XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · Jahon tarixi · 4-mavzu

Angliyada markazlashgan davlatning tashkil topishi

SIZ BILIB OLASIZ:

IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR

Normandiyalik Vilgelm I ning vorislari davrida yirik feodallar mamlakatni ko‘p yillar davom etgan o‘zaro urushlarga duchor qildi. Angliyalik zodagonlar ham Fransiyadagi gersog va graflar kabi siyosiy va iqtisodiy mustaqillikni qo‘lga kiritishni, yer-mulklarini mutlaq o‘zlari idora qilishni xohlar edi. Ammo Fransiyadan ko‘ra Angliyada qirol hokimiyatini mustahkamlash uchun sharoit yaxshi edi. Mamlakatning ichki va tashqi savdo-sotiq ishlari rivojlanib borardi.

London nafaqat Angliyaning, balki Yevropaning muhim savdo markaziga aylandi. Ingliz shaharlarining ko‘pchiligi qirolga qarashli yerlarda joylashgan, shaharliklar qirolni qo‘llab-quvvatlar edi. Chunki shaharliklar va dehqonlar yuzta xo‘jayindan ko‘ra bitta xo‘jayinni afzal deb bilar edi.

ESLAB KO‘RING!

Savollar: Angliyada ilk davlatlar qanday shakllandi?
Savollar: Qirol Alfred Angliya tarixida qanday islohotlarni amalga oshirdi?

Dehqonlar ham feodallarga qarshi kurashni to‘xtatmay yanada avj oldirdi. Ularning ko‘pchiligi o‘z xo‘jayinlaridan o‘rmonlarga qochib ketar va guruh-guruh bo‘lib zodagonlarga, yepiskop va amaldorlarga hujum qilardi. Xalq ularni “erkin merganlar” deb atardi. Dehqonlar ularni yaxshi ko‘rar va qo‘llab-quvvatlardi. XII–XIV asrlarda xalq orasida ularning qahramonligi, jasurligi va ajoyib sarguzashtlari to‘g‘risida qo‘shiqlar hamda balladalar to‘qilgan edi. Ingliz balladalarining eng mashhurlari va qiziqarlisi mazlum xalqning sevimli qahramoni, zolim zodagonlarning raqibi Robin Gud haqida edi.

Savollar: Normandiya gersogi Vilgelm I Angliyani qachon istilo qildi?

ESLAB KO‘RING!

Qirol ritsarlar va shaharliklar yordamida yirik feodallarga qarshi kurashda g‘olib chiqdi. Biroq qirol Genrix II ning vorislari Richard I Sheryurak va Ioann davrida qirol hokimiyati zaiflashib qoldi. Buning ustiga qirol Ioanning papa Innokentiy III bilan Kenterberi grafligi arxiyepiskopini saylash masalasida munosabatlari buzildi. Papa qirol Ioanni cherkovdan quvib, butun Angliyada ibodat qilishni taqiqladi. Taxtdan ayrilish xavf ostida qolgan va aholining qo‘llab-quvvatlashiga ko‘zi yetmagan qirol taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. U o‘zini papaning vassali deb tan olish va har yili uning xazinasiga ming funt sterling soliq to‘lash majburiyatini oldi.

BILAG‘ONLAR UCHUN

Angliya – qadimgi ingliz tilidagi “England” so‘zidan olingan bo‘lib, “angllar yeri” ma’nosini bildiradi. Angllar ilk o‘rta asrlarda Buyuk Britaniyada joylashgan german qabilalaridan biri edi.

Papa bilan to‘qnashuvdagi mag‘lubiyat qirol Ioanning nufuzini tushirib yubordi. Baronlar, yepiskoplar, ritsarlar va shaharliklar o‘rtasida qirolga nisbatan norozilik kuchaydi. Soliqlarning oshirilishi qirolni mayda va o‘rta mulkdorlar yordamidan mahrum etdi. Fransuzlar bilan quruqlikda yangi urushga tayyorgarlik esa ritsarlarning qirolga qarshi chiqishiga sabab bo‘ldi.

