XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · Jahon tarixi · 20-mavzu

XIII–XV asrlarda Yevropa iqtisodiy rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari

SIZ BILIB OLASIZ:

YEVROPADA SHAHAR VA SHAHARLIKLAR HAYOTI

Rivojlangan o‘rta asrlarda Yevropada yangi shaharlarning vujudga kelishiga bir qator omillar sabab bo‘lgan. Birinchidan, feodal urushlar va boshqa tashqi xavfli omillar aholini o‘zini himoyalashga doir chora-tadbirlarni ko‘rishga majbur etgan. Ikkinchidan, qit’ada savdo va hunarmandchilikning tobora rivojlanishi yangi shaharlarning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. O‘rta asr shaharlari dastlab feodal yerlarida paydo bo‘lgani bois aholining ko‘pchiligi zodagonlarga bo‘ysunishga majbur edi. Shahar aholisining aksariyati hunarmand, savdogar, sobiq xo‘jayinlaridan qochgan xizmatkor va qaram dehqonlardan iborat bo‘lgan. O‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa shaharlari ancha kichik bo‘lgan. Odatda shaharlarning ming nafardan besh ming nafargacha aholisi bo‘lgan. XIV–XV asrlarda ham 20–30 ming aholisi bo‘lgan shaharlar yirik hisoblangan. Konstantinopol, Parij, Milan, Florensiya, Kordova, Sevilya kabi shaharlar aholisi 80–100 ming kishidan oshgan. Shaharlar atrofdagi qishloqlardan tashqi ko‘rinishi va aholisining zichligi bilan farq qilar edi. Aholining ehtiyojlari oshib borishi bilan uylar yoniga emas, balki yuqoriga qarab o‘sib borib, ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. XIV asrga qadar shahar uylarining bir qismi toshdan, asosiy qismi esa yog‘ochdan qurilgani bois yong‘in chiqqanida, juda katta talafot ko‘rilar edi. O‘rta asrlar shaharlari tor, aylanma ko‘chalardan iborat bo‘lib, uylar bir-biriga qarama-qarshi, ba’zida ikkinchi va uchinchi qavatlar ko‘chalar ustida ham qurilgan edi. Bu davr Yevropa shaharlari nafaqat savdo va hunarmandchilikda, balki dengizchilikda ham yetakchi mavqeni egallagan. Shu tariqa Yevropa qit’asining iqtisodiy rivojlanishida shaharlarning o‘rni katta bo‘lib, ular XIII–XV asrlarda Yevropa taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdilar.

O‘YLANG VA XULOSA QILING!

O‘rta asrlar shaharlarining atrof-muhiti turli omillar tufayli ifloslanib turgan. Xususan, turli maishiy va uy hayvonlari axlatlarining ko‘chaga tashlanishidan, xonadonlarni isitishda foydalanilgan ko‘mir tutunidan havo, shuningdek, turli kasb egalarining ustaxonalaridagi ishlab chiqarish chiqindilaridan daryo va ariqlardagi suv ifloslangan. Shu nuqtayi nazardan shahar aholisi ichimlik suvi uchun daryolardan emas, balki quduqlardan foydalangan.

UNING QIT’AGA SALBIY TA’SIRI O‘

rta asrlar Yevropa tarixidagi eng dahshatli ofat – qora o‘lat edi. Bubon vabosi deb atalgan bu kasallik qora kalamushlardan tarqaldi. Italiya savdogarlari o‘latni 1347-yil oktyabr oyida Qora dengizdagi Kaffa shahridan Sitsiliya oroliga olib kelishdi. Vabo 1350-yil oxiriga kelib butun Yevropaga yoyildi. Yevropa aholisining shaharlarda zich joylashuvi, tibbiyotning rivojlanmaganligi va epidemiyaning oldini olish choralari yetarli darajada ko‘rilmaganligi bois qit’ada kasallik keng tarqalib ketdi. Shu tariqa ushbu kasallik O‘rta dengiz atrofiga, undan butun Yevropa – Angliya, Fransiya,

