XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · Jahon tarixi · 2-mavzu

G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida industrial jamiyat asoslarining yaratilishi

YEVROPADA YANGI DAVRNING BOSHLANISHI

2-MAVZU. G‘ARBIY YEVROPA MAMLAKATLARIDA INDUSTRIAL JAMIYAT ASOSLARINING YARATILISHI

Siz bilib olasiz: – yangicha iqtisodning shakllanishini; – kapitalistik munosabatlarning paydo bo‘lishini; – yangi jamiyat kishilari haqida; – Yangi davrdagi Yevropa shaharlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini.

Yodda tuting: Narxlar inqilobi – bu universal ekvivalent – pul bo‘lib xizmat qiladigan qimmatbaho metallar qiymatining pasayishi tufayli tovarlar narxining sezilarli darajada oshish jarayoni.

Yangicha iqtisodning shakllanishi. Buyuk geografik kashfiyotlardan so‘ng Amerikadan ko‘plab oltin, kumush va boshqa qimmatbaho metallar Yevropa bozorlariga keltirildi. Qirollar mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan ancha ko‘p oltin va kumush tangalar zarb qildi. Pul ko‘paygan sharoitda hunarmandlar va savdogarlar kasodga uchramaslik uchun o‘z tovarlarining narxini oshirishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa yuz yillar davomida o‘zgarmasdan kelgan narx-navo shiddat bilan o‘sa boshladi. Bu jarayon “narx-navo inqilobi” deb ataldi. Yevropa mamlakatlarida odamlar yashash uchun pul topishning yangi yo‘llarini izlashga tushdi. Ko‘plab oilalar endi ilgarigidek natural xo‘jalik yurita olmasdan, mahsulotning bir qismini bozorda sotishga majbur bo‘ldi. Natijada Yevropada tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar, ya’ni bozorda sotishga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar soni ko‘payib bordi.

2-MAVZU. G‘ARBIY YEVROPA MAMLAKATLARIDA INDUSTRIAL JAMIYAT ASOSLARINING YARATILISHI

Kapitalistik munosabatlarning paydo bo‘lishi. Bozor munosabatlari jadal rivojlanayotgan Angliya, Gollandiya va Fransiya kabi mamlakatlarda savdogarlar ulgurji savdoga katta ehtiyoj seza boshladi. Ular endi vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan yarmarkalarga mahsulot olib borish o‘rniga, yirik shaharlarda tashkil qilingan va “birja” deb atalgan maxsus joylarda o‘z mahsulotlarini e’lon qila boshladi. Shu yerda xaridorlar bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilib, mahsulot kelishilgan joyga jo‘natilar edi.

Birjalar bilan bir qatorda, zamonaviy banklarning paydo bo‘lishi ham Yangi davr sivilizatsiyasining buyuk yutug‘i bo‘ldi. O‘rta asrlarda banklar rolini pul maydalaydigan sarroflik do‘konlari bajarar edi. XV asrda zamonaviy ko‘rinishdagi ilk bank — Genuyadagi Avliyo Georgiy banki paydo bo‘ldi. Keyin G‘arbiy Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham savdogarlarga xizmat ko‘rsatuvchi shunday banklar vujudga keldi. Birja va banklar Yevropada savdo va sanoatning rivojlanishida juda katta rol o‘ynadi.

2-MAVZU. G‘ARBIY YEVROPA MAMLAKATLARIDA INDUSTRIAL JAMIYAT ASOSLARINING YARATILISHI

Xavf-xatar katta bo‘lgan uzoq masofalar bilan savdo qilish uchun savdogarlar aksionerlik kompaniyalariga birlasha boshladi. Ular kompaniyaning umumiy xarajatlari uchun mablag‘ qo‘shib, foydadan o‘z ulushini olish huquqini beruvchi qimmatbaho qog‘oz — aksiyaga ega bo‘lardi.

Industrial jamiyat yaratilishi

Bozorlarda mahsulotning ko‘payishi natijasida uni ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ldi. Raqobatda mag‘lub bo‘lib, kasodga uchramaslik uchun mahsulotni tez, sifatli va arzon ishlab chiqarish talab qilinardi. Shu sababli Yevropada mahsulot ishlab chiqarish texnika va texnologiyasi jadal rivojlandi, yangi ixtirolar ko‘paydi, mahsulot narxi arzonlashib, odamlarning yashash darajasi yaxshilanib bordi.

