XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · Jahon tarixi · 21-mavzu

Osiyo, Afrika va Amerika xalqlari iqtisodiy hayoti

SIZ BILIB OLASIZ:

OSIYO MAMLAKATLARIDA IQTISODIY JARAYONLAR

Qog‘oz pullarni chop etish qolipi

O‘rta asrlar Xitoy tanga pullari

XIII

asrda mo‘g‘ullarning Sharqdagi qator mamlakatlarga keng miqyosdagi harbiy yurishlari Osiyo mintaqasida ulkan iqtisodiy inqirozni yuzaga keltirdi. Mo‘g‘ullar tomonidan Sharqning mashhur Buxoro, Samarqand, Nishopur, Ray, Isfahon va boshqa shaharlari vayron etildi. Mo‘g‘ul bosqiniga uchragan hududlar yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida tanazzulga yuz tutib, iqtisodiy taraqqiyotdan ortda qoldi. Ammo Buyuk ipak yo‘li savdosining ahamiyatini tushungan mo‘g‘ullar sekinlik bilan bo‘lsa-da qit’alararo yaxlit savdo tizimini qayta yo‘lga qo‘yish, savdo yo‘llarining xavfsizligini ta’minlashga harakat qilishdi. Savdo ishida, ayniqsa, moliyaviy bilimi va tajribasi kuchli bo‘lgan turkistonlik savdogarlardan unumli foydalandi. Natijada ichki va tashqi savdo rivojlanib, davlat daromadi oshib bora boshladi. Bu vaqtda Osiyo mamlakatlari nafaqat quruqlik, balki dengiz savdosiga ham alohida e’tibor berdi. Jumladan, Xitoy, Yaponiya, Usmoniy turklar dengiz savdosini rivojlantirish orqali iqtisodiy yuksalib bordi. Xususan, Yaponiyaning dengiz orqali savdosida Xitoy alohida o‘rin tutib, u yerdan harbiy qurollar, ipak mato, paxta, mis olib kelingan. XIII–XIV asrlarda Yaponiyaning g‘arbida joylashgan Suruga, Xakata va Osaka shaharlarida yirik portlar paydo bo‘lib, Xitoy, Koreya bilan savdo munosabatlarini yanada rivojlantirdi. Mintaqaning yirik davlatlaridan biri bo‘lgan Xitoyni esa Indoneziya, Hindixitoy, Hindiston, Fors ko‘rfazi va arab mamlakatlari bilan savdo aloqalari ko‘proq qiziqtirgan. Xitoydagi Yuan sulolasi davrida 1307-yili Suy Yangchyuy boshchiligidagi savdo kemalari Fors ko‘rfaziga, 1334-yili Van Dayuan rahbarligidagi savdo kemalari Arabiston yarimoroliga yuborilgan. Min sulolasi davrida esa Chjan Xe yetti marta dengiz safariga chiqib, Indoneziyadan tortib Arabiston yarimoroli, Afrikaning sharqiy qismlarigacha sayohat qilgan. U sayohatlari davomida yirik hajmdagi savdo ishlarini yuritib, ipak matolar, choy, chinni idishlar va boshqa xitoy mollarini sotishdan katta daromad ko‘rgan. O‘rta asrlarda janubiy va sharqiy Osiyoning Kamakura, Kioto, Pekin, Nankin kabi yirik shaharlari tez rivojlandi. Bu davrda Makka, Bag‘dod, Dehli, Samarqand, Buxoro, Nishopur, Ray, Sheroz, Damashq, Istanbul kabi shaharlarda qal’a, saroy, masjid, madrasa, kutubxonalar qurildi. Ayni paytda Osiyo shaharlari hunarmandchilik markazlari ham edi. Hunarmandning ustaxonasi va do‘koni bir joyda bo‘lib, asosan bozor atrofida joylashgan. Mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng, O‘rta Osiyo va Eronda ipak hamda shoyi matolar, qimmatbaho gilamlar ishlab chiqarish qayta jonlandi. Bu davrda metall buyumlardan qilich, xanjar, oybolta kabi o‘tkir tig‘li qurollar, sovut, dubulg‘a kabi himoya vositalarini yasaydigan hunarmandlarga talab katta bo‘lgan. Kulolchilik buyumlari, teridan tayyorlangan charm, poyabzal va ot jabduqlari asosan ichki bozor uchun ishlab chiqarilgan. Bu davrga kelib Xitoyda sholi va ipak tayyorlash, gazlamalarga pardoz berish, qog‘oz, shisha ishlab chiqarish, chinni tayyorlash hamda kon sanoati tez rivojlangan. Min sulolasi davrida qo‘l mehnatiga asoslangan yirik hunarmandchilik tarmoqlari (chinni ishlab chiqarish) yuzaga kelib, ularda qullar va qaram kishilar mehnatidan foydalanganlar.

