosiy arboblardan biri (Xuan Peron, Salvador Alyende, Fidel Kastro, Augusto Pinochet, Ugo Chaves, Ernesto Che Gevara va h.k.) haqida ma’lumot yig‘ing va tezis, ma’ruza, taqdimot, esse yoki referat ko‘rinishida taqdim eting.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Rivojlanishning neoliberal yo‘li Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun qanday ahamiyat kasb etdi va qanday muammolarni keltirib chiqardi? 2. XX asr oxiriga kelib, Lotin Amerikasi mamlakatlarining AQSH bilan munosabatlarida qanday modellar shakllandi? 3. Lotin Amerikasining yirik davlatlari XXI asrda qanday maqsadlarni oldiga qo‘yib rivojlanmoqda?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Lotin Amerikasi mintaqasi qancha kv.km hududni egallaydi?
  1. 25 million
  2. 15 million
  3. 30 million
  4. 20 million

To‘g‘ri javob: 20 million. Lotin Amerikasi mintaqasi 20 million kv.km hududni egallaydi.

Lotin Amerikasi mintaqasida nechta mustaqil davlat mavjud?
  1. 30 ta
  2. 33 ta
  3. 36 ta
  4. 25 ta

To‘g‘ri javob: 33 ta. Mintaqa 33 ta mustaqil davlat va bir qancha qaram hududlardan iborat.

Lotin Amerikasi aholisi qaysi yil boshiga kelib 665 million kishidan oshdi?
  1. 2025-yil
  2. 2023-yil
  3. 2020-yil
  4. 2022-yil

To‘g‘ri javob: 2025-yil. Mintaqa aholisi 2025-yil boshiga kelib 665 million kishidan oshgan.

Lotin Amerikasi aholisi 2025-yil boshiga kelib qancha kishidan oshdi?
  1. 665 million
  2. 610 million
  3. 550 million
  4. 720 million

To‘g‘ri javob: 665 million. 2025-yil boshiga kelib mintaqa aholisi 665 million kishidan oshdi.

Lotin Amerikasida rivojlanishning neoliberal modeli qaysi asr oxiriga kelib oldingi o‘ringa chiqdi?
  1. XX asr
  2. XXI asr
  3. XVIII asr
  4. XIX asr

To‘g‘ri javob: XX asr. XX asr oxiriga kelib mintaqada rivojlanishning neoliberal modeli oldingi o‘ringa chiqdi.

Lotin Amerikasida neoliberal model Chilida qaysi shaxs davrida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan?
  1. Xuan Peron
  2. Augusto Pinochet
  3. Salvador Alyende
  4. Fidel Kastro

To‘g‘ri javob: Augusto Pinochet. Neoliberal model Chilida Augusto Pinochet davrida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Lotin Amerikasi nomi hudud aholisining qaysi tillarda so‘zlashishi sababli kelib chiqqan?
  1. Ispan, portugal va fransuz tillarida
  2. Ingliz, golland va nemis tillarida
  3. Ispan, ingliz va italyan tillarida
  4. Portugal, golland va fransuz tillarida

To‘g‘ri javob: Ispan, portugal va fransuz tillarida. Nom aholining o‘zagi lotin tili bo‘lgan ispan, portugal va fransuz tillarida so‘zlashishidan kelib chiqqan.

Lotin Amerikasi mintaqasi nechta mustaqil davlatdan iborat?
  1. 21 ta
  2. 28 ta
  3. 33 ta
  4. 45 ta

To‘g‘ri javob: 33 ta. Mintaqa 33 ta mustaqil davlat va bir qancha qaram hududlardan iborat.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiFalastin va Isroil: Ikki xalq uchun ikki davlatKeyingi →Afrika Mamlakatlari