XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · Jahon tarixi · 6-mavzu

Germaniyada ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayot

SIZ BILIB OLASIZ:

ESLAB KO‘RING!

Savollar: “Muqaddas Rim imperiyasi” qachon tashkil topdi va nima uchun shunday nomlangan?
Savollar: Germaniyada Shtaufenlar sulolasi qachon hokimiyat tepasiga keldi, ushbu sulolaning eng yirik vakili kim edi?

FRIDRIX II HUKMRONLIGI. SHTAUFENLAR SULOLASINING TUGASHI

Aziz o‘quvchilar, siz 7-sinf Jahon tarixi darsligida Germaniya qirolligining tashkil topishi, Otton I uyg‘onish davri, Fridrix I Barbarossa va Shtaufenlar sulolasi haqidagi ma’lumotlarni o‘qigansiz. Bu sulola davrida Germaniyaga Italiya janubidagi hududlar qo‘shib olindi. Imperatorlar shu vaqtdan e’tiboran Sitsiliyadan turib butun imperiyani idora qila boshladilar.

Kelib chiqishi nemis va italyan millatlariga mansub bo‘lgan imperator Fridrix II Shtaufenlar sulolasining eng ko‘zga ko‘ringan vakili edi. Fridrix II arab va Vizantiya madaniyatiga juda qiziqar, uning saroyida arab, vizantiyalik va yahudiy olimlari bor edi. O‘zi esa arab va yunon tillarida so‘zlasha olar, lotin tilida maktublar, italyan tilida she’rlar yozardi. Sharq musiqasi, raqslari, she’riyati, adabiyoti va me’morchiligiga juda qiziqar edi. Imperatorning Palermodagi saroyi sharqona uslubda bezatilgan bo‘lib, arab hukmdorlarining qarorgohlarini eslatib turardi.

TARIX YONDAFTARCHANGIZGA KIRITING!

Fridrix II (1194–1250) – Yevropa imperatorlari orasida noyob iste’dod va qobiliyatga ega hukmdor edi. U hukmdor bo‘lishi bilan birga fan va madaniyat homiysi edi. Ko‘plab sohalarda tajribalar o‘tkazdi, kitoblar yozdi, universitetga asos soldi. Me’morchilikka katta ahamiyat qaratdi. Bu qobiliyatlari sabab hatto o‘z zamonasining tarixchilari ham uni “Jahon hayrati” deb e’tirof etdilar.

Fridrix II doimo saroy a’yonlariga Sharq siyosiy tuzumi haqida so‘zlab turgan hamda ba’zi arab va turk hukmdorlari uning yaqin do‘stlari bo‘lgan. Bundan tashqari, u qushlarga qiziqar, 50 tagacha ov qushi – lochinlari bor edi. Imperator ovga bo‘lgan qiziqishi va muhabbati tufayli “Qushlar bilan ov qilish san’ati” nomli kitob yozgan. Bu kitob butun Yevropada ushbu mavzuga bag‘ishlangan birinchi kitob edi. Shuningdek, imperator Fridrix II Neapol universitetiga asos solgan. Bu qirollar va hukmdorlar tomonidan asos solingan birinchi universitet edi.

TARIX YONDAFTARCHANGIZGA KIRITING!

Fridrix II butun hukmronligi davomida Sitsiliya qirolligini markazlashgan monarxiyaga aylantirishga harakat qildi. Uning o‘zi ham Sitsiliyada yashar edi. Shuning uchun ham Germaniyada hokimiyat amalda yirik feodallar qo‘lida bo‘lgan. U Germaniyada feodallar imperatorlikka boshqa nomzod ko‘rsatmasligi uchun ularning barcha shartlarini bajarar va yon bosar edi. Dastlabki paytlarda uning Rim papasi bilan munosabatlari yaxshi bo‘lgan. Biroq papa Grigoriy IX davrida qirol va papa munosabatlari keskinlashdi. Papa uni yeretik, ya’ni dindan qaytgan deb e’lon qildi. Keyingi papa Innokentiy IV imperator Fridrix II ni shakkoklikda aybladi. Papa va imperator o‘rtasida chinakam urush boshlanib ketdi. Fridrix II 1248-yilda mag‘lubiyatga uchrab, oradan ikki yil o‘tganidan so‘ng, 1250-yili vafot etdi.

