XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · Jahon tarixi · 7-mavzu

“Davlat – bu men!”: Fransiyada mutlaq monarxiya

XVI–XVIII ASRLARDA YEVROPA VA AMERIKA MAMLAKATLARI

7-MAVZU. “DAVLAT — BU MEN!”: FRANSIYADA MUTLAQ MONARXIYA

Siz bilib olasiz: – Fransiyada qirol hokimiyatining mustahkamlanishini; – Fransiyadagi agrar munosabatlarni; – manufaktura va savdoning rivojlanishini.

Lyudovik XIV

Bu qiziq: Lyudovik XIV (1638–1715) – Fransiyani amalda

54 yil boshqardi, rasman esa u 5 yoshida qirol deb e’lon qilingan va

72 yil-u 110 kun hukmronlik qilgan.

Yevropa tarixida eng ko‘p vaqt taxtda o‘tirgan qirol. Unga tegishli gaplardan biri: “Fuqarolarning huquqlari yo‘q, faqat majburiyatlari bor”.

Qirol hokimiyatining mustahkamlanishi. XVII asr boshlarida Fransiya iqtisodiy o‘sish davrini boshdan kechiradi. Bunga qirol Genrix IV davrida soliqlarning kamaytirilishi, manufakturalar uchun qulay moliyaviy sharoitning yaratilishi, ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi boj soliqlarining joriy qilinishi, texnik qulayliklarning qo‘llab-quvvatlanishi orqali erishildi. Qirol bilan burjuaziya o‘rtasidagi ittifoq mustahkamlanib, xalqning noroziligi ham pasaydi. Natijada muxolifatning harakati uchun ijtimoiy asos ham ancha qisqardi.

Lyudovik XIV

Fransiyada mutlaq monarxiyaning uzil-kesil mustahkamlanishi kardinal Rishelyo ministr bo‘lgan yillarga (1624 –1642) to‘g‘ri keladi. Bu davrda kardinal Rishelyo hukumati tomonidan gugenotlarning siyosiy avtonomiyasi yo‘q qilindi, feodal zodagonlarning isyoni bostirildi, mahalliy hokimiyatlarning huquqlari provinsiyalar boshqaruvchilari foydasiga qisqartirildi.

1661-yili hokimiyatga kelgan Lyudovik XIV Fransiyani amalda 54 yil boshqardi. Mamlakatda dvoryanlar pozitsiyasini mustahkamlash uchun doimiy intilish yangi qirol siyosatining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoldi. Ammo vaqt bu siyosatning kaltafahmlik va halokatli ekanligini ko‘rsatdi. Lyudovik XIV ning dastlabki qadami birinchi ministr lavozimini bekor qilishdan boshlandi. Bu vazifani qirolning o‘zi bajaradigan bo‘ldi. Bu bilan qirol ilgari birinchi ministrga yo‘naltirilgan xalq noroziligi va nafratini endi o‘ziga qaratdi. Keyin u parlamentning huquqlarini keskin qisqartirdi. So‘ng burjuaziyaga qarshi kurash boshlandi. Ular katta pulga sotib olgan dvoryanlik unvonlari, huquq va lavozimlaridan mahrum qilindi. Keyin qirolning nafrati davlat soliqlarini sotib oluvchilarga qaratildi, ularning ko‘pchiligi sudga tortilib, qamaldi.

Lyudovik XIV

Shu tariqa Fransiyada qirol hokimiyati mustahkamlandi, Lyudovik XIV ni endi “Qirol-Quyosh” deb atay boshladilar. Qirolning mutlaq monarxiyaga asoslangan boshqaruv tizimi mohiyatini u saroy a’yonlariga qarata aytgan: “Janoblar, siz o‘ylaysizki davlat — bu siz? Davlat — bu men”, — degan jumla yaqqol aks ettiradi.

Bu Fransiya tarixida juda ziddiyatli davr bo‘ldi. Bir tomondan bu davr absolyutizm asri, boshqa tomondan esa “Buyuk asr”, san’at va madaniyat gullagan asr bo‘ldi.

Qirollik oilasi

Lyudovik XIV san’atni qo‘llab-quvvatladi, unga homiylik qildi, ammo qirol shaxsi — uning siyosiy vazifalari, falsafiy qarashlari, didi va shaxsiy moyilligi davrning madaniy hayotini belgilab berdi.

Lyudovik XIV ning fikricha, san’at bitta maqsadga — uning sulolasini, avvalo, uning o‘zini ulug‘lashga xizmat qilishi lozim.

Fransiyada agrar munosabatlar. XVII asrda Fransiyaning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti ziddiyatli xarakterga ega edi. Kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi natijasida yuz bergan iqtisodiy o‘sish, absolyutizmning mustahkamlanishi, soliqlarning oshishi, xalq ommasi ahvolining yomonlashuvi va doimiy xalq qo‘zg‘olonlari bilan qo‘shilib ketdi. Yangi iqtisodiy munosabatlar, ayniqsa, qishloqda juda qiyinchilik bilan o‘ziga yo‘l ochayotgan edi.

Qirollik oilasi

Butun XVII asr davomida klassik feodalizmning vatani Fransiya bo‘lib qoldi. Yevropaning boshqa hech bir mamlakatida feodal munosabatlar Fransiyadagi singari mukammal bo‘lmagan edi. Fransiyaning iqtisodiy hayotida ham kapitalistik munosabatlar borgan sari katta o‘rin egallasa-da, hukmron sinf avvalgidek dvoryanlar bo‘lib qolaverdi. Angliyadan farqli ravishda, Fransiyada dvoryanlar burjua-lashmadi, aksincha, burjuaziyaning dvoryanlashuvi yuz berib, bu ijtimoiy hayotda feodalizm hukmronligining yaqqol ko‘rinishi bo‘ldi. Kapitalistik sektorda yaratilgan boyliklarning katta qismi Angliyadagi kabi sanoatni rivojlantirishga emas, feodal mulk, unvonlar, lavozimlar sotib olishga va absolyut monarxiyaga qarz berishga sarflandi.

Qirollik oilasi

Kapitalistik munosabatlar fransuz qishloqlariga juda sekin, asosan, dehqonlarning mulkiy qatlamlashuvi va ular o‘rtasida yangicha munosabatlarning, masalan, o‘zaro shajaraning shakllanishi tarzida kirib keldi. Kapitalizm qishloqqa hunarmandchilik sanoatining rivojlanishi tarzida ham joriy qilindi. Shaharlik xaridorlar uchun dehqonlar turli tovarlar — ip, mato, sopol va boshqa buyumlar tayyorlar edi. Bu o‘ziga xos tarqoq manufaktura bo‘lib, Fransiya ular asosida yirik sanoat manufakturasining vataniga aylandi. Kapitalning dastlabki jamg‘arilishi, o‘z yeridan ayrilgan dehqonlarning mavjudligi ham bunga sabab bo‘ldi.

Qirollik oilasi

Biroq sanoat va savdodagi muvaffaqiyatlar oldida qishloq xo‘jaligidagi turg‘unlik, ayniqsa, ko‘zga tashlanarli edi. XVII asrning so‘nggi ellik yilida o‘nga yaqin qurg‘oqchilik yillari kuzatilib, ochlik umummamlakat miqyosida rostakam ofatga aylandi. Faqat keyingi davrda ichki bozorning kengayishi aholining o‘sishiga olib keldi.

Savdo va sanoatning muhimligiga qaramasdan, Fransiya iqtisodiyotining asosiy sohasi agrar ishlab chiqarish bo‘lib qolaverdi. Bu sohaga texnologik yangiliklarning qanchalar sekin kirib kelishi barchaga ma’lum. Bu shunchalar sekin ediki, tarixchilarning yozishicha, Yevropa qishloqlari to XIX asrgacha O‘rta asrlarda qolib ketdi. Ushbu ta’kidga qaramasdan, aytish lozimki, qishloq xo‘jaligida ham sezilarli siljishlar yuz berdi. Fransiya qishloq xo‘jaligida ma’rifatchilik jamiyatlari hukumatning faol yordamiga tayangan holda agrar ishlab chiqarishning eng yangi usullarini targ‘ib qildi. Vaqt o‘tishi bilan bu harakatlar o‘z natijasini berdi. Agronomiya fanining ilg‘or yutuqlari asta-sekin dehqonlar tomonidan o‘zlashtirilib, keng ko‘lamda qo‘llanila boshlandi. Ayniqsa, dvoryanlar va fermerlarning bozorga yo‘naltirilgan yirik xo‘jaliklari qishloqlarda kapitalizmning o‘ziga xos asosiga aylanib, agronomiya fani yangiliklarini jadal joriy qildi.

Qirollik oilasi

Davlat tomonidan jadal ravishda yo‘llar, ko‘priklar va kanallarning qurilishi ichki savdoning kengayishi va turli mintaqalarning bozor uchun alohida mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuviga olib keldi.

Kardinal Rishelyo

Savollar: Esga oling: Manufakturaning asosiy belgilari nimalardan iborat?

Yodda tuting:

Ochlik va kasallikdan minglab odamlarning qirilishi natijasida

Fransiya aholisi 1650-yilgi 20 mln dan 1710-yili 16– 17 mln kishigacha kamayib ketdi.

O‘zingizni sinang:

Savollar: Agronomiya fani yutuqlariga nimalar kiradi?

Jan Batist Kolber

Manufaktura va savdoning rivojlanishi. XVII asrning ikkinchi yarmi, ayniqsa, 1665 –1685-yillari Fransiya sanoatida sezilarli o‘sish yuz berdi. Toshko‘mir qazib chiqarish boshlandi, metallurgiya mahsulotlari ko‘paydi, ishlab chiqarishning ko‘plab sohalariga tarqoq manufaktura va hunarmandchilik o‘rniga markazlashgan manufaktura kirib kela boshladi. Manufaktura tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, savdo, sanoat va moliya bosh nazoratchisi Jan Batist Kolber davrida hukumatning asosiy iqtisodiy siyosatiga aylandi. Bu davrda mustamlakalar Fransiya sanoati uchun xomashyo va arzon ishchi kuchi manbai bo‘lib xizmat qildi. Kolber Fransiya mustamlaka imperiyasining asoschisiga aylandi.

Jan Batist Kolber

XVIII asrda Fransiya tez rivojlanayotgan va qudratli iqtisodiyotga ega mamlakatga aylanib bordi. 1720–1780-yillari iqtisod, ayniqsa, mustamlakalar bilan savdoga aloqador sohalar jadal rivojlandi. Yuzlab fransuz kemalari Atlantika okeani orqali Afrikaga rom va matolar olib borar, u yerdan qora tanli qullarni yuklab, Vest Indiya plantatsiyalariga eltar, plantatsiyalardan esa shakarqamish, kofe, indigo va paxta yuklab, Yevropaga qaytib kelardi. Mustamlakalardan keltirilgan xomashyo qirg‘oq bo‘yidagi ko‘p sonli korxonalarda qayta ishlanar, asosiy qismi mamlakatning o‘zida iste’mol qilinib, qolgani chetga sotilar edi.

Atlantika orqali yo‘lga qo‘yilgan savdo kemasozlik, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatining rivojlanishini rag‘batlantirdi. Bunda savdoning umumiy hajmi to‘rt marta ko‘payib, Fransiya Angliyadan keyin dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi. Fransiyaning tashqi savdosi jadal rivojlangani uchun ikki mamlakat savdo hajmi o‘rtadagi farq jadal qisqarib bordi va hatto XVIII asr o‘rtalarida tenglashdi. Ammo Fransiya o‘zi uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan Yetti yillik urush (1756–1763) oqibatida Shimoliy Amerika, Hindiston va Afrikadagi mustamlakalaridan ayrildi, faqat Vest Indiyada bir nechta orollarni saqlab qoldi.

Jan Batist Kolber

Shunga qaramasdan, Fransiya saqlanib qolgan dengizorti mustamlakalarida xo‘jalikni jadal rivojlantirish, ular bilan savdo hajmini muttasil oshirib borish evaziga yana Angliyani quvib yetdi. Ammo Fransiyadagi inqilob rivojlanishning jadal sur’atlarini saqlab qolish imkonini bermadi.

SHVETSIYA

Xarita bilan ishlashga doir topshiriq: Vest Indiya qayerda joylashganini xaritadan ko‘rsatib bering.

Kenigsberg Kovno

Shvetsiya Pomeraniyasi

Gross- Egersdorf

PRUSSIYA

Sharqiy Prussiya

GANNOVER

Rosbax Drezden

SAKSONIYA

Praga Kolin

AVSTRIYA

Bu davrda og‘ir sanoat ham katta yutuqlarga erishdi. Boy dvoryanlar oilalari sohaga yirik sarmoyalar kiritishdi. 1780-yillarda mamlakatdagi metallurgiya korxonalarining yarmidan ko‘pi dvoryanlarga tegishli edi. Aynan shu korxonalarda birinchi bo‘lib koksdan foydalangan holda cho‘yan eritish boshlandi, birinchi bug‘ mashinalari ham shu korxonalarda qo‘llanildi. Texnologik rivojlanishning bunday yuqori darajasiga o‘sha paytda faqat Fransiya va Angliya erishgan edi.

Biroq bu davrda Fransiyani Angliya yoki Niderland kabi kapitalistik mamlakat deb atash mumkin emasdi. Mamlakatda ichki bojxona chegaralari saqlanib qolgan bo‘lib, bu umumiy bozorning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shaharlarda hunarmandlarning sexlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, sanoat ishlab chiqarishi kam rivojlangan edi. Tarixchilarning yozishicha, 1790-yili Fransiyada hammasi bo‘lib 900 ta “Jenni” to‘qimachilik dastgohi bo‘lsa, Angliyada esa ular soni 20 mingdan ko‘p bo‘lgan.

AVSTRIYA

XVIII asr oxirlarida tashqi siyosatda yuz bergan o‘zgarishlar ham Fransiyada kapitalizmning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Shimoliy Amerikada boshlangan mustaqillik uchun kurashga Yevropa mamlakatlarining munosabati turlicha bo‘ldi. 1778-yil Fransiya Shimoliy Amerika shtatlari bilan ittifoqchilik shartnomasini tuzdi. Bu shartnoma shu yili Fransiya va Angliya o‘rtasidagi urushga olib keldi.

Aynan shu davrda insonning jamiyatdagi qaysi tabaqaga mansubligidan qat’i nazar, barchaning tengligi, qirol hokimiyatini cheklash va hokimiyatning bo‘linishi haqidagi g‘oyalar keng tarqala boshladi. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi mustaqillik uchun kurash va qabul qilingan konstitutsiya misolida odamlar o‘z intilishlarining amalga oshishiga ishonch hosil qila boshladi. Bu esa boshqa sabablar bilan qo‘shilib, Fransiyada burjua inqilobini muqarrar qilib qo‘ydi.

Atamalar mazmuni:

Gugenotlar – XVI–XVIII asrlarda

Fransiyada protestant (kalvinizm) tarafdorlari. Ular, katoliklardan farqli, odam o‘z ruhini cherkov aralashuvisiz ham qutqarishi mumkinligiga ishonishgan, xristian dinida dabdabali marosimlar va ortiqcha xarajatlarga qarshi chiqishgan.

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Fransiyada mutlaq monarxiyaning uzil-kesil mustahkamlanishi qaysi kardinal nomi bilan bog‘liq? Uning siyosati haqida gapirib bering.
Savollar: 2. Fransiya qiroli Lyudovik XIV siyosatining asosiy yo‘nalishi haqida nimalarni bilasiz?
Savollar: 3. Lyudovik XIV ning: “Janoblar, siz o‘ylaysizki davlat — bu siz? Davlat — bu men!” — so‘zlarini qanday izohlaysiz?

4. Fransiyada XVII asr qishloq aholisining hayotini tasvirlab bering. 5. XVIII asrda Fransiyaning tez rivojlanayotgan va qudratli iqtisodiyotga ega mamlakatga aylanishining sabablarini tushuntiring.

Savollar: 6. Fransiya iqtisodining rivojlanishida dengizorti mustamlakalari qanday rol o‘ynagan?

Ijodiy ish topshirig‘i:

Savdo, sanoat va moliya bosh nazoratchisi Jan Batist Kolber tomonidan amalga oshirilgan merkantilizm va proteksionizm siyosatining mohiyati haqida ma’lumot yig‘ing va tushuntirib bering.

Internet bilan ishlashga doir

1572-yilgi Varfolomey kechasi haqida ma’lumot toping va o‘qing.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Lyudovik XIV Fransiyani amalda necha yil boshqardi?
  1. 54 yil
  2. 64 yil
  3. 44 yil
  4. 34 yil

To‘g‘ri javob: 54 yil. Lyudovik XIV Fransiyani amalda 54 yil boshqargan.

Lyudovik XIV 5 yoshida rasman qirol deb e’lon qilingan va necha yil-u 110 kun hukmronlik qilgan?
  1. 82 yil
  2. 62 yil
  3. 72 yil
  4. 54 yil

To‘g‘ri javob: 72 yil. Rasman Lyudovik XIV 72 yil-u 110 kun hukmronlik qilgan.

Quyidagi gaplardan qaysi biri Fransiya qiroli Lyudovik XIV ga tegishli?
  1. Qirol — xalqning birinchi xizmatkori, davlat esa uning ishonchi
  2. Fuqarolarning huquqlari yo‘q, faqat majburiyatlari bor
  3. Qirol hokimiyati xalq irodasiga tayanib, qonunga bo‘ysunadi
  4. Davlat kuchi fuqarolarning erkinligi va huquqlarida namoyon bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Fuqarolarning huquqlari yo‘q, faqat majburiyatlari bor. Lyudovik XIV ga tegishli gaplardan biri: fuqarolarning huquqlari yo‘q, faqat majburiyatlari bor.

Fransiya qaysi asr boshlarida iqtisodiy o‘sish davrini boshdan kechirdi?
  1. XVII asr
  2. XV asr
  3. XVIII asr
  4. XVI asr

To‘g‘ri javob: XVII asr. Fransiya XVII asr boshlarida iqtisodiy o‘sish davrini boshdan kechirgan.

Fransiyada qaysi qirol davrida soliqlar kamaytirildi va manufakturalar uchun qulay moliyaviy sharoit yaratildi?
  1. Lyudovik XIV
  2. Karl IX
  3. Lyudovik XVI
  4. Genrix IV

To‘g‘ri javob: Genrix IV. Soliqlarning kamaytirilishi va manufakturalarga qulay sharoit qirol Genrix IV davrida yaratilgan.

Lyudovik XIV rasman necha yoshida qirol deb e’lon qilingan?
  1. 5 yoshida
  2. 10 yoshida
  3. 15 yoshida
  4. 21 yoshida

To‘g‘ri javob: 5 yoshida. U rasman 5 yoshida qirol deb e’lon qilingan.

Lyudovik XIV rasman qancha vaqt hukmronlik qilgan?
  1. 54 yil
  2. 72 yil-u 110 kun
  3. 40 yil-u 20 kun
  4. 65 yil-u 5 kun

To‘g‘ri javob: 72 yil-u 110 kun. Rasman 72 yil-u 110 kun hukmronlik qilgan, amalda esa 54 yil boshqargan.

XVII asr boshlarida Fransiyada iqtisodiy o‘sishga qaysi qirol davrida soliqlarning kamaytirilishi sabab bo‘ldi?
  1. Lyudovik XIV
  2. Lyudovik XVI
  3. Genrix IV
  4. Frantsisk I

To‘g‘ri javob: Genrix IV. Genrix IV davrida soliqlar kamaytirilib, manufakturalar uchun qulay sharoit yaratilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBuyuk Britaniya: imperiya quyoshining porlashiKeyingi →Fransiya burjua inqilobi