XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · Jahon tarixi · 18-mavzu

Usmoniylar imperiyasi: yuksalish, inqiroz va islohot

XVI–XVIII ASRLARDA OSIYO VA AFRIKA MAMLAKATLARI

18-MAVZU. USMONIYLAR IMPERIYASI: YUKSALISH, INQIROZ VA ISLOHOT

Siz bilib olasiz: – imperiyaning yuksalishi va bosqinchilik siyosatini; – imperiyaning ichki ahvolini; – Yevropa davlatlariga qaramlikning boshlanishini; – fan, madaniyat va san’atni.

Imperiyaning yuksalishi va bosqinchilik siyosati. XVI asr boshlarida butun imperiya viloyatga, viloyatlar esa sanjoq (tuman)larga bo‘lingan edi. Viloyatlarni vali, sanjoqlarni esa sanjoqbey boshqarardi. Imperiyaning asosiy tayanchi uning qo‘shini edi.

Imperiya bosib olgan hududlardagi yerlar ham davlat mulki deb e’lon qilindi. Sulton bu yerlarni o‘z sipohiy (otliq askar)lariga harbiy majburiyat evaziga taqsimlab bergan. Ularning miqdori har xil edi. Sipohiylar shu tariqa o‘z xo‘jaliklariga ega bo‘lganlar. Ular o‘z yerlarini dehqonlarga ijaraga berganlar. Ayni paytda harbiy harakatlarda qatnashish, sipohiylar zimmasiga zarurat tug‘ilganida sulton farmon ber-gani zahotiyoq uning ijrosini ta’minlash esa sanjoqbey zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, ular o‘zlari bilan birga yerdan oladigan daromadi miqdoriga mos ravishda qurolli askarlar ham olib kelishi shart bo‘lgan. Sipohiy xo‘jaligining daromadini ijarachi dehqon to‘laydigan soliq tashkil etardi. Bundan tashqari, imperiyaning doimiy piyoda qo‘shini — yanicharlar (yangi qo‘shin), shuningdek, kuchli harbiy dengiz floti ham bor edi. Bu omillar XVI asrda ham Usmoniylar imperiyasiga keng ko‘lamda bosqinchilik urushlari olib borish imkonini berdi.

18-MAVZU. USMONIYLAR IMPERIYASI: YUKSALISH, INQIROZ VA ISLOHOT

Imperiyaning bosqinchilik siyosati. XVI asr boshida Turkiyaning sharqiy chegarasi — Erondagi Safaviylar davlati kuchaydi. Islom dinining shialik oqimini davlat diniga aylantirgan Safaviylar davlatining kuchayishi, nafaqat usmoniylarning Sharqdagi bosqinchilik yurishlarini cheklab qo‘ydi, balki uning ichki xotirjamligiga ham putur yetkazdi.

1514-yili Manu shahri yaqinidagi Chaldiron tekisligida bo‘lib o‘tgan jangda usmoniylar qo‘shini safaviylarga qattiq zarba berib, ularning poytaxti Tabrizni egalladi, lekin Eronda mustahkamlanib ololmasdan Onado‘liga chekindi. 1515-yili imzolangan sulhga ko‘ra, Armanistonning bir qancha tumanlari Turkiya tasarrufiga o‘tdi.

18-MAVZU. USMONIYLAR IMPERIYASI: YUKSALISH, INQIROZ VA ISLOHOT

Germaniya Polsha qirolligi

Usmoniylar imperiyasi Biskay qo‘ltig‘i

Rossiya davlati

Kasbiy dengizi

Qora dengiz

Korsika oroli

Istanbul Gruziya

Safaviylar davlati

Krit orollari

O‘rtayer dengizi

Kipr oroli

Tripoli (Liviiya)

Qizil dengiz

Savollar: Esga oling: Usmoniylar imperiyasi qachon va qanday tashkil topgan?

Yodda tuting: Sultonning barcha fuqarolari uning qullari hisoblangan, shuning uchun quyi tabaqadan bo‘lgan odamlar ham eng yuqori davlat lavozimlariga ko‘tarilishlari mumkin bo‘lgan.