TARIX YONDAFTARCHANGIZGA KIRITING!

Fridrix II ning tibbiyot kodeksi

Esingizda bo‘lsa, 7-sinf Jahon tarixi darsligida Otton I asos solgan “Muqaddas Rim imperiyasi” haqida o‘qigansiz. Bu imperiya xristian katolik cherkovi homiyligi ostida bo‘lganligi uchun unga ramziy ma’noda shu nom berilgan. Biroq Shtaufenlar sulolasining so‘nggi vakili Fridrix II ning papa bilan siyosiy nizolari tufayli xristian cherkovi butun imperiyaga g‘oyaviy homiylikdan voz kechdi. Hatto uning fuqarolarini qasamdan xoli deb e’lon qildi. Imperatorga qarshi salib yurishlarini ham tashkil etdi. Fridrix II vafotidan keyin papa va cherkov qirol vorislarining taxtga da’vosini tan olmadi. Natijada Shtaufenlar sulolasi hukmronligi barham topdi. Mamlakatda amalda “Muqaddas Rim imperiyasi” emas, balki katolik cherkovi homiyligidan tashqaridagi Germaniya tashkil topdi.

IQTISODIY-SIYOSIY AHVOL. MAMLAKAT XO‘JALIGI

taufenlar sulolasi hukmronligining barham topishi natijasida Germaniyada imperatorlik hokimiyati tamomila orqaga ketdi. Mamlakatda 1254–1273-yillar davomida umuman imperator saylanmadi. Markaziy hokimiyatning yo‘qligi ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishiga to‘siq bo‘lib, feodallarning o‘zaro urushlari ijtimoiy hayot va iqtisodiy taraqqiyotga to‘siq bo‘ldi.

1273-1347 / 1437-1806

Shundan so‘ng, 1273-yilda Germaniya knyazlari Rudolf Gabsburgni imperator qilib sayladilar. Ammo Gabsburglar sulolasi hukmronligi uzoq davom etmadi. Ular taxtni 1347-yilda o‘z davrining qudratli xonadonlaridan biri bo‘lgan Lyuksemburglarga bo‘shatib berdi. Ushbu sulola vakili bir vaqtning o‘zida Chexiya davlatining ham imperatori hisoblangan. Mazkur sulola davrida Germaniyada imperatorni kurfyurstlar deb nomlangan yetti nafar oliy darajadagi saylovchi saylar edi. Ularning to‘rt nafari qudratli dunyoviy knyazlardan, uch nafari ruhoniy arxiyepiskoplardan iborat edi.

1347-1437

Germaniyada Lyuksemburglar hukmronligi 1437-yilda barham topdi. Taxtga shu yili yana Gabsburglar sulolasi vakillari o‘tirdi. Shundan so‘ng Germaniyada Gabsburglar 369 yil, ya’ni 1806-yil (Napoleon I davri)ga qadar hukmronlik qildilar.

1437-1806

Gabsburglarning butun kuch-qudrati meros bo‘lib o‘tadigan xususiy yerlardan iborat edi. Ular bu yerlarni turli yo‘llar bilan kengaytirishga harakat qildilar. Xususan, Niderlandiya bilan birgalikda Burgundiyaning bir qismini, Ispaniya toj-taxtini nikoh diplomatiyasi orqali qo‘lga kiritdilar. Germaniyaning o‘zida esa Shtiriya, Krayna, Tirol va Shvabiyaning bir qismini egalladilar. Biroq bu davrda Germaniya imperatorida amalda haqiqiy hokimiyat mavjud emas edi. Unda umumimperiya qo‘shini ham, soliqlar ham, markaziy sud va ma’muriy boshqaruv tizimi ham yo‘q edi. Germaniya hududidagi ilk qirolliklar singari imperator “tenglar ichida teng” – birinchi feodal, imperatorni saylash va qulatish huquqiga ega zodagonlar jamoasining boshlig‘i bo‘lib qolaverdi. Germaniyada siyosiy tarqoqlik va boshboshdoqlik sabab Fransiya va Angliyadagi kabi markaziy hokimiyati mavjud bo‘lmagan kuchsiz hukumat hukm surdi.

