XotirAI logotipiXotirAI
📜 7-sinf · Jahon tarixi · 2-3-mavzu

Franklar davlati: qirollikdan imperiya sari

Franklar qabilasi

SIZ BILIB OLASIZ:

ESLAB KO‘RING!

Buyuk Karl tomonidan qabilalarning bo‘ysundirilishi

FRANK QABILALARI

German qabilalari barpo etgan davlatlar orasida mustahkam va uzoq yashagani Franklar qirolligi bo‘ldi. Frank qabilalari dastlab Reyn daryosining quyi qismida yashaganlar. Ular ham boshqa german qabilalari singari urug‘-qabila tuzumida yashab, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. Talonchilik urushlari franklarning ham mulkiy tabaqalanishini tezlashtirib, harbiy zodagonlar va drujinalarning ta’sirini kuchaytiradi.

Franklar tangasi

Xlodvigning vorislari

TARIXIY MUSHOHADA!

Xlodvigning buyrug‘iga ko‘ra, Sali franklarining eski odat-qonunlari to‘planib, lotin tilida “Sali haqiqati” bitiladi. Unda keltirilishicha, yer-mulk faqat erkaklar tomonidan meros sifatida avloddan-avlodga o‘tgan, jinoyatlarning turiga qarab turli xil jarima va jazo choralari qo‘llanilgan. Qonunlarda ijtimoiy tengsizlik o‘z aksini topgan bo‘lib, zodagonlar, erkin franklar, qaram kishilar yoki qullar sodir etgan jinoyatlariga qarab turlicha jarimalarga tortilganlar.

Franklarning V asr o‘rtalaridan Rim imperiyasining ularga qo‘shni hududlari – Sena va Luara daryolari havzalariga tahdidlari kuchaya boradi. Franklar davlati Shimoliy Galliyada barpo etiladi. Uning asoschisi Meroveylar urug‘idan chiqqan, Sali franklari yo‘lboshchisi Xlodvig bo‘lgan. Uning qo‘shini 486-yili Suasson shahri yaqinida Rim qo‘shinini yengadi, so‘ngra vestgotlarni bo‘ysundirib, Janubiy Galliyani ham egallaydi.

TARIXIY MUSHOHADA!

Meroveyning nabirasi Xlodvig franklarning ilk qirolligi – Merovinglar sulolasiga asos soldi. U taxtga da’vogarlarning barchasini bartaraf etib, xalq yig‘inlarini chaqirmay qo‘yadi. Qirol saroyi boshqaruv markazi hisoblangan. Qirollikning harbiy kuchi ko‘p sonli drujina bo‘lgan. Viloyatlarni boshqarish graflarga topshirilgan.

Franklar Galliyani istilo qilar ekanlar, mahalliy rim-gall zodagonlarining yer-mulklariga tegmaydilar. Ko‘p sonli bo‘lmagan franklarga Rim imperatoriga tegishli va bo‘sh yotgan yerlar bo‘lib beriladi. Natijada franklar hokimiyatini tan olgan mahalliy aslzodalar Xlodvigga mamlakatni boshqarishda yordam berib, asta-sekin frank zodagonlari bilan qo‘shilib ketadilar. Franklarda davlat aholisi aralash – lotin-german tilida so‘zlashganlar, u keyinchalik fransuz tilining asosiga aylanadi. Yozish uchun faqat lotin tili qo‘llanilgan.

XRISTIANLIKNING QABUL QILINISHI

Franklarning majusiylik (ko‘p xudolik) dinlari ularni Galliyada hukmronlik qilishlariga deyarli yordam bermagan. Aholi orasida yuqori nufuz va ta’sirga ega bo‘lgan xristian cherkovining Frank yetakchilariga katta yordam berishi mumkinligini anglashgan. Cherkovning har qanday hokimiyat xudodan degan aqidasi ham qirolga ma’qul kelgan. Xlodvig yangi dinni qabul qilishi orqali davlat boshqaruvida rim-gall aholisini birlashtirish mumkinligini tushungan. Qirol 496-yili Rim cherkovi tartiblari bo‘yicha xristian dinini qabul qiladi. So‘ngra qirol drujinasi va oddiy franklar ham qabul qilishadi. Bu tadbir qirol hokimiyati va Rim papasi (katolik cherkovining boshlig‘i) boshchiligidagi g‘arbiy cherkov ittifoqini ta’minlaydi.