HAYOTNING O‘ZIGA XOSLIGI

O‘rta asrlar Afrika tanga pullari

O‘YLANG VA XULOSA QILING!

Agar siz u yerda bo‘lganingizda... Siz savdogarsiz, karvonda shimoldan G‘arbiy Afrikaga sayohat qilyapsiz. Karvonda eng qimmat mahsulot – bu tuz. Tuz shunchalik qimmatliki, odamlar uni oltinga almashtiradilar! Siz tuzni oltinga almashtiradigan sirli odamlarni hech qachon uchratmagansiz. Siz ularning vakili bilan gaplashib, mahsulotlarni ayirboshlash manzilini kelishib olasiz. Nima uchun savdogarlar bunchalik yashirin holatda ish olib borgan deb o‘ylaysiz?

Gana imperiyasi Niger va Senegal daryolari o‘rtasida joylashgan bo‘lib, uning hukmdorlari avvalo savdoni rivojlantirishga va undan katta foyda olishga urinishgan. Gana mintaqaning eng qimmatli boyliklari – oltin va tuz savdosini amalga oshirish markazi edi. Oltin janubdan, Gvineya ko‘rfazi va Niger bo‘ylab joylashgan konlardan, tuz esa shimoldagi Sahrodan kelgan. Ganada savdogarlar o‘rtasidagi oltin va tuz ayirboshlanishi o‘ziga xos tarzda, “so‘zsiz” amalga oshirilgan.

O‘YLANG VA XULOSA QILING!

Shimol va janub savdogarlarining savdolashish manzili bo‘lgan Gana savdo yo‘llarining nazorat qilinishi natijasida mamlakat haddan tashqari boyib ketgan.

Ganaga tuzdan tashqari shimoldan bug‘doy, janubdan qo‘y, qoramol va asal olib kelinib, mahalliy mahsulotlar, jumladan, charm, gazlama, mamlakatning maxsus qimmatbaho buyumi – tilla ipdan tikilgan to‘qmoq evaziga ayirboshlangan. Savdoning o‘sishi bilan Gananing iqtisodiy qudrati ham ortib borgan. Gana poytaxti Kumbi Sale G‘arbiy Afrikadagi eng yirik shaharlardan biri bo‘lib, bu yerga kelgan sayohatchilar o‘z bozorlarida sotiladigan mintaqaning barcha mahsulotlarini topishlari mumkin edi. Gana singari, Mali ham tuz va oltin savdosini nazorat qilish orqali boy va qudratli davlatga aylandi. Mansa Muso davrida mamlakat boylik, kuch va shon-shuhrat cho‘qqisiga chiqdi. Uning davrida Tombuktu, Gao va Jenne kabi ko‘plab muhim savdo shaharlari har tomonlama yuksaldi. 1324-yili Muso haj ziyoratiga ketayotib 300 pud oltinni yo‘l-yo‘lakay hadya qilib borishi natijasida katta shov-shuv ko‘tarilgan. Tarixchi Shihod al-Umariyning ta’kidlashicha, Muso odamlarda shunday taassurot qoldirganki, Mali butun Afrika, Osiyo va Yevropada mashhur bo‘lib ketgan.

BILAG‘ONLAR UCHUN

Pud – 16,38 kilogramm.

“So‘zsiz” ayirboshlash – bu savdogarlarning bir-birlari bilan bevosita aloqa qilmasdan mahsulot almashish jarayoni bo‘lib, bu usul oltin konlarining aniq joylashuvini tuz savdogarlaridan sir saqlash maqsadida amalga oshirilgan. “So‘zsiz” ayirboshlash jarayonida avval tuz savdogarlari oltin konlari yaqinidagi daryo qirg‘og‘iga borib, u yerga qator qilib tuzlarni terib qo‘yishgan va savdo boshlanganini bildirish maqsadida nog‘ora chalingan. Keyin tuz savdogarlari daryo qirg‘og‘idan bir necha chaqirim orqaga borib turishgan. Ko‘p o‘tmay, oltin qazib oluvchilar qayiqda yetib kelishib, qoldirilgan tuz evaziga o‘zlari hisoblagan oltinni tuzning yoniga qo‘yishgan. Shundan keyin konchilar ham tuz savdogarlari qaytishlari uchun bir necha chaqirim orqaga ketishgan. Agar tuz savdogarlari konchilar tomonidan qoldirilgan oltin miqdoridan mamnun bo‘lishsa, belgilangan nog‘ora kuyini chalishib, oltinni olib ketishgan. So‘ngra konchilar ham qaytib kelib, tuzlarini olib ketishgan. Savdo ikkala tomon ham almashinuvdan mamnun bo‘lmaguncha davom ettirilgan.