1437-1806

Qirol Rudolf I

Siyosiy tarqoqlik Germaniyaning xalqaro munosabatlardagi nufuziga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. XV asrga kelib Germaniya imperiya hududiga qarashli bo‘lgan yerlaridan birin-ketin ayrila boshladi. Imperiya tasarrufidagi hududlarning aksariyati o‘zlarini mustaqil deb e’lon qildi, ayrimlari boshqa kuchli davlatlar hukmronligi ostiga o‘tib ketdi. Jumladan, XV asrning 60-yillarida Prussiya hududi Polsha qiroli hukmronligi ostiga, Shlezvig-Golshteyn Daniyaga o‘tdi. Chexiya va Shveysariya mustaqil davlatga aylandi.

GERMANIYA SHAHARLARI VA SAVDO ITTIFOQLARI

ermaniyada geografik jihatdan qulay hududlarda joylashgan shaharlar ko‘p edi. Ularning aksariyati daryo bo‘ylarida, unumdor yerlarda hamda savdo-sotiq uchun qulay portlar, savdo yo‘llari kesishgan muhim strategik hududlarda joylashgan edi. Shu omillar turli siyosiy nizolar va urushlar davrida ham bu shaharlarning barqaror rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.

Shimoliy Germaniya shaharlari Shimoliy va Boltiq dengizlarida savdo-sotiq ishlarini olib borardi. Ular G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining shimoli-sharqiy Yevropa davlatlari bilan savdo ishlarida vositachilik qilar edi. Shunday sharoitda XIV asr o‘rtalariga kelib, Shimoliy Germaniyaning Lyubek, Gamburg, Bremen va boshqa shaharlari Ganza savdo ittifoqiga birlashdilar. Bu savdo ittifoqi Skandinaviya mamlakatlari, Polsha, Angliya va Rossiya bilan keng savdo-sotiq olib borar edi.

GERMANIYA SHAHARLARI VA SAVDO ITTIFOQLARI

Ganza ittifoqiga Yevropaning ko‘plab shaharlari kiritilgan bo‘lib, ularning aksariyati port shaharlar edi. Bundan tashqari, uch minggacha aholi punktlari mavjud hududlar uning ta’siri ostida edi. XV asr boshlariga kelib esa Ganza ittifoqi 160 ga yaqin shaharlarni birlashtirdi.

Ganza faqatgina iqtisodiy ittifoq bo‘libgina qolmasdan, siyosiy ittifoq ham edi. Uning asosiy raqobatchisi Daniya qirolligi edi. Ganza ittifoqi 1370-yilda Daniyaga jiddiy zarba berishi natijasida Daniya qiroli ittifoq ishlariga aralashishdan voz kechdi, tovarlardan olinadigan boj kamaytirildi.

Birinchi navbatda iqtisodiy va keyingi galda siyosiy ahamiyati bilan Ganza ittifoqi “Ko‘hna qit’a”ning katta qismini iqtisodiy birlashtirgan dastlabki Yevropa ittifoqi edi. Ganza ittifoqi XVII asrgacha qisman o‘z ahamiyatini saqlab qoldi.

GERMANIYA SHAHARLARI VA SAVDO ITTIFOQLARI

Germaniyada 1254-yilda Reyn savdo va sanoat ittifoqi tashkil topdi. Bu ittifoqqa Reyn daryosi bo‘yidagi Frankfurt, Mayns, Kyoln, Vorms, Strasburg kabi yirik shaharlar kirgan edi. Ular xalqaro savdoda Italiya, Fransiya, Niderlandiya bilan o‘zaro hamkorlik olib borardi.

Ganza muhri

Germaniyada janubiy va g‘arbiy shaharlarning Shvabiya ittifoqi ham mavjud edi. Bu ittifoq 1331-yilda tashkil topgan bo‘lib, Yuqori Dunay daryosi bo‘yida joylashgan 90 ta shaharni o‘z ichiga olgandi. Shvabiya ittifoqining Augsburg, Ulm, Nyurnberg kabi shaharlari gazlama, metallurgiya, qurol ishlab chiqarishda yetakchi edi. Bu shaharlar Italiya savdosi bilan bog‘langan bo‘lib, Venetsiyada ushbu ittifoqning yirik savdo markazlari mavjud edi.