Natijada mamlakatda 1215-yilda qirolga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Yirik zodagonlar qo‘zg‘olonga rahbarlik qildi, ritsarlar va shaharliklar ularga qo‘shildi. Poytaxt London aholisi qo‘zg‘olonchilarga shahar darvozasini ochib berdi. Qo‘zg‘olonchilar qirol Ioanni asir olishdi.

QO‘SHIMCHA O‘QISH UCHUN

Robin Gud XII–XIV asrlarga tegishli ingliz balladalari qahramoni. Robin Gud haqidagi eng yorqin epizodlarning aksariyati u va uning hamrohlari Shervud o‘rmonida ochko‘z hamda berahm kishilarni, badavlat cherkov yer egalarini talon-toroj qilishlari va boyliklarni kambag‘allarga ulashishlari bilan bog‘liq.

Ularning eng ashaddiy raqibi Nottingem sherifi edi. Robin Gud barcha kishilarga, ayniqsa, kambag‘allarga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lgan.

Aksariyat xalq og‘zaki ijodi namunalarida an’anaviy ravishda Robin Gud yashil rangli kiyimda tasvirlanadi. Uning hokimiyatga qarshi qo‘zg‘oloniga ov huquqlarini cheklab qo‘ygan o‘rmon qonunlariga nisbatan xalqning noroziligi katta turtki bo‘lgan. Tarixchilar Robin Gud haqiqatan tarixiy shaxs ekanligini isbotlash uchun ko‘p uringanlar.

QO‘SHIMCHA O‘QISH UCHUN

U qirol Richard I Sheryurak davrida yashagan degan qarashlar mavjud.

Ba’zi tarixchilar uni mayda bezori, keyin chalik esa adolat va zulmga qarshi harakatlari bilan xalq qahramoniga aylangan tarixiy shaxs deb hisoblashadi.

Robin Gud haqidagi afsonalar ingliz adabiyoti va madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. U haqda ko‘plab balladalar, romanlar yozilgan, filmlar suratga olingan. Robin Gud tarixiy va badiiy adabiyotlarda qirol Artur kabi mashhurlikka erishgan.

ERKINLIKNING BUYUK XARTIYASI

irol Ioann 1215-yilda “Erkinlikning buyuk xartiyasi” deb nomlangan hujjatga imzo chekishga majbur bo‘ldi. Xartiya lotin tilida yozilgan bo‘lib, 63 moddadan iborat edi.

“Erkinlikning buyuk xartiyasi” bu huquqiy davlat tarixidagi muhim hujjatdir. Ushbu hujjatga ko‘ra qirol qonunlarga muvofiq hukmronlik qilishi kerakligiga rozi bo‘ldi. Xartiya qirolning ba’zi vakolatlarini chekladi.

Unga asosan, Buyuk kengash roziligisiz qirol mamlakatda soliq yig‘a olmas edi. Biror jinoyatda ayblangan erkin kishilar davlat tomonidan tayinlangan sud yoki o‘z jamoasi tomonidan adolatli sudlanish huquqiga ega edilar. Shuningdek, qirol, amaldorlar, yirik zodagonlar, erkin hamda qaram kishilarning ma’lum huquq va majburiyatlariga ega ekanligi ta’kidlangan edi. “Erkinlikning buyuk xartiyasi” insonlarning ma’lum huquq va majburiyatlarining mavjudligi, hukumatning kuchi cheklanganligi hamda hokimiyat xalqqa xizmat qilishi kerakligi haqidagi g‘oyalarni shakllantirishga yordam berdi.

ANGLIYA PARLAMENTI

Qirol Ioann “Erkinlikning buyuk xartiyasi”ni imzoladi, lekin uning shartlari va moddalarini bajarishni xohlamadi. Undan keyingi qirollar ham, xususan, uning vorisi Genrix III ushbu Xartiyaga deyarli rioya qilmadi. Aksincha, soliqlarni yanada oshirib, yirik mulkdor zodagonlar, ritsarlar, shaharliklar va oddiy aholini o‘ziga qarshi qilib qo‘ydi. Natijada yirik mulkdor Simon de Monfor boshchiligida norozilik harakati boshlanib, qirol va uning o‘g‘li shahzoda Eduard asir olindi. Simon de Monfor bir qancha vaqt Angliya boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. U 1265-yilda uch toifa vakillari – baronlar, ruhoniylar, har bir graflikdan ikkitadan ritsarlar hamda har bir shahardan ikkitadan vakil ishtirok etadigan majlis chaqirdi. Bu majlis jahon tarixiga parlament nomi bilan kirdi.