Dehqonlar O‘rta asrlardagi uch dalali ekishdan ko‘p dalali ekishga o‘tdi. Natijada qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hosildorligi oshib, sotish uchun mahsulot ko‘paydi. Bug‘doyni yanchish, shaxtadan suv chiqarish uchun suv charxpalagi va shamol tegirmonidan keng foydalanish boshlandi. Tokarlik, to‘quvchilik uskunalari va boshqa eng oddiy dastgohlar yaratildi.

Industrial jamiyat yaratilishi

G‘arbiy Yevropada savdo va texnikaning rivojlanishi natijasida faqat yer yoki pul emas, balki boylik keltirishi mumkin bo‘lgan barcha mulk: uy, mehnat qurollari, mexanizmlar, ixtirolar ham qadrlanadigan bo‘ldi. Bu asosiy boyliklar umumiy nom bilan “kapital” deb ataldi. Hamma o‘z kapitalini ko‘paytirishga kirishdi. Masalan, shahardagi eng boy to‘quvchi yoki savdogar turli yo‘llar bilan hunarmand to‘quvchilarni kasodga uchratadi. Shundan so‘ng ularning iplarini, bo‘yoqlarini, to‘quv dastgohlarini arzonga sotib olib, o‘zini ishga taklif qiladi. Bitta katta bino ostida ko‘plab hunarmandlar yig‘ilib, ularning har biri bitta ish, masalan, kimdir matoni to‘qish, boshqasi uni bo‘yash kabi ishlar bilan shug‘ullanadi. Bu mehnat unumdorligini keskin oshirib, mahsulot sifatini yaxshilaydi. Bunday katta korxonalar “manufaktura” deb ataladi.

Industrial jamiyat yaratilishi

Manufakturada ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotning hammasi uning egasiga tegishli bo‘lardi. U mahsulotni bozorda sotib, foydaning bir qismini yollanma ishchilarga ish haqi tarzida berardi. Shu tariqa G‘arbiy Yevropada kapitalistik munosabatlar shakllana boshladi. Kapitalistik munosabatlarning shakllanishi bozor sharoitida mayda tovar ishlab chiqarish rivojlanishining qonuniy natijasi bo‘ldi. U asta-sekin O‘rta asrlarda shakllangan feodal munosabatlarni siqib chiqardi.

Yodda tuting:

Kapitalizm rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ikkita eng muhim shart: 1) kapital to‘plash imkoniyatining paydo bo‘lishi;

2) erkin ishchi kuchining mavjudligi.

Atamalar mazmuni:

Birja – bu qimmatli qog‘ozlar, tovarlar, xomashyo, qimmatbaho metallar va valutalar kabi turli aktivlarni sotish va sotib olish mumkin bo‘lgan savdo maydonchasi. Bank (ital. “banco” –

“kursi”) – sarroflar almashish uchun tangalarni terib qo‘yadigan stol. Kapital (lot. “capitalis” — “hukmron”) – tom ma’noda, real qiymatga ega bo‘lgan va foyda keltiradigan hamma narsa. Manufaktura (lot.

“manus” – “qo‘l”,

”factura” – “tayyorlash”) – mehnat taqsimoti va qo‘l hunari texnikasiga asoslangan korxona.

Kapitalist – burjua jamiyatidagi hukmron sinf vakili, kapital egasi, yollanma mehnatdan ekspluatatsiya qiluvchi. Proletariat (lot.

Atamalar mazmuni:

“proletarius” – “kambag‘al”) – faqat o‘z mehnatini sotish, yollanma mehnat evaziga tirikchilik qiladigan, hech qanday kapitalning foydasi hisobiga yashamaydigan ijtimoiy sinf.