18-MAVZU. USMONIYLAR IMPERIYASI: YUKSALISH, INQIROZ VA ISLOHOT

Savollar: Esga oling: Nima uchun turk sultonlarining shiori: “Kuch va qudrat – davlat va qo‘shinda” bo‘lgan?

Xarita bilan ishlashga doir

topshiriq: Xarita yordamida

Idavrida usmoniylar bosib olgan hududlarni belgilang.

Eron urushi tugagandan so‘ng usmoniylar arab yerlariga yurish boshladi. Bu paytda Suriya va Misr mamluklar qo‘l ostida birlashtirilgan edi. 1516-yil Usmoniylar armiyasi Salim I qo‘mondonligida Shimoliy Suriyaga bostirib kirdi. Xalab yaqinidagi birinchi jangdayoq turklar to‘liq g‘alabani qo‘lga kiritdilar.

Misrda esa mamluklar ancha qattiq, ammo muvaffaqiyatsiz qarshilik ko‘rsatdilar. 1517-yili Salim I armiyasi Qohiraga kirdi. Shundan so‘ng musulmonlarning muqaddas yurti hisoblangan Xijoz Makka va Madina shaharlari bilan birga bosib olindi. Tez orada Salim I Ka’baning kalitini ham qo‘lga kiritdi.

Xarita bilan ishlashga doir

Sulaymon I Qonunchi (1520 –1566) davrida Usmoniylar imperiyasi o‘z harbiy yutuqlarining eng cho‘qqisiga ko‘tarildi. Misr egallab olinganidan so‘ng usmoniy sultonlarning hokimiyati butun Shimoliy Afrika qirg‘oqlaridan to Marokashgacha bo‘lgan hududlarda o‘rnatildi.

Yevropada esa Sulaymon I Gabsburglar imperiyasi bilan qattiq kurash olib bordi. Belgradning bosib olinishi va venger-chex qo‘shinining tor-mor keltirilishi turklarga Venetsiyani bosib olish uchun yo‘l ochib berdi. Usmoniylar Venani egallashga harakat qilib ko‘rdi. Biroq harakat muvaffaqiyatsiz yakunlandi. 1547-yilgi shartnomaga ko‘ra, Vengriya hududlari Turkiya va Avstriya o‘rtasida bo‘lib olindi. Transilvaniya (hozirgi Ruminiya hududida) Turkiyaning vassaliga aylandi, oldinroq bosib olingan Moldaviya va Valaxiyaning ichki avtonomiyasi sezilarli darajada qisqartirildi.

Xarita bilan ishlashga doir

Janubda esa usmoniylarning qo‘shinlari Qizil dengizning butun qirg‘oqbo‘yi yerlarini va Janubiy Arabistonni bosib oldi. Imperiya hududining kengayishi yirik savdo yo‘llarining ham Turkiya nazorati ostiga o‘tishiga olib keldi. Bu omillar imperiya markaziy hokimiyatining hamda harbiy qudratining yanada yuksalishini ta’minladi. Oqibatda, Turkiyaning savdo yo‘nalishida xalqaro nufuzi Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlari o‘rtasida yanada ortdi.

Sulaymon Qonunchi o‘zining 46 yillik hukmronligi davrida harbiy yurishlarda 13 marotaba ishtirok etdi, shulardan 10 tasi Yevropada olib borildi. Venaning qamal qilinishi, Hindiston qirg‘oqlariga ekspeditsiya, Maltani bosib olishga urinish — bular hammasi usmoniylarning rejalari ulkan bo‘lganligidan dalolat beradi.

Xarita bilan ishlashga doir

Imperiyaning ichki ahvoli. Usmoniylar imperiyasidagi aholining ko‘pchiligi qishloqlarda yashar, qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lib, dehqonlarning ko‘pchiligi davlatga yoki katta yer egalariga qaram edi. Dastlab aholining tarkibi har xil bo‘lib, XVI asr davomida ular bir xil, huquqsiz, shafqatsiz ekspluatatsiya qilinadigan olomonga aylandi.