TARIXIY MUSHOHADA

“O‘z qabilasining jamoaviy hukmi va mamlakat qonunisiz hech bir ozod odam qamoqqa tashlanmaydi, hibsga olinmaydi, qonundan tashqari deb topilmaydi, badarg‘a qilinmaydi yoki biron-bir tarzda yo‘q qilinishi mumkin emas”.

Simon de Monforga Angliyani uzoq boshqarish nasib qilmadi. Shahzoda Eduard asirlikdan qochib, tez orada taxtga o‘tirdi. U otasining xatolarini tushunib, ularni takrorlamaslikka harakat qildi. Uning davrida 1295-yildan boshlab parlament doimiy chaqirilib turiladigan bo‘ldi. 1297-yilda parlamentga soliqlarni tasdiqlash huquqi berildi. XIV asrdan qonunlar chiqarish va siyosiy ishlar, ya’ni qirol vazirlari tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar bo‘yicha Oliy sud huquqini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik bu parlament “namunali parlament” degan nom oldi.

“Erkinlikning buyuk xartiyasi”dan

1343-yilda parlament ikki palataga bo‘lindi. Yuqori palata lordlar palatasi deb nomlanib, unda oliy toifali

Qirol Ioann “Erkinlikning buyuk xartiyasi”ga imzo chekmoqda

TARIXIY MUSHOHADA

Savollar: 1. Parlament paydo bo‘lgan davrdan hozirgi kunga qadar uning faoliyati va shaklida qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Qaysi jihatlar saqlanib qoldi?

2. Jahon xalqlari va davlatlari hayotida parlamentning bugungi ijtimoiy ahamiyati haqida tarixiy mushohada yuriting. Misollar keltiring.

Savollar: 3. Bugungi zamonaviy dunyoda parlament davlatlar taraqqiyotida qanday ahamiyatga ega?

ruhoniylar hisoblangan yepiskoplar, abbatlar hamda qirol tomonidan maxsus taklif etilgan zodagonlar majlis o‘tkazganlar. Quyi palata umumpalata deb nomlanib, har bir graflikdan ikki nafar ritsar va shaharlardan ikki nafar vakil majlis o‘tkazgan.

Angliya parlamentining Fransiya General shtatlariga qaraganda davlat ishlariga ta’siri kuchliroq edi. Chunki Angliyada Fransiyadagi kabi toifalar o‘rtasida nizolar keskin emas edi. Shuning uchun quyi palata parlamentda o‘z roziligisiz soliqlar joriy etilmasligi huquqini qo‘lga kiritdi.

TARIXIY MUSHOHADA

Shunday qilib, XIII–XIV asrlarda Angliyada ham Fransiyadagi kabi toifaviy monarxiya sifatida markazlashgan davlat qaror topdi.

IZOHI

Xartiya – lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, qog‘oz, yorliq ma’nosini bildiradi. U o‘rta asrlarda ijtimoiy-siyosiy, huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan, jamiyatning ma’lum bir huquqlarini ifodalagan hujjatni anglatadi.

Parlament – fransuz tilidan olingan bo‘lib, gapirmoq, so‘zlamoq ma’nosini bildiradi.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Feodallardan o‘rmonlarga qochib, zodagonlarga hujum qilgan dehqonlarni xalq qanday atagan?
  1. Erkin yerliklar
  2. “Erkin merganlar”
  3. Sheryuraklar
  4. Yashil baronlar

To‘g‘ri javob: “Erkin merganlar”. Xalq ularni “erkin merganlar” deb atagan.