Italiya, Ispaniya, Shimoliy Afrika va Gretsiyaga, hattoki Skandinaviya mamlakatlari va Grenlandiyagacha yetib bordi. 1347–1351-yillarda Yevropaning 75 million aholisining uchdan bir qismi vabodan qirilib ketdi. Birgina Angliyada vabo tufayli mingga yaqin qishloq yo‘q bo‘lib ketdi. Qora o‘lat shunchalik dahshatli ediki, ko‘p joylarda dafn marosimini o‘tkazadigan kishilar qolmagan edi. Omon qolgan odamlar esa, nisbatan xavfsiz bo‘lgan boshqa hududlarga ko‘chib ketishdi. Vabodan so‘ng Yevropa aholisining tiklanishi uchun taxminan 250 yil kerak bo‘ldi. Qora o‘lat o‘tib ketgandan so‘ng, odamlar o‘z hayotlarini qayta qurish va tiklashni boshladilar. Vabo Yevropa iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirdi. Savdo qisqardi, ishchi kuchi oz bo‘lganligi uchun ish haqi keskin oshdi. Aholining kamayishi oziq-ovqatga bo‘lgan talabni kamaytirdi va narx tushdi. Amalda erkin dehqonlar ko‘paydi. Vabo ham salib yurishlari singari feodal tuzumni zaiflashtirib, Yevropa jamiyatini o‘zgartirishga yordam berdi.

Vabo paytida shifokor himoya kiyimi

Shifokor qabulida

SAQLANG!

XI asrdan boshlab hunarmandlar o‘zlarining gildiyalari (hunarmand yoki savdogarlar uyushmasi) ni tashkil qila boshladilar. Gildiyalar shaharlarning iqtisodiy hayotida muhim rol o‘ynagan.

ULARNING INQIROZGA YUZ TUTISHI

Savdoning rivojlanishi bilan shaharlar gazlama, metallsozlik, poyabzal, charm buyumlar kabi keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishning muhim markazlariga aylandi.

XIII asrga kelib deyarli har bir hunarmandchilikka ixtisoslashgan guruhlarning (ko‘nchi, novvoy, shoyi, ziravorlar yoki jun sotuvchi va hokazolar) savdogarlarniki kabi alohida gildiyalari mavjud edi. Gildiyalar ishlab chiqarilayotgan mahsulotning soni, sifati uchun me’yorlarni hamda sotish narxini ham belgilab bergan. O‘rta asrlarda hunarmandlar ustaxonasini o‘z uyida tashkil etgan bo‘lib, birinchi qavatda ustaxona va do‘kon, ikkinchi qavatda oilasi joylashgan. Ustalar, odatda, o‘zlariga shogird olishgan. Shogirdlarga maosh berilmagan, lekin ular xo‘jayinlari tomonidan yotoqjoy va oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Shogird shartnomada belgilangan muddatdagi xizmatni o‘taganidan so‘ng, ma’lum bir kasb egasiga aylangan xalfalik maqomiga yetgan. Shundan so‘ng ustadan maosh olib faoliyatini davom ettirgan. Shu o‘rinda xalfalar ham usta bo‘lishga intilganlar. Buning uchun ular o‘z hunari bo‘yicha imtihondan o‘tishgan. Mazkur imtihonda xalfaning usta deb e’lon qilinishi, gildiyalikka a’zo bo‘lishi yoki malakasi yetarli emasligi haqida qaror chiqarilgan. O‘rta asrlar savdogarlari va hunarmandlari o‘zlarining umumiy manfaatlarini himoya qilishda gildiyalardan foydalanishgan. Ayni vaqtda gildiyalar mahalliy hududda ishlab chiqarish va tijorat faoliyati ustidan monopoliyaga erishganlar. Ular o‘rnatgan qoidalar o‘z a’zolarini boshqa shahar hunarmandlaridan, hattoki o‘zaro raqobatdan himoya qilishga qaratilgan edi.