Dehqon xo‘jaliklari, asosan, don ekinlari — bug‘doy, arpa, tariq yetishtirishardi, ko‘pchiligi esa sabzavotchilik bilan band edi. Kamroq miqdorda paxta yetishtirilardi.

Yodda tuting: Sulaymon Qonunchi hukmronligi davrida Usmoniylar imperiyasining umumiy maydoni butun Yevropa hududidan katta bo‘lgan.

Usmoniylar harbiylari

Esga oling: Nima sababdan

Savollar: Yevropada kapitalistik munosabatlar rivojlanayotgan bir paytda Turkiya iqtisodiy jihatdan orqada qola boshlagan?

Juda ko‘plab tumanlarda uzumchilik, bog‘dorchilik va asalarichilik yaxshi rivojlangan bo‘lsa-da, biroq umumiy olganda, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi juda qoloq edi.

Xo‘jalik taraqqiyotidagi jonlanish, asosan, shaharlarda sezilarli edi. Shaharlar aholisi tez ko‘payib bordi. Buning asosiy sabablaridan biri – hunarmandchilik mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortib borishi edi. Yirik yer-mulk va boyliklarni qo‘llarida to‘plab olgan turk feodallari keng qurilishlar olib borishi, qimmatbaho buyumlar sotib olish, ko‘plab hunarmandlar va rassomlar mehnatiga haq to‘lay olish kabi katta imkoniyatlarga ega edi. Shuning uchun ham shaharlarda zodagonlar va yirik feodallarning ehtiyojlari uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchi hunarmandlarning soni tez o‘sib bordi.

Usmoniylar harbiylari

Ishlab chiqarishda, asosan, to‘qimachilik — jun va ipak matolar to‘qish, teriga, metallga ishlov berish, har xil turdagi qurol-yarog‘ ishlab chiqarish, ayniqsa, o‘sdi.

Bu paytda hunarmandchilikda mayda ishlab chiqarish hukmron bo‘lib, yollanma ishchi kuchidan foydalanilmas edi. Hunarmandchilik butunlay qo‘l mehnatiga asoslangan edi. Tor doirada ishlab chiqarish hunarmandlarni o‘z ishining usta mutaxassisi bo‘lib yetishuviga imkon yaratdi. Imperiyaning o‘zida va Yevropada Bursada ishlab chiqarilgan barqut, Ushak va Konyada to‘qilgan gilamlar, Anqaradan keltiriladigan, echki junidan to‘qilgan matolar, ayniqsa, mashhur edi. Bolgariyaning Somonovo shahrida ko‘plab temir buyumlar, Turkiyaning Diyorbakir, Erzurum, Kastamonu shaharlarida misdan buyumlar yasash, Iznik shahrida esa ko‘proq kulolchilik yaxshi rivojlangan edi.

Usmoniylar harbiylari

Shaharlarning o‘sib borishi va hunarmandchilikning kengayishi bilan savdo-sotiq ham rivojlanib bordi. Dehqonlarning xarid quvvati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, ular shahardan ayrim hunarmandchilik mahsulotlarini, jumladan, tuz, matolar, ayrim mehnat qurollari va kundalik xo‘jalik mollarini sotib olishga majbur edilar.

Usmoniylar imperiyasining ayrim hududlarida, xususan, Bolqonda yarmarka savdosi ham kengayib bordi. Biroq yarmarkalardagi savdoning umumiy hajmi unchalik katta emasdi. Ko‘plab savdogarlar tashqi savdo bilan ham shug‘ullanishar edi. Yevropa mamlakatlaridan, Eron va Hindistondan matolar, metall, bezak buyumlari va turli taqinchoqlar keltirilardi.

Usmoniylar harbiylari

Yodda tuting: 1683-yili turklarning

Vena ostonasidagi mag‘lubiyati Yevropa davlatlarining

Usmoniylar imperiyasiga qarshi uch asrlik urushida yevropaliklar foydasiga burilish yasadi.