Yangi jamiyat kishilari. Kapitalistik munosabatlar jadal rivojlangan G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida kishilarning yangi turi — tadbirkor paydo bo‘ldi. Tadbirkor kim edi? Tadbirkor o‘z shaxsiy muvaffaqiyatiga erishish uchun har qanday ishga, tadbirga tayyor bo‘lgan omilkor shaxs edi. Eski gildiyadan chiqib, aksionerlik kompaniyasiga a’zo bo‘lgan savdogar, o‘z sexini tark etib, manufakturaga kirgan hunarmand, qishloq jamoasi tarkibidan chiqqan va yerni feodaldan ijaraga olib, fermerga aylangan kechagi dehqon tadbirkor bo‘lishi mumkin edi. Bu tadbirkorlarning barchasi yollanma mehnatdan foydalanardi, bozorda raqobatchilik qilardi va kapital yig‘ardi. Shu tariqa jamiyatning yangi qatlami — kapitalist (burjua) paydo bo‘ldi.

Atamalar mazmuni:

Boyib ketgan kapitalistlar eski zodagonlardek kiyinib, o‘zlariga hashamatli uylar qura boshladi. Ular o‘zlari yashaydigan hududlarni toza va obod qildi, natijada O‘rta asrlardagi vabo, o‘lat kabi yuqumli kasalliklar chekinib, aholi tez ko‘paydi. Boyib ketgan yangi tadbirkorlar eski zodagonlar va ritsarlar bilan quda-andachilik qilib, o‘zlariga yuqori martaba va unvonlar sotib oldi. Bu qatlam “yangi zodagonlar” deb ataldi. Ular ruhan tadbirkorlikka yaqinligi bilan eski zodagonlardan farq qilardi. Ammo yangicha turmushda hamma ham o‘z o‘rnini topa olmadi. Nogironlar va yetimlarning ahvoli avvalgidan ham og‘irlashdi. Tez orada minglab ishsizlar ham ular safiga kelib qo‘shildi. Ularning bir qismi manufakturalar va fermerlar yerlariga ishga jalb qilindi. Shu tariqa yangi jamiyatda yollanib ishlaydigan va keyinchalik “proletariat” deb atalgan yangi bir qatlam — ishchilar paydo bo‘ldi.

Atamalar mazmuni:

Xo‘jalik yuritishning yangi shakli va yangicha hayot tarzi turli tabaqa vakillarini bir-biriga yaqinlashtirdi. Endi ular bir-biridan ilgarigidek huquq va majburiyatlari bilan emas, kapitalining bor yoki yo‘qligi, daromad darajasi bilan farq qilardi. Kishilar bir-biridan kapitalning mavjudligi va daromad darajasiga qarab farqlanadigan jamiyat — bu “sinfiy jamiyat” deb ataladi.

Yer mulkidan, uyi va mehnat qurollaridan mahrum bo‘lgan, o‘z xohishi bilan kapitalistga ishga yollanuvchi va mehnati uchun ish haqi oluvchi kishilar yollanma ishchilar proletariat sinfiga birlashdi. Shu tariqa G‘arbiy Yevropada jamiyatning tabaqaviy bo‘linishi tugatilib, yangi, sinfiy bo‘linish shakllandi va zamonaviy sivilizatsiyaning asosiy jihatlari qaror topib bordi.

Atamalar mazmuni:

Yangi davrda Yevropa shaharlari. Shaharlarning rivojlanishi har doim ularning geografik joylashuviga bog‘liq bo‘lgan. Yevropaliklar tomonidan Hindiston va Amerikaga dengiz yo‘llarining ochilishi muhim savdo yo‘llarining yo‘nalishini o‘zgartirib, bir qator shaharlarning jadal rivojlanishiga olib keldi. Dastlab Portugaliyaning Lissabon va Ispaniyaning Sevilya shaharlari jadal rivojlandi. Bu shaharlarga Hindistondan tovarlar, Amerikadan ko‘plab qimmatbaho metallar keltirilar edi. Yangi savdo yo‘llaridan chetda qolgan Italiya shaharlari, aksincha, o‘zlarining avvalgi ahamiyatini yo‘qotdi.

G‘arbiy Yevropada tadbirkorlik

XVI asrning ikkinchi yarmidan Yevropaning savdo chorrahalari Shimoliy dengiz qirg‘oqlariga ko‘chdi. Bu yerda asosiy savdo markazi Gollandiyaning Antverpen shahri bo‘lib qoldi. Ammo Antverpen ham tezda o‘z mavqeyini yo‘qotdi. Angliyaning jadal iqtisodiy taraqqiyoti uning poytaxti London shahrini Yevropaning asosiy savdo markaziga aylantirdi. Temza daryosi bo‘yida joylashgan London juda tez rivojlandi, shaharda yangi portlar, ishchilar uchun ko‘p qavatli uylar, savdo rastalari va istirohat bog‘lari paydo bo‘ldi.

O‘rta asrlardayoq Yevropaning eng yirik shahriga aylangan Parij ham rivojlanishda davom etdi. U G‘arbiy Yevropadagi markazlashgan eng katta davlat — Fransiyaning poytaxtiga aylandi. Ammo XVI asrdagi diniy urushlar va vabo epidemiyasida o‘n minglab parijliklar vafot etdi, shaharning rivojlanishi sekinlashdi.

G‘arbiy Yevropada tadbirkorlik

Bu davrda fan, texnika va sanoatning rivojlanishi G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirib yubordi. Yangicha iqtisod va kapitalistik munosabatlar shakllandi. Yangi jamiyatning asosiy sinflari — kapitalist va proletariat paydo bo‘ldi. Asosiy qadriyati inson erkinligi va tengligi bo‘lgan yangi, industrial sivilizatsiyaning asoslari qaror topib bordi.

Ijodiy ish topshirig‘i: g‘arbiy yevropaliklar nomidan XVII—

XVIII asrlardagi o‘zgarishlar haqida hikoya tuzing: a) dehqon nomidan; b) yollanma ishchi nomidan; d) manufaktura egasi nomidan (bitta namoyandani tanlagan holda). Hikoyada bu o‘zgarishlarning sabablarini tushuntiring.

G‘arbiy Yevropada tadbirkorlik

Savol va topshiriqlar 1. Daftaringizda “XVI–XVII asrlarda savdoning rivojlanishi” mavzusida reja tuzing (bu davrni oldingi davrdan farqlaydigan yangiliklarni yozishni unutmang).

Savollar: 2. Yirik savdo kompaniyalari, banklar va birjalarning paydo bo‘lishi savdoning rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Savollar: 3. Manufaktura va hunarmand ustaxonasini qiyoslang. Ularning farqi nimada? 4. Nima uchun manufakturaning vujudga kelishi kapitalizmning paydo bo‘lishi hisoblanadi?

Bu qiziq: Birjada ko‘p miqdordagi tovar va pul bilan shartnomalar tuzilardi, tovarlar esa faqat namunalarda taqdim etilardi, pul o‘rniga esa qimmatli qog‘ozlar – tilxatlar berilishi mumkin edi. Masalan, baliqlar – ovlanmasdan, bug‘doy – hosil yig‘ilmasdan oldin sotilar edi. XVI asrda Amsterdam birjasida Gollandiyaga olib kelingan lola piyozlari (ildizlari) savdosida ham hali ochilmagan gullar sotila boshlanadi. Bitta lola piyoziga odamlar o‘z kvartirasi yoki restoranini berib yuborishardi. Oxir-oqibat tarixda “lola talvasasi” nomi bilan tanilgan bu hodisa Niderlandlar davlatining iqtisodini inqirozga uchratadi.

G‘arbiy Yevropada tadbirkorlik

Oltin – bu barkamollik. Oltin xazinalar yaratadi va unga ega kishi xohlagan narsasini qila oladi va hatto inson qalbini jannatga olib kirishga qodir.

X. Kolumbning Ispaniya qiroli Fernando va qirolicha Izabellaga yozgan maktubidan

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Yevropada bozorda sotishga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar qanday nomlanadi?
  1. oilaviy xo‘jaliklar
  2. natural xo‘jaliklar
  3. davlat xo‘jaliklari
  4. tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar

To‘g‘ri javob: tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar. Bozorda sotishga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar deyiladi.

Yuz yillar davomida o‘zgarmay kelgan narx-navoning shiddat bilan o‘sishi qanday atalgan?
  1. Narx-navo inqilobi
  2. Pul-kredit inqilobi
  3. Savdo-sotiq inqilobi
  4. Moliyaviy inqilob

To‘g‘ri javob: Narx-navo inqilobi. Narxlarning shiddatli o‘sishi “narx-navo inqilobi” deb atalgan.

Narxlar inqilobining asosiy sababi nima bo‘ldi?
  1. Yevropadagi urushlar tufayli ishlab chiqarish kamayib, narxlar oshishi
  2. Amerikadan ko‘plab oltin va kumush keltirilishi natijasida pul ko‘payishi
  3. Soliqlarning ko‘paytirilishi va davlat xazinasiga ko‘proq pul tushishi
  4. Hindistondan ko‘p ziravor va ipak keltirilishi natijasida savdoning kengayishi

To‘g‘ri javob: Amerikadan ko‘plab oltin va kumush keltirilishi natijasida pul ko‘payishi. Amerikadan keltirilgan qimmatbaho metallar Yevropada pulni ko‘paytirib, narxlarni oshirgan.

Pul ko‘paygan sharoitda hunarmand va savdogarlar kasodga uchramaslik uchun nima qilishga majbur bo‘ldi?
  1. Narxlarni ancha pasaytirib yuborishga
  2. Ishlab chiqarilgan miqdorni kamaytirishga
  3. O‘z tovarlarining narxini oshirishga
  4. Xodimlar maoshini ikki barobar oshirishga

To‘g‘ri javob: O‘z tovarlarining narxini oshirishga. Kasod bo‘lmaslik uchun ular tovar narxini oshirgan.

Bozorda sotishga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar qanday atalgan?
  1. Kichik oilaviy-natural xo‘jaliklar
  2. Cherkov yerlaridagi monastir xo‘jaliklari
  3. Feodal o‘zini ta’minlovchi xo‘jaliklar
  4. Tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar

To‘g‘ri javob: Tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar. Bunday xo‘jaliklar tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar deb atalgan.

Amerikadan Yevropaga ko‘p oltin va kumush kelgach, narx-navo keskin o‘sishining bevosita sababi nima bo‘ldi?
  1. Savdogarlar yarmarkalarga mahsulot olib borishni boshlagani va savdo hajmi oshgani
  2. Hunarmandlar sifatli mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatgani va bozorda tanqislik bo‘lgani
  3. Natural xo‘jalik yurituvchi oilalar soni ko‘payib ketgani va bozorga talab oshgani
  4. Qirollar ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan ancha ko‘p tanga zarb qilib, pul ko‘paygani

To‘g‘ri javob: Qirollar ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan ancha ko‘p tanga zarb qilib, pul ko‘paygani. Pul miqdori mahsulotga nisbatan keskin ko‘paygach, hunarmand va savdogarlar kasod bo‘lmaslik uchun narxni oshirgan.

Narxlar oshib, pul topishning yangi yo‘llari izlana boshlangach, ko‘plab oilalar qanday holatga tushdi?
  1. Ular mahsulotning bir qismini bozorda sotishga majbur bo‘lib, tovar xo‘jaliklari ko‘paydi
  2. Ular birjalarda aksiya sotib olib, dehqonchilik xo‘jaligini tark etib, shaharga ko‘chib o‘tdi
  3. Ular hunarmandchilikdan voz kechib, manufakturalarga egalik qilib, boyib ketdi
  4. Ular natural xo‘jalikni to‘liq saqlab qolib, bozordan butunlay uzoqlashdi va yopiq yashadi

To‘g‘ri javob: Ular mahsulotning bir qismini bozorda sotishga majbur bo‘lib, tovar xo‘jaliklari ko‘paydi. Natural xo‘jalik yurita olmagan oilalar mahsulotni bozorda sotishga majbur bo‘lgan va tovar xo‘jaliklari soni oshgan.

Quyidagi voqealarni sabab–oqibat ketma-ketligi bo‘yicha tartiblang: 1) Qirollar ko‘p tanga zarb qildi 2) Hunarmandlar tovar narxini oshirdi 3) Amerikadan qimmatbaho metallar keltirildi 4) Tovar ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar soni ko‘paydi
  1. 1–3–2–4
  2. 3–2–1–4
  3. 3–1–2–4
  4. 3–1–4–2

To‘g‘ri javob: 3–1–2–4. Avval metallar keltirilgan, shundan so‘ng tanga zarbi ko‘paygan, narxlar oshgan va oxirida tovar xo‘jaliklari ko‘paygan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBuyuk geografik kashfiyotlar. Mustamlaka tizimining shakllanishiKeyingi →Gumanizm: G‘arbiy Yevropada Yangi davr madaniyati va fani