ULARNING INQIROZGA YUZ TUTISHI

Gildiyalar mohir hunarmand va savdogarlar sonini ko‘paytirish orqali dastlab Yevropa iqtisodiy tizimining rivojlanishiga yordam berdi. Ammo XIV asrning o‘rtalariga kelib G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarish va savdo munosabatlarining yuqori darajaga ko‘tarilishi hunarmandchilik gildiyalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Oqibatda ba’zi hunarmandchilik sohalari raqobatga dosh bera olmay inqirozga yuz tutdi. Buning ustiga o‘rnatilgan gildiya nizomlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va zamonaviy dastgohlar bilan ta’minlashga to‘sqinlik qila boshladi. Bundan tashqari, iqtisodiy jihatdan orqaga ketayotgan hunarmandchilik gildiyalari yirik savdogarlarning ta’siriga tushib qolib tamomila inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Bu omillarning barchasi hunarmandchilik gildiyalarini samarasiz holatga keltirib qo‘ydi. Bu davrdagi ayni iqtisodiy jarayonlar hunarmandchilik gildiyalarining feodalizmdan yangi iqtisodiy tizimga o‘tishini taqozo qilar edi. XVI asr boshlariga kelib, yirik boylar o‘zlarining dastlabki fabrikalarini tashkil qila boshladilar. Hunarmandchilik gildiyalari fabrikalarning keng ko‘lamli ishlab chiqarish samaradorligi bilan raqobatlasha olmadi va bu tizim asta-sekin yo‘qola bordi.

YARMARKA, BANK VA BIRJALARNING VUJUDGA KELISHI

Yevropada xalqaro savdo va hunarmandchilikning rivojlanishi bilan X–XII asrlarga kelib ulgurji hamda chakana savdoni amalga oshirish uchun yarmarkalar vujudga keldi. Yarmarkalar turli shaharlarda yiliga bir yoki bir necha marta bo‘lib o‘tadigan yirik tadbir bo‘lib, unga butun Yevropadan va hatto dunyoning boshqa mamlakatlaridan savdogarlar, hunarmandlar hamda sayohatchilar kela boshladi. Yarmarkalarda oziq-ovqat, kiyim-kechak, kulolchilik, charm, metall, zargarlik buyumlari, kitoblar va boshqa mahsulotlar sotilgan. Yarmarkalarda sahna ko‘rinishlari, sirk tomoshalari va turli ko‘ngilochar tadbirlar ham uyushtirilgan. XIII–XIV asrlarda Yevropada yirik yarmarka va savdo markazlari mavjud edi. Eng yirik yarmarka, shubhasiz, XII–XIV asrlarda faoliyat yuritgan Shampan yarmarkasidir. Yarmarkalar Shampan grafligining Trua, Provans, Lan, Bar shaharlarida iyul oyida boshlanib, kelgusi yilning iyun oyida tugagan. Yarmarkalarda, savdo markazlariga turli hududlardan savdogarlarning kelishi sarroflarga bo‘lgan ehtiyojni oshirgan. Sarroflar belgilangan haq evaziga savdogarlarning pullarini yarmarkada amal qilinadigan pullarga almashtirib berganlar. Shaharlarning rivojlanishi va savdoning o‘sishi pul ayirboshlash hajmini ko‘paytirib, sarroflarda asta-sekin ko‘p miqdorda mablag‘ to‘planib borgan. Ayni vaqtda savdosini rivojlantirishga urinayotgan yoki xonavayron bo‘lgan savdogarlar sarroflardan yuqori foiz evaziga qarz ola boshlaganlar. Shunday qilib, pul almashtiruvchilar va qarz beruvchi sarroflar ma’lum foiz evaziga qarz beruvchi dastlabki bankirlarga aylanishgan. Yevropadagi dastlabki zamonaviy ko‘rinishdagi bankka 1407-yil Italiyada asos solingan.

