XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · Jahon tarixi · 13-mavzu

Oltin O‘rda xonligi

SIZ BILIB OLASIZ:

OLTIN O‘RDANING TASHKIL TOPISHI

ltin O‘rda davlati Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘ji ulusi hududida tashkil topgan. Chingizxon davlatni o‘g‘illari o‘rtasida taqsimlagan paytda Jo‘jiga eng katta hududlar berilib, u g‘arbda Irtish daryosidan sharqda Volgabo‘yiga qadar cho‘zilib, Dashti Qipchoq, Shimoliy Xorazm, Amudaryo va Sirdaryoning quyi etaklarini o‘z ichiga olgan holda Jo‘ji ulusi tashkil topgan. Jo‘ji vafot etgach uning o‘g‘li Botuxon ulus yerlarini kengaytirish maqsadida harbiy yurishlarni boshlab yuboradi.

ESLAB KO‘RING!

Savollar: Chingizxonning nechta o‘g‘li bor edi? U o‘g‘illariga bosib olingan yerlarni qachon va qanday shaklda bo‘lib bergan edi? Buning natijasida mo‘g‘ullar davlatida qanday ma’muriy birlik vujudga keldi?

Botuxon 1237–1242-yillarda Rus va Sharqiy Yevropada juda katta istilolarni amalga oshiradi, xususan, Polsha, qisman Serbiya va Bolgariyani bo‘ysundiradi. Keyinchalik Chexiya va Vengriyaga ham bostirib kiradi. Shu tariqa katta hududlarni bosib olgan Botuxon XIII asrning 40-yillari boshida Volga bulg‘orlari yurti, Dashti Qipchoq, Qrim, G‘arbiy Sibir hududlarini o‘z ichiga olgan Oltin O‘rda davlatiga asos soladi. Rus knyazlari Oltin O‘rdaga qaram bo‘lib, soliq to‘lab turadilar. Bu mamlakat rus manbalarida Oltin O‘rda, Sharq manbalarida esa Jo‘ji ulusi deb atalgan.

BOSHQARUV TIZIMI

Oltin O‘rdani xon boshqargan. Xonlar faqat chingiziylar urug‘idan va Jo‘ji avlodlaridan bo‘lishi shart edi. Xonni saylash masalasi zodagonlar yig‘ini – qurultoyda hal etilgan. Saylangan xon oq kigizda ko‘tarilib, taxtga o‘tqizilgan, so‘ngra unga oltin qilich topshirilgan. Qurultoyda urush va tinchlik masalasi, uluslarning chegaralarini qayta ko‘rib chiqish hamda yirik feodallar o‘rtasidagi nizolar masalalari ham muhokama qilingan. Ijro hokimiyati boshlig‘i beklarbegi hisoblangan va davlat ishlari bilan shug‘ullangan. Oliy amaldor vazir bo‘lib, u Devonxonaga rahbarlik qilgan. Uning boshchiligidagi devon soliq, moliya va savdo ishlariga mas’ul bo‘lgan.

BOSHQARUV TIZIMI

Oltin O‘rdaning hukmron qatlami asosan mo‘g‘ullardan, qisman qipchoqlardan iborat bo‘lsa-da, Eron va arab davlatlaridan kelgan bilimli kishilar ham ma’muriy lavozimlarda ishlaganlar. Viloyat va shaharlarga hokim qilib dorug‘alar yuborilgan.

Bo‘ysundirilgan hududlarda mo‘g‘ullar dastlab o‘zlarining an’anaviy boshqaruv tizimini joriy etganlar. Egallangan hududlar Botuning ukalariga berilib, ularning suyurg‘ol mulkiga aylangan. Suyurg‘ol egalari xon qo‘shiniga ma’lum miqdordagi jangchilarni jo‘natishdan tashqari, unga aholidan to‘plangan soliqlarning bir qismini ham yuborgan.

Oltin O‘rda qo‘shinini beklarbegi boshqargan. Qo‘shin bir nechta qismlarga bo‘linib, unga tumanbegi, no‘yon, yuzboshilar qo‘mondonlik qilganlar. Qo‘shinning asosiy kuchi “yurishda yengil, zarbada og‘ir” hisoblangan otliqlar edi. Mamlakatning harbiy qudrati O‘zbekxon davrida eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi, uning qo‘shini 300 ming jangchidan oshgan. XIV asr oxirida O‘rda armiyasi hatto o‘z artilleriyasiga ega bo‘lishni boshlagan.

BOSHQARUV TIZIMI

Oltin O‘rda davlatining oltin pullari va zargarlik buyumlari

BILAG‘ONLAR UCHUN

“Oltin O‘rda” – “O‘rda” atamasi qarorgoh, chodir ma’nosini anglatib, Oltin O‘rda xonlarining qarorgohi yoki chodiriga nisbatan ishlatilgan. Oltin O‘rda nomi elchilar va sayohatchilarning xon qarorgohining ulug‘vorligi va chodirining boy bezaklari haqidagi taassurotlari natijasida yuzaga kelgan. Masalan, Botuxon Volgabo‘yidagi qarorgohiga o‘zining hashamdor oltin chodirini o‘rnatadi. Arab sayyohi Ibn Battutaning ma’lumotlariga ko‘ra, Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonning taxti oltin bilan qoplangan.

TARIX YONDAFTARCHANGIZGA KIRITING!

Suyurg‘ol (mo‘g‘ulcha – in’om, sovg‘a) – oliy hukmdor tomonidan harbiy yurishlar va tinch vaqtlarda davlat oldidagi muhim xizmatlari uchun mansabdor va qo‘shin qo‘mondonlariga sovg‘a tariqasida in’om etilgan yer-suv hamda mol-mulk. Mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng suyurg‘ol tartibi Movarounnahr, Dashti Qipchoq hamda Yaqin Sharq mintaqalarida keng tarqalgan. Suyurg‘olga berilgan yer nasldan naslga meros bo‘lib o‘tgan.

Oltin O‘rda aholisi turli millat va diniy e’tiqod vakillaridan iborat bo‘lgan. Ko‘chmanchi mo‘g‘ullar aholining bir qisminigina tashkil etib, ular zabt etilgan xalqlar, asosan turkiy xalqlar orasida tarqalib ketganlar. Aholining asosiy qismini esa qipchoq, bijanak, xazar va bulg‘orlar kabi turkiy xalqlar tashkil etgan. Quyi Volga hududidagi aholi vakillari ko‘chmanchi hayot tarziga yaqin bo‘lib, bu yerda o‘troq va ko‘chmanchi xo‘jalik qorishib ketishi oson kechdi. Mamlakatning tayanchini tashkil etgan mo‘g‘ullar va turklar asta-sekin o‘troq turmush tarziga o‘tdilar. Ko‘chmanchi mo‘g‘ullarning o‘ziga xos rivojlangan madaniyati bo‘lmagani bois, ular bosib olingan xalqlarning sivilizatsiya yutuqlarini o‘zlashtirib, asta-sekin mahalliy aholi bilan aralashib ketdilar. Oltin O‘rdada shaharsozlik madaniyatiga ham e’tibor berilgan. Mamlakatda shaharlar iqtisodiy va madaniy hayot markazlariga aylanib, Saroy Botu va Saroy Berka dunyoning eng katta shaharlari qatorida bo‘lgan. Oltin O‘rdaning dastlabki poytaxti Saroy Botu shahri bo‘lib, u Volga daryosining quyi

TARIX YONDAFTARCHANGIZGA KIRITING!

Saroy Botu shahri oqimida, hozirgi Astraxan shahri yaqinida joylashgan. Berkaxon davrida poytaxt Volga daryosining chap sohilidagi Yangi Saroy shahriga ko‘chirilib, u Saroy Berka deb nom oladi. Jonibek davrida Saroy Berka aholisi 100 ming kishiga yetib, shahar yirik savdo, madaniy va diniy markazga aylanadi.

Oltin O‘rda hukmdorlari savdo-sotiq masalasi, ayniqsa, xalqaro savdoga katta ahamiyat berganlar. Shuning uchun ham savdo yo‘llarini rivojlantirish va muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratganlar. Oltin O‘rda Yaqin Sharq, Xitoy, Hindiston va Yevropa mamlakatlari bilan ham savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

Mamlakat iqtisodiy rivojlanishining asosini bosib olingan xalqlardan olingan soliqlar va xalqaro savdo tashkil etgan. Mo‘g‘ullar kumush, mo‘yna va zargarlik buyumlari orqali o‘lpon olishni afzal ko‘rganlar. Dehqonlar soliqni pul shaklida yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘lashlari shart bo‘lgan. Hukmdorga yangi harbiy yurishlar boshlash uchun mablag‘ zarur bo‘lsa, mustamlaka hudud hokimlariga talabnoma yuborilib, soliq yig‘ib olingan. Ipak yo‘lining Yevropa va Uzoq Sharqni bog‘lab turuvchi shimoliy tarmog‘i Oltin O‘rda hududi orqali o‘tishi mamlakatda tashqi va tranzit savdoga yo‘naltirilgan butun bir iqtisodiy tarmoq paydo bo‘lishiga olib kelib, savdo bojlari xazina daromadlarining asosiy qismini tashkil qilgan.

TARIX YONDAFTARCHANGIZGA KIRITING!

Xon – mo‘g‘ullarning oliy hukmdori

TASHQI SIYOSAT

Oltin O‘rda tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish ulug‘ xon boshchiligidagi Mo‘g‘ullar imperiyasi bilan hamkorlik qilish edi. Chunki ulug‘ xon barcha mo‘g‘ul davlatlarining oliy hukmdori bo‘lib, Mo‘g‘ullar imperiyasining dunyo siyosiy maydonidagi roli va vazifalarini belgilab berar edi. Oltin O‘rda hukumati esa Mo‘g‘ullar imperiyasi bilan bo‘lgan munosabatda o‘z hokimiyatini qonuniylashtirish va ulug‘ xon tomonidan o‘z mustaqilligini rasman tan olishga harakat qilgan. Dastlab Botuxon davrida Oltin O‘rda ulug‘ xonga bo‘ysunib, qurultoyda ishtirok etish uchun u vaqti-vaqti bilan Qoraqurumga borib turgan.

Mo‘g‘ullar imperiyasining o‘zidagi beqarorlik va Chingizxon avlodlari o‘rtasidagi taxt uchun kurashlar ulug‘ xon markaziy hokimiyatining kuchsizlanishiga olib keldi. Bu esa imperiya tarkibidagi mo‘g‘ul davlatlarini itoatda tutishni qiyinlashtirib, ularning mustaqil bo‘lishini tezlashtirdi. Jumladan, Botuxon Qoraqurumdagi saroy fitnalariga aralashib, jiyani Munkening ulug‘xon etib saylanishiga yordam berish orqali o‘zining mavqeyini mustahkamlab, imperiyadagi eng nufuzli chingiziy hukmdorga aylanib oldi. Uning ukasi Berkaxon (1255–1266) esa ulug‘ xon ruxsatisiz saroyda hokimiyat tepasiga kelgan Jo‘ji ulusining birinchi hukmdori bo‘ldi.

TASHQI SIYOSAT

Berkaxon davriga kelib Qoraqurum bilan munosabatlar yomonlashdi. Imperiyadagi o‘zaro kurashlarda Xubilay g‘alaba qozonib, ulug‘ xon deb e’lon qilindi. Berkaxon Xubilay hokimiyatini tan olgan bo‘lsa-da, biroq unga itoat qilishni istamadi va Oltin O‘rdani mustaqil boshqara boshladi. Botuning nabirasi Mangu Temur (1266–1282) esa xon unvonini olib, 1269-yilda o‘z mulklarini Mo‘g‘ullar imperiyasidan mustaqil deb e’lon qildi. Shuningdek, ulug‘ xon Xubilay nomi yozilgan va tamg‘asi bosilgan

Payza – noiblar, chopar va elchilarga beriladigan yorliq

HINDISTON

Ipak yo‘li; Mo‘g‘ullar imperiyasining chegarasi; Buyuk Xitoy devori.

tangalar o‘rniga o‘z nomidan tangalar zarb qila boshladi. Bu orqali Oltin O‘rda Mo‘g‘ullar imperiyasidan ajralib chiqib, rasman mustaqil davlatga aylandi. Chingiziylar davlatlari bilan munosabatlar ham Oltin O‘rda tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi. Jumladan, Erondagi Hulokuiylar davlati bilan Kavkazortiga egalik qilish masalasida raqobatlashdi. Unga qarshi kurashda hatto Misr sultonlari bilan ittifoq tuzdi. Mo‘g‘ul davlatlariga nisbatan agressiv siyosat olib borilib, Hulokuiylar davlati va Chig‘atoy ulusiga qarshi bosqinchilik harakatlari amalga oshirildi, mo‘g‘ullarning Xitoydagi Yuan imperiyasi tan olinmadi.

RUS VA OLTIN O‘RDA

To‘xtamishxonning Moskvaga bostirib kirishi haqida hikoya qiluvchi xronika

Botuxon rus knyazliklarini bo‘ysundirgan bo‘lsa-da, ammo bu hududlar Oltin O‘rda tarkibiga kiritilmagan. Rus knyazliklari vassal hisoblanib, soliq to‘lashi va xonning buyrug‘ini bajarishi kerak edi. Rusda barcha knyazlar Oltin O‘rdadan boshqaruv yorlig‘ini olishlari shart bo‘lgan. Oltin O‘rda qudratli bo‘lganligi sababli rus knyazlari mo‘g‘ullar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilganlar hamda ularga to‘xtovsiz o‘lpon to‘lab turganlar. Bu orqali knyazlar o‘z xalqini mo‘g‘ullarning talonchiligi va qulga aylantirilishidan saqlab qolganlar. XIV asrning o‘rtalariga kelib Oltin O‘rdada siyosiy nizolar avj olishi bilan rus knyazliklari unga qarshi birlashib, katta harbiy kuch to‘play boshladilar. Ular o‘rtasida bir necha bor harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib, bu urushlarda goh Oltin O‘rda xonlari, goh rus knyazlarining qo‘li baland kelib turgan. Oxir-oqibat 1480-yilda Oltin O‘rdaning Moskva knyazi Ivan III ni bo‘ysundirish uchun qilgan urinishi muvaffaqiyatsiz tugaydi. Natijada knyaz Oltin O‘rdaga boj-yasoq to‘lashdan bosh tortadi. Shu tariqa rus yerlarida uzoq davom etgan mo‘g‘ullar hukmronligi nihoyasiga yetadi.

INQIROZGA YUZ TUTISHI

ltin O‘rda davlati hukmdorlar O‘zbekxon (1312– 1342) va uning vorisi Jonibekxon (1342–1357) lar davrida siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan qudratli davlatga aylandi. O‘zbekxon katta ma’muriy-hududiy islohotlar o‘tkazdi va imperiya hududini 70 ta tumanga bo‘lib, ularni ulusbegilar boshchiligidagi o‘nta yirik viloyatga birlashtirdi. Natijada xon hokimiyatni o‘z qo‘lida mustahkam ushlab, chekka hududlardagi barcha ayirmachilik harakatlarini shafqatsizlarcha bostirdi. Shuningdek, ichki nizolarga chek qo‘yib, davlat hokimiyatini markazlashtirish orqali Oltin O‘rdaning yuksalishiga erishdi. 1314-yilda islomni qabul qilib, uni davlat dini deb e’lon qilishi ham Oltin O‘rda qudratini mustahkamlagan omillardan biri bo‘ldi. Shu bilan birga zabt etilgan xalqlarning o‘z dinlarini saqlab qolishiga ruxsat berilib, poytaxtda turli diniy ibodatxonalar qurildi.

INQIROZGA YUZ TUTISHI

Oliy hukmdor Jonibekxonning vafotidan so‘ng Oltin O‘rda taxti uchun kurash boshlandi. Mamlakatda taxt vorisi to‘g‘risidagi qonunning yo‘qligi va xonlikka da’vogarlarning ko‘pligi tez-tez to‘qnashuvlarga, hatto o‘zaro urushlarga ham olib keldi. Hukmdorlarning tez almashinishi siyosiy beqarorlikni keltirib chiqardi. XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib yigirma besh yil ichida 20 ta xon almashib, markaziy hokimiyat butunlay kuchsizlandi. Oxir-oqibat bu kurashda Movarounnahr hukmdori Amir Temur yordami bilan To‘xtamishxon (1380–1395) g‘alaba qozondi va ichki nizolarga barham berib, davlat birligini qayta tiklashga erishdi.

INQIROZGA YUZ TUTISHI

Biroq To‘xtamishning Amir Temurga qarshi ittifoq tuzishga intilishi hamda temuriylarga tegishli mulklarga bosqinchilik harakatlarini amalga oshirishi Oltin O‘rda va Temuriylar davlati o‘rtasidagi munosabatlarning tamomila buzilishiga olib keldi. Natijada 1395-yilda Amir Temurning To‘xtamishxon ustidan qilgan g‘alabasi Oltin O‘rda davlatining inqirozini yanada tezlashtirdi. Ichki ixtiloflar tufayli Oltin O‘rdaning yemirilishi boshlanib, XV asrning birinchi yarmida u qator xonliklarga bo‘linib ketdi. Ulardan eng yiriklari Astraxan, Qozon, Qozoq, Qrim, Sibir xonliklari va No‘g‘ay O‘rdasi bo‘lgan. Oltin O‘rda xonlari bu davrda nafaqat ichki kurashlarni bartaraf etishga, shuningdek, ham Usmoniylar bilan, ham o‘z ittifoqchilari – Qrim tatarlari bilan kurashishga majbur bo‘ldi. Bu kurash natijasida 1502-yilda Qrim xoni Mengli Garay Oltin O‘rda qo‘shinini uzil-kesil mag‘lubiyatga uchratdi va davlat parchalanib ketdi.

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

Savollar: 1. Mamlakat boshqaruvining o‘ziga xos jihatlari bo‘ladimi? Sizningcha, Oltin O‘rda xonlari davlat boshqaruvi sohasida qanday yutuqlarga erishganlar?

2. Oltin O‘rdaning yuksalishiga qanday omillar sabab bo‘lganini aniqlang.

3. Amir Temur davlati bilan munosabatlar nega keskinlashdi va buning oqibati nimaga olib keldi?

Savollar: 4. Mamlakatdagi ichki ziddiyatlarning eng asosiylari qaysilar edi, ularni bartaraf qilish uchun qanday takliflar bergan bo‘lardingiz?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Oltin O‘rda davlati Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li qaysi ulus hududida tashkil topgan?
  1. Jo‘ji ulusi
  2. Chig‘atoy ulusi
  3. O‘qtoy ulusi
  4. Tuluy ulusi

To‘g‘ri javob: Jo‘ji ulusi. Oltin O‘rda Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘ji ulusi hududida tashkil topgan.

Botuxon Rus va Sharqiy Yevropada Polsha, qisman Serbiya va Bolgariyani bo‘ysundirgan katta istilolarni qaysi yillarda amalga oshirgan?
  1. 1245–1250-yillarda
  2. 1237–1242-yillarda
  3. 1223–1227-yillarda
  4. 1206–1211-yillarda

To‘g‘ri javob: 1237–1242-yillarda. Botuxon 1237–1242-yillarda Rus va Sharqiy Yevropada katta istilolar qildi.

Botuxon Volga bulg‘orlari yurti, Dashti Qipchoq, Qrim va G‘arbiy Sibirni qamragan Oltin O‘rdaga XIII asrning qaysi yillari boshida asos solgan?
  1. 80-yillari
  2. 40-yillari
  3. 60-yillari
  4. 20-yillari

To‘g‘ri javob: 40-yillari. Botuxon Oltin O‘rda davlatiga XIII asrning 40-yillari boshida asos solgan.

Oltin O‘rda davlati Sharq manbalarida qanday nom bilan atalgan?
  1. Chig‘atoy ulusi
  2. O‘qtoy ulusi
  3. Tuluy ulusi
  4. Jo‘ji ulusi

To‘g‘ri javob: Jo‘ji ulusi. Rus manbalarida Oltin O‘rda, Sharq manbalarida esa Jo‘ji ulusi deb atalgan.

Botuxon Rus va Sharqiy Yevropada katta istilolarni qaysi yillarda amalga oshirdi?
  1. 1219–1221-yillarda
  2. 1237–1242-yillarda
  3. 1255–1266-yillarda
  4. 1312–1342-yillarda

To‘g‘ri javob: 1237–1242-yillarda. Botuxon 1237–1242-yillarda Rus va Sharqiy Yevropada katta istilolar qilgan.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. Rus manbalarida Oltin O‘rda Jo‘ji ulusi deb atalgan
  2. Sharq manbalarida Oltin O‘rda Qoraqurum deb atalgan
  3. Sharq manbalarida Oltin O‘rda Jo‘ji ulusi deb atalgan
  4. Rus manbalarida Oltin O‘rda Yuan imperiyasi deb atalgan

To‘g‘ri javob: Sharq manbalarida Oltin O‘rda Jo‘ji ulusi deb atalgan. Rus manbalarida Oltin O‘rda, Sharq manbalarida Jo‘ji ulusi deb atalgan.

Oltin O‘rdada ijro hokimiyati boshlig‘i bo‘lib, davlat ishlari bilan shug‘ullangan amaldor kim hisoblangan?
  1. tarxon
  2. beklarbegi
  3. devonbegi
  4. bitikchi

To‘g‘ri javob: beklarbegi. Oltin O‘rdada ijro hokimiyatining boshlig‘i beklarbegi bo‘lgan.

Oltin O‘rdada soliq, moliya va savdo ishlariga mas’ul Devonxonaga rahbarlik qilgan oliy amaldor kim bo‘lgan?
  1. bitikchi
  2. vazir
  3. tarxon
  4. darug‘a

To‘g‘ri javob: vazir. Oltin O‘rdada Devonxonaga oliy amaldor vazir rahbarlik qilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOʻrta asrlarda EronKeyingi →O‘rta asrlarda Hindiston