GERMANIYA SHAHARLARI VA SAVDO ITTIFOQLARI

Kurfyurst – Germaniyada qirolni saylash vakolatiga ega bo‘lgan 7 nafar imperiya knyazlari shunday nomlangan. ATAMALAR

5. Germaniya siyosiy taraqqiyotining o‘ziga xosligi nimalardan iborat?

6. Germaniya shaharlari, savdo ittifoqlari va ularning savdo yo‘nalishlari haqida mulohaza yuriting.

7. Germaniyada Ganza, Shvabiya kabi savdo ittifoqlari mavjud bo‘lgan vaqtda Sharq mamlakatlarida Buyuk ipak yo‘li gullab-yashnagan. O‘zbekiston va Jahon tarixi darsliklari asosida o‘rgangan ma’lumotlaringizga tayanib, Ganza, Shvabiya kabi savdo ittifoqlari va Buyuk ipak yo‘liga oid ma’lumotlarni ayting va taqqoslang.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Shtaufenlar davrida imperatorlar butun imperiyani qaysi hududdan turib idora qila boshladilar?
  1. Rimdan
  2. Aaxendan
  3. Sitsiliyadan
  4. Vizantiyadan

To‘g‘ri javob: Sitsiliyadan. Italiya janubi qo‘shilgach, imperatorlar Sitsiliyadan turib boshqargan.

1194–1250-yillarda yashagan, Neapol universitetiga asos solgan va ov haqida kitob yozgan Yevropa imperatori kim?
  1. Otton I
  2. Fridrix II
  3. Rudolf Gabsburg
  4. Genrix VII

To‘g‘ri javob: Fridrix II. Fridrix II noyob iste’dodli hukmdor, fan homiysi bo‘lib, Neapol universitetiga asos solgan va ov haqida kitob yozgan.

Imperator Fridrix II ning noyob qobiliyatlari uchun zamondosh tarixchilar uni qanday laqab bilan e’tirof etgan?
  1. “Jahon hayrati”
  2. “Sharq quyoshi”
  3. “Dunyo ustuni”
  4. “Tangri sevgani”

To‘g‘ri javob: “Jahon hayrati”. Fridrix II ning qobiliyatlari sabab zamondosh tarixchilar uni “Jahon hayrati” deb e’tirof etgan.

Imperator Fridrix II yozgan va Yevropada ovga bag‘ishlangan birinchi kitob qanday nomlangan?
  1. “Ov va saroy odobi”
  2. “Tabiat va hayvonlar kitobi”
  3. “Qushlar bilan ov qilish san’ati”
  4. “Lochinlar tabiati haqida kitob”

To‘g‘ri javob: “Qushlar bilan ov qilish san’ati”. Fridrix II ovga muhabbati tufayli “Qushlar bilan ov qilish san’ati” kitobini yozgan; u Yevropada bu mavzudagi birinchi kitob edi.

Shtaufenlar sulolasining eng ko‘zga ko‘ringan vakili imperator Fridrix II qaysi yillarda yashagan?
  1. 1122–1190-yillarda
  2. 1250–1273-yillarda
  3. 1194–1250-yillarda
  4. 1273–1347-yillarda

To‘g‘ri javob: 1194–1250-yillarda. Fridrix II (1194–1250) Shtaufenlarning eng yirik vakili bo‘lgan.

Fridrix IIni zamondosh tarixchilar qanday nom bilan e’tirof etgan?
  1. “Jahon hayrati”
  2. “Sharq sultoni”
  3. “Qizil soqol”
  4. “Buyuk ustoz”

To‘g‘ri javob: “Jahon hayrati”. Tarixchilar uni “Jahon hayrati” deb e’tirof etgan.

Fridrix II qaysi universitetga asos solgan?
  1. Bolonya universitetiga
  2. Neapol universitetiga
  3. Parij universitetiga
  4. Oksford universitetiga

To‘g‘ri javob: Neapol universitetiga. U Neapol universitetiga asos solgan, bu hukmdorlar asos solgan birinchi universitet edi.

Fridrix II papa bilan urushda qaysi yilda mag‘lubiyatga uchradi?
  1. 1239-yilda
  2. 1248-yilda
  3. 1244-yilda
  4. 1252-yilda

To‘g‘ri javob: 1248-yilda. Papa bilan chinakam urushda Fridrix II 1248-yilda mag‘lubiyatga uchradi va ikki yildan so‘ng vafot etdi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiXIV–XV asrlarda AngliyaKeyingi →Italiya: shahar-respublikalar va Rim papalari davlati