YARMARKA, BANK VA BIRJALARNING VUJUDGA KELISHI

O‘rta asr tanga pullari

XV asrda savdo ehtiyojlarini hisobga olgan holda, Italiyadagi Medichilar, Germaniyadagi Fuggerlar va Fransiyadagi Jak Kyor kabi bir qator savdogar oilalar ko‘p qirrali hamda keng ko‘lamli bank faoliyatiga ixtisoslasha boshlaganlar.

O‘rta asrlar yarmarkasida savdo

XII–XV asrlarda Venetsiya, Genuya, Florensiya, Shampan, Bryugge va Londondagi yarmarkalarda dastlabki birjalar paydo bo‘la boshlagan. Ilk birja Bryuggeda (hozirgi Belgiyada) Van der Burse oilasining uyi yonidagi maydonda bo‘lib o‘tgan. Bu jarayonga boshchilik qilgan Burselar oilasining gerbida tasvirlangan uchta charm hamyonga ishora tarzida savdogarlarning bu yig‘ini “burse”, keyinchalik “birja” deb atalib ketilgan. Shu tariqa aynan shu yerda, hozirgi Belgiya hududida 1406-yilda birinchi birja tashkil etilgan. Savdoning rivojlanishi pul mablag‘larini bir joydan xavfsiz o‘tkazishga ham, tijorat kreditiga ham ehtiyoj tug‘dirdi. O‘rta asrlarda pullar erkin almashtirilmagan. Davlatlar ichki qonunlaridan kelib chiqib, xorijiy pullarning mamlakat ichida muomalada bo‘lishini va o‘z tangalarini boshqa davlatlarga olib chiqilishini taqiqlagan. Bunday vaziyatda savdogarlar bir hududdan ikkinchisiga pul o‘tkazish uchun vekseldan foydalana boshlaganlar. Bu iqtisodiy munosabatlarda savdogarlar sarroflar orqali vekselni yana naqd pulga almashtirishgan.

IZOHI

Bank (ital. banco) – sarrof peshtaxtasi, sarroflar almashish uchun tangalarni terib qo‘yadigan stol.

Veksel (nemischa, almashtirish) – o‘rta asrlarda valyuta ayirboshlash jarayonida savdogar sarrofga ma’lum miqdordagi pulni topshirganidan so‘ng unga shu miqdordagi mablag‘ni boshqa joydan olish uchun berilgan yozma hujjat.

2. Gildiyalarning qaysi xususiyati oxir-oqibat ularni tanazzulga olib keldi?

Savollar: 3. Kyoln shahridagi shoyi to‘qish gildiyasi nizomida shunday deyilgan: “Ustaxona qoidalariga muvofiq bo‘lmagan ipak mato ishlab chiqarilganligi aniqlansa, hunarmand jarima to‘lashga hukm qilinadi va mato oqsoqollar huzurida qiyqimlanib tashlanadi”. Ushbu qoidalarning maqsadi nima edi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

O‘rta asr G‘arbiy Yevropasida 20–30 ming aholisi bo‘lgan shaharlar qaysi davrda yirik hisoblangan?
  1. XI–XII asrlarda
  2. XVI–XVII asrlarda
  3. XIV–XV asrlarda
  4. XII–XIII asrlarda

To‘g‘ri javob: XIV–XV asrlarda. G‘arbiy Yevropa shaharlari kichik bo‘lgani uchun XIV–XV asrlarda ham 20–30 ming aholili shahar yirik sanalgan.

Yevropa shaharlari qaysi asrlarda Yevropa taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan?
  1. XV–XVII asrlarda
  2. XIII–XV asrlarda
  3. X–XII asrlarda
  4. XVI–XVIII asrlarda

To‘g‘ri javob: XIII–XV asrlarda. Shaharlar iqtisodiy rivojlanishda katta o‘rin tutib, XIII–XV asrlarda Yevropa taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan.

Yevropada yangi shaharlar vujudga kelishining sabablaridan biri nima bo‘lgan?
  1. dehqonchilikning inqirozi va qishloq aholisining kamayishi
  2. feodallar yerlari kengayib, dehqonlarning qaramligi kuchayishi
  3. qit’ada savdo va hunarmandchilikning tobora rivojlanishi
  4. cherkov yerlari ko‘payib, monastirlar sonining oshishi

To‘g‘ri javob: qit’ada savdo va hunarmandchilikning tobora rivojlanishi. Savdo va hunarmandchilikning rivojlanishi yangi shaharlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

O‘rta asr shaharlari dastlab feodal yerlarida paydo bo‘lgani qanday oqibat keltirdi?
  1. aholining ko‘pchiligi zodagonlarga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi
  2. shaharlar qirolga bo‘ysunib, feodallardan butunlay mustaqil bo‘ldi
  3. shahar aholisi soliqlardan ozod bo‘lib, harbiy xizmat o‘tamadi
  4. shaharlar cherkovga topshirilib, ruhoniylar boshqaruviga o‘tdi

To‘g‘ri javob: aholining ko‘pchiligi zodagonlarga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi. Shaharlar feodal yerlarida paydo bo‘lgani uchun aholi ko‘pchiligi zodagonlarga bo‘ysunishga majbur bo‘lgan.

XIV–XV asrlarda aholisi qancha bo‘lgan shaharlar yirik hisoblangan?
  1. 5–10 ming
  2. 50–60 ming
  3. 150–200 ming
  4. 20–30 ming

To‘g‘ri javob: 20–30 ming. XIV–XV asrlarda 20–30 ming aholili shaharlar yirik hisoblangan.

XIV asrga qadar shaharlarda yong‘in chiqqanda nima uchun juda katta talafot ko‘rilgan?
  1. shahar atrofi mustahkam devor bilan o‘ralgani uchun
  2. uylarning asosiy qismi yog‘ochdan qurilgani uchun
  3. uylar g‘ishtdan qurilib, shamollar kuchli bo‘lgani uchun
  4. shaharda cherkovlar va ibodatxonalar ko‘p bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: uylarning asosiy qismi yog‘ochdan qurilgani uchun. Uylarning asosiy qismi yog‘ochdan qurilgani bois yong‘inda katta talafot ko‘rilgan.

Rivojlangan o‘rta asrlarda Yevropada yangi shaharlar vujudga kelishiga qaysi ikki omil sabab bo‘lgan?
  1. Zodagonlar yerlarining sotib olinishi hamda dehqonlarning yirik fermer xo‘jaliklariga o‘tishi va mulkdorlarning ko‘payishi
  2. Salib yurishlarining to‘xtatilishi hamda cherkov yer-mulklarining shaharlarga berilishi va monastirlarning yopilishi
  3. Feodal urushlar tufayli aholining o‘zini himoyalashga majbur bo‘lgani hamda savdo va hunarmandchilikning rivojlanishi
  4. Aholining kamayishi hamda qishloq xo‘jaligida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning oshishi va hunarmandlarning ko‘chishi

To‘g‘ri javob: Feodal urushlar tufayli aholining o‘zini himoyalashga majbur bo‘lgani hamda savdo va hunarmandchilikning rivojlanishi. Feodal urushlar va tashqi xavf aholini himoyalanishga majbur etgan, savdo va hunarmandchilik rivoji esa shaharlarni vujudga keltirgan.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. Shahar aholisi ichimlik suvi uchun quduqlardan emas, daryolardan foydalangan
  2. Shahar aholisi ichimlik suvi uchun daryolardan emas, quduqlardan foydalangan
  3. Shaharlarda ichimlik suvi quvurlar orqali tog‘lardan uylarga yetkazilgan
  4. Shahar aholisi ichimlik suvini yomg‘irdan yig‘ib, maxsus hovuzlarda saqlagan

To‘g‘ri javob: Shahar aholisi ichimlik suvi uchun daryolardan emas, quduqlardan foydalangan. Shahar aholisi ichimlik suvi uchun quduqlardan foydalangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘rta asrlar Yevropa aholisining kundalik hayotiKeyingi →Osiyo, Afrika va Amerika xalqlari iqtisodiy hayoti