Internet bilan ishlashga doir

topshiriq: Sinon – turklar bu me’morni Istanbulning bosh arxitektori deb hisoblashadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Sinon jami 300 dan ortiq mashhur obidalarni yaratgan.

Internet yordamida Sinon yaratgan obidalarning eng mashhurlarini tanlab taqdimot tayyorlang.

Hukumat esa xazinaga yaxshigina daromad keltiradigan ichki rivojlanishdan ko‘proq manfaatdor edi. Sulton hukumati yo‘llar va ko‘priklarni tiklash va qo‘riqlash bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar ko‘rdi. Asosiy karvon yo‘llarida ko‘plab karvonsaroylar qurildi. Biroq og‘ir feodal munosabatlar sharoitida savdo-sotiq erkin rivojlana olmasdi. Ko‘p sonli ichki bojlar, transport vositalarining rivojlanmaganligi, dengiz aloqalarining og‘irligi — bularning hammasi savdoning rivojlanishiga to‘sqinlik qilar edi.

Internet bilan ishlashga doir

Yevropa davlatlariga qaramlikning boshlanishi. Bora-bora Turkiyada iqtisodiy tanglik davri boshlandi. Bunday sharoitda Turkiya Yevropa davlatlari madadiga tayanishni lozim ko‘rdi. Yevropa davlatlari savdogarlariga bir qator yengillik va imtiyozlar berildi.

Masalan, Fransiya savdogarlari uchun atigi uch foiz miqdorida boj to‘lovi joriy etildi. Natijada Turkiya bozorlari Yevropa tovarlariga to‘lib ketdi. Bu esa mahalliy hunarmandchilikka qattiq zarba berdi.

Tashqi siyosatda Turkiya, birinchi navbatda, Angliya va Fransiya bilan yaqinlasha boshladi. Sultonlar nazdida ular imperiyaning Rossiyaga qarshi kurashida ittifoqchilar bo‘lishlari mumkin edi. Angliya va Fransiya hukumatlari ham mavjud vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishga intildilar. Ularning madadidan umidvor bo‘lgan Turkiya XVIII asrda Rossiya bilan besh marta urush olib bordi. Bu urushlarda Turkiya armiyasining yo‘qotishlari juda katta bo‘ldi. Turklar harbiy texnika va harbiy san’at sohasida Yevropa armiyalaridan ortda qola boshlagan edi. Oqibatda turklarning juda ko‘p sonli armiyasi ham Turkiyaga g‘alaba olib kelmadi. Mag‘lubiyat Turkiyada hukm surayotgan O‘rta asrchilik munosabatlarining inqiroziga sabab bo‘ldi.

Internet bilan ishlashga doir

Shunday holatda 1789-yili taxtga kelgan Sulton Salim III imperiyani isloh qilishga kirishdi. Shu maqsadda bir nechta farmon chiqardi. Bu farmonlarga ko‘ra, harbiy majburiyatni o‘tashdan bosh tortgan mulkdorlarning mol-mulki musodara qilindi, armiya qayta tuzilib, yangicha intizom joriy etildi, harbiy muhandislik va dengiz floti bilim yurtlari tashkil etildi. Yevropaning ilg‘or usullari asosida to‘p quyish o‘zlashtirildi, xorijdan mutaxassislar taklif etilib, flot uchun 23 ta yirik harbiy kema qurildi va flot qayta tashkil qilindi.

Salim III islohotlari “Yangi tuzum” (“Nizom-i-jadid”) deb nom oldi. Islohotlardan maqsad, markaziy hokimiyatni kuchaytirish orqali imperiya yaxlitligini asrab qolish edi. Islohotchilar armiyani davlatning tayanchi deb bilishar va shu sababli asosiy e’tibor uni kuchaytirishga qaratilgan edi.

