XotirAI logotipiXotirAI
📜 7-sinf · Jahon tarixi · 17-mavzu

O‘rta asrlarda xristian olamida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar

SIZ BILIB OLASIZ:

O‘rta asrdagi cherkov rohiblari

YEVROPADA XRISTIAN DININING TARQALISHI

Xristian dini IV asrdan german qabilalari orasida ham tarqala boshlaydi. V asrning oxirida Franklar qiroli Xlodvig xristianlikni qabul qiladi. Angliya va Irlandiya monastirlaridan yetishib chiqqan serg‘ayrat rohiblar Yevropaning eng chekka joylariga ham borib, aholini xristianlikka o‘tkazadilar.

Kiyev Rusi va Bolgariya X asr oxirlarida Vizantiyadan xristianlikning pravoslav mazhabini qabul qilgan.

Xristian dini Yevropada IV asrdan boshlab tarqala boshlagan.

CHERKOVNING BO‘LINISHI

Rim imperiyasining G‘arbiy va Sharqiy Rimga ajralishi cherkovning ham bo‘linishiga olib keladi. Frank qiroli ko‘magida 756-yil Italiyada Rim papalari davlati – Papa viloyati tashkil topadi. Vizantiya cherkovi esa avvaldan davlatga bo‘ysunuvchi, Konstantinopol patriarxi boshqaradigan diniy tashkilotga aylanadi.

Sharqiy Yevropada bolgarlarni xristian diniga o‘tkazishdagi raqobat cherkovning rasman g‘arbiy katolik (“jahon”) va sharqiy pravoslav (“sof din”, “chin e’tiqod”) cherkovlariga bo‘linishiga olib keladi. 1054-yildan boshlab hozirgi kunga qadar rim-katolik va yunon-pravoslav cherkovlari mustaqil faoliyat yuritib kelmoqda. G‘arbda cherkov va’zlari lotincha, sharqda esa yunon tilida olib borilgan. Katolik cherkovi barcha ruhoniylarga uylanishni taqiqlasa (“selebat”), pravoslavlarda faqat rohiblar oila qurmagan.

CHERKOV VA DAVLAT

Indulgensiya tartibi

Yevropada V asrda boshlangan yer egaligi munosabatlariga o‘tish jarayonidan cherkov ham chetda qolmaydi. Ekinzorlarning uchdan bir qismi ibodatxona va monastirlar qo‘lida to‘planadi. Davlat soliqlaridan ozod etilgan bu yerlarda cherkovdan ijaraga yer olgan yuz minglab qaram dehqonlar mehnat qilganlar.

Undan tashqari, xristian cherkovi aholidan ushr (hosilning 1/10) solig‘ini undirgan. Aholi, shuningdek, bolani cho‘qintirganda, nikohdan o‘tganida, marhumga ta’ziya marosimi o‘tkazilganda va boshqa udumlar uchun ham pul to‘lagan. Cherkovga tushadigan daromadning ancha qismi Rim papasi xazinasiga yuborilgan. Bulardan tashqari, katolik cherkovi indulgensiya (lotincha, “afv”) – papa tomonidan kishilarga qilgan va hali qilmagan gunohlarini kechish uchun pulga sotilgan yoki katolik cherkovi oldidagi xizmatlari evaziga berilgan yorliqlarning hisobiga ham boyigan.

CHERKOV VA DAVLAT

Yevropada cherkov davlatning muhim tashkilotiga aylanib, uning siyosiy va iqtisodiy faoliyatiga aralashgan, sud vazifasini ham bajargan. Cherkov qo‘llagan jazolarning eng og‘iri interdikt – mamlakatda ibodat va marosimlarning vaqtinchalik taqiqlanishi bo‘lgan.

Innokentiy III (1198–1216) papaligi davrida katolik cherkovi o‘z qudratining cho‘qqisiga chiqadi. Papaning “Oy o‘z yog‘dusini Quyoshdan olganidek, qirol hokimiyati o‘z jilosini papalikdan oladi” degan so‘zlari amalda bo‘lgan. Rim papasi german, fransuz va ingliz hukmdorlarini interdikt orqali tavba-tazarru qildiradi. Aholiga o‘z hukmini o‘tkazishda papa rohiblarga tayangan.

DAHRIYLARGA QARSHI KURASH

erkov va uning ta’limotiga qarshi kishilar yeretiklar (yunoncha, “dahriylar”) deb nomlangan. O‘zlarini “sof xristianlar” deb atagan bunday kishilar cherkovning boyliklari, hashamatli udum-marosimlariga qarshi chiqib, sodda cherkov g‘oyasi tarafdorlari bo‘lishgan. Ular katolik cherkovi katta boyliklarni qo‘lga kiritib, iblisning quroliga aylanganiga ishonishgan. Shu bilan birga, cherkov boylikdan voz kechib, Iso Masihning havoriylari ergashgan “adolat va haqiqat yo‘li”dan borishi kerak deb hisoblashgan. Jamoat tomonidan qabul qilingan e’tiqod asoslaridan farqli o‘laroq, “sof xristianlar” ruhoniylar kerak emasligini va har kim xudoga o‘zi murojaat qilishi mumkinligini e’lon qiladilar. Shahar aholisining ko‘pchiligi, dehqonlar va hatto ritsarlar katolik cherkovini tark etib, “sof nasroniylar” jamoasi bilan marosimlarni bajarishga kirishadilar. Bunday sharoitda papalik tomonidan yeretiklarga qarshi kurashish uchun cherkov sudi – inkvizitsiya (lotincha, “qidiruv”) tuziladi. Xristian cherkovi dushmanlarini izlab topish va jazolash bilan shug‘ullangan inkvizitsiya papa Grigoriy IX (1227–1241) davrida ayniqsa avj oladi.

O‘YLAB KO‘RIB, XULOSA QILING!

Yeretiklarni ushlash va jazolash uchun kelgan inkvizitorlar shahar aholisini yig‘ib, har bir kishi bir necha kun ichida gunohidan ixtiyoriy ravishda tavba qilishi mumkinligini e’lon qilishgan. Bu holatda insonni yengil jazo kutardi: butun umri davomida xoch belgisini taqib yurish, har yakshanba kuni cherkovda tayoq bilan kaltaklanish, muqaddas joylarga uzoq muddatli ziyoratga borish.

Rim papasi Grigoriy IX

TARIXIY MUSHOHADA!

Inkvizitsiya sudida biror kishi qiynoqlarga chiday olmay, dahriyligiga iqror bo‘lganida, u cherkovga xizmat qilish majburiyati, umrbod qamoq yoki ustunga bog‘lab yoqish jazolariga hukm qilingan.

Inkvizitorlar jazoni ijro etuvchi kishining xizmatlari va qatl qilish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarga cherkovdan pul ajratishgan.

Inkvizitsiya faoliyati Ispaniyada ayniqsa keng tus oladi. Papa har bir shahar va qishloqlarga inkvizitorni uning yordamchilari bilan yuborgan. Shaharlarga borib, ular aholini birma-bir so‘roq qilishgan. Agar kimdir ikkita guvoh tomonidan yeretik deb e’tirof etilsa, ayblanuvchi inkvizitsiya sudiga chaqiruv olgan va qoida tariqasida zanjirband qilinib, qorong‘i zindonga tashlangan. Inkvizitorlar ularni iymondan chiqib ketganliklarini tan oldirishga intilib, ruhiy azoblar bilan qo‘rqitishgan, uning “gunohkor tanasini” qiynoqqa solishgan.

TARIXIY MUSHOHADA!

Inkvizitsiya sudi

Mahkumlarni gulxanda yondirish “autodafe” (portugalcha, “e’tiqod” yoki “din ishi”) deyilgan. Unga ko‘ra, yeretik maydonga olib chiqilgan va ustunga bog‘lanib, xalqning ko‘z o‘ngida gulxanda yoqilgan. Olov yonib ketgan odamning ruhini yomon tanadan va uning gunohlaridan tozalashiga ishonishgan.