Qirol Ioann papa Innokentiy III bilan qaysi masalada ziddiyatga bordi?
  1. Kenterberi arxiyepiskopini saylash masalasida
  2. Papa elchisining soliq yig‘ishi masalasida
  3. Fransiyadagi ingliz mulklari masalasida
  4. Qirolning nikohini bekor qilish masalasida

To‘g‘ri javob: Kenterberi arxiyepiskopini saylash masalasida. Ziddiyat Kenterberi arxiyepiskopini saylash masalasida chiqqan.

Taslim bo‘lgan qirol Ioann papaning xazinasiga har yili qancha soliq to‘lash majburiyatini oldi?
  1. Yuz funt sterling
  2. Ming funt sterling
  3. O‘n ming funt sterling
  4. Besh yuz funt sterling

To‘g‘ri javob: Ming funt sterling. U har yili papa xazinasiga ming funt sterling to‘lashni zimmasiga olgan.

Papa qirol Ioanni cherkovdan quvib, Angliyada ibodatni taqiqlaganidan keyin qirolning papaga taslim bo‘lishiga nima sabab bo‘ldi?
  1. Fransuzlar bilan boshlangan urushdagi mag‘lubiyat va xazina bo‘shab qolishi
  2. Taxtdan ayrilish xavfi va aholi qo‘llab-quvvatlashiga ishonchi yo‘qligi
  3. Ritsarlar va shaharliklarning qirolga qarshi qo‘zg‘oloni va poytaxtning qamali
  4. Baronlarning papa bilan tuzgan ittifoqi va ularning qirolga ultimatum qo‘yishi

To‘g‘ri javob: Taxtdan ayrilish xavfi va aholi qo‘llab-quvvatlashiga ishonchi yo‘qligi. Taxtdan ayrilish xavfi ostida qolgan, aholi qo‘llab-quvvatlashiga ishonmagan Ioann taslim bo‘lib, o‘zini papaning vassali deb tan olgan.

Qadimgi ingliz tilidagi England so‘zidan olingan Angliya nomi qanday ma’noni bildiradi?
  1. sakslar yurti
  2. german qabilalari yeri
  3. angllar yeri
  4. o‘rmonlar mamlakati

To‘g‘ri javob: angllar yeri. Angliya nomi qadimgi inglizcha England so‘zidan olingan bo‘lib, angllar yeri ma’nosini beradi.

Angliyada qirol Ioanga qarshi yirik zodagonlar rahbarligida qo‘zg‘olon qaysi yilda ko‘tarilgan?
  1. 1295-yilda
  2. 1215-yilda
  3. 1265-yilda
  4. 1297-yilda

To‘g‘ri javob: 1215-yilda. Qirolga qarshi qo‘zg‘olon 1215-yilda ko‘tarilgan va uni yirik zodagonlar boshqargan.

Qirol Ioann davrida ritsarlarning qirolga qarshi chiqishiga qanday holat sabab bo‘ldi?
  1. Papaning Angliyada ibodatni taqiqlashi
  2. London aholisining qo‘zg‘olonchilarga darvoza ochishi
  3. Fransuzlar bilan quruqlikda yangi urushga tayyorgarlik
  4. Xartiyaning lotin tilida yozilishi

To‘g‘ri javob: Fransuzlar bilan quruqlikda yangi urushga tayyorgarlik. Fransuzlar bilan yangi urushga tayyorgarlik ritsarlarning qirolga qarshi chiqishiga sabab bo‘lgan.

XII–XIV asrlarga oid ingliz balladalarida Shervud o‘rmonida boylarni talab, boyliklarni kambag‘allarga ulashgan qahramon kim?
  1. Robin Gud
  2. Eduard III
  3. Gilyom Kal
  4. Simon de Monfor

To‘g‘ri javob: Robin Gud. Robin Gud ingliz balladalari qahramoni bo‘lib, Shervud o‘rmonida boylarni talab, boyliklarni kambag‘allarga ulashgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiFransiyani birlashtirishning tugallanishi va uning natijalariKeyingi →XIV–XV asrlarda Angliya