Avliyo Chalabiy

Salim III islohotlaridan norozi bo‘lgan qatlamlar:

Yirik feodallar Musulmon ruhoniylari Yanicharlar Dehqonlar Hunarmandlar

Imtiyozlardan mahrum bo‘lganliklari uchun Soliqlar oshirilganligi uchun

Yanicharlar qo‘zg‘olon ko‘tarib, Istanbulni egallashadi va Salim III ni o‘ldirishadi.

Islohotlar bekor qilindi.

Islohotlar, so‘zsiz, progressiv ahamiyatga ega edi va agar to‘liq amalga oshirilganda Usmoniylar imperiyasini taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin edi. Ammo mamlakatdagi mulkdor qatlamlarning katta qismi hamda har qanday islohotlarni davlat va dinning asoslariga zarar yetkazadi, deb hisoblagan musulmon ruhoniylari islohotlarga qarshi chiqdi. Bu esa islohotlarning muvaffaqiyatsizligini belgilab berdi.

Avliyo Chalabiy

Fan, madaniyat va san’at. XVII asrdan Yevropaning ilg‘or g‘oyalari ta’siri ostida yirik shaharlar, asosan, poytaxt Istanbulda dunyoviy fanlarni rivojlantirishga harakat boshlanadi. Bu davrda buyuk turk olimi Kotib Chalabiy, matematika va astronomiya sohasida Xizir Xalifa Tabariy, Mulla Mehmet Chalabiy, Mustafo Koshifzoda kabi olimlar unumli faoliyat olib bordi.

Shu davrda turk adabiyotida ham o‘ziga xos faollik kuzatiladi, yirik asarlar yaratiladi. Shulardan Avliyo Chalabiyning “Sayohatnoma” asari tarixiy-etnografik manba sifatida alohida ahamiyatga ega.

Me’morchilikda ham XVII asr oxiri — XVIII asr boshlarida tushunarsiz, milliylikdan ancha yiroq bo‘lgan qorishiq uslublar yaratildi. Vaholanki, XV–XVII asrlarda turk me’morlari buyuk tarixiy obidalarni yaratishgan edi. Ayniqsa, XVI asrning buyuk me’mori Sinon o‘zining betakror binolari bilan turk me’morchiligi rivojiga katta hissa qo‘shgan. XVII asr turk me’morchiligining ajoyib namunalari sifatida sultonning To‘pqopi saroyidagi Bag‘dod va Ravon ko‘shklarini ham aytib o‘tishimiz lozim.

Avliyo Chalabiy

Bu davrda naqqoshlik va miniatura san’ati ham yaxshi rivojlandi. Naqqoshlikda bezak vositasi sifatida, asosan, miniatura rasmlaridan va yozuvlardan foydalanilar edi.

Yevropa madaniyatining ta’siriga qaramasdan, Yangi davrda turk madaniyati, asosan, milliylik va o‘ziga xoslikni saqlab qola oldi. Ammo imperiyada boshlangan siyosiy va iqtisodiy inqiroz madaniyat rivojiga ham salbiy ta’sir etmasdan qolmadi.

Xullas, O‘rta asrlarning qudratli imperiyasi bo‘lgan Usmoniylar davlati Yangi davrga kelib, keng miqyosli inqirozni boshdan kechirdi. Bir qator islohotlarni amalga oshirish uchun bo‘lgan urinishlarga qaramasdan, mamlakat G‘arb davlatlarining yarimmustamlakasiga aylanib bordi.

Ijodiy ish topshirig‘i:

Internet yordamida yanicharlar kimlar ekanligini bilib oling va ularning

Usmoniylar imperiyasining yuksalishidagi rolini aniqlang.

Yanicharlar va mamluklarning tarbiyasidagi umumiylikni ko‘rsatib bering.

Savol va topshiriqlar 1. Usmoniylar imperiyasi ko‘proq qaysi davlatlar bilan urushlar olib borgan? Bu urushlarning sababini tushuntiring.