XRISTIANLIKNING QABUL QILINISHI

Xlodvigni xristianlik dini ta’limotini tushunib qabul qilgan va namunali dindor bo‘lgan deyish mushkul. Lekin amalga oshirilgan ushbu tadbir kelajakka xizmat qilishga mo‘ljallangan edi. Shu paytdan franklar va rim-gallar sekin-asta bir-birlari bilan yaqinlashib, yagona xalqqa aylana boradi. Xristianlik bilan tanishuv franklarga Rim madaniyatining turli sohalarini, turmush tarzini o‘zlashtirish imkonini beradi.

Xlodvigning mamlakat hududlarini o‘g‘illariga taqsimlab berishi keyinchalik davlatning parchalanib ketishiga sabab bo‘ladi.

BUNI YODDA SAQLANG!

Franklar tuzgan davlat dastlab uni boshqargan sulolalar nomi bilan atalgan. X asrda poytaxt Parij atrofidagi viloyat – Il-de-Frans nomidan kelib chiqib, Fransiya deb atala boshlanadi. O‘tmishda yurtimizda uni Farangiston, aholisini esa faranglar deyishgan.

FRANKLAR IMPERIYASI

481-yilda Franklar hududi

Xlodvigning zabt etgan hududlar

531–614-yillardagi istilolar

714–768-yillardagi istilolar

Buyuk Karl zabt etgan hududlar

Qaram hududlar

486-yilda Siagriy hukmronligi

507-yilda Tuluzadagi Vestgot qirolligi

814-yildagi imperiya chegaralari

FRIZLAR

Reyn

SAKSONIYA

Oder

TYURINGLAR

Turne Kyoln

Chexiya

Tertri

AVSTRIYA

Suasson

SHVABIYA

Reyms Parij

NEYSTRIYA

Dunay

BAVARIYA

Senna

Avarlar

Dunay

AKVITANIYA

Lion Jeneva

PROVANS

Tuluza

ISPAN MARKASI

Ebro

LANGOBARD

Ravenna

Korsika

Karl Martell Puate jangida

KARL MARTELL

Karl Martell davrida frank qirolligiga xavf solgan nizolarga barham beriladi. Franklar hududlariga Pireney tog‘lari ortidan Arab xalifaligi qo‘shinining bosqini boshlanadi. Yetti kun davom etgan 732-yilgi Puate jangida Karlning otliq qo‘shini arablarning hujumini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ladi. Bu g‘alaba sharafiga Karlga “Martell” (Bolg‘a) laqabi beriladi.

Bordo

Tashqi dushmanlar hujumlarini qaytarish uchun franklar qo‘shinni isloh etish hamda kuchli otliq qo‘shin tuzishga majbur bo‘lganlar. Jang maydonlarida otliq qo‘shin asosiy rol o‘ynaganligi bois, piyoda xalq lashkari esa urushda keyingi o‘rinda turgan.

BENEFITSIY ISLOHOTI

Hamisha urushga tayyor otliq qo‘shin tuzish maqsadida Karl Martell o‘ziga xizmat qiladigan harbiy kishilar sonini ko‘paytiradi. U otliq qo‘shin jangchilariga dehqonlar foydalanayotgan ijara yoki jamoa yer maydonlaridan taqsimlab bera boshlaydi. Harbiy xizmat uchun taqdim etilgan yerlar benefitsiy (“ehson”, “yaxshilik”) – ilk o‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada qirol yoki yirik feodal tomonidan vassalga muayyan ishni bajarish, ko‘pincha harbiy xizmatni o‘tash sharti bilan in’om qilinadigan yer deb nomlangan. Bunday yerlar merosiy bo‘lmay, harbiy xizmat bajarish muddatiga berilgan. Agar jangchi harbiy xizmatni bajarmay qo‘ysa, benefitsiy olib qo‘yilgan.

BENEFITSIY ISLOHOTI

Feodni olish bilan bog‘liq barcha shartlar taqdim etuvchi va oluvchi o‘rtasidagi shartnoma bilan mustahkamlangan. Feod egalarini feodal deyish odat tusiga kirgan. Benefitsiy islohoti oqibatida davrlar o‘tib feodallar toifasi shakllanib, o‘rta asr ritsarligi asoslari yaratiladi.

TARIXIY MUSHOHADA!

Davrlar o‘tib benefitsiy harbiy xizmatni o‘tash sharti bilan merosga o‘tkazila boshlanadi. Natijada X asrda benefitsiy feodga – shartnomaga ko‘ra harbiy xizmat va boshqa majburiyatlarni bajarish sharti bilan berilgan merosiy yer-mulkka aylanadi.

MENING TARIXIY TADQIQOTLARIM

1. Benefitsiy islohotining maqsad va sabablarini aniqlang. 2. Islohotning mazmunini tavsiflang. 3. Olingan natijalarni tarix yon daftarchangizga jadval tarzida kiriting.

Karl Martellning o‘g‘li Pipin Pakana otasi yuritgan cherkov yerlarini musodara qilish siyosatidan voz kechishga qaror qildi hamda cherkov bilan yaqinlashish siyosatini amalga oshirdi. Chunki Meroving qirollarini taxtdan tushirib, o‘zi qirol bo‘lishi uchun papalar yordamiga muhtoj edi. Va nihoyat Pipin Pakana o‘zining maqsadiga erishadi: Merovinglar sulolasidan bo‘lgan so‘nggi qirolni taxtdan tushirib, Rim katolik cherkovi papasiga qirol bo‘lish istagini bildiradi va undan qo‘llab-quvvatlashini so‘raydi. 751-yil Suasson shahridagi frank zodagonlarining yig‘ilishida Pipin franklar qiroli deb e’lon qilinadi. Shunday qilib, Karolinglar sulolasi rasman (751–987-yillar) hukmronlik qila boshlaydi. Aslida sulolaning asoschisi Pipin Pakana bo‘lsa-da, davrlar o‘tib tarixchilar uni avlodining eng mashhur vakili Karl nomidan sulolani Karolinglar sulolasi deb nomlaganlar.

MENING TARIXIY TADQIQOTLARIM

Ko‘p o‘tmay germanlarning langobard qabilalari Rimni qamalga olganida, papa Pipinga yordam so‘rab murojaat qiladi. Pipin Italiyaga yurish boshlab, langobardlar qirolini avval bosib olgan shaharlari va markaziy Italiyani papaga berishga majbur etadi. Ushbu hududda 756-yili papaning dunyoviy davlati (hozirgi Vatikan) vujudga keladi.

BILAG‘ONLAR UCHUN!

Franklar Pipinni “pakana” deb ataganlar – uning bo‘yi haqiqatdan ham past bo‘lgan (135 cm), ammo, aytishlaricha, qirol jismoniy jihatdan kuchli bo‘lib, uzun shamshirdan mohirona foydalangan.

BUYUK KARL

Buyuk Karlning toj kiyish marosimi

Buyuk Karl Pipinning o‘g‘li bo‘lib, franklar davlatini (768–814) 46 yil boshqargan. Karl barvasta, kuchli va bardoshli inson bo‘lgan. O‘rta asrlarda Buyuk Karl haqida ko‘plab rivoyatlar va qo‘shiqlar bitilgan. Adib va solnomachilar uning harbiy jasoratlari, adolatparvar va donishmandligini madh etishgan. Uning lotincha ismi- (Karolus)dan Yevropa mamlakatlari hukmdorlari o‘zlarini korol (qirol) deb atay boshlaganlar. Ko‘plab harbiy yurishlarga boshchilik qilib, yirik saltanat tuzgani, davlatda yangi qonunlar ishlab chiqib, maorif va madaniyatga homiylik qilgani uchun tarixchilar tomonidan Karlga “Buyuk” nomi berilgan.

BUYUK KARL

Karlning hukmronlik yillarida 53 ta harbiy yurishlar olib borilgan. U katta qo‘shin bilan uzoq yurishlar boshlab, Rim papasiga ko‘maklashish uchun ikki marta Alp tog‘laridan oshib, Italiyaga bostirib kirgan. Karl langobardlarni mag‘lub etib, ularning qirolini asirga oladi. Italiyaning katta qismi Franklar davlati mulkiga aylantiriladi. Karl arablar hukmronligidagi Ispaniyaga bir necha bor yurishlar qilgan. Bosib olingan kichik hududda Ispan markasi tuziladi.

Frank qo‘shinlarining eng uzoq davom etgan va og‘ir urushlari Reyn va Elba daryolari oralig‘ida yashagan saks qabilalariga qarshi (772–804) olib borilgan. Karl shafqatsizlik bilan ma’lum darajada sakslarning xristian dinini qabul qilishlariga hamda o‘z hokimiyatini tan oldirishga erishadi. Saksoniyani bir necha grafliklarga bo‘lib, ularni boshqarishga frank va saks zodagonlarini tayinlaydi. Zodagonlar, yepiskoplar va monastirlar zabt etilgan mamlakatda katta yer-mulklarga ega bo‘lishadi.

KAROLINGLAR IMPERIYASI

Buyuk Karl hukmronligining so‘nggi yillarida frank qirolligini sobiq Rim imperiyasi hududlari bilan qiyoslasa bo‘lar edi. Bu holat Karl maslahatchilari orasida uni, qadimgi rimliklarga taqlid qilib, imperator deb e’lon qilish g‘oyasining tug‘ilishiga olib keladi. Bunday imkoniyatga esa 800-yilda mahalliy Rim zodagonlari tomonidan papa Lev III ga qarshi ko‘tarilgan isyondan foydalanib erishiladi. Rimliklar tomonidan hujumga uchragan papa katolik cherkoviga sodiqligini namoyish etgan Karl saroyiga boshpana izlab borishga majbur bo‘ladi. U Buyuk Karldan yordam so‘raydi. Papaning iltimosiga rozi bo‘lgan Karl qo‘shin yuborib isyonni bostiradi.

KAROLINGLAR IMPERIYASI

Rim papasi minnatdorchilik sifatida 800-yilning dekabrida Rimga kelgan Karlga avliyo Pyotr ibodatxonasida imperatorlik tojini kiygizadi. Shu tariqa Karlning muhrida ko‘rsatilgan “Yangi Rim imperiyasi” tashkil topadi, uning markazi Axen shahrida bo‘lgan.

DAVLAT BOSHQARUVI

Karlning saroy a’yonlari va amaldorlari ayni paytda vazirlar vazifasini ham o‘taganlar. Qirol saroyi yuqori lavozimlari qatorida moliya, soliq, harbiy soha, oshxona, otxona va hokazolar bo‘lgan. Yirik qabilalarni gersoglar (nemischa, “saylangan harbiy yo‘lboshchi”, keyinchalik merosiy qabila boshlig‘i) boshqargan. Davrlar o‘tib gersog eng yuksak zodagonlik unvoniga aylanadi. Yirik bo‘lmagan hududlarni imperator tayinlagan graflar (nemischa, “qirol tayinlangan amaldor”) boshqargan, ushbu atama ham zodagonlar unvoniga aylangan. Karl o‘z davlati chegaralarini mustahkamlash maqsadida markalar (nemischa, “chegara viloyati”) tuzgan, ularni markgraflar (nemischa, “chegara viloyati hokimi”) boshqargan.

DAVLAT BOSHQARUVI

Karl saroy a’yonlari bilan mamlakatni aylanib, joylardagi haqiqiy vaziyatni kuzatib, shu orqali davlatni boshqargan. Imperator yiliga ikki marta – dunyoviy va ilmiy zodagonlar oliy kengashini o‘tkazgan, ularning roziligi bilan farmonlar chiqargan. Joylarda graflar boshqaruvi davom etgan, lekin ularni nazorat qilish uchun imperiyaning barcha hududlariga o‘zi ishongan kishilar – “hukmdor vakillari”ni yuborgan. Imperiyaning asosiy qo‘shini otliq bo‘linmalar bo‘lgan.

Cherkov yepiskoplari, yirik monastir abbatlari imperator farmonlarining joylarda amalga oshirilishida jonbozlik ko‘rsatganlar. Karl safarlari paytida graflar, yepiskoplarning faoliyatini shaxsan tekshirgan. Agar suiiste’molliklar aniqlansa, javobgarlar darhol lavozimidan chetlatilgan. Imperiya hududining behad yirik bo‘lishi uni muntazam nazoratda saqlashni qiyinlashtirgan. Qolaversa, graflar ham o‘z viloyatlarida yakkahokimlikni o‘rnatishga, lavozimlarini merosiy bo‘lishiga intilganlar. Bu jarayon esa davrlar o‘tib markazlashgan boshqaruvning zaiflashuviga, imperiyaning inqirozga yuz tutishiga yo‘l ochadi.

DAVLAT BOSHQARUVI

Yevropa hukmdorlari orasida Karlning mavqeyi yuqori bo‘lgan. Uning saroyiga uzoq-yaqin mamlakatlar elchilari kelib turishgan. Tarixiy yilnomalarda yozilishicha, xalifa Horun ar-Rashid elchilari orqali Karlga qimmatbaho tuhfalar qatorida Quddusdagi Iso payg‘ambar qabri joylashgan yerni ramziy taqdim etgan.

IMPERIYANING PARCHALANISHI

Istilolar orqali tuzilgan Buyuk Karlning Yangi Rim imperiyasi taraqqiyotning turli darajasidagi qabilalardan tashkil topgan bo‘lib, uzoq hukm surishi mushkul edi. Karlning vafotidan ko‘p o‘tmay imperiyaning parchalanishi boshlanadi. Uning nabiralari davrida Verden shahrida 843-yili tuzilgan shartnomaga muvofiq imperiya uchga bo‘linib, ularning asosida uchta – Fransiya, Germaniya va Italiya davlatlari tashkil topadi. Verden shartnomasidan so‘ng Karolinglar imperiyasining g‘arbiy qismi Buyuk Karlning nabirasiga beriladi, natijada G‘arbiy Frank qirolligi vujudga keladi. Bu hududdagi aholining asosiy qismi shimoliy roman tilida so‘zlashuvchi rim-gallardan iborat bo‘lganligi uchun fransuz xalqining shakllanish jarayoni jadallashib, hudud Galliya emas, balki Fransiya (“franklar mamlakati”) deb atala boshlanadi. Ushbu davrda Karolinglar hokimiyatining zaifligi boshqa xalqlarning tinimsiz hujum qilishlariga imkon berdi. Natijada yirik feodallar birlashib, mamlakatni bosqinchilardan himoya qila boshlaydilar. Karolinglarning so‘nggi vakili Lyudovik V vafot etgach, zodagonlar va ruhoniylar 987-yilda Robertinlar xonadonidan bo‘lgan graf Gugo Kapetni Fransiya qiroli deb e’lon qiladilar. Shu tariqa Fransiyada Kapetinglar sulolasiga asos solinadi. Ammo Kapetinglarning hokimiyati dastlab kuchli bo‘lmasdan, qirollik IX–X asrlardayoq bir qator mustaqil mulklar – Normandiya, Akvitaniya, Burgundiya gersogliklari, Tuluza, Shampan, Flandriya grafliklariga bo‘linib ketadi. Ularning har biri mustaqil bo‘lib, ba’zan qiroldan ham kuchliroq qo‘shin va katta yer-mulklarga ega edi. Qirol o‘z domeni (yer-mulk) – Parij va Orlean shaharlarini o‘z ichiga olgan Il-de-Frans gersogligidagina hukmronlik qilardi.

IMPERIYANING PARCHALANISHI

Fransiyada X–XI asrlarda qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va savdo rivojlana boshlaydi. Mehnat taqsimotining o‘sib borishi tufayli viloyatlarning o‘z holicha yashashi tugaydi. Savdo-sotiq ularni bir-biriga bog‘lab qo‘yadi. Viloyatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish ehtiyojlari feodal tarqoqlikni tugatishni taqozo eta boshlaydi. Cherkov va feodallarning o‘zboshimchaliklaridan jabr ko‘rgan shahar aholisining qo‘llab-quvvatlashi natijasida qirolning qudrati ortib boradi. Bu kuchlarga tayangan kapetinglar XII asr boshlarida o‘z domenida tartib o‘rnatib, mulklarini ko‘paytirdilar va asta-sekin Fransiyani birlashtira boshlaydilar. Qirol Lyudovik VI qirollik yerida turgan baron qal’alarini o‘ziga bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ladi. Uning o‘g‘li Lyudovik VII (1108–1137) esa Akvitaniya gersogligining merosxo‘ri – Eleonoraga uylanish orqali o‘z domenini yanada kengaytiradi. XIII asr boshlariga kelib Fransiyaning deyarli butun hududida Filipp II ning hukmronligi o‘rnatilib, qirol hokimiyati ancha mustahkamlanadi.

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

1. Frank qirolligining tashkil topish jarayonini aytib bering.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Shimoliy Galliyada Franklar davlatining asoschisi, Meroveylar urug‘idan chiqqan Sali franklari yo‘lboshchisi kim bo‘lgan?
  1. Xlodvig
  2. Teodorix
  3. Pipin Kalta
  4. Buyuk Karl

To‘g‘ri javob: Xlodvig. Franklar davlatini Meroveylar urug‘idan chiqqan Sali franklari yo‘lboshchisi Xlodvig barpo etgan.

Xlodvig qo‘shini Suasson shahri yaqinida Rim qo‘shinini qaysi yili yengib o‘tgan?
  1. 507-yili
  2. 486-yili
  3. 476-yili
  4. 496-yili

To‘g‘ri javob: 486-yili. Xlodvigning qo‘shini 486-yili Suasson shahri yaqinida Rim qo‘shinini yengdi.

Franklar davlatining asoschisi, Meroveylar urug‘idan chiqqan Sali franklari yo‘lboshchisi kim bo‘lgan?
  1. Xlodvig
  2. Karl Martell
  3. Pipin Pakana
  4. Buyuk Karl

To‘g‘ri javob: Xlodvig. Franklar davlatini Shimoliy Galliyada Sali franklari yo‘lboshchisi Xlodvig barpo etgan.

Xlodvig qo‘shini 486-yili qaysi shahar yaqinida Rim qo‘shinini yengdi?
  1. Puate
  2. Verden
  3. Suasson
  4. Axen

To‘g‘ri javob: Suasson. Xlodvigning qo‘shini 486-yili Suasson yaqinida Rim qo‘shinini mag‘lub etgan.

Xlodvig buyrug‘i bilan Sali franklarining odat-qonunlari qaysi nom ostida to‘planib, lotin tilida bitilgan?
  1. Franklar qonuni
  2. Rim huquqi
  3. Lotin kodeksi
  4. Sali haqiqati

To‘g‘ri javob: Sali haqiqati. Odat-qonunlar lotin tilida “Sali haqiqati” nomi bilan bitilgan.

Xlodvig franklarning ilk qirolligi — qaysi sulolaga asos soldi?
  1. Merovinglar
  2. Karolinglar
  3. Kapetinglar
  4. Robertinlar

To‘g‘ri javob: Merovinglar. Meroveyning nabirasi Xlodvig Merovinglar sulolasiga asos solgan.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. Franklar davlatida yozish uchun faqat lotin tili qo‘llanilgan
  2. Xlodvig xalq yig‘inlarini har yili chaqirib turgan
  3. Franklar Galliyani istilo qilgach, rim-gall zodagonlarining yerlarini musodara qilgan
  4. Xlodvig xristianlikni 486-yili qabul qilgan

To‘g‘ri javob: Franklar davlatida yozish uchun faqat lotin tili qo‘llanilgan. Franklarda yozish uchun faqat lotin tili qo‘llanilgan.

Frank qiroli Xlodvig Rim cherkovi tartiblari bo‘yicha xristian dinini qaysi yili qabul qilgan?
  1. 496-yili
  2. 507-yili
  3. 481-yili
  4. 486-yili

To‘g‘ri javob: 496-yili. Xlodvig 496-yili Rim cherkovi tartiblari bo‘yicha xristian dinini qabul qildi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiGerman qabilalari va Rim imperiyasiKeyingi →Britaniyadan – Angliyaga