XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · Jahon tarixi · 18-mavzu

O‘rta asrlarda Amerika xalqlari

SIZ BILIB OLASIZ:

UMUMIY TAVSIF

Odatda Amerika deyilganda Shimoliy va Janubiy Amerika materiklaridan iborat qit’a tushuniladi. Amerika qit’asi G‘arbiy yarimsharda, Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘ida joylashgan. Qit’aning shimoliy qismidagi katta quruqlik Shimoliy Amerika materigi bo‘lib, bu yerda hozir AQSH va Kanada kabi davlatlar mavjud.

Shimoliy Amerikaning mahalliy aholisi hisoblangan hindular Osiyodan borganligi uchun mongoloid irqiga mansub bo‘lib, ularning ko‘zlari qora, yanoq suyagi chiqqan, yuzlari yalpoq va keng bo‘lgan. Ammo ular bo‘ylarining balandligi, yuzining uzunchoqligi hamda ko‘z qorachig‘ining kichikligi bilan Osiyo mongoloidlaridan farq qiladi. Faqat aleut-eskimoslarda mongoloid belgilari ko‘proq va hozirgi shimoli-sharqiy osiyoliklarga yaqin. Markaziy va janubiy amerikalik hindular esa eng qadimgi irqiy belgilarini saqlab qolganlar, odatda ular past bo‘yli, ochiq jigarrang badanli bo‘lgan. Badiiy adabiyotlarda ularni “qizil tanlilar” deb yuritishgan.

UCHUN

“Qizil tanli” iborasi hindu qabilasi jangchilarining badanlarini qizil tusli bo‘yoq bilan bo‘yash odati tufayli kelib chiqqan. Keyinchalik bu ibora hindularni yevropalik, osiyolik va afrikaliklardan ajratuvchi irqiy ko‘rinish kasb etgan.

Shimoliy Amerikaning tub aholisi juda xilma-xil bo‘lib, ular o‘zi yashagan muhit ta’sirida o‘ziga xos til va madaniyat yaratganlar. Shimoliy Amerika hindularining asosiy qismi ovchilik, termachilik, baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi qabilalar bo‘lib, ularning ichida yuksak dehqonchilik madaniyatini yaratgan qabilalar ham bo‘lgan. Ular XIII–XV asrlarda qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilikda bir qator yutuqlarga erishib, yirik qabilalar ittifoqini tuzgan bo‘lsalar-da, markaziy va janubiy amerikalik xalqlarga o‘xshab yirik shaharlar barpo qilmaganlar. Aholining katta qismi urug‘-qabilachilik tuzumida yashab, yirik davlatlar hamda katta imperiyalarga asos solmaganlar.

UCHUN

Mutaxassislar hindu xalqlarining mustamlakachilikdan oldingi davrda shakllangan uchta asosiy madaniy markazlarini ajratib ko‘rsatadilar. Ularning birinchisi Kichik Kolorado va Rio Grande daryolari havzalarida joylashgan Pueblo va Pima qabilalarining ancha takomillashgan sug‘orma dehqonchilikka asoslangan o‘ziga xos madaniyati hisoblanadi. Ushbu qabilalar dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar, tosh va xom g‘ishtdan ikki va uch qavatli uylar qurganlar, sopol buyumlar yasaganlar hamda paxtadan ip gazlamalar to‘qiganlar.

Hindular yaratgan madaniy markazning ikkinchisi krik, chiroki, chokto, natchez, chikaso qabilalarining Missisipi daryosi chap qirg‘og‘idan Atlantika okeanigacha bo‘lgan hududda joylashgan o‘troq dehqonchilik madaniyati hisoblanadi. Missisipi aholisi temir tishli chopqilar bilan yerga ishlov berib, dalalar va o‘simliklarni o‘g‘itlashni bilganlar. Qishloq xo‘jaligi mavsumiy ovchilik va termachilik bilan to‘ldirilgan. Ularning madaniyati qal’a, qo‘rg‘onlar, ibodatxona va saroy ko‘rinishidagi inshootlar bilan ajralib turgan.

UCHUN

Madaniy markazning uchinchisi Buyuk ko‘llar yaqinida joylashgan irokez qabilalari madaniyatidir. Irokezlar asosan ko‘chma dehqonchilik bilan shug‘ullanib, mayda daraxtli o‘rmon va to‘qayzorlarni kuydirib, yangi yerlar ochganlar. Ovchilik, termachilik va baliq ovlash ham ular orasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Irokezlar qishloqlarda jamoa bo‘lib yashaganlar, jamoa a’zolari uchun yog‘ochdan qarag‘ay po‘stlog‘i bilan qoplangan 6–8 metr kenglikda uzun uylar qurganlar. Bunday cho‘zinchoq uylar alohida xonalarga ajratilib, u jami 20 tagacha oilani sig‘dira olgan. Irokezda mustahkam qabila ittifoqlari ham bo‘lib, keyinchalik ular birlashib “Irokezlar ligasi” (Besh qabila ittifoqi) ni tuzadilar.

AQSH

dagi hozirgi Kaliforniya shtatining tub aholisi Kaliforniya hindulari hisoblanib, ular dehqonchilikni bilmaganlar, baliqchilik, ovchilik va termachilik bilan shug‘ullanganlar. Asosiy ishlab chiqarish qurollari ovchilikda o‘q-yoy, baliqchilikda sanchqi, savat va daraxt poyasini o‘yib ishlangan qayiq bo‘lgan. Kaliforniya hindularining ko‘pchiligi ko‘chib yurishga qulay bo‘lgan chaylalarda yashagan bo‘lsa, faqat Shimoliy Kaliforniya hindulari yarimyerto‘lalardan iborat kichik qishloqlarda yashaganlar.

Mayya sivilizatsiyasining iyerogliflari

ESKIMOSLAR VA ALEUTLAR

Aleut xalqi

Grenlandiya oroli va Shimoliy Kanadadan AQSHning Alyaska shtati, shuningdek, Chukotkaning sharqiy chekkasigacha bo‘lgan hududda yashovchi tub yerli aholi eskimoslar hisoblanadi. Ularning asosiy mashg‘ulotlari ovchilik va baliq ovlash bo‘lib, kit, morj, qutb ayig‘i va shimol tulkisini ovlaganlar. Ov qilingan hayvonlarning go‘sht va yog‘i taomga ishlatilgan, terisidan kiyim tikkanlar va kema yasashda foydalanganlar, suyaklaridan esa uy-ro‘zg‘or buyumlari yasaganlar. Tyulen va morj yog‘i bilan uylarini qizitib yoritganlar.

Tinch okeandagi Aleut orollari, Alyaska yarimorolining g‘arbiy qirg‘oqlarida yashovchi tub aholi aleutlar deb ataladi. Aleutlar xo‘jaligining asosini ovchilik, baliqchilik va parrandachilik tashkil qiladi. Ular suv o‘tmaydigan yopinchig‘i va bosh kiyimlari bilan boshqa qabilalardan ajralib turadilar.

ESKIMOSLAR VA ALEUTLAR

Ma’lumki, Amerika xalqlari ichida Markaziy va Janubiy Amerikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida dehqonchilik bilan shug‘ullangan xalqlar o‘z davlatlarini tashkil qilgan bo‘lib, ular mayya, atstek va inklar davlatlari edi. Bu xalqlar boshqa Amerika xalqlaridan yuksak madaniyat yaratganliklari bilan ham ajralib turadi.

MAYYALAR DAVLATI

Mayya qabilasi hozirgi Meksika, Gvatemala va Belizning keng hududida, Gonduras va Salvadorning g‘arbiy qismida yashagan. Mayyalar Yukatan yarimorolining janubiy qismida, hozirgi Gvatemala hududida bir qancha shahar-davlatlarga asos solganlar. Bu shahar-davlatlarning har biri mustaqil boshqaruv tizimiga ega bo‘lib, shuning uchun mayyalarni ba’zan “Yangi dunyo yunonlari” deb ham ataganlar. Har bir shahar-davlat ma’lum miqdordagi qishloqlarni nazorat qilgan, ularning aholisi mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan.

XIII asrda ham Mayyalar davlatini cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lgan hokim boshqarib, uning eng yaqin yordamchisi va bosh maslahatchisi Oliy kohin hisoblangan. Hukmdor har bir qishloqqa maxsus rahbarlarni tayinlagan. U qishloq aholisini boshqarish bilan birga soliq yig‘ish va sud ishlari bilan ham shug‘ullangan.

MAYYALAR DAVLATI

Mayyalar o‘ziga xos yuqori darajada rivojlangan va shaharlashgan madaniyatni yaratganlar. Ular Tikal, Kopan, Chichen itsa, Uxmal, Mayyapan kabi yuzdan ortiq shaharlar barpo etganlar. Chichen itsa uzoq vaqt mamlakatning poytaxti bo‘lgan bo‘lsa, 1263-yilda Mayyapan shahriga asos solinib, u keyinchalik Yukatanning asosiy markaziga aylangan. XIII–XV asrlarda Mayyalar davlatida savdo-sotiq rivojlanib borib, bunda loviya va kakao urug‘i pul vazifasini bajargan. Mayyaliklar jamoa bo‘lib yashab, dehqonchilik xo‘jaligiga ega bo‘lganlar. Ular o‘rmonlarni toshboltalar bilan kesib, daraxtlarni kuydirganlar, kul bosgan dalani yog‘och bilan kavlab urug‘ sepganlar. Ular kakao daraxtini birinchilardan bo‘lib o‘stirib, mevasidan ichimlik tayyorlaganlar.

MAYYALAR DAVLATI

Mayya piramidasi – Chichen itsa

Buyuk geografik kashfiyotlardan keyin Markaziy Amerikani ispanlar zabt eta boshladilar. 1528-yilga kelib konkistadorlar shimoliy Yukatanni egallashga kirishdilar. Biroq ispanlarga mintaqani butunlay bo‘ysundirish uchun salkam 170 yil kerak bo‘lib, 1697-yilga kelibgina Mayyalar davlati to‘liq bo‘ysundirildi.

ATSTEKLAR DAVLATI

7 -sinf Jahon tarixi darsligidan ma’lumki, Mexiko vodiysining tabiiy boyliklarga boy va unumdor yerlariga shimoldan atstek va tenochka qabilalari kirib kelib joylashgan edi. Vodiydagi mahalliy aholi qarshiligiga uchragan atsteklar Teskoko ko‘lidagi orollarga borib o‘rnashadi. Ular mashaqqatli mehnat evaziga orollarni o‘zlashtirib, 1325-yilda Tenochtitlan (Tenochkalar shahri)ga asos soladilar. Ammo atsteklar va tenochkalar o‘zlaridan kuchli bo‘lgan tepanek qabilasiga tobe bo‘lib, ularga soliq to‘lab turganlar. Tepaneklarga yollanma askar sifatida xizmat qilgan atsteklar harbiy o‘ljalar bilan birga bosib olingan shaharlar aholisidan yig‘iladigan o‘lponning bir qismini ham olganlar. Bu Tenochtitlan shahrining iqtisodiy o‘sishi va aholisining ko‘payib borishini ta’minlab, shahar aholisi 1376-yilda shaharning birinchi tlatoanisi (oliy hukmdor)ni saylab, atsteklarning dastlabki hukmron sulolasiga asos soladilar.

ATSTEKLAR DAVLATI

Yetarli darajada kuch to‘plab olgan atsteklar Teskoko va Tlakopan shahar-davlatlari bilan ittifoq tuzib, tepaneklarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Ittifoqchilar tepanek qo‘shinlarini yengib, atsteklar 1429-yilda mustaqillikka erishadilar va Tenochtitlan Meksika vodiysidagi eng qudratli shaharga aylanadi.

Atstek oltin bezaklari

TARIXIY MUSHOHADA

Atsteklar harbiy sohaga alohida e’tibor qaratganlar. Ularda jang natijasi qullikka tushgan dushmanlar soni bilan baholanib, kishilarning yuqori martabaga erishishi va lavozimining oshib borishi asosan harbiy jasoratlariga bog‘liq bo‘lgan. Urushda raqiblarini yenggan hamda qurbonlik qilish uchun to‘rt nafar dushman jangchisini asir olgan askar “Yuqori martabali jangchi”ga aylangan. Asirlar soniga qarab jangchining martabasi oshib borib, tlatoani bo‘lish uchun kamida o‘n yetti dushmanni qo‘lga olishi kerak edi. O‘smirlar balog‘atga yetganida, birinchi asirini qo‘lga tushirmaguncha sochini olishi mumkin bo‘lmagan. Ba’zan buning uchun ikki-uch yigit birlashib, dushmanni asir olishga astoydil harakat qilganlar. Chunki uzun soch asirlarning yo‘qligini bildirib, uzun sochli jangchi bo‘lish sharmandalik hisoblangan.

Savollar: Nima deb o‘ylaysiz, atsteklarning boshqaruv tizimidagi bu tartib-qoida o‘z davri uchun qanchalik muhim bo‘lgan?
Savollar: Sizningcha, bunday qonun-qoidalar harbiy salohiyatni oshirishda qanchalik ahamiyatga ega bo‘lgan?

TARIXIY MUSHOHADA

Atstek ibodatxonasi toshi

Atsteklar hukmdori Montezuma I XV asr o‘rtalarida poytaxt Tenochtitlanda katta qurilish ishlarini olib bordi. Jumladan, shahar aholisini suv toshqinidan himoya qilish uchun to‘g‘onlar, toshdan saroy va ehromlar quriladi, Buyuk ibodatxona qayta tiklanadi.

Har bir atstek shahar-davlatida alohida hukmdorlar mavjud bo‘lib, Tenochtitlan shahri hukmdori bosh rahbar deb e’tirof etilgan. Hukmdorlar sud ishlarini boshqarish, hukm chiqarish, diniy marosimlarning to‘g‘ri bajarilishini nazorat qilish va o‘z fuqarolarini himoya qilishlari shart edi. Atsteklarning so‘nggi hukmdori Montezuma II yangi hududlarni egallash, mamlakatdagi qo‘zg‘olonlarni bostirish bilan birga ittifoqni mustahkamlashga harakat qildi. Ammo kelishmovchiliklar tufayli Tenochtitlan, Teskoko va Tlakopan ittifoqi buzilib, atsteklar davlati zaiflashib qoldi. Bunday sharoitda Markaziy Amerikani zabt eta boshlagan ispan konkistadorlari Ernan Kortes boshchiligida 1521-yilda Tenochtitlanni egallab, atsteklar davlatini tugatdilar.

INKLAR DAVLATI

nklar davlati Janubiy Amerika hindularining hududi va aholisi bo‘yicha eng yirik davlati hisoblanib, uning markazi Quyosh shahri – Kusko edi. XIII asrga kelib inklar kuchayib, qabilalar ittifoqiga bosh bo‘ladi hamda hukmron qabila sifatida tan olinadi. Inka Pachakutek hukmronligi davrida Janubiy Amerikaning ko‘plab qabilalari bo‘ysundirilib, Inklar imperiyasi

Ivujudga keladi. Imperiya to‘rt viloyatga bo‘lingan. Viloyatlarning har birini hukmdorning bevosita qarindoshlari bo‘lgan gubernatorlar boshqargan. Davlatni Oliy Inka boshqarib, qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan, sud va qonun chiqaruvchi hokimiyat uning qo‘lida bo‘lgan. U boshqaruv ishlarida ruhoniylar va qarindoshlariga tayangan, ularni eng yuqori diniy, ma’muriy va harbiy lavozimlarga tayinlagan. XV asrning ikkinchi yarmida inklar faol bosqinchilik harakatlari olib borib, shimolda Kolumbiyadagi Pasto shahridan janubda Chilidagi Maule daryosigacha bo‘lgan hududni egallaydilar. Inklar bosib olingan qabilalarni kechua tilini o‘rganishga majbur qilganlar, ular orasida o‘z urf-odatlari va qonunlarini joriy qilganlar.

INKLAR DAVLATI

Inklar jamiyatining asosiy birligi oila bo‘lgan. Har bir oila ishlov berishi kerak bo‘lgan yerga egalik qilgan. Mamlakatda o‘rnatilgan ijtimoiy tuzumga ko‘ra, eng keksa va eng yosh kishidan tashqari hamma mehnat qilgan. Ularning asosiy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lib, dehqonlar qirqqa yaqin ekin turlarini bilganlar. Kartoshkaning ko‘plab turlari Yevropaga shu yerdan olib borilgan. Inklar markazlashgan sug‘orish tizimlarini yaratib, dalalarni shiddatli tog‘ jilg‘alaridan keladigan suv bilan sug‘orish uchun ulkan akveduklarni (osma quvur) qurishga muvaffaq bo‘lganlar.

Inklar hukmdori zodagonlar, ruhoniylar va jangchilar hamrohligida

INKLAR DAVLATI

XVI asr boshlarida Inklar imperiyasi taxt vorislari o‘rtasida boshlangan kurash natijasida zaiflashib, ikki qismga bo‘linib ketadi. 1532-yilda konkistadorlar inklar qo‘shinini tor-mor etadilar, Oliy Inka asir olinadi. 1572-yilda so‘nggi hukmdor taxtdan ag‘darilib, Inklar davlati butunlay tugatiladi.

IZOHI

Hindu – Amerika tub aholisining umumiy nomi. Bu nom XV asr oxirida Xristofor Kolumbning Atlantika okeani ortidagi o‘zi kashf etgan yerlarni Hindiston deb hisoblashi va bu yerdagi mahalliy aholini hindular deb nomlashi tufayli kelib chiqqan.

Irq – kishilarning tashqi qiyofasi, gavdasi, nasli, kelib chiqishi kabi irsiy belgilar orqali farq qiluvchi guruhi. Hozirda dunyo aholisi negroid, avstraloid, yevropeoid, mongoloid kabi to‘rtta yirik irqqa bo‘linadi.

Konkistador (ispancha – bosqinchi) – Markaziy va Janubiy Amerikani zabt etishga kirishgan ispan va portugal bosqinchilari.

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

Savollar: 1. Aziz o‘quvchilar, Amerika xalqlari haqida qanday ma’lumotga ega bo‘ldingiz, ulardan qaysi xalqlar o‘z davlatchiligiga ega bo‘lgan?

2. Amerika xalqlarining qanday o‘xshash tomonlari hamda umumiy jihatlari mavjud ekan?

Savollar: 3. Nega Shimoliy Amerika xalqlari Markaziy va Janubiy Amerika xalqlari singari shahar-davlatlar va imperiyalar tashkil etmaganlar?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Badiiy adabiyotlarda Shimoliy Amerika hindulari qanday nom bilan yuritilgan?
  1. sariq tanlilar
  2. qizil tanlilar
  3. oq tanlilar
  4. qora tanlilar

To‘g‘ri javob: qizil tanlilar. Badiiy adabiyotlarda hindularni “qizil tanlilar” deb yuritishgan.

Amerika qit’asi qaysi yarimsharda va qaysi okeanlar oralig‘ida joylashgan?
  1. G‘arbiy yarimsharda, Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘ida
  2. Sharqiy yarimsharda, Hind va Tinch okeanlari oralig‘ida
  3. G‘arbiy yarimsharda, Atlantika va Hind okeanlari oralig‘ida
  4. Sharqiy yarimsharda, Atlantika va Shimoliy Muz okeani oralig‘ida

To‘g‘ri javob: G‘arbiy yarimsharda, Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘ida. Amerika qit’asi G‘arbiy yarimsharda, Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘ida joylashgan.

Shimoliy Amerikaning mahalliy aholisi hindular nima uchun mongoloid irqiga mansub?
  1. Afrikadan ko‘chib kelganliklari uchun
  2. Yevropadan borganliklari uchun
  3. Avstraliyadan kelganliklari uchun
  4. Osiyodan borganliklari uchun

To‘g‘ri javob: Osiyodan borganliklari uchun. Hindular Osiyodan borganligi uchun mongoloid irqiga mansub deb ko‘rsatilgan.

Shimoliy Amerika hindulari qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilikda yutuqlarga erishib, yirik qabilalar ittifoqini tuzgan davr qaysi?
  1. X–XII asrlar
  2. XIII–XV asrlar
  3. VIII–X asrlar
  4. XV–XVII asrlar

To‘g‘ri javob: XIII–XV asrlar. Ular XIII–XV asrlarda yutuqlarga erishib, yirik qabilalar ittifoqini tuzgan, ammo yirik shaharlar barpo qilmagan.

“Qizil tanli” iborasi qanday odat tufayli kelib chiqqan?
  1. qabila boshliqlarining qizil mo‘ynali plash kiyishi
  2. ayollarning sochlarini qizil lenta bilan o‘rib yurishi
  3. jangchilarning badanlarini qizil bo‘yoq bilan bo‘yash
  4. jang oldidan qurol-aslahalarni qizil bo‘yoq bilan bo‘yash

To‘g‘ri javob: jangchilarning badanlarini qizil bo‘yoq bilan bo‘yash. Ibora hindu jangchilarining badanlarini qizil bo‘yoq bilan bo‘yash odatidan kelib chiqqan.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri Shimoliy Amerika hindulari haqida to‘g‘ri?
  1. Ular yirik tosh piramidalar qurib, shaharlar barpo etgan
  2. Aholining katta qismi urug‘-qabilachilik tuzumida yashagan
  3. Ular butun qit’ani birlashtirgan yagona davlat tuzgan
  4. Ular faqat savdo bilan shug‘ullanib, urug‘ tuzumini bilmagan

To‘g‘ri javob: Aholining katta qismi urug‘-qabilachilik tuzumida yashagan. Shimoliy Amerika aholisining katta qismi urug‘-qabilachilik tuzumida yashagan, yirik shahar va imperiya qurmagan.

Shimoliy Amerika hindulari markaziy va janubiy amerikalik xalqlardan qaysi jihati bilan farq qilgan?
  1. Ular yirik shaharlar va imperiyalar barpo etib, dehqonchilikni bilmagan va faqat ovchilik bilan kun ko‘rgan
  2. Ba’zi qabilalar yuksak dehqonchilik madaniyatini yaratgan bo‘lsa-da, yirik shaharlar va davlatlar barpo qilmagan
  3. Ular faqat baliqchilik bilan shug‘ullanib, hech qanday ittifoq tuzmagan va o‘troq hayotga o‘tmagan
  4. Ular Mayya va Atstek kabi davlatlarga asos solib, yuksak shahar madaniyatini va yozuvni yaratgan

To‘g‘ri javob: Ba’zi qabilalar yuksak dehqonchilik madaniyatini yaratgan bo‘lsa-da, yirik shaharlar va davlatlar barpo qilmagan. Aholining katta qismi urug‘-qabilachilik tuzumida yashagan, yirik shaharlar va imperiyalar barpo qilmagan.

Kichik Kolorado va Rio Grande havzalarida sug‘orma dehqonchilikka asoslangan madaniyatni qaysi qabilalar yaratgan?
  1. Krik va chiroki
  2. Pueblo va Pima
  3. Irokez va chokto
  4. Aleut va eskimos

To‘g‘ri javob: Pueblo va Pima. Birinchi madaniy markaz Pueblo va Pima qabilalarining sug‘orma dehqonchilik madaniyati bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘rta asrlarda AfrikaKeyingi →O‘rta asrlar Yevropa aholisining kundalik hayoti