1. Yevropada xristian dini qachondan keng tarqala boshlagan?

2. Katolik va pravoslav cherkovlarining paydo bo‘lish sabablarini ko‘rsating.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Xristian dini german qabilalari orasida qaysi asrdan tarqala boshlagan?
  1. VI asrdan
  2. III asrdan
  3. IV asrdan
  4. II asrdan

To‘g‘ri javob: IV asrdan. Xristian dini IV asrdan german qabilalari orasida ham tarqala boshlagan.

Franklar qiroli Xlodvig xristianlikni qaysi asrning oxirida qabul qilgan?
  1. III asrning
  2. IV asrning
  3. VI asrning
  4. V asrning

To‘g‘ri javob: V asrning. Franklar qiroli Xlodvig xristianlikni V asrning oxirida qabul qilgan.

Kiyev Rusi va Bolgariya Vizantiyadan xristianlikning pravoslav mazhabini qaysi asr oxirlarida qabul qilgan?
  1. X asr
  2. VII asr
  3. XII asr
  4. VIII asr

To‘g‘ri javob: X asr. Kiyev Rusi va Bolgariya X asr oxirlarida Vizantiyadan pravoslav mazhabini qabul qilgan.

Franklar qiroli Xlodvig xristianlikni qaysi asrning oxirida qabul qildi?
  1. V asr oxirida
  2. IV asr oxirida
  3. VI asr oxirida
  4. X asr oxirida

To‘g‘ri javob: V asr oxirida. Franklar qiroli Xlodvig V asrning oxirida xristianlikni qabul qilgan.

Quyidagi voqealarni qadimiysidan yangisiga qarab tartiblang.
  1. Papa viloyatining tashkil topishi – Xlodvigning xristianlikni qabul qilishi – cherkovning bo‘linishi – Innokentiy III papaligi
  2. Xlodvigning xristianlikni qabul qilishi – Papa viloyatining tashkil topishi – cherkovning bo‘linishi – Innokentiy III papaligi
  3. Xlodvigning xristianlikni qabul qilishi – cherkovning bo‘linishi – Papa viloyatining tashkil topishi – Innokentiy III papaligi
  4. Xlodvigning xristianlikni qabul qilishi – Papa viloyatining tashkil topishi – Innokentiy III papaligi – cherkovning bo‘linishi

To‘g‘ri javob: Xlodvigning xristianlikni qabul qilishi – Papa viloyatining tashkil topishi – cherkovning bo‘linishi – Innokentiy III papaligi. V asr oxiri, 756, 1054 va 1198–1216 tartibida.

Kiyev Rusi va Bolgariya X asr oxirlarida Vizantiyadan xristianlikning qaysi mazhabini qabul qilgan?
  1. Katolik
  2. Arianlik
  3. Pravoslav
  4. Protestant

To‘g‘ri javob: Pravoslav. Ular Vizantiyadan pravoslav mazhabini qabul qilgan.

Quyidagi voqealarni qadimiysidan yangisiga qarab tartiblang: A) Innokentiy III papaligi davri; B) cherkovning katolik va pravoslavga rasman bo‘linishi; C) Frank qiroli Xlodvigning xristianlikni qabul qilishi; D) Papa viloyatining tashkil topishi.
  1. C–D–B–A
  2. C–B–D–A
  3. D–C–B–A
  4. C–D–A–B

To‘g‘ri javob: C–D–B–A. Xlodvig V asr oxirida, Papa viloyati 756-yilda, bo‘linish 1054-yilda, Innokentiy III 1198–1216-yillarda.

Frank qiroli Xlodvig xristianlikni qabul qilgan davr bilan Kiyev Rusi pravoslavlikni qabul qilgan davr o‘rtasida taxminan qancha vaqt o‘tgan?
  1. Taxminan 300 yil
  2. Taxminan 700 yil
  3. Taxminan 900 yil
  4. Taxminan 500 yil

To‘g‘ri javob: Taxminan 500 yil. Xlodvig V asr oxirida, Kiyev Rusi X asr oxirida xristianlikni qabul qilgan; farq taxminan besh asr.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAmerika o‘rta asrlardaKeyingi →Salib yurishlari