Savollar: 2. Usmoniylar imperiyasi kuchsizlanishining sabablari nimada deb o‘ylaysiz? 3. XVII asrdan boshlab Turkiyaning harbiy jihatdan kuchsizlanishi va Yevropa armiyalaridan mag‘lubiyatga uchrashining sabablari nimada?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

XVI asr boshlarida Usmoniylar imperiyasida sanjoq (tuman)larni kim boshqargan?
  1. Sanjoqbey
  2. Sipohiy
  3. Vazir
  4. Yanichar

To‘g‘ri javob: Sanjoqbey. Viloyatlarni vali, sanjoqlarni esa sanjoqbey boshqargan.

Sulton bosib olingan yerlarni harbiy majburiyat evaziga kimlarga taqsimlab bergan?
  1. Yanicharlarga
  2. Sipohiylarga
  3. Valilarga
  4. Dehqonlarga

To‘g‘ri javob: Sipohiylarga. Yerlar sipohiy (otliq askar)larga harbiy majburiyat evaziga berilgan.

Usmoniylar imperiyasining doimiy piyoda qo‘shini qanday atalgan?
  1. Sipohiylar
  2. Mamluklar
  3. Yanicharlar
  4. Sanjoqbeylar

To‘g‘ri javob: Yanicharlar. Doimiy piyoda qo‘shin yanicharlar (yangi qo‘shin) deb atalgan.

Sipohiylar va yanicharlarning imperiya qo‘shinidagi o‘rni qanday farq qilgan?
  1. Sipohiylar doimiy piyoda qo‘shin, yanicharlar esa yerdan daromad oluvchi otliqlar bo‘lgan va sultonga bo‘ysunmagan
  2. Sipohiylar dengiz floti, yanicharlar esa otliq askarlar bo‘lib, ikkalasi ham sultondan yer olmay, maosh olib turgan
  3. Sipohiylar harbiy majburiyat evaziga yer olgan otliqlar, yanicharlar esa imperiyaning doimiy piyoda qo‘shini bo‘lgan
  4. Ikkalasi ham sultondan yer olib, uni dehqonlarga ijaraga bergan va harbiy majburiyatni umuman bajarmasdan yashagan

To‘g‘ri javob: Sipohiylar harbiy majburiyat evaziga yer olgan otliqlar, yanicharlar esa imperiyaning doimiy piyoda qo‘shini bo‘lgan. Sulton yerni sipohiy otliqlarga harbiy majburiyat evaziga bergan; yanicharlar esa doimiy piyoda qo‘shin edi.

Safaviylar davlatida davlat diniga aylantirilgan islom oqimi qaysi?
  1. Sunniylik
  2. Xorijiylik
  3. Ismoiliylik
  4. Shialik

To‘g‘ri javob: Shialik. Safaviylar Islom dinining shialik oqimini davlat diniga aylantirgan.

Usmoniylar qo‘shini Chaldiron tekisligidagi jangda safaviylarga qachon qattiq zarba bergan?
  1. 1514-yili
  2. 1516-yili
  3. 1517-yili
  4. 1520-yili

To‘g‘ri javob: 1514-yili. Chaldiron jangi 1514-yili bo‘lib o‘tgan.

Chaldiron jangidan so‘ng usmoniylar qo‘shini safaviylarning qaysi poytaxtini egallagan?
  1. Isfahon
  2. Tabriz
  3. Qazvin
  4. Mashhad

To‘g‘ri javob: Tabriz. Usmoniylar safaviylarning poytaxti Tabrizni egallagan.

1515-yili imzolangan sulhga ko‘ra, qaysi o‘lkaning bir qancha tumanlari Turkiya tasarrufiga o‘tgan?
  1. Gruziya
  2. Suriya
  3. Armaniston
  4. Bolgariya

To‘g‘ri javob: Armaniston. Sulhga ko‘ra Armanistonning bir qancha tumanlari Turkiyaga o‘tgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiYaponiya va Koreyada ijtimoiy-siyosiy jarayonlarKeyingi →Eron rivojlanish va qaramlik arafasida