AMERIKA XALQLARI IQTISODIY HAYOTI

Atsteklar ulkan davlat barpo etib, bosib olingan qabilalarni oltin, paxta, oziq-ovqat va boshqa turli mahsulotlar bilan o‘lpon to‘lashga majbur qilishi natijasida qudrati yanada oshib borgan. Bundan tashqari, Atstek iqtisodiyoti mamlakat bo‘ylab yoyilgan savdo tizimidan boj olish orqali ham katta daromad ko‘rgan. Chunonchi, poytaxt Tenochtitlandagi ulkan bozorda mamlakatning turli burchaklaridan kelgan savdogarlar bilan aholi o‘rtasida keng savdo-sotiq ishlari amalga oshirilgan. U yerda, ayniqsa, oltin, kumush, qimmatbaho tosh va har xil oziq-ovqat mahsulotlari savdosi qizg‘in kechgan. Ma’lumki, atsteklar poytaxti Tenochtitlanni katta orolda barpo etishgan. Bu esa poytaxtga kelib-ketish va savdo-sotiq ishlarida qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan. Shu bois shaharni qirg‘oq bilan bog‘laydigan uchta keng yo‘l qurilgan. Yo‘llar tuproq bilan qoplangan toshlardan barpo etilgan. Tenochtitlan ko‘l suvi bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, bu suv iste’molga yaroqsiz bo‘lgan. Shuning uchun toshdan suvo‘tkazgich va kanallar barpo etilib, poytaxtga suv olib kelingan. Poytaxt ichidagi kanallar tarmog‘i shaharga savdo mahsulotlarini olib kirish va turli dahalarini o‘zaro bog‘lashga ham xizmat qilgan. Atstek davlati iqtisodiyotining yana bir muhim qismi dehqonchilik bo‘lgan. Ammo Tenochtitlan orolda joylashganligi bois dehqonchilik uchun yerlar nihoyatda kam edi. Shu sababli atsteklar dehqonchilik uchun ko‘proq yerga ega bo‘lish maqsadida chinampa deb nomlangan “suzuvchi dalalar”ni ixtiro qilishgan. Ko‘lning sayoz bo‘lgan botqoqli qismlariga qator yog‘och qoziqlar qoqilib, bu maydon savatga o‘xshash qamish devor bilan o‘rab olingan. Shundan so‘ng bu sun’iy orol bir metr qalinlikdagi loy va qamish to‘shamalar bilan to‘ldirilgan. Har bir chinampa to‘rt burchakli yer bo‘laklaridan iborat bo‘lib, eng kichigining eni 1,5 metr, uzunligi 15 metrgacha, eng kattalarining eni 4–10 metr, uzunligi 100 metrgacha bo‘lgan. Sun’iy orollarda qamishdan yasalgan uylarda dehqonlar oilalari bilan istiqomat qilishgan. Dehqonlar uchun har bir o‘simlikni ekish vaqti qat’iy belgilangan bo‘lib, masalan, sentyabrda qalampir, oktyabrda pomidor, fevralda qovoq ekilgan. Shu tariqa chinampalardan yil davomida hosil olingan.

AMERIKA XALQLARI IQTISODIY HAYOTI

Inklar ham atsteklar singari bosib olgan hududlarining dehqonchilik, hunarmandchilik, ilm-fan va madaniy yutuqlarini o‘zlashtirib olganlar. Masalan, tik tog‘larda yoki sohil bo‘ylarida dehqonchilik qilishlari uchun sug‘orish tizimlarini ishlab chiqqanlar. Asta-sekinlik bilan aholi ko‘payib borib, shaharlar bunyod etila boshlandi. Bu shaharlarda to‘qimachilik, kulolchilik, zargarlik kabi hunarmandchilik sohalari rivojlangan. Inklarning aksariyati dehqon bo‘lib, ular iqlimi iliq bo‘lgan vodiylarda makkajo‘xori, yeryong‘oq, salqin tog‘larda esa kartoshka yetishtirganlar. Eng baland tog‘larda yashovchi odamlar esa go‘sht va jun olish uchun lamalarni boqishgan. Ana shu sharoitda inklarda mamlakat iqtisodiyoti o‘ziga xos ravishda tashkil etilgan. Unga ko‘ra, fuqarolar soliq to‘lamagan, balki hukumat tomonidan topshirilgan ishni bajarib, ma’lum bir mehnat majburiyatini o‘tashgan. Ushbu tizim mita deb nomlangan. Mita tizimi orqali hukumat oldindan har bir xonadonga nima qilish kerakligini belgilab bergan. Mazkur tizimga ko‘ra kishilar o‘z xo‘jaliklarida ishlashdan tashqari hukumat belgilagan yerlarda dehqonchilik qilish, qo‘shin uchun mato ishlab chiqarish, go‘sht mahsulotlarini yetishtirish, konlarda ishlash, murakkab tog‘ sharoitida yo‘l qurish kabi ishlarni bajarishgan. Inklar davlatida bozorlar bo‘lmagan. Buning o‘rniga hukumat amaldorlari mita tizimi orqali yig‘ilgan mahsulotlarning bir qismini aholiga tarqatgan, qolgan qismini favqulodda vaziyatlar uchun poytaxtdagi omborlarda saqlagan.

AMERIKA XALQLARI IQTISODIY HAYOTI

Chinampa suzuvchi oroli

2. Mali Mansa Muso davrida qanday qilib iqtisodiy jihatdan taraqqiyotga erishdi?

3. Atstek davlatida ixtiro qilingan “suzuvchi dalalar”ning ahamiyati haqida esse yozib keling.

Savollar: 4. Inklar jamiyatida fuqarolarning soliq to‘lash o‘rniga ma’lum bir mehnat majburiyatini o‘tashi qanchalik to‘g‘ri bo‘lgan deb o‘ylaysiz?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Yaponiyaning g‘arbidagi Suruga, Xakata va Osaka shaharlarida yirik portlar qaysi asrlarda paydo bo‘lgan?
  1. XI–XII asrlarda
  2. XVII–XVIII asrlarda
  3. XV–XVI asrlarda
  4. XIII–XIV asrlarda

To‘g‘ri javob: XIII–XIV asrlarda. Bu portlar XIII–XIV asrlarda paydo bo‘lib, Xitoy va Koreya bilan savdoni rivojlantirgan.

Yuan sulolasi davrida Van Dayuan rahbarligidagi savdo kemalari Arabiston yarimoroliga qaysi yili yuborilgan?
  1. 1374-yili
  2. 1334-yili
  3. 1314-yili
  4. 1354-yili

To‘g‘ri javob: 1334-yili. Van Dayuan kemalari Arabiston yarimoroliga 1334-yili yuborilgan.

Mo‘g‘ullarning Sharqdagi keng miqyosli harbiy yurishlari Osiyoda ulkan iqtisodiy inqirozni keltirib chiqargan davr qaysi asrga to‘g‘ri keladi?
  1. X asr
  2. XIII asr
  3. XV asr
  4. XVII asr

To‘g‘ri javob: XIII asr. Matnda XIII asrdagi mo‘g‘ul yurishlari Osiyoda iqtisodiy inqirozga olib kelgani aytilgan.

Mo‘g‘ullar savdo ishida, ayniqsa, qaysi toifadagi savdogarlardan unumli foydalangan?
  1. dengiz yo‘llarini biluvchi venetsiyalik savdogarlardan
  2. karvon yo‘llarini biluvchi hindistonlik savdogarlardan
  3. til biluvchi rus knyazlari va ularning savdo vakillaridan
  4. moliyaviy bilimi kuchli turkistonlik savdogarlardan

To‘g‘ri javob: moliyaviy bilimi kuchli turkistonlik savdogarlardan. Mo‘g‘ullar moliyaviy tajribasi kuchli turkistonlik savdogarlarga tayangan.

XIII–XIV asrlarda Yaponiyaning g‘arbida paydo bo‘lgan yirik portlardan biri qaysi?
  1. Xakata
  2. Kamakura
  3. Nankin
  4. Pekin

To‘g‘ri javob: Xakata. Suruga, Xakata va Osaka Yaponiya g‘arbidagi yirik portlar bo‘lgan.

Yuan sulolasi davrida Suy Yangchyuy boshchiligidagi savdo kemalari Fors ko‘rfaziga qaysi yili yuborilgan?
  1. 1334-yili
  2. 1324-yili
  3. 1307-yili
  4. 1219-yili

To‘g‘ri javob: 1307-yili. Suy Yangchyuy kemalari 1307-yili Fors ko‘rfaziga yuborilgan.

Van Dayuan rahbarligidagi savdo kemalari Arabiston yarimoroliga qaysi yili yuborilgan?
  1. 1307-yili
  2. 1324-yili
  3. 1334-yili
  4. 1394-yili

To‘g‘ri javob: 1334-yili. Van Dayuan kemalari 1334-yili Arabiston yarimoroliga yo‘l olgan.

Min sulolasi davrida Chjan Xe necha marta dengiz safariga chiqqan?
  1. yetti marta
  2. uch marta
  3. besh marta
  4. o‘n marta

To‘g‘ri javob: yetti marta. Chjan Xe yetti marta dengiz safariga chiqib, Indoneziyadan Afrikaning sharqiy qismlarigacha borgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiXIII–XV asrlarda Yevropa iqtisodiy rivojlanishining o‘ziga xos jihatlariKeyingi →Yevropada ilm-fan