XotirAI logotipiXotirAI
📜 7-sinf · Jahon tarixi · 16-mavzu

Amerika o‘rta asrlarda

SIZ BILIB OLASIZ:

Mayyalar davlatining ko‘rinishi

O‘YLAB KO‘RIB, XULOSA QILING!

Olimlarning fikricha, Amerika qit’asiga dastlabki odamlar Shimoliy Osiyodan hozirgi Bering bo‘g‘ozi orqali buyuk muzlik davrida, bundan 40 ming yil avval o‘ta boshlagan va bu jarayon uzoq davom etgan.

Amerika aholisining katta qismi urug‘chilik jamoasida yashagan. Faqat dehqonchilik bilan shug‘ullangan mayya, astek va kechualar o‘zlarining davlatlarini barpo qilganlar.

Natijada bu yerlarga yevropaliklar kelguniga qadar ham ko‘p sonli qabila va elatlar shakllangan. Bu qabilalarning asosiy qismi ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullangan. Ammo Markaziy va Janubiy Amerikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida dehqonchilik xo‘jaligi vujudga kelib, keng taraqqiy etgan. Bu hududlarda kechua, mayya, astek, olmek va toltek qabilalari yashaganlar. Ular tosh boltalar bilan o‘rmondagi daraxtlarni kesib, shox-shabbalarini yondirib, kulidan o‘g‘it sifatida foydalanishgan. Bu yerlarda yevropaliklarga ma’lum bo‘lmagan makkajo‘xori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, kakao, tamaki ekinlari yetishtirilgan.

O‘YLAB KO‘RIB, XULOSA QILING!

Amerikaning katta qismida xonakilashtirilgan hayvonlar bo‘lmagan. Ot, sigir, qo‘y va echkilar qit’aga keyinchalik Yevropadan olib kelingan. Ular uy hayvonlaridan: shimolda it, janubda tuyasimonlar oilasiga mansub lamani boqishgan. Xo‘jalikda parrandalardan kurka va o‘rdak saqlangan.

Temir, omoch, g‘ildirak, o‘tochar qurollarni amerikalik hindular bilishmagan. Ularning mehnat va ov qurollari tosh, jez va yog‘ochdan yasalgan. Aholining katta qismi urug‘chilik jamoasida yashagan.

MAYYALAR DAVLATI

Mayyalarga oid devoriy yozuvlar

Piktografik yozuv (lotincha pictus – “rasmli” va yunoncha grapho – “yozaman”, ya’ni rasmli yozuv) – ma’lumotning umumiy mazmunini rasm orqali yoki rasmlarning ketma-ketligi orqali eslab qolish maqsadida tasvirlash.

Markaziy Amerikaning Yukatan yarimorolida (hozirgi Meksika) qadimdan mayya xalqlari yashab kelgan. Milodiy I ming yillikda mayyalarda shahar-davlatlar vujudga keladi. Ularning har birini “buyuk kishi” – hukmdor boshqargan, uning hokimiyati merosiy bo‘lgan.

Mayyalarning iqtisodiy-madaniy taraqqiyoti milodiy asr boshlarida yozuvni yaratish imkonini beradi. Kohinlar qilqalam bilan iyerogliflarni bitib, rasmlar bilan bezatganlar. Mayyalar hayotida kohinlar muhim o‘rin tutgan. Ular jamoa a’zolariga dehqonchilik ishlarini bajarish muddatlarini belgilab berganlar. Mayyalar eng aniq taqvimlardan birini yaratganlar. Matematikaga “nol”ni anglatuvchi belgi mayyalar tomonidan hindlardan avval kiritilgan. Mamlakat poytaxti Chichen-Itsada rasadxona qurilgan. Unda kohinlar sayyoralarning quyosh tevaragida aylanish vaqtini hisoblab chiqqanlar hamda Quyosh va Oyning tutilishini oldindan aytib bera olganlar.

MAYYALAR DAVLATI

Mayyalar maxsus tepaliklar yasab, baland poydevorlar ustida o‘zlarining zinapoyali ehromlarini, saroy va ibodatxonalarini barpo etganlar. Saroy va ibodatxonalarning derazalari bo‘lmagan, ular eshiklar orqali yoritilgan. Tekis va ravon shahar ko‘chalari toshdan bunyod etilgan.

ASTEKLAR DAVLATI

Markaziy Amerikaning hozirgi Meksika hududida joylashgan. Bu yerlarga shimoldan kelgan asteklar katta ko‘l o‘rtasidagi orollarda XII asrda Tenochtitlan shahriga asos soladilar; ular sun’iy to‘g‘onlar bunyod etishgan, ibodatxonalar va saroylar qurishgan.

Asteklarda yer taqchil bo‘lganidan, ko‘l tagidan suv o‘simliklari va unumdor loyni ko‘tarib, sollarda “suzuvchi dalalar” ham yaratganlar. Bu o‘ziga xos ekinzorlardan yiliga bir necha marta hosil olingan.

Asteklar urug‘-jamoa bo‘lib yashaganlar. Jamoa boshliqlari saylab qo‘yilgan. Ekin maydonlari jamoa a’zolariga taqsimlab berilgan. Hukmron qabila vakillaridan tlatoani – lashkarboshi saylanib, u oliy hukmdor bo‘lishidan tashqari, bosh kohin vazifasini ham bajargan.

ASTEKLAR DAVLATI

Mayya piramidasi

Asteklar xo‘jaligining asosi sug‘orma dehqonchilik bo‘lgan. Eng muhim ekin makkajo‘xori bo‘lib, undan mo‘l hosil olingan.

Asteklarda hunarmandchilikning kulolchilik, to‘qimachilik, mis va oltindan zargarlik buyumlari yasash kabi sohalari yaxshi rivojlangan. Ayni paytda ular temir ma’danini bilishmaganligi sababli, bolta va pichoqlarni toshdan yasashda davom etgan. Zargarlar qimmatbaho toshlarga ishlov berib, qadama naqshlar (mozaika) yasab, saroy va ibodatxona devorlarini bezashgan. Astek hunarmandlari ayniqsa naqshin idishlar, ajoyib gazlamalar, qush patlaridan tovus kabi tovlanadigan kashtalar tikishda mohir bo‘lganlar.

ASTEKLAR DAVLATI

Quruvchilar to‘g‘onlar, kanallar qurib, xom g‘isht yoki toshdan yasalgan ustunlar ustida uylar bunyod etganlar. Bozorlarda mol ayirboshlash orqali savdo yaxshi rivojlangan.

Asteklar qo‘shni mayyalar ixtirosi asosida o‘zlarining quyosh taqvimini yaratganlar. Piktografik yozuv shakllangan. Asteklar dini ko‘p xudolikka asoslangan edi. Ibodatxona kohinlari xalq orasida alohida hurmat-e’tiborga ega bo‘lgan

Poytaxt Tenochtitlanda zodagonlarning farzandlari va oddiy xalq bolalari uchun alohida-alohida maktablar bo‘lgan. Xalq bolalari uchun maktablarda dehqonchilik, hunarmandchilik va harbiy ish o‘rgatilgan. Zodagonlarning farzandlari esa tarix, husnixat, o‘qish, hisoblash, astronomiya, she’riyat, notiqlik san’atlari asoslarini o‘rganishgan. Tenochtitlanda har yili madhiya, qissalar yozadigan shoir-qo‘shiqchilar musobaqalari o‘tkazilib, g‘oliblar mukofotlangan.

ASTEKLAR DAVLATI

Suzuvchi dalalar

Ink jangchilari

INKLAR DAVLATI

Janubiy Amerikaning And tog‘lari yonbag‘irlaridagi vohalarda inklar davlati vujudga kelgan. Kechua tillarida so‘zlashuvchi inklar XII–XIII asrlarda Urubamba daryosi havzasida Kusko shahriga asos soladilar.

Inklar boshqa qabilalar yerlarini bosib olib, And tog‘laridan Tinch okeanigacha bo‘lgan ulkan hududda o‘z hokimiyatlarini o‘rnatadilar. Bu davlatni Oliy Inka boshqargan. U “Quyoshning o‘g‘li”, uning yerdagi ramzi sanalgan. Aholi, shuningdek, turli tabiat kuchlari, yer va suv ilohlariga ham e’tiqod qilganlar. Bosib olingan hududlar aholisiga inklar o‘z tartiblarini, madaniyatlarini o‘tkazganlar. Natijada dastlab qabila nomi bo‘lgan “ink” atamasi hukmron toifa – zodagonlarning umumiy nomiga aylangan.

INKLAR DAVLATI

Inklardan bo‘lmagan aholi jamoa bo‘lib yashab, hukmron toifa uchun ishlagan. Jamoa dehqonlar oilalaridan tashkil topib, ularning har biriga ma’lum yer, ekin maydoni biriktirib qo‘yilgan. Jamoalar yetishtirgan hosilning 2/3 qismini davlat va ibodatxonalarga topshirganlar. Mamlakatda rasman qulchilik bo‘lmasa-da, jamoa a’zolari shafqatsiz ishlatilgan va deyarli huquqsiz bo‘lgan.

Tog‘li hududlar dehqonchilik uchun noqulay edi. Natijada jamoa erkaklari tik qoyalar yonbag‘rini o‘yib, toshlarning ustiga unumli tuproq yoyishgan. Bunday ekinzorlar tuprog‘ini yomg‘ir yuvib ketmasligi uchun atrofi tosh devorlar bilan o‘rab chiqilgan. Inklarda asosiy ekinlar kartoshka va makkajo‘xori bo‘lgan. Dehqonlar, shuningdek, qovoq, paxta, ananas, banan ham yetishtirganlar.

O‘YLAB KO‘RIB, XULOSA QILING!

Inklarda yetishtirilgan hosil uchga bo‘lingan: bir qismi ibodatxona kohinlariga, ikkinchi qismi Oliy Inkaga berilgan, uchinchi qismi esa jamoaga qoldirilgan. Davlat omborlariga to‘plangan oziq mahsulotlaridan qo‘shin va amaldorlarga berilgan. Urush, hosilsizlik yillari yoki turli tabiiy ofatlar paytida barcha jabrlanganlarga davlat zaxirasidan makka doni va quritilgan kartoshka tarqatilgan.

Inklar shahri Machu-Pikchu – “Eski tog‘”

Xo‘jalikda chorvachilikning o‘rni ham muhim bo‘lib, lama va alpakalarni faqat go‘shti hamda juni uchun boqmasdan, ulardan yuk tashish uchun ham foydalanishgan. Inklarda kulolchilik, zargarlik, to‘qimachilik, bo‘yoqchilik, qurilish sohalari ayniqsa yuksalgan.

O‘YLAB KO‘RIB, XULOSA QILING!

Poytaxt Kuskoni viloyatlar bilan bog‘laydigan, umumiy uzunligi 15 minglab kilometr bo‘lgan tosh yo‘llar barpo etilgan, viloyatlar orasida pochta xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus choparlar yugurgan holda bir-birlariga xabarni yetkazib, uni uzoq masofalarga yetkazganlar.

Zodagonlarning bolalari maxsus maktablarda o‘qigan. Yozuv bo‘lmagani sababli, bolalar inklarning dini, boshqaruv tartibi, qonunlari va udumlariga oid ma’lumotlarni yodlaganlar. Inklarning o‘ziga xos “tugunli xati” (kipu) bo‘lib, uning sirlari faqat ruhoniylarga ma’lum edi.

Inklar matematika, astronomiya, geografiya, tibbiyot, botanika bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lganlar. Ularning aniq taqvimi 12 oyga bo‘lingan. Tabiblar insonning bosh suyagida jarrohlik muolajalarini amalga oshirishni bilganlar.

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

1. Amerika tub aholisining mashg‘ulotlari haqida gapirib bering.

2. Mayyalar tarixi va madaniyati haqida nimalarni bilasiz?

Savollar: 3. Asteklar kimlar? Ular haqida so‘zlab bering.

San-Vitale bazilikasi

Bazilika (yun. basilike – "shohona bino") yepiskop Ekkleziy tomonidan 527–548-yillarda Ravenna (Italiya)da qurilgan. Bu G‘arbiy Yevropadagi Vizantiya san’atining nodir me’morchilik namunasi sanaladi. Avliyo Mark ibodatxonasi Dojlar saroyi

O‘rta asr Yevropa shaharlari

Har bir shaharda sobor, bozor va mustahkam saroylar mavjud edi. Shahar devorlari tashqarisida qishloqlar, mevali bog‘lar va shahar aholisining ekin maydonlari bo‘lgan.

Lyubech

1097-yil 20-oktyabrda Bogemond I qo‘mondonligidagi salibchilar bilan Mosul amiri Kerboga qo‘shini o‘rtasida Antioxiya uchun jang bo‘lib o‘tadi.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Olimlarning fikricha, dastlabki odamlar Amerika qit’asiga Bering bo‘g‘ozi orqali bundan necha yil avval o‘ta boshlagan?
  1. 60 ming yil
  2. 15 ming yil
  3. 25 ming yil
  4. 40 ming yil

To‘g‘ri javob: 40 ming yil. Dastlabki odamlar Amerikaga buyuk muzlik davrida, bundan 40 ming yil avval o‘ta boshlagan.

Markaziy va Janubiy Amerikaning tog‘ hududlarida kechua, mayya, astek, olmek bilan birga yana qaysi qabila yashagan?
  1. apache
  2. siu
  3. irokez
  4. toltek

To‘g‘ri javob: toltek. Bu hududlarda kechua, mayya, astek, olmek va toltek qabilalari yashagan.

Olimlarning fikricha, Amerika qit’asiga dastlabki odamlar qaysi bo‘g‘oz orqali o‘ta boshlagan?
  1. Bering bo‘g‘ozi
  2. Gibraltar bo‘g‘ozi
  3. Magellan bo‘g‘ozi
  4. Bosfor bo‘g‘ozi

To‘g‘ri javob: Bering bo‘g‘ozi. Dastlabki odamlar Shimoliy Osiyodan hozirgi Bering bo‘g‘ozi orqali o‘ta boshlagan.

Quyidagi ekinlardan qaysi biri Amerika hindulari tomonidan yetishtirilgan va yevropaliklarga noma’lum bo‘lgan?
  1. Qand lavlagi
  2. Makkajo‘xori
  3. Zig‘ir tolasi
  4. Yasmiq loviya

To‘g‘ri javob: Makkajo‘xori. Yevropaliklarga ma’lum bo‘lmagan makkajo‘xori, kartoshka, pomidor va boshqa ekinlar yetishtirilgan.

Amerikaning janubida uy hayvonlaridan qaysi biri boqilgan?
  1. Ot
  2. Sigir
  3. Lama
  4. Echki

To‘g‘ri javob: Lama. Janubda tuyasimonlar oilasiga mansub lama boqilgan; ot, sigir, echki keyin Yevropadan keltirilgan.

Quyidagilardan qaysi biri amerikalik hindularga noma’lum bo‘lgan?
  1. Tosh qurollar
  2. Jez qurollar
  3. Yog‘och qurollar
  4. G‘ildirak

To‘g‘ri javob: G‘ildirak. Temir, omoch, g‘ildirak va o‘tochar qurollarni hindular bilishmagan.

Ma’lumotning umumiy mazmunini rasm yoki rasmlar ketma-ketligi orqali eslab qolish maqsadida tasvirlash qanday yozuv deyiladi?
  1. Alifbo yozuvi
  2. Piktografik yozuv
  3. Mixxat yozuv
  4. Iyeroglif yozuv

To‘g‘ri javob: Piktografik yozuv. Rasm orqali ma’lumotni tasvirlash piktografik yozuv deyiladi.

Mayyalar hindlardan avval matematikaga qaysi sonni anglatuvchi belgini kiritgan?
  1. yuz
  2. bir
  3. o‘n
  4. nol

To‘g‘ri javob: nol. Nolni anglatuvchi belgi matematikaga mayyalar tomonidan hindlardan avval kiritilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘rta asrlarda kunchiqar mamlakat – YaponiyaKeyingi →O‘rta asrlarda